Yaratganga beadad shukrlar aytamiz. Alloh taolo ramazon oyida ro‘zani farz qildi va ushbu oyni rahmat va mag‘firat oyi deya atadi. Bu oy bizlarga nafsimizni tarbiya qilishda yordam beradi, sabrni, mehr-shafqatni o‘rganamiz. Barcha payg‘ambarlar nafs tarbiyasida shu ibodatdan foydalanganlar. Agarda inson ana shu ibodat mashaqqatiga sabr qilsa, uni muhabbat bilan ado etsa, ushbu oyda ko‘proq ehson, sadaqalar qilsa, oxirat qiyinchiliklaridan qutiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda:
“Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”, deya marhamat qiladi (Baqara surasining 185-oyati).
Ramazon oyida tutilgan ro‘za orqali vaqtinchalik ochlik va chanqoqlik mashaqqatini totish bilan oxiratdagi og‘ir mashaqqatdan qutilishi Furqon surasining 75-76-oyatlarida quyidagicha ma’lum qilingan:
“Aynan o‘shalar sabr qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalari bilan mukofotlanurlar va u joyda (farishtalar tomonidan) salom va omonlik bilan qarshi olinurlar. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar. U eng go‘zal qarorgoh va eng go‘zal dargohdir”.
Ro‘za-ochlik va chanqoqlik kabi qiyinchilikdan iborat. Bu esa ro‘zadordan sabr-matonat talab qiladi. Ushbu ochlikka sabr qilgan inson sobir bandalar qatoridan joy oladi. Sobirlarga va’da qilingan mukofot esa abadiy jannatdir. Robbimiz barchamizga ibodatlarni chiroyli ado etishda sabr ato etsin.
Sabr to‘g‘risida Hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhu bunday deganlar: «Kimga sabr qilish ne’mati ato qilingan bo‘lsa, u hech qachon savobdan mahrum bo‘lmaydi».
Zumar surasining 10-oyatida:
“…Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur” deyiladi.
Sabr oyi bo‘lmish ramazoni sharifdan unumli foydalanib, sabr deb atalmish fazilatga erishishga mahkam bel bog‘laylik. Shoyadki, Alloh taolo bizlarni ham o‘zining sobir bandalarining qatoriga qo‘shsa.
Abdulaziz Bobomirzayev,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#muharram #ashuro #kafforat #iftorlik #saharlik
25 iyun payshanba kuni Muharram oyining 10-kuni – Ashuro kunidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi", deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.
Og‘iz yopish va ochish vaqti (Toshkent vaqti bilan):
9 Muharram - 24 iyun - chorshanba
Saharlik (og‘iz yopish) vaqti: 03:05
Iftorlik (og‘iz ochish) vaqti: 20:05
10 Muharram - 25 iyun - payshanba
Saharlik (og‘iz yopish) vaqti: 03:05
Iftorlik (og‘iz ochish) vaqti: 20:05
11 Muharram - 26 iyun - juma
Saharlik (og‘iz yopish) vaqti: 03:05
Iftorlik (og‘iz ochish) vaqti: 20:05
Niyati: Xolis Alloh uchun nafl ro‘za tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD