Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Iyul, 2026   |   16 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:54
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:45
Bismillah
01 Iyul, 2026, 16 Muharram, 1448

O‘xshashi yo‘q ibodat

29.05.2017   79480   3 min.
O‘xshashi yo‘q ibodat

Ramazonning fazilatini ro‘za tutganlar biladi. Ro‘zadorning tanasi holsizlansa-da, ko‘ngli to‘q, nafsining jilovi qo‘lida, ruhi tetik bo‘ladi. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men o‘zim berurman, dedi”, deya marhamat qiladilar. Hadisga ko‘ra, Alloh taolo “Ro‘za Men uchundir” deyapti. Ana shu fikrga e’tiborimizni qaratsak, ro‘zani niyat qilgan kishi hech kim ko‘rmasa ham yeb ichmaydi, hatto tariqcha bo‘lsa ham tomog‘idan narsa o‘tmasligiga harakat qiladi. Shubhali narsalardan yiroq yuradi, Alloh taoloning “Basiyr” ya’ni hamma narsani ko‘ruvchi ekaniga imon keltiradi. Hamisha qalbida “Alloh taolo ko‘rib turibdi”, degan fikr bo‘ladi. Ro‘za tutmagan vaqtlarda ham bu ishonch odatga aylanadi hamda kishi o‘zini yomonliklardan ana shu fikri orqali uzoq tutadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ro‘za saqlovchidir. Ro‘zador kishi  fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin”.

Ro‘za o‘z sohibini ko‘pgina yomonliklardan asraydi. Ro‘zador tiliga ham nihoyatda ehtiyot bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida qanchadan-qancha janjallarning oldini oladi, yaxshiliklarga sabab bo‘ladi.

Ro‘zaning fazilatlari cheksiz. Hadisda shunday deyiladi: “Ro‘zadorga ikki xursandlik bor. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftorlik qilsa xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga yuzlanganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay”. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan cheklangan nafsning iftorlik chog‘idagi rohatini faqat ro‘zadorgina his qila oladi. Avvalo, ibodatni ado etganidan, katta savobga erishganidan, qolaversa, tashna jismiga suv va ochiqqan nafsiga halol yegulikka yetishganidan ko‘ngli ko‘tariladi. Oxiratda esa tutgan ro‘zasi tufayli jannatda shodlanadi.

Nabiy (s.a.v.) hadislarida shunday dedilar: “Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”. Hayotimiz davomida ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yamiz, ularni mag‘firat etishini hamisha Allohdan so‘raymiz. Ro‘za sabab gunohlar kechirilishi bu ulkan imkoniyatdir. Bundan tashqari, Ramazon ro‘zasini imon va savobni umid qilib tutish joizligi eslatilmoqda. Ushbu hadis ro‘zaning naqadar qadri yuksak ekanini anglatadi.

Har bir musulmonning orzusi jannat. Unga yetishmoqni doim Yaratgandan so‘raymiz. Biroq ro‘zadorlar uchun jannatning alohida eshigi borligi bu ibodatning naqadar fazilatli ekanini anglatadi. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Jannatning bir eshigi bo‘lib, Rayyon, deb nomlanur. Qiyomat kuni ro‘zadorlar undan kirurlar, ulardan boshqa birortasi kirmas. “Ro‘zador qayerda?” deyurlar. Ular undan kirurlar. Qachon ularning oxirgisi kirsa, u bekitilur. Undan boshqa hech kim kirmas”. Ro‘zadorlarga berilajak ajru mukofotlarning salmog‘ini ana shu hadisdan ham bilib olsak bo‘ladi.

