Alloh taoloning marhamati bilan Ramazoning uchinchi kuni salqingina bo‘lib, mayingina shabada esib turdi. Nasib etsa, bugun to‘rtinchi tarovehni o‘qiymiz.
Tasvirga olish apparatlarimiz “Munavvar qori” jome masjidiga yo‘naltirilgan. Fayzli masjid sekin-asta odamlar bilan gavjumlashmoqda.
Ana imom-xatib ham kelib jamoaga yuzlanib o‘tirdi. U kishi qorilarning baland maqomi hamda Xatmga some’ bo‘lganlarning yuksak darajalari haqida so‘z yuritarkan, jumladan, Imom Bayhaqiy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’on qorilarni va kechalari qoim bo‘ladiganlarni ummatning eng sharif zotlari deb madh qilganlaridan xabar berib: “Ummatimning eng sharofatlilari Qur’onni ko‘targanlar va kechalarning sohiblaridirlar”, deganlarini keltirib o‘tdilar.
Hasan Basriy rahimahulloh bir bemorni ko‘rgani kelsalar, u tuzalib ketgan ekan. Shunda o‘sha kishiga: "Alloh seni yod etibdi, sen ham u zotni yod etgin. Alloh seni darddan forig‘ qilibdi, u Zotga shukr qilgin. Bilib qo‘y, dardu balolar Malikul-Karim Allohning savalaydigan qamchisidir. Bemor odam kasaldan keyin yo chopqir otdek, yo ko‘p qoqiladigan asov eshakdek bo‘ladi".