Muborak Ramazon oyining fayzli kunlarida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida yangi “Qadimiy Darband” jome masjidi ochildi.
Masjidning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Ergashali Rutamov so‘zga chiqib, bugungi kunda yaratib berilayotgan sharoitlar to‘g‘risida ma’ruza qildi. Bunday imkoniyatlarning ortida tinchlik va xotirjamlik degan buyuk ne’mat borligini ta’kidladi. Buning uchun faqat shukr qilish lozimligini so‘zlar ekan, kechagina Sherobod tumanida ochilgan “Imom Termiziy” jome masjidi haqida so‘zlab berdi. Tadbirga yig‘ilganlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining salomini yetkazdi. “Qadimiy Darband” jome masjidi Boysun tumani aholisi uchun mo‘tabar manzilga aylanishini ta’kidlab barchani ushbu muborak oydagi xursandchilik bilan yana bir bor qutladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu kabi xayrli ishlar diniy qadriyatlarga bo‘lgan ulkan e’tibor natijasi ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, bu borada oyati karimada ham quyidagicha ta’kidlangani eslatib o‘tildi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba, 18).
Ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, masjidlarni obod qilish, ularni ta’mirlash yuksak imon va mustahkam e’tiqodning ko‘rinishidir. Zero, masjid qurish, uni obod qilishning savobi ulug‘ ekanini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday ifoda etganlar: “Kim Allohning roziligini istab masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Masjidlarni shinam qilish, namozxonlarga qulay sharoitlar yaratish katta ajr beriladigan amallardan ekani Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisda ifodalangan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”.
Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurtning ma’murligidan nishon. Illo, masjidga ibodatga kelgan kishilar Vatan tinchligi, yurt ravnaqi, xalq osoyishtaligini so‘rab duo etadi. Ana shu duolar sharofati ila Yaratgan yurtimizni yanada farovon qiladi.
“Qadimiy Darband” jome masjidida bugun juma namozi ado etildi. Masjidga kelgan namozxonlar masjidimiz muborak oyning juma oqshomida ochildi, mana jumani ham o‘qish nasib etdi deb, sevinmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Masjidlar bo‘limi
Buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning yetuk shogirdi, hanafiy olim Imom Zarnujiy rahimahullohning "Ta’limul muta’allimi toriqot ta’allumi" kitobi asosida ilm olishning foydalari, odoblari, inson va jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni haqida so‘z boradi. Sakkiz asrdan beri ilm ahli, talabalar va ziyolilar orasida keng foydalanib kelinayotgan mazkur asar haqida Alloma Laknaviy rahimahulloh haqida "Ko‘p foydalarga ega, nafis, manfaatli kitob", deya ta’rif bergan.
Abduvohid domla Ahmadaliyev,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi.