Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi vasallam, ota-onalari kufrda vafot etgan emaslar.
Abu Hanifa rahmatullohu alayhning “Al-fiq al-akbar” asaridan.
Onalik – ayol zotiga nasib etgan muborak va sharafli vazifadir. Alloh taolo onalarning tanasini mo‘jizaviy xilqat qilib yaratdi, tuyg‘ularini rahmati va sabri bilan sarafroz etib, ularni qutlug‘ vazifaga tayyorladi. Bu shundayki, rahmida paydo bo‘lgan homila boshdanoq uni mashaqqatga yuzlantiradi: boshqorong‘ulik, qo‘shimcha yuklik.... lekin ayol shu azoblarni katta mamnuniyat bilan, shodu xurramlik bilan qarshi oladi. Nimjon bir chaqaloq bo‘lib dunyoga kelgan murg‘ak jonni shafqati ila, fidokorligi ila boqadi. Lekin evaziga hech narsa tama’ qilmaydi.
Onalar insonning bu dunyoga kelishiga va dunyoda kechirgan ilk yillarida boshiga panoh bo‘lgan muborak kishilardir. Onalarning eng boyi esa, shubhasiz, Allohning Habibini dunyoga keltirmoq kabi mislsiz sharafga ega bo‘lgan hazrati Omina onamizdir.
Omina onamiz Ibrohim alayhissalomning avlodlaridan bo‘lgan Quraysh qabilasining bani Zuhra urug‘iga mansub Vahb ibn Abdulmannofning qizi edi. Onasi Barra binti Abuduzzo ham Qurayshning bani Abdurrar urug‘idan bo‘lgan. Ota-onasining jo‘mardligi, pok axloqi, shubhali ishlarga aralashmagani haqida tarixiy manbalarda yozib qoldirilgan.
Bir kuni ularning uyiga salobatli bir mehmon keladi. Mehmon Makkaning ulug‘laridan, Payg‘ambar alayhissalomning bobosi Abdulmutallib edi. Yaqin do‘sti bo‘lgan Vahbning qizi Ominani o‘g‘li Abdullohga so‘rab kelgan edi.
Abdulmutallib elning e’tiboridagi obro‘li, e’tiborli odam edi. Uni boshqalardan ajratib turadigan favqulodda xislatlari ham bor edi. Masalan, unga tushida Zamzam suvining o‘rni bildirilgan edi. Bunday ilhomlarga sohib kishining sevgan farzandi Abdulloh uchun tanlagan kelini, shubhasiz, oddiy qizlardan biri emas edi.
Abdulmutallib Zamzam bulog‘ini qazib boshlagan vaqtda agar buloqni topib, uning ko‘zini ochish nasib etsa, o‘n nafar o‘g‘lidan birini Alloh rizoligi uchun qurbon qilishni niyat qilgan edi. (Ibrohim alayhissalomga tushida o‘g‘li Ismoil alayhissalomni qurbon qilish haqida amr bo‘lganidan so‘ng uning avlodlari orasida biror mushkul ishi bitishini so‘rab, agar shu ishim bitsa bir o‘g‘limni qurbon qilaman, deb niyat qilish urfga aylangan) Buloqning ko‘zi ochilganidan keyin o‘g‘illaridan birini qurbon qilishi tayin bo‘ldi. Ammo kimni? Qaysi birini qurbon qilishni aniqlab olish uchun qur’a tashlashga qaror qildi. Tashlagan qur’a hazrati Abdullohga chiqdi. Abdulloh bobokaloni Ismoil alayhissalomning yo‘lini tutib Alloh rizosi uchun qurboni bo‘lishga rozi bo‘ladi. Ammo uni jonu dilidan yaxshi ko‘rgan Makka ahli uning qurbon bo‘lishiga rozi bo‘lmaydi. Alloh taolo Abdullohni yuzta ko‘rkam tuyani qurbon qilishi evaziga qutqarib qoladi.
