Ramazon Qur’on oyi, muqaddas Islom dinimizni asl negizi bo‘lgan Allohning kalomi Qur’on ayni shu oyda Alloh taolo tomonidan nozil bo‘lgan kitobdir.
Alloh Qur’oni karimda «Albatta, zikr(Qur’on)ni biz nozil qildik va albatta, uni muhofaza qilurmiz»(Hijr, 9-oyat), deb marhamat qiladi.
Ramazon oyi ro‘zasini tutmoqlik dinimizning beshta arkonidan biri bo‘lib, Alloh taolo farz qilgan amaldir. Bu oyning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanligida. Biz aynan shunga e’tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, taroveh kechalarida xatmi Qur’on bo‘ladigan masjidlarda qorilarimizning qiroatlaridan bahramand bo‘lsak eng katta yutuqni qo‘lga kiritgan bo‘lamiz .
Bu yilgi Ramazon ham o‘zgacha fayzu tarovati bilan kirib keldi. Yurtimizda mingdan ziyod masjidlarda qorilarimiz tomonidan xatmi Qur’onlar qilinmoqda. Albatta, bu xatmlarda o‘zgacha fayz bag‘ishlayotgan qorilarimiz hisoblanadi. Bunday qorilardan mingdan oshig‘i hozirgi kunda xalqimiz xizmatida bo‘lib, masjidlarda Qur’on xatmlarini qilib bermoqdalar.
Har bir mu’min va musulmon ushbu Qur’on oyida, Allohning kalomiga muhabbatini ziyoda qilmog‘ligi zarur, chunki bu oy shunchalik fazilatliki uni topmoqlik har kimga ham nasib qilavermaydi. Bu oyda Yurtimizdagi masjidlarda bo‘layotgan taroveh namozidagi xatmonalarga g‘ayrat bilan qatnashib, Allohning rahmatiga muyassar bo‘lish baxtiga erishaylik.
Bugun, Alloh taoloning oxirgi va so‘ngi kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni tilovat qilishlik kishining nafsini pokligi va axloqini sayqallashiga juda katta ta’siri mavjudligini butun insoniyat yaxshi biladi.
Qur’oni Karim tilovati juda ham fazilatli amal hisoblanadi. Alloh taolo “Fotir ” surasida: “Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni to‘kis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar.
Chunki U zot ularga ajrlarini to‘liq qilib berur va O‘z fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U o‘ta mag‘firatli va o‘ta shukr qilguvchidir.”, degan. (Fotir, 29-30 oyatlar)
Ha, Qur’on tilovati nihoyatda zarur. Shuning uchun ham, yuqoridagi oyati karimada mo‘minlar sifatlari bayon qilingan paytda birinchi bo‘lib Qur’on tilovati keltirilyapti.
Ushbu oyda har birimiz ezgu va xayrli amallar qilishga harakat qilmog‘imiz maqsadga muvofiqdir. Ezgu amallar deganda, avvalo, chin ixlos-e’tiqod, ibodatda bardavom bo‘lish, shuningdek, o‘zgalarga xayru saxovat ko‘rsatish va mazkur amallarni chiroyli ko‘rinishda xolis ado etish tushuniladi.
Ramazon oyida qilingan ezgu ishlarning savobi haqida Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: “Kimda-kim Ramazon oyida biror-bir nafl amalni bajarsa, u boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda-kim bu oyda bir farz amalni bajarsa, boshqa oydagi yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi”. (Bayhaqiy rivoyati)
Shu sababali xayrli amallarimizni mana shu Ramazon oyida ado etish juda fazilatlidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda bu haqda «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» – deb marhamat qilgan. (Baqara, 185-oyat).
Qur’on bilan ro‘za oyi orasidagi mustahkam aloqa va bog‘liqlikni Ramazonning ilk kuni kirishi bilanoq har bir musulmon kishi o‘z qalbining tub-tubidan his etadi. Va o‘ta kuchli muhabbat va qiziqish bilan Rabbisining Kitobini mutolaa qilishga kirishadi. Uning oyatlari borasida tafakkur yuritadi, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat oladi.
Ramazon yaqinlashgan sayin har kuni namozxonlar ro‘za va xatmi Qur’on haqida so‘rab surishtirishadi, masjidlar namozxonlar va Qur’on tilovat qiluvchilar bilan to‘lib ketadi. Dunyodagi bor masjidlarda Qur’oni Karim xatmi boshlanadi. Bu esa ularning Allohning kitobiga bo‘lgan muhabbatlari, ishtiyoqlari baland ekanligini ko‘rsatadi.
Ramazon – Qur’on oyi, sabr oyi, taqvo oyi, dilni poklash, tavbaga yuzlanish oyi. Bu qutlug‘ onlarda inson tanasi poklanadi, qalbi quvvat oladi, dili nurga to‘ladi.
Ramazon Qur’on tilovati, zikr va istig‘for oyidir. Rasululloh (s.a.v.) bu oyda Qur’onni to‘liq Jabroil alayhissalom nazoratlaridan o‘tkazib olar edilar. Bu ulug‘ farishta bilan birgalikda Qur’oni karimni dars qilardilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar.
U zot Ramazon oyida Qur’on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirardilar. O‘tgan solihlarimiz ham bu oyda Qur’onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi. Ramazon oyida boshqa nafl ibodatlarni qo‘yib, faqat Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Imom Zuhriy Ramazon kirsa: “Bu oy faqat Qur’on o‘qish va (iftorda) ochlarni to‘ydirish oyidir”, – derdilar.
Imom Molik rahmatullohi alayhning Ramazon oyi kirsa, hadis o‘qishdan to‘xtab, Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lishlari naql qilingan. Abdur Razzoq aytadilar: “Sufyon Savriy Ramazon oyi kelsa, barcha nafl ibodatlarni qo‘yib, Qur’onga yuzlanar edilar”.
O‘tgan ulug‘larimiz ham bu muborak oyda Qur’oni karim uchun alohida e’tibor va vaqt ajratganlar. Faqih olimlar ham bu oyda ilm bilan shug‘ullanishni butunlay yig‘ishtirib yoki kamaytirib, Qur’on mutolaasiga e’tiborlarini qaratganlar.
Ramazon oyini g‘animat bilib, imkon qadar Qur’oni Karimni tilovat qilish, Tarovih namozidagi Qur’on xatmlarida ishtirok etish bilan Ramazonni o‘tkazgan inson naqadar baxtli insondir!
Alloh taologa cheksiz va beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, ibodatlarimizni hech bir xavf-xatarsiz, Alloh buyurganiday ado etishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Taroveh namozlari, boshqa ibodatlar ado etilib, yurtimiz ravnaqi, el-yurt tinchligi, rizq-ro‘zimiz mo‘l bo‘lishini so‘rab, Alloh taologa duo va iltijolar qilinyapti.
Azizlar, ushbu “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom olgan joriy yilimizda yurtimiz mo‘min-musulmonlari buyuk va mo‘tabar bo‘lgan xalqimizning duolarini olish sharofatiga muyassar bo‘lgan holda barcha oilalar o‘rtasida o‘zaro ahillik, muhabbat, tarbiya va ruhiy farog‘at qaror topishi uchun tinmay harakat qilishmoqda, zero bu Qur’on oyi bo‘lgan muborak Ramazon oyi dillarga surur baxsh etadigan oydir.
Alloh taolo Ramazonni barchalarimizga muborak va barakotli etsin, ushbu oyni Qur’on xatmlari, taroveh namozlari, amri ma’ruf va nahyi munkar va solih amallar bilan o‘tkazishimizni nasib aylasin!
Kirib kelgan Ramazon oyi barchalarimizga muborak bo‘lsin!
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
A Abdullayev.
Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni ishonchli manbalarga asoslangan bilim bilan ta’minlashda imom-xatiblarning o‘rni muhim. Minbarda aytilgan har bir so‘z ilmiy asos va ishonchli manbaga tayanishi uchun esa diniy soha vakillarining muntazam ravishda bilimlarini boyitib borishi talab etiladi. Ana shu maqsadda Namangan viloyatidan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markaz bugun uch ming yillik tariximizni namoyish etuvchi muzey sifatidagina emas, balki keng qamrovli ilmiy-tadqiqot maskani sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunga qadar ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkichlar Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyatini namoyon etadi.
Tashrif Markaz kutubxonasidan boshlandi. Mehmonlar bu yerda jamlangan mumtoz manbalar, islom tarixi, aqida, fiqh, hadis va tafsir ilmlariga oid nashrlar, tabiiy va aniq fanlar tarixiga oid tadqiqotlar hamda elektron resurslar bilan tanishdilar. Tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng imom-xatiblar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni tomosha qildilar. Ular orqali yurtimiz hududida asrlar davomida shakllangan ilmiy, ma’naviy va madaniy merosning yaxlit manzarasi bilan tanishdilar.
Namangan viloyati Norin tumani bosh imom-xatibi Zikrillo qori Umurzoqov ekspozitsiyalarda ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi turli yo‘nalishlarda yaxlit holda namoyon etilganiga alohida e’tibor qaratdi.
«Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek millati tarix davomida qanday yuksak marralarni egallaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Ajdodlarimiz nafaqat matematika, astronomiya, tibbiyot kabi dunyoviy ilmlar, balki diniy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarda ham butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu yerda ana shu merosni ko‘rib, o‘z tariximiz bilan haqli ravishda faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchayadi», — dedi u.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Is'hoqxon To‘ra Ibrat» jome masjidi imom-xatibi Jafarxon So‘fiyev esa Markazni mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etdi.
«Bugun yurtimizda muqaddas dinimizga, sivilizatsiyalar tarixiga va umuman, umuminsoniy merosga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Mana shunday ulkan maskan bunyod etilgani buning yorqin isbotidir. Bu yerda islom tarixi boshqa sivilizatsiyalardan ajratilgan holda emas, balki butun insoniyat taraqqiyotining uzviy qismi sifatida ko‘rsatilgan. Bunday yondashuv har bir tashrif buyuruvchiga tariximizni kengroq anglash, boshqa xalqlar madaniyatini hurmat qilish va bag‘rikenglikni qadrlash imkonini beradi», — dedi u.
Tashrif yakunida imom-xatiblar Markazda olgan bilim va taassurotlarini o‘z hududlaridagi jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Ilmiy resurslardan diniy-ma’rifiy faoliyatda keng foydalanish, ajdodlarimiz merosini ishonchli manbalar asosida targ‘ib etish yosh avlodning tarixiy ongi va ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.
Zero, tarixiy va ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni ishonchli manbalar asosida keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi avlodga munosib tarzda meros qoldirish Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashning muhim omillaridan biridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati