Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Onalarning eng buyugi – Omina onamiz

31.05.2017   26214   13 min.
Onalarning eng buyugi – Omina onamiz

Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi vasallam, ota-onalari kufrda vafot etgan emaslar.

Abu Hanifa rahmatullohu alayhning “Al-fiq al-akbar” asaridan.

Onalik – ayol zotiga nasib etgan muborak va sharafli vazifadir. Alloh taolo onalarning tanasini mo‘jizaviy xilqat qilib yaratdi, tuyg‘ularini rahmati va sabri bilan sarafroz etib, ularni qutlug‘ vazifaga tayyorladi. Bu shundayki, rahmida paydo bo‘lgan homila boshdanoq uni mashaqqatga yuzlantiradi: boshqorong‘ulik, qo‘shimcha yuklik.... lekin ayol shu azoblarni katta mamnuniyat bilan, shodu xurramlik bilan qarshi oladi. Nimjon bir chaqaloq bo‘lib dunyoga kelgan murg‘ak jonni shafqati ila, fidokorligi ila boqadi. Lekin evaziga hech narsa tama’ qilmaydi.

Onalar insonning bu dunyoga kelishiga va dunyoda kechirgan ilk yillarida boshiga panoh bo‘lgan muborak kishilardir. Onalarning eng boyi esa, shubhasiz, Allohning Habibini dunyoga keltirmoq kabi mislsiz sharafga ega bo‘lgan hazrati Omina onamizdir.

Omina onamiz Ibrohim alayhissalomning avlodlaridan bo‘lgan Quraysh qabilasining bani Zuhra urug‘iga mansub Vahb ibn Abdulmannofning qizi edi. Onasi Barra binti Abuduzzo ham Qurayshning bani Abdurrar urug‘idan bo‘lgan. Ota-onasining jo‘mardligi, pok axloqi, shubhali ishlarga aralashmagani haqida tarixiy manbalarda yozib qoldirilgan.

Bir kuni ularning uyiga salobatli bir mehmon keladi. Mehmon Makkaning ulug‘laridan, Payg‘ambar alayhissalomning bobosi Abdulmutallib edi. Yaqin do‘sti bo‘lgan Vahbning qizi Ominani o‘g‘li Abdullohga so‘rab kelgan edi.

Abdulmutallib elning e’tiboridagi obro‘li, e’tiborli odam edi. Uni boshqalardan ajratib turadigan favqulodda  xislatlari ham bor edi. Masalan, unga tushida Zamzam suvining o‘rni bildirilgan edi. Bunday ilhomlarga sohib kishining sevgan farzandi Abdulloh uchun tanlagan kelini, shubhasiz, oddiy qizlardan biri emas edi.

Abdulmutallib Zamzam bulog‘ini qazib boshlagan vaqtda agar buloqni topib, uning ko‘zini ochish nasib etsa, o‘n nafar o‘g‘lidan birini Alloh rizoligi uchun qurbon qilishni niyat qilgan edi. (Ibrohim alayhissalomga tushida o‘g‘li Ismoil alayhissalomni qurbon qilish haqida amr bo‘lganidan so‘ng uning avlodlari orasida biror mushkul ishi bitishini so‘rab, agar shu ishim bitsa bir o‘g‘limni  qurbon qilaman, deb niyat qilish urfga aylangan) Buloqning ko‘zi ochilganidan keyin o‘g‘illaridan birini qurbon qilishi tayin bo‘ldi. Ammo kimni? Qaysi birini qurbon qilishni aniqlab olish uchun qur’a tashlashga qaror qildi. Tashlagan qur’a hazrati Abdullohga chiqdi. Abdulloh bobokaloni Ismoil alayhissalomning yo‘lini tutib Alloh rizosi uchun qurboni bo‘lishga rozi bo‘ladi. Ammo uni jonu dilidan yaxshi ko‘rgan Makka ahli uning qurbon bo‘lishiga rozi bo‘lmaydi. Alloh taolo Abdullohni yuzta ko‘rkam tuyani qurbon qilishi evaziga qutqarib qoladi.

Surati va siyratining go‘zalligi bilan har bir kishining e’tiborini tortgan hazrati Abdulloh keyingi vaqtlarda g‘ayritabiiy bir holatni boshdan kechirayotgan edi. unga qaraganlar unda butunlay boshqa bir go‘zallik, ilohiy bir nur ko‘rayotgan edi. Shu sababdan Makkaning bo‘y yetgan qizlari uni orzu qilib hatto yo‘lini kesib ham chiqar edilar. Ammo hazrati Abdulloh bunday ishlarga qayrilib ham qaramas edi. Unga kelin izlagan  Abdulmutallibning Makka va uning atrofidagi xonadonlarda tarbiya topgan qizlar didiga o‘tirmay, Madinaga boradi va o‘sha yerdan Omina onamizni kelin qilib keladi. Hazrati Abdulloh Makka yigitlarining har jihatdan oldi bo‘lgani kabi, hazrati Omina onamiz ham Madinadagi qizlarning husnda odobu axloqda oldi edilar.

Ikki oila  nasabi, ijtimoiy ahvoli va poklik jihatidan bir-biriga teng edi. Hazrati Omina nasab e’tiboridan aslzoda bir oila qizi bo‘lgani kabi, axloqi pokligi ham diqqatni tortgan, xushmuomala, nafis va odobli bir qiz edi. Abdullohning manglayida porlagan ilohiy nurning asl sohibiga onalik qilmoqqa loyiq bo‘lgan har jihatdan sog‘lom qiz edi.

Yana bir qancha vaqt o‘tib dunyoni shirkdan, kufrdan va zulmning zulmatlaridan hidoyat oydinligiga olib chiquvchi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam ana shu pokiza yoshlarning zuryodi o‘laroq dunyoga keladilar.


Allohning istagani bo‘ladi

To‘ylaridan ikki oy o‘tib hazrati Omina turmush o‘rtog‘i Abdullohning qulog‘iga: "Farzandimiz bo‘ladi!" deya shivirlab suyunchi oladi.

Abdulloh bu mujdadan juda ham sevingan edi. ammo bolasini bag‘riga bosib, o‘pib erkalamoq unga nasib etmaydi.  Negaki, Alloh taolo azalda taqdirni yozganda Habibi – Payg‘ambarimizning dunyoga yetim kelishini iroda etgan edi. “U seni yetim topib, joylab qo‘ymadimi?” (Zuho surasining 6-oyati).     

Makka yoshlarining aksariyati kabi tijorat orqali tirikchilik o‘tkazadigan hazrati Abdulloh safarga chiqqanida o‘zini yomon his qiladi va hayotdan ko‘z yumadi. Safardan qaytgan karvon ko‘ringani zahoti sevgan yorining istiqboliga yugurib chiqqan hazrati Ominaga mudhish xabar beriladi.

Yoshgina kelinchak bo‘lgan Omina ayni o‘ynab-kuladigan pallada jufti halolidan bunchalik vaqtli ajralib qolganiga kuysinmi yoki rahmida yetilayotgan norasidaning dunyo yuzini ko‘rmasdan yetim qolganiga kuysinmi?..

Ammo bu ne holki, Omina ayriliq azobiga qaramay, yuragida qandaydir bir yengillikni his qilayotgandek edi. Go‘yoki allaqayerlardan bir xabar Ominaning yuragiga suv separ edi.

Hazrati Omina g‘ayritabiiy tushlar ko‘rardi. Payg‘ambar alayhissalom onalarining ko‘rgan tushlari haqida bunda marhamat qilganlar:

 “Men otam Ibrohimning duosi, Isoning mujdasi va onamning tushiman. Onamning tushida undan taralgan bir oydinlikdan Shom diyoridagi saroylar yorishgan ekan(Imom Ahmad ibn Hanbal. Musnad IV, 127, 128).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning onalari har doim shunga o‘xshagan tushlar ko‘rganlar. Tushida bir ovoz hazrati Ominaga bunday der ekan:

“Ey Omina yaxshi bilginki, sen olamlarning eng xayrlisiga yuklisan. Tuqqaningdan so‘ng o‘g‘lingga Muhammad deb ism qo‘y!"

Hazrati Omina ana shu sirli tushi haqida qaynotasi Abdulmutallibga so‘zlab berdi. Abdulmutallib bunga sira ham ajablanmadi. Chunki uning o‘zi ham ana shunday g‘ayritabiiy hollarga sohib zot edi.

Odatda, homilador ayollarning ishtahasi ochilib ba’zi narsalarni juda ham yegisi keladi, ba’zilarining esa hidiga ham toqat qila olmaydi. Ammo hazrati Ominaning ahvoli butunlay boshqacha edi. Ichidan kelgan bir hissiyot ila yegan-ichgan luqmasining pokligiga diqqat etar edi. Faqat shubhali taomlar emas, behuda vaysab o‘tirishlar, mish-mishlar uni rohatsiz qilar edi. Ovloq yerlarga ketib ichki hissiyoti og‘ushida qolar edi.

Ushbu qutlug‘ farzandga homilador bo‘lganidan beri holi butunlay o‘zgargan, ichida bir ta’riflab bo‘lmas darajadagi huzur va halovat bor edi. Allohning nomini tilga olgani zamon ko‘ngliga bir iliqliq yugurar, yuragi yumshab ko‘zlaridan yoshlar oqardi, Robbimiz uni qutlug‘ tug‘ruqqa tayyorlayotgan edi.


Qutlug‘ kecha

Nihoyat kutilgan kun keldi. Rabiulavval oyining ikkinchi dushanba kechasi edi. Quyosh hali bosh ko‘tarib ulgurmasidan avval dunyoning ma’naviy samosiga ilohiy rahmat va hidoyat quyoshi chiqdi.

O‘sha kecha hazrati Omina bo‘lib o‘tgan voqealarni quyidagicha ifoda etgan edilar: “Men boshqa ayollar kabi tulg‘oq azobini tortmadim, og‘riq sezmadim. Tulg‘oq yaqinlashganda qulog‘imga shiddatli bir ovoz eshitildi, cho‘chidim. Ortidan oppoq rangdagi bir qush kelib qanoti bilan tanamni siladi, mendan qo‘rquv chekindi. Yonimga qarab menga bir kosada sharbat berilganini ko‘rdim. Uni olib ichgan edim har tarafim nurga to‘lib ketdi. O‘sha choqda Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dunyoga keldi”

Shuningdek, turli manbalarda  tulg‘oq vaqtida hazrati Ominaning ko‘ziga Jannat pardalari ochilib hurlar va malaklarning atrofida parvona bo‘layotgani, ularning hayrat va muhabbat bilan chaqaloqni tomosha qilganlari rivoyat etilgan.

Qutlug‘ tulg‘oqqa yordam berish uchun kelib guvoh bo‘lgan Shifo xotun, Fotima xotun ham favqulodda holatlarani ko‘rdilar. Shifo xotun o‘sha ko‘rganlarini bunday deb so‘zlab bergan: “Allohning Rasul tug‘ilgan choqda men o‘sha yerda edim. Qulog‘imga bir ovoz eshitildi: “Unga Allohning rahmati bo‘lsin!”. Mashriq bilan Mag‘rib orasi nurga to‘ldi. Hatto Rum diyorining ba’zi saroylarini ko‘rdim. So‘ngra Allohning Rasulini quchog‘imga olib emiza boshladim. Menda shunday bir holat paydo bo‘ldiki, tanam titray boshladi, ko‘zlarim qorong‘ulashib ketdi. Bir ovoz: “Qayoqqa ketdi?” deb so‘radi. “Sharqqa olib ketdilar” deya javob berildi.

Bu so‘zlar xotiramga muhrlanib qoldi. Allohning Rasuli payg‘ambarligini e’lon etar-etmas u zotning huzuriga chopdim va iymon keltirib musulmonlar safiga qo‘shildim”.

Fotima xotun esa o‘sha muborak kechada chaqaloq tug‘ilgan uyning nurga to‘lganini va ko‘kdagi yulduzlar xuddi to‘kilayotgandek uyning ustiga kelganini hikoya qilgan.

Farzand hasrati

Hazrati Omina tuqqanlaridan so‘ng farzandini to‘yib-to‘yib bag‘riga bosdi. Faqat Makkada havo juda issiq edi. Havo harorati juda qattiq isib ketgani bois atrofdagi qishloqlarda vabo tarqalgani haqida xabarlar kelardi. Makka esa insonlar har tarafdan haj ziyorati hamda tijorat uchun oqib keladigan yer edi.

Qutlug‘ Nabiyning bobosi Abdulmutallib muborak nevarasining sog‘ligi uchun uni bir sut emizuvchiga berishga qaror qiladi. Zotan, bu Makkada keng yoyilgan odat edi. Havosi salqin va toza, xastaliklardan uzoq qishloqning odamlari arabchada ham toza so‘zlashardi. Turli millat vakillari aralashib ketmagani bois o‘sha qishloqlarga boshqa tillar ta’sir ko‘rsatmagan edi. Ko‘plab arab oilalari arab tilida aksentsiz gaplashadigan bu yerlarga bolalarini til o‘rgansin deb yuborar edi. Hazrati Muhammad alayhissalotu vasallam emizishga bola olish uchun Makkaga kelgan Halima degan ayolga topshirildi.  Hazrati Omina uchun farzand hasrati boshlandi. Ammo farzandining sog‘ligi uchun bu ayriliqqa sabr etishga majbur edi. Uning o‘g‘li odamlarga rahmat bo‘lib qaytar edi. Har turli tahlikalardan uzoq bo‘lishi uchun har qanday narsalardan ehtiyot bo‘lishi zarur edi.

Hazrati Halima bu muborak yetimda favqulodda hodisalarni ko‘rganidan keyin uni to‘yib-to‘yib bag‘riga bosdi va onasiga olib kelib topshirdi.

Hazrati Omina sevgan yori Abdullohning hasratini bir oz bo‘lsa-da tindirmoq uchun uning qabrini ziyorat qilishni istadi. Sevgili o‘g‘lini ham yoniga olib xizmatkori Ummu Ayman bilan birgalikda Madinaga qarab yo‘lga chiqdi.
Madinada Abdulmutallibning tog‘asi bo‘lgani uchun oilaning tog‘asi hisoblangan Bani Najjor qabilasiga mehmon bo‘ldilar. Bir oy Madinada bo‘lganlaridan so‘ng Makkaga qaytayotganda hazrati Ominaning tobi qochdi. Yo‘l yuzidagi Abvo degan yerda jon taslim etdi.

Uning vafotiga shohid bo‘lgan bir ayol shunday degan edi: “Omina vafot etayotganda o‘sha yerda edim. O‘g‘li Muhammad endigina bo‘y olayotgan besh yoshlardagi bola edi. U onasining boshida turardi. Omina o‘g‘lining yuziga boqib bunday dedi: Ey muborak farzand! Ey dunyoga bir kelib, uchib ketgan kabutarning (Abdulloh) o‘g‘li!  Otang har bir narsaning Egasi va har narsani Biluvchi yordami ila qur’a tashlangan kun yuzta ko‘rkam tuya evaziga qurbon bo‘lishdan qutilgan edi. Tushlarimda ko‘rganlarim yuz bersa, sen butun insoniyatga yuborilgan payg‘ambar bo‘lib, ularga halol-haromni o‘rgatasan, insonlarni haqiqatga va Islomga yetkazasan. Otang Ibrohimning dinida bo‘lasan. Alloh seni jami butlardan muhofaza etsin. Sening dining qiyomatga qadar davom etadi”. Bu so‘zlardan so‘ng dediki: “Har bir tirik jon o‘ladi; har bir yangi narsa eskiradi; har bir keksa dunyodan ayrilib ketadi. Ana men ham o‘layotirman. Faqat nomim abadiy qoladi. Chunki ortimda xayrli va pokiza farzand qoldirmoqdaman”.

Onalarning faxri bo‘lgan hazrati Omina shu so‘zlarni aytganidan so‘ng jon berdi. O‘zi aytganidek, jismi bu dunyodan ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, nomi abadiy qoldi.  

Alloh taolo Habibining dunyoga kelishiga vasila bo‘lgan bu qutlug‘ onaga O‘zi loyiq ko‘rgani kabi mukofot beradi, inshaalloh!

Damin JUMAQUL tayyorladi.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

28.08.2026   29662   6 min.
Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.

28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.

Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.

– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.

– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.

Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.

So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.

Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.

– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.

Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.

Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.

So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.

Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari