Uchinchi kuni tarovehni o‘qishga boryapmiz. Masjid sari qadam tashlab borar ekansiz, yo‘lda safni to‘ldirayotgan odamlarning ko‘pligini ko‘rib xursand bo‘lasiz. Nega quvonmaylikki, axir Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni har doim ana shu fazilatli namozni o‘qishga targ‘ib qilar edilar. Jumladan, ul zoti sharif bunday deganlar:
“Kimki Ramazon kechalarida iymon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi” (As'hobi sunan Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyati).
Bugun yurtdoshlarimiz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ana shu chaqiriqlariga “Labbayka, ya Rasulalloh!” deb ibodatga oshiqmoqda.
“Rahimjon ota” jome masjidi ham odamlar bilan gavjum. Namozxonlar sidqi ixlos bilan kelib Xatmga hozir bo‘lib turishibdi. Imom domla jamoaga Saodat asri davrida tarovehning qanday o‘qilgani haqida so‘zlab bergandan so‘ng Xatm boshlandi.
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati