Uchinchi kuni tarovehni o‘qishga boryapmiz. Masjid sari qadam tashlab borar ekansiz, yo‘lda safni to‘ldirayotgan odamlarning ko‘pligini ko‘rib xursand bo‘lasiz. Nega quvonmaylikki, axir Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni har doim ana shu fazilatli namozni o‘qishga targ‘ib qilar edilar. Jumladan, ul zoti sharif bunday deganlar:
“Kimki Ramazon kechalarida iymon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi” (As'hobi sunan Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyati).
Bugun yurtdoshlarimiz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ana shu chaqiriqlariga “Labbayka, ya Rasulalloh!” deb ibodatga oshiqmoqda.
“Rahimjon ota” jome masjidi ham odamlar bilan gavjum. Namozxonlar sidqi ixlos bilan kelib Xatmga hozir bo‘lib turishibdi. Imom domla jamoaga Saodat asri davrida tarovehning qanday o‘qilgani haqida so‘zlab bergandan so‘ng Xatm boshlandi.
Hasan Basriy rahimahulloh bir bemorni ko‘rgani kelsalar, u tuzalib ketgan ekan. Shunda o‘sha kishiga: "Alloh seni yod etibdi, sen ham u zotni yod etgin. Alloh seni darddan forig‘ qilibdi, u Zotga shukr qilgin. Bilib qo‘y, dardu balolar Malikul-Karim Allohning savalaydigan qamchisidir. Bemor odam kasaldan keyin yo chopqir otdek, yo ko‘p qoqiladigan asov eshakdek bo‘ladi".