Surati va siyratining go‘zalligi bilan har bir kishining e’tiborini tortgan hazrati Abdulloh keyingi vaqtlarda g‘ayritabiiy bir holatni boshdan kechirayotgan edi. unga qaraganlar unda butunlay boshqa bir go‘zallik, ilohiy bir nur ko‘rayotgan edi. Shu sababdan Makkaning bo‘y yetgan qizlari uni orzu qilib hatto yo‘lini kesib ham chiqar edilar. Ammo hazrati Abdulloh bunday ishlarga qayrilib ham qaramas edi. Unga kelin izlagan Abdulmutallibning Makka va uning atrofidagi xonadonlarda tarbiya topgan qizlar didiga o‘tirmay, Madinaga boradi va o‘sha yerdan Omina onamizni kelin qilib keladi. Hazrati Abdulloh Makka yigitlarining har jihatdan oldi bo‘lgani kabi, hazrati Omina onamiz ham Madinadagi qizlarning husnda odobu axloqda oldi edilar.
Ikki oila nasabi, ijtimoiy ahvoli va poklik jihatidan bir-biriga teng edi. Hazrati Omina nasab e’tiboridan aslzoda bir oila qizi bo‘lgani kabi, axloqi pokligi ham diqqatni tortgan, xushmuomala, nafis va odobli bir qiz edi. Abdullohning manglayida porlagan ilohiy nurning asl sohibiga onalik qilmoqqa loyiq bo‘lgan har jihatdan sog‘lom qiz edi.
Yana bir qancha vaqt o‘tib dunyoni shirkdan, kufrdan va zulmning zulmatlaridan hidoyat oydinligiga olib chiquvchi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam ana shu pokiza yoshlarning zuryodi o‘laroq dunyoga keladilar.
Allohning istagani bo‘ladi
To‘ylaridan ikki oy o‘tib hazrati Omina turmush o‘rtog‘i Abdullohning qulog‘iga: "Farzandimiz bo‘ladi!" deya shivirlab suyunchi oladi.
Abdulloh bu mujdadan juda ham sevingan edi. ammo bolasini bag‘riga bosib, o‘pib erkalamoq unga nasib etmaydi. Negaki, Alloh taolo azalda taqdirni yozganda Habibi – Payg‘ambarimizning dunyoga yetim kelishini iroda etgan edi. “U seni yetim topib, joylab qo‘ymadimi?” (Zuho surasining 6-oyati).
Makka yoshlarining aksariyati kabi tijorat orqali tirikchilik o‘tkazadigan hazrati Abdulloh safarga chiqqanida o‘zini yomon his qiladi va hayotdan ko‘z yumadi. Safardan qaytgan karvon ko‘ringani zahoti sevgan yorining istiqboliga yugurib chiqqan hazrati Ominaga mudhish xabar beriladi.
Yoshgina kelinchak bo‘lgan Omina ayni o‘ynab-kuladigan pallada jufti halolidan bunchalik vaqtli ajralib qolganiga kuysinmi yoki rahmida yetilayotgan norasidaning dunyo yuzini ko‘rmasdan yetim qolganiga kuysinmi?..
Ammo bu ne holki, Omina ayriliq azobiga qaramay, yuragida qandaydir bir yengillikni his qilayotgandek edi. Go‘yoki allaqayerlardan bir xabar Ominaning yuragiga suv separ edi.
Hazrati Omina g‘ayritabiiy tushlar ko‘rardi. Payg‘ambar alayhissalom onalarining ko‘rgan tushlari haqida bunda marhamat qilganlar:
“Men otam Ibrohimning duosi, Isoning mujdasi va onamning tushiman. Onamning tushida undan taralgan bir oydinlikdan Shom diyoridagi saroylar yorishgan ekan” (Imom Ahmad ibn Hanbal. Musnad IV, 127, 128).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning onalari har doim shunga o‘xshagan tushlar ko‘rganlar. Tushida bir ovoz hazrati Ominaga bunday der ekan:
“Ey Omina yaxshi bilginki, sen olamlarning eng xayrlisiga yuklisan. Tuqqaningdan so‘ng o‘g‘lingga Muhammad deb ism qo‘y!"
Hazrati Omina ana shu sirli tushi haqida qaynotasi Abdulmutallibga so‘zlab berdi. Abdulmutallib bunga sira ham ajablanmadi. Chunki uning o‘zi ham ana shunday g‘ayritabiiy hollarga sohib zot edi.
Odatda, homilador ayollarning ishtahasi ochilib ba’zi narsalarni juda ham yegisi keladi, ba’zilarining esa hidiga ham toqat qila olmaydi. Ammo hazrati Ominaning ahvoli butunlay boshqacha edi. Ichidan kelgan bir hissiyot ila yegan-ichgan luqmasining pokligiga diqqat etar edi. Faqat shubhali taomlar emas, behuda vaysab o‘tirishlar, mish-mishlar uni rohatsiz qilar edi. Ovloq yerlarga ketib ichki hissiyoti og‘ushida qolar edi.
Ushbu qutlug‘ farzandga homilador bo‘lganidan beri holi butunlay o‘zgargan, ichida bir ta’riflab bo‘lmas darajadagi huzur va halovat bor edi. Allohning nomini tilga olgani zamon ko‘ngliga bir iliqliq yugurar, yuragi yumshab ko‘zlaridan yoshlar oqardi, Robbimiz uni qutlug‘ tug‘ruqqa tayyorlayotgan edi.
Qutlug‘ kecha
Nihoyat kutilgan kun keldi. Rabiulavval oyining ikkinchi dushanba kechasi edi. Quyosh hali bosh ko‘tarib ulgurmasidan avval dunyoning ma’naviy samosiga ilohiy rahmat va hidoyat quyoshi chiqdi.
O‘sha kecha hazrati Omina bo‘lib o‘tgan voqealarni quyidagicha ifoda etgan edilar: “Men boshqa ayollar kabi tulg‘oq azobini tortmadim, og‘riq sezmadim. Tulg‘oq yaqinlashganda qulog‘imga shiddatli bir ovoz eshitildi, cho‘chidim. Ortidan oppoq rangdagi bir qush kelib qanoti bilan tanamni siladi, mendan qo‘rquv chekindi. Yonimga qarab menga bir kosada sharbat berilganini ko‘rdim. Uni olib ichgan edim har tarafim nurga to‘lib ketdi. O‘sha choqda Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dunyoga keldi”
Shuningdek, turli manbalarda tulg‘oq vaqtida hazrati Ominaning ko‘ziga Jannat pardalari ochilib hurlar va malaklarning atrofida parvona bo‘layotgani, ularning hayrat va muhabbat bilan chaqaloqni tomosha qilganlari rivoyat etilgan.
Qutlug‘ tulg‘oqqa yordam berish uchun kelib guvoh bo‘lgan Shifo xotun, Fotima xotun ham favqulodda holatlarani ko‘rdilar. Shifo xotun o‘sha ko‘rganlarini bunday deb so‘zlab bergan: “Allohning Rasul tug‘ilgan choqda men o‘sha yerda edim. Qulog‘imga bir ovoz eshitildi: “Unga Allohning rahmati bo‘lsin!”. Mashriq bilan Mag‘rib orasi nurga to‘ldi. Hatto Rum diyorining ba’zi saroylarini ko‘rdim. So‘ngra Allohning Rasulini quchog‘imga olib emiza boshladim. Menda shunday bir holat paydo bo‘ldiki, tanam titray boshladi, ko‘zlarim qorong‘ulashib ketdi. Bir ovoz: “Qayoqqa ketdi?” deb so‘radi. “Sharqqa olib ketdilar” deya javob berildi.
Bu so‘zlar xotiramga muhrlanib qoldi. Allohning Rasuli payg‘ambarligini e’lon etar-etmas u zotning huzuriga chopdim va iymon keltirib musulmonlar safiga qo‘shildim”.
Fotima xotun esa o‘sha muborak kechada chaqaloq tug‘ilgan uyning nurga to‘lganini va ko‘kdagi yulduzlar xuddi to‘kilayotgandek uyning ustiga kelganini hikoya qilgan.
Farzand hasrati
Hazrati Omina tuqqanlaridan so‘ng farzandini to‘yib-to‘yib bag‘riga bosdi. Faqat Makkada havo juda issiq edi. Havo harorati juda qattiq isib ketgani bois atrofdagi qishloqlarda vabo tarqalgani haqida xabarlar kelardi. Makka esa insonlar har tarafdan haj ziyorati hamda tijorat uchun oqib keladigan yer edi.