Haqiqatan, ro‘zaning fazilatlari bitmas-tuganmas xazina kabi. Bu haqda qancha gapirmaylik, yanada ortib boraveradi. Muhimi, imkoniyatlar faslida – muborak Ramazon oyidan foydalanib qolaylik. Ramazonning kunlari g‘animat, u juda tez o‘tib bormoqda. Shukrki, yurtimizda ushbu oyni munosib o‘tkizish uchun ko‘pgina sharoitlar yaratilgan. Musulmonlar o‘z ibodatini emin-erkin ado etmoqdalar. Masjidlarda har kuni taroveh namozlari o‘qilmoqda. Ba’zi kunlari dolzarb mavzularda suhbatlar uyushtiriladi, yurtdoshlarimiz o‘z savollariga javoblar olmoqda. Albatta, bularning barchasi bizga berilgan bebaho ne’matdir.

A.G‘ANIYEV,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy  ishlar bo‘yicha mudir muovini

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

DANGASALIKning  eng katta 100 ta salbiy OQIBATI

01.07.2026   592   3 min.
DANGASALIKning   eng katta 100 ta salbiy OQIBATI

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

 

 

DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:

 

  • «Dangasadan Xudo bezor»;

 

  • «Dangasaga ish buyursang, senga aql o‘rgatur»;

 

  • «Yaxshi bilan yursang – yetarsan murodga,

Yomon bilan yursang – qolarsan uyatga».

 

 

QUR’ONI KARIM OYATI KARIMALARI va

MUBORAK HADISI SHARIFLARga asosan

ulamolarimiz ko‘rsatib bergan

DANGASALIKning eng katta 100 ta salbiy OQIBATI:

 

  1. Vaqt zoye ketadi.
  2. Orzular amalga oshmay qoladi.
  3. Imkoniyatlar qo‘ldan ketadi.
  4. Qarzdorlikka sabab bo‘lishi mumkin.
  5. Kambag‘allikka olib kelishi mumkin.
  6. Ishlar orqaga surilaveradi.
  7. Rizq barakasini kamaytiradi.
  8. Atrofdagilar hurmatini kamaytiradi.
  9. Oilaviy muammolarni ko‘paytiradi.
  10. Ishonchli inson sifatida ko‘rinmaslikka olib keladi.
  11. Boshqalarga yuk bo‘lib qolishga sabab bo‘ladi.
  12. Muvaffaqiyatdan uzoqlashtiradi.
  13. Boshqalarga qaramlikni oshiradi.
  14. Har ishni ertaga qoldirish odat bo‘ladi.
  15. Ortiqcha uxlashga o‘rgatadi.
  16. Sog‘liqqa salbiy ta’sir qiladi.
  17. Tanani zaiflashtiradi.
  18. Jismoniy ojizlikni kuchaytiradi.
  19. Xotiraga salbiy ta’sir qiladi.
  20. Inson o‘z kuchiga ishonmay qo‘yadi.
  21. Tartibsiz hayot paydo bo‘ladi.
  22. Afsuslar soni ortib boradi.
  23. Har bir ishni og‘ir qilib ko‘rsatadi.
  24. Ishni yarim yo‘lda tashlashga o‘rgatadi.
  25. Qo‘rqoqlikni kuchaytiradi.
  26. Mas’uliyat hissi pasayadi.
  27. Irodani zaiflashtiradi.
  28. Qaror qabul qilish qiyinlashadi.
  29. O‘qish va ilmda ortda qoldiradi.
  30. Kasbda o‘sishni to‘xtatadi.
  31. Maqsadsizlikni kuchaytiradi.
  32. Ruhiy tushkunlikni kuchaytiradi.
  33. O‘zini ayblashni ko‘paytiradi.
  34. Insonni befarq qilib qo‘yadi.
  35. Vaqt qadrini yo‘qottiradi.
  36. Ishonchni pasaytiradi.
  37. Ibodatda sustlik paydo qiladi.
  38. Namozga beparvolik keltiradi.
  39. Harakatdan sovutadi.
  40. Sabrni kamaytiradi.
  41. Intizomni yo‘qotadi.
  42. Ish sifati pasayadi.
  43. Diqqatni susaytiradi.
  44. Ilhomni yo‘qotadi.
  45. Ijodkorlikni kamaytiradi.
  46. Ortiqcha qo‘rquv uyg‘otadi.
  47. O‘zgarishdan qochishga o‘rgatadi.
  48. Qanoatsizlikni kuchaytiradi.
  49. Hasadni oshirishi mumkin.
  50. Birovning yutug‘ini ko‘ra olmaslikka olib keladi.
  51. Harakatchan insonlarga nisbatan ichki norozilik tug‘diradi.
  52. Ortiqcha vaznga sabab bo‘lishi mumkin.
  53. Ruhiy charchoqni oshiradi.
  54. Kun tartibini buzadi.
  55. Rejasizlikni kuchaytiradi.
  56. Fursatlarni yo‘qottiradi.
  57. Maqsadlarga yetishishni sekinlashtiradi.
  58. O‘ziga bo‘lgan hurmatni kamaytiradi.
  59. Ichki kuchni susaytiradi.
  60. Javobgarlikdan qochishga o‘rgatadi.
  61. Muhim ishlarni kechiktiradi.
  62. Ko‘p uzr so‘rashga o‘rgatadi.
  63. Irodasizlikni kuchaytiradi.
  64. Hayotda tartibsizlik keltiradi.
  65. Qalbda umidsizlik paydo qiladi.
  66. Mehnat zavqini yo‘qotadi.
  67. Yaxshi odatlarni buzadi.
  68. Yomon odatlarga yo‘l ochadi.
  69. O‘zini rivojlantirishni to‘xtatadi.
  70. Kitob o‘qishdan sovutadi.
  71. Ilm olishga qiziqishni pasaytiradi.
  72. Tez zerikishga olib keladi.
  73. Qarorsizlikni kuchaytiradi.
  74. Faol insonlardan uzoqlashtiradi.
  75. Befoyda mashg‘ulotlarni ko‘paytirib yuboradi.
  76. Insonni sust tabiatli qilib qo‘yadi.
  77. O‘z imkoniyatini ocholmaslikka sabab bo‘ladi.
  78. Alloh bergan ne’matlarni ishlatmaslikka olib keladi.
  79. Quvonchni kamaytiradi.
  80. Baxt hissini pasaytiradi.
  81. Muvaffaqiyat lazzatini tatimay qoldiradi.
  82. Jamiyat uchun foydani kamaytiradi.
  83. Qalbda pushaymonlik to‘playdi.
  84. Har kunini samarasiz o‘tkazadi.
  85. Vaqtni his qilmaslikka olib keladi.
  86. Kelajakdan xavotirni oshiradi.
  87. Har bir ishga erinch bilan qarashni o‘rgatadi.
  88. Ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha bog‘lab qo‘yadi.
  89. Ota-ona ishonchini yo‘qotishi mumkin.
  90. Rahbarlar nazdida qadrni tushiradi.
  91. Do‘stlar ishonchini kamaytiradi.
  92. Boshlangan ishlarni tugallamaslikka odatlantiradi.
  93. Va’dada turmaslikka olib keladi.
  94. Kechikishlarni ko‘paytiradi.
  95. Ko‘p shikoyat qilishga o‘rgatadi.
  96. Qalbni qattiqlashtiradi.
  97. Nafsni kuchaytiradi.
  98. Hayot sifatini pasaytiradi.
  99. Dunyo va oxirat uchun zarar keltirishi mumkin.
  100. Shayton vasvasasiga moyil qiladi.

 

ILOHO MЕHRIBON PARVARDIGORIMIZ O‘ZI buyurgan,

Janobi PAYG‘AMBARIMIZ SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM tavsiya etgan,

o‘tmishda O‘TGANLARIMIZNING ruhlari shod bo‘ladigan,

XALQIMIZ xursand bo‘ladigan,

OTA-ONALARIMIZ rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov

MAQOLA