Ramazonning birinchi tuni mustaqil yurtimizning mingga yaqin jome masjidlarida xatmi Qur’on boshlandi. Jumladan, bu kecha “Hazrati Imom” majmuasining yozgi namozgohida ham taroveh namozi o‘qildi. Masjid hovlisiga asta-sekin qo‘llari mehnatda qavargan, ko‘zlari Ramazon shukuhi ila chaqnagan, yuzlari nurli, yoshlari ulug‘ otaxonlar hamda taroveh namozida Allohning muborak kalomiga some bo‘lishni intiqlik bilan kutgan namozxonlar kirib kela boshladilar. Bir zumda namozgoh Qur’on muxlislari bilan to‘lib toshdi.
Dastlab, muftiy hazratlari muborak Ramazon oyi bilan barchani tabriklab, duolar ijobat bo‘ladigan damlarni g‘animat bilish, yurtning tinch-osoyishtaligi xotirjam ibodat qilish garovi ekanini ta’kidlab, yaratgandan bu ne’matlarni yanada ziyoda qilishini so‘rab, duo qildilar. So‘ngra taroveh namozi boshlanib, Kalomullohning tilovati qalblarga surur va farah baxsh etdi.
Taroveh namozi o‘qib bo‘lingach, namozxonlar muftiy hazrat bilan baralla duoga qo‘l ochib, Ramazoni sharifga yetkazgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytishdi. Hamda Yaratgandan yurtimiz tinchligini, osmonimiz musaffoligini, xalqimiz bundanda farovon bo‘lishini so‘rashdi. Zero, namoz so‘ngida qilingan duo va iltijolar mustajobdir.
Rahmat dahasining birinchi tuni, taroveh namozining o‘ttizidan biri orqada qoldi. Qur’on muxlislari – namozxonlar bu oyni daqiq bilib, tillarida istig‘for bilan, birin-ketin uylariga qayta boshladilar. Alloh taolo bu oyni barchamizga muborak, o‘ylaganimizdan ham barakali qilsin.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.