Bugun muborak juma - hajjul masokin. Ana shunday fazilatli kunning oqshomida taroveh namozini o‘qib boshlaymiz, inshoalloh.
Yurtimizda turli firqalar, diniy oqimlar ildiz otib ketishiga yo‘l qo‘yilmasdan ularning faoliyatiga vaqtida chek qo‘yilgani tufayli diniy masalalarda ixtiloflar yo‘q - Allohga shukr. Ammo shu, har yili Ramazon kirgan va chiqqan vaqtda ayrim kishilar ikkilangandek bo‘lib qoladi: "falon davlatda ro‘za boshlanibdi, pismadon joyda hayit bayrami bo‘libdi..." Bu masalada ham yurtdoshlarimiz ancha tushunchaga ega bo‘lib, oldinga shubha-gumonlar ikkilanishlarga joy bo‘shatdi, ikkilanishlar ham deyarli barham topib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, iymonlashishni niyat qilib ro‘zaning kunini aniqlash borasida sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, salafi solihlar va ulug‘larimiz qanday yo‘l tutgani haqida so‘z yuritishni niyat qildik.
Oisha onamiz aytadilarki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bon oyining kunlarini hisoblagani qadar boshqa birorta oyning kunlarini hisoblamas edilar. Ramazon hiloli ko‘ringanidan boshlab ro‘za tutardilar. Agar bulut chiqib oyning yuzini to‘sib qolsa, Sha’bonning kunlarini o‘ttizga yetkazardilar va ro‘zani boshlardilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifdan Ramazonning boshlanishiga va oxiriga yetishiga ishorat qiluvchi asosiy holat hilolning ko‘rinishi emas, oyning kun hisobiga to‘lishi ekani ayon bo‘lmoqda. Demak, Payg‘ambar alayhissalom hilolni ko‘rmasalar ham vaqt kirgani uchun ro‘zani boshlagan ekanlar.
Bugungi kunda hilolning qaysi vaqtda to‘lishi astronomik kuzatuvlar tufayli oldindan bilinmoqda. Ko‘z bilan ko‘rmoq esa hilol to‘lganidan 8-10 soat so‘ngra yuz berishi ham mumkin bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda ba’zi islom o‘lkalarida ro‘zani boshlash uchun astronomik kuzatuvlar, ba’zilarida esa esa ko‘z bilan ko‘rmoq asos qilib olinmoqda.
Astronomik jihatdan hilolga yetishmoq davrining hisoblanishi aniq hisobda qat’iy bir vaqtni ifoda etadi. Fiqh olimlari ikkalasining ham joizligini, kishining o‘zi turgan joyga ko‘ra harakat etishi kerakligini aytganlar. Saodat asrida yuz bergan hodisa bu fikrni tasdiqlaydi.
Kurayb roziyallohu anhudan rivoyat:
"Ummu Fazl binti al-Horis uni Shomga, Muoviyaning oldiga yuborgan edi. U aytadiki:
"Bas, Shomga kelib u (Ummu Fazl)ning hojatini bajardim. Men Shomdaligimda Ramazon kirib qoldi, hilolni juma kechasi ko‘rdim. So‘ngra oyning oxirida Madinaga keldim. Ibn Abbos mendan: "Hilolni qachon ko‘rdingiz?" deb so‘radi.
"Uni juma kechasi ko‘rdik", dedim.
"Sen o‘zing ko‘rdingmi?" dedi.
"Ha, odamlar ham ko‘rdilar. Ro‘za tutdilar. Muoviya ham ro‘za tutdi", dedim.
"Lekin biz shanba kechasi ko‘rdik. To o‘ttiz kunni mukammal qilgunimizcha yoki uni ko‘rgunimizcha tutaveramiz", dedi.
"Muoviyaning ko‘rgani va ro‘za tutgani bilan kifoyalanmaysanmi?" dedim.
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shundoq amr qilganlar", dedi" (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Sharh:
Bir ish bilan Shomga borgan Qurayb roziyallohu anhu u yerda juma kuni hilolni ko‘rgan va shomliklar bilan birga ro‘zani tutishni boshlagan. Madinaga kelganida ham Ramazon davom etayotgan edi va bu yerdagilar ro‘zani bir kun so‘ng boshlaganlar.
Shomda bir kun oldin boshlangan ro‘za masalasini Ibn Abbos roziyallohu anhu Shomga ergashishni ma’qul topmay, “hilolni ko‘rishga qadar”, hilol ko‘rilmagan taqdirda “kun hisobida o‘ttiz kun to‘lishiga qadar” ro‘zada davom etmoqqa qaror qilmoqda. “Nega Shomga ergashmaysiz?” degan savolga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (bunday holatlarda) turgan makonimizdagi vaqtga rioya etmog‘imizni amr etdilar”, dedilar.
Qur’oni Karimda:
"Quyosh ham, Oy ham (aniq) hisob bilan (sayr qilur)" (Ar-Rahmon surasining 5-oyati);
"(U) tong ottiruvchidir. Tunni oromgoh, Quyosh va Oyni esa hisob belgilari qilib qo‘ydi. Bu qudratli va Dono zotning o‘lchovidir" (An’om surasining 96-oyati);
"U Quyoshni ziyo (taratuvchi) va Oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobini bilishlaringiz uchun uni (Oyni) manzillarga (bo‘lib) o‘lchab qo‘ygan zotdir..." (Yunus surasining 5-oyati);
"Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq - o‘n ikki oydir..." (Tavba surasining 36-oyati);
"Sizdan (Ey Muhammad!) hilollar (yangi oylar) haqida so‘raydilar. "Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir", - deb ayting" (Ar-Rahmon surasining 189-oyati), deb oy va yillar almashishining aniq vaqt bo‘yicha haraktlanishi bayon qilingan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ana shu oyati karimalarga suyangan holda Ramazon boshlanishi va nihoyasini aniqlashni buyurganlar. “Hilolni ko‘rgandan so‘ng ro‘zani boshlang, uni takror ko‘rganda bayram qiling. Havo bulutli bo‘lib hilol ko‘rinmay qolsa, ichida bo‘lganingiz oyni o‘ttizga yetkazing” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati), ma’nosidagi hadislardan islomda ibodat hayotiga va boshqa bir qator hukmlarga aloqador vaqtlarning aniqlanishi har bir kishining qulaylik bilan anglab amalga joriy eta oladigan darajada sodda ko‘rinishdadir.
Yer sharining tuxumsimon yoki yumaloq shaklda ekani bois hilol har yurtda har xil vaqtda ko‘rinishi mumkin. Bunga oy tug‘adigan yerning farqliligi deyiladi. Ro‘zani boshlarkan oyning qachon ko‘rinishi yoki ko‘rinmasligiga e’tibor berilishi yoki berilmasligi haqida olimlar turli fikrlarni ilgari surganlar. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, dunyoning bir joyida ko‘ringan hilol boshqa yerga uzoq bo‘lsa, ular oyning ko‘rilishini kutishi kerakligi aytiladi.
Ilmimiz boyishiga hissa bo‘lsin degan niyatda muhtaram shayximiz Abdulaziz Mansur hazratlarining fatvolari va hurmatli Muhammad Sharif Juman domla tayyorlagan materialni ham mushtariylarimizga ilindik.
Ibodat masalasida ehtiyot bo‘laylik
Dinimiz bizlarga buyurgan ibodatlarning hammasi muayyan vaqtlarda ado etiladi. Besh mahal namozning vaqtlarini hamma yaxshi biladi. Hojatidan ortiq moli (puli, qo‘y-echkisi, qoramoli va tijorat mollari) nisobga yetgan kundan bir qamariy yil to‘lishi bilan kishiga zakot farz bo‘ladi. Shuning uchun, har bir kishi molining zakotini ado etish vaqtini o‘zi uchun belgilab oladi.
Ammo qachon ramazon ro‘zasining boshlanishi va tugashining, haj tayin etilishining shartlari bor. Ramazon ro‘zasining boshlanishini aniqlash ramazondan bir oy oldin boshlanadi. Chunki oldin sha’bon oyining birinchi kuni aniqlanishi lozim. Sha’bonning yigirma to‘qqizinchi kuni shomdan oldin ramazon hilolini ko‘rishga chiqish vojib bo‘ladi. Agar shu kuni hamma hilolni ko‘rsa, ertasi kuni ramazon ro‘zasi tutiladi.
Ramazon hilolini hamma ko‘rishi juda kam bo‘ladigan holat. Havo bulutli yo chang bo‘lganidan hech kim ramazon hilolini ko‘rmasa, muftiy sha’bonni o‘ttiz kunga to‘ldirilishini va keyingi kun ramazon ro‘zasi boshlanishini e’lon qiladi. Ya’ni, bu holda ramazon ro‘zasi boshlanishini faqat muftiy e’lon qiladi.
Havo bulutli yo chang bo‘lganida bir kishi, shavvol hilolini ko‘rdim deb, ertangi kuni og‘zini ochmasligi lozim. Agar og‘zini ochsa, bir kun qazo tutib berishi vojib bo‘ladi. Agar bir qancha kishilar falon yurtda bugun ro‘zaning o‘ttizinchi kuni, ertaga hayit, ular bizdan bir kun oldin oyni ko‘rib, ro‘za tutishgan ekan, desalar, ertangi kuni og‘iz ochilmaydi, taroveh namozi ham qoldirilmaydi. Chunki ular, o‘zlari yo boshqalarning shavvol oyi hilolini ko‘rishgani haqida guvohlik berishmagan.
Ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e’lon qilishi bilan aniq bo‘ladi.
“Hidoya”, “Olamgiriya”
kitoblari asosida
Muhammad Sharif JUMAN tayyorladi.
Bizning asrimizda hilolni ko‘rib, ro‘za tutish va hilolni ko‘rib, hayitni belgilash masalasida butun islom olamining ulamolari ittifoqda emaslar. Zero, keyingi vaqtlarda paydo bo‘lgan zamonaviy astronomik jihozlar, quyosh, oy hisoblarini taqvimlar bilan yuritishning keng joriy bo‘lgani ko‘pchilik ulamolarda zamonaviy taqvimlarga moyillik paydo qilgan. Masalan, Saudiya mamlakatida «ru’yati hilol»ga oid hadisi sharifga qattiq amal qilinishi natijasida har yili Ramazon oyining birinchi kuni, taqvimda qanday yozilganidan qat’i nazar, yangi oy hilolini ko‘rgan guvohlar so‘ziga binoan e’lon qilinadi. Natijada bizning mintaqamizga o‘xshagan ko‘plab taqvimga binoan oyni belgilovchi musulmonlar diyorlarida ba’zan Saudiya bilan bir xil emas, balki boshqa-boshqa kunlarda ro‘zani boshlash yoki hayitni e’lon qilish hollari davom etmoqda. Vaholanki, har bir mamlakat o‘zining iqlimiga qarab hilol ko‘rinishini belgilab, o‘zining hisob-kitobi bo‘yicha ro‘za va hayit kunlarini belgilashi joiz ekani «Badoye as-sanoye» kitobida keltirilgan.
Shayx Abdulaziz Mansur,
«Ming bir fatvo», 2-kitob, 37-bet.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan