Yaratganning marhamatini qarangki, bugun ham tanga yoqadigan ajoyib havo bo‘ldi. Na chanqoqni his qildik, na ochlikni sezdik.
Ammo, bandamizda! Baribir, shu, og‘iz ochib, tanamizga bir oz iliqlik yugurgandan so‘ng odamning o‘rnidan qo‘zg‘alishi qiyinroq bo‘lib qoladi. Lekin tarovehga ulgurish kerak, vaqt kutib turmaydi.
Ha endi, bir kunda 17-18 soat och yurgandan keyin tananing bir ozgina istirohat istashi tabiiy, albatta...
Allohning kalomida, Payg‘ambarning hadisida ro‘zadorning maqtalishining sabablaridan biri ham ana shu o‘zi – nafsi haddan ortiq istab turgan rohatdan voz kechib ketish.
Ha, boshida shunday tuyilgani bilan odam masjidga borib, Xatm ul-Qur’on boshlanganidan so‘ng haqiqiy rohatni his qiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat ila bedor o‘tkazishga targ‘ib qilar, ammo, qat’iy buyruq bermas edilar. Bas, u zot:
“Kim Ramazonda iymon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, der edilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
– Darvoqe, tarovehda xatmga some’ bo‘lib turar ekansiz, har safar rukuga, sajdaga borganingizda yelkangizdagi qandaydir og‘ir yuklardan galma-gal xalos bo‘layotganingizni his qilasiz. Uyingizga yengillashib qaytasiz, – deya gapida davom etdi poytaxtimizdagi “Oqlon” masjidi imom-xatibi.
Haqiqatan, tungi ibodat gunohlardan tavba qiluvchilar ibodati. Biz mo‘minlar bir yilda bir marta keladigan bunday imkoniyatni aslo boy bermaymiz, inshaalloh!
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.