Muborak Ramazonning birinchi kungi ro‘zasini tutdik. Bugungi ob-havo kechagidan issiqroq bo‘lgan esa-da, ochlikni va chanqoqni unchalik sezmadik. Chunki niyatimizga qarab Alloh taolo kuch-quvvat va sabr-bardosh berib qo‘ygan. Mana, yorug‘ yuz bilan, xursandchilik bilan iftorlik qilib ikkinchi tarovehni o‘qish uchun masjidga oshiqyapmiz.
“Mahkamboy hoji ota” masjidi ham namozxonlar bilan to‘ldi. Xuftonning vaqti yaqinlashib qoldi hamki, odamlar oqimi kelishda davom etmoqda. Xatm ul-Qur’on boshlagani zahoti masjid va uning atrofini rahmat farishtalari o‘rab oladi, Allohning rahmati yog‘iladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shu holat quyidagicha bayon etilgan:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir qavm Allohning uylaridan birida jam bo‘lib, Allohning kitobini tilovat qilsa, uni o‘rgansa, albatta, ularning ustiga sakiyna tushadi, ularni rahmat o‘rab oladi, farishtalar qurshab oladi va Alloh O‘z huzuridagilar oldida ularni zikr qiladi», dedilar»
(Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Masjid imom-xatibi Habibulloh domla jamoaga tarovehning ana shunday fazilatlari haqida qisqacha so‘zlab berganidan so‘ng qorilar Xatmni boshlashdi.
Hasan Basriy rahimahulloh bir bemorni ko‘rgani kelsalar, u tuzalib ketgan ekan. Shunda o‘sha kishiga: "Alloh seni yod etibdi, sen ham u zotni yod etgin. Alloh seni darddan forig‘ qilibdi, u Zotga shukr qilgin. Bilib qo‘y, dardu balolar Malikul-Karim Allohning savalaydigan qamchisidir. Bemor odam kasaldan keyin yo chopqir otdek, yo ko‘p qoqiladigan asov eshakdek bo‘ladi".