Qutlug‘ Nabiyning bobosi Abdulmutallib muborak nevarasining sog‘ligi uchun uni bir sut emizuvchiga berishga qaror qiladi. Zotan, bu Makkada keng yoyilgan odat edi. Havosi salqin va toza, xastaliklardan uzoq qishloqning odamlari arabchada ham toza so‘zlashardi. Turli millat vakillari aralashib ketmagani bois o‘sha qishloqlarga boshqa tillar ta’sir ko‘rsatmagan edi. Ko‘plab arab oilalari arab tilida aksentsiz gaplashadigan bu yerlarga bolalarini til o‘rgansin deb yuborar edi. Hazrati Muhammad alayhissalotu vasallam emizishga bola olish uchun Makkaga kelgan Halima degan ayolga topshirildi. Hazrati Omina uchun farzand hasrati boshlandi. Ammo farzandining sog‘ligi uchun bu ayriliqqa sabr etishga majbur edi. Uning o‘g‘li odamlarga rahmat bo‘lib qaytar edi. Har turli tahlikalardan uzoq bo‘lishi uchun har qanday narsalardan ehtiyot bo‘lishi zarur edi.
Hazrati Halima bu muborak yetimda favqulodda hodisalarni ko‘rganidan keyin uni to‘yib-to‘yib bag‘riga bosdi va onasiga olib kelib topshirdi.
Hazrati Omina sevgan yori Abdullohning hasratini bir oz bo‘lsa-da tindirmoq uchun uning qabrini ziyorat qilishni istadi. Sevgili o‘g‘lini ham yoniga olib xizmatkori Ummu Ayman bilan birgalikda Madinaga qarab yo‘lga chiqdi.
Madinada Abdulmutallibning tog‘asi bo‘lgani uchun oilaning tog‘asi hisoblangan Bani Najjor qabilasiga mehmon bo‘ldilar. Bir oy Madinada bo‘lganlaridan so‘ng Makkaga qaytayotganda hazrati Ominaning tobi qochdi. Yo‘l yuzidagi Abvo degan yerda jon taslim etdi.
Uning vafotiga shohid bo‘lgan bir ayol shunday degan edi: “Omina vafot etayotganda o‘sha yerda edim. O‘g‘li Muhammad endigina bo‘y olayotgan besh yoshlardagi bola edi. U onasining boshida turardi. Omina o‘g‘lining yuziga boqib bunday dedi: Ey muborak farzand! Ey dunyoga bir kelib, uchib ketgan kabutarning (Abdulloh) o‘g‘li! Otang har bir narsaning Egasi va har narsani Biluvchi yordami ila qur’a tashlangan kun yuzta ko‘rkam tuya evaziga qurbon bo‘lishdan qutilgan edi. Tushlarimda ko‘rganlarim yuz bersa, sen butun insoniyatga yuborilgan payg‘ambar bo‘lib, ularga halol-haromni o‘rgatasan, insonlarni haqiqatga va Islomga yetkazasan. Otang Ibrohimning dinida bo‘lasan. Alloh seni jami butlardan muhofaza etsin. Sening dining qiyomatga qadar davom etadi”. Bu so‘zlardan so‘ng dediki: “Har bir tirik jon o‘ladi; har bir yangi narsa eskiradi; har bir keksa dunyodan ayrilib ketadi. Ana men ham o‘layotirman. Faqat nomim abadiy qoladi. Chunki ortimda xayrli va pokiza farzand qoldirmoqdaman”.
Onalarning faxri bo‘lgan hazrati Omina shu so‘zlarni aytganidan so‘ng jon berdi. O‘zi aytganidek, jismi bu dunyodan ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, nomi abadiy qoldi.
Alloh taolo Habibining dunyoga kelishiga vasila bo‘lgan bu qutlug‘ onaga O‘zi loyiq ko‘rgani kabi mukofot beradi, inshaalloh!
Damin JUMAQUL tayyorladi.
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!