1-FATVO
Boyligi shariat belgilab qo‘ygan ma’lum miqdorga, ya’ni nisobga yetgan musulmon kishi hijriy-qamariy bir yil o‘tishi bilan asliy hojatlaridan ortiqcha boyligining qirqdan bir qismini, ya’ni 2,5 foizini shar’an belgilangan joylarga berishi farzi ayndir. Nisob 85 gr oltin qiymatiga barobar mablag‘dir. Zakotni uzrsiz kechiktirib berish gunoh sanaladi. Zakotni ajratayotgan yoki berayotgan paytda niyat qilish shart. Demak, shu ajratgan yoki berayotgan narsam sadaqa yoki ehson emas, zakotdir, deb niyat qilinadi. Ammo yilning oxiriga kelib, shu bir yil mobaynida bergan sadaqalarimni zakot deb niyat qildim, desa, bu niyati o‘tmaydi. Butun boyligini sadaqa qilib yuborsa, niyat shart emas. Zakotga ham o‘taveradi.
«Olamgiriya», «Muxtasar».
2-FATVO
Faqir kishiga bergan qarzidan kechib yuborsa, o‘sha qarzda turgan boyligidan beradigan zakotidan qutuladi. Agar bir qismidan kechsa, o‘sha qismidan beradigan zakoti soqit bo‘ladi. Boy kishidagi qarzini unga hadya qilib yuborsa, uning zakoti soqit bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
3-FATVO
Boy kishi faqir huzuriga borib falon odamga bergan qarzimni o‘zingga olgin, deb zakotni niyat qilsa, joizdir.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
4-FATVO
Miskinga pul berib, tilida hiba (hadya) yoki qarz deb aytib, dilida zakot deb niyat qilsa, zakotga o‘tadi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «Qunya».
Ana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida Diniy idoraning “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi tomonidan o‘quv kurslari o‘qituvchilari hamda mas’ul xodimlari uchun silsilaviy onlayn darslar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Bugun, 16 iyul kuni navbatdagi masofaviy dars mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. «Zoom» platformasi orqali tashkil etilgan ushbu darsda bo‘lim boshlig‘i Shayx Ali Fayzulloh Maxdum “Qur’oni karim shafoati” kitobi asosida ilmiy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
E’tiborli jihati, mazkur silsilaviy darslarda faol ishtirok etgan va dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan tinglovchilarga kelgusida ushbu kitob bo‘yicha maxsus ijoza (ruxsatnoma) berilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi tizimli darslar diyorimizda muqaddas Qur’on ilmlarini keng yoyish hamda ustoz va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati