Rahmli va mehribon Rabbimizning amri ila mayingina esib turgan sarrin shaboda tufayli bugun ham chanqoqni sezmasdan ro‘zamizni tutib oldik.. Ana endi tarovehga hozirlanamiz. Taroveh namozining fazilatlaridan biri shundaki, yil bo‘yi ko‘rmagan tanish-bilishlaringizni uchratib diydorlashasiz.
Mana, “Huvaydo” masjidi ham har kungi namozxonlar bilan gavjumlashmoqda. Namoz boshlanishidan oldin imom-xatib ro‘zaning, silai rahmning, ijtimoiy yordamning, tunlari namoz o‘qishning fazilatlaridan gapirib berdi va so‘zini quyidagicha yakunladi:
Imom Termiziy hasani sahih deb, Imom Hokim sahih deb rivoyat qilgan hadisi sharifda Janobi Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Ey odamlar! Salomni oshkora qilinglar, (bir-birlaringizga, ochlarga) taom beringlar, qarindoshlarga silai rahim qilinglar va odamlar uxlayotganda kechasi namoz o‘qinglar. Shunda jannatga salomat kirasizlar!”
Shu kunlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Diniy idoralari huzuridagi Fatvo kengashining navbatdagi seminari Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati tashabbusi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilish olti kunlik maxsus seminar shaklida o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishda yangi oyni kuzatish, namoz vaqtlari, taqvim tuzish, ozuqa mahsulotlariga qo‘shiladigan jelatin moddasining hukmi, safar masofasi, zakot nisobini aniqlashga oid masalalar bo‘yicha har bir yurt vakili o‘z tajribalarini bayon qilib, fikr-mulohaza almashmoqda. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Turkiy davlatlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, fatvolar chiqarishda o‘zaro yakdillik va birxillikni ta’minlashdir.
Ushbu xalqaro seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari G‘ulomiddin domla Xolboyev, Hikmatulloh domla Toshtemirov, Abdulatif domla Tursunov qatnashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati