Shurayhdan: “Qay yo‘l bilan bunday ilmga erisha oldingiz?” deb so‘radilar. Shurayh: “Ulamolar bilan suhbat qilish, ulardan o‘rganib va o‘rgatish bilan erishdim”, deb javob berdi.
Mo‘minlar amiri Umar ibn Xattob (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) bir a’robiydan ot sotib olib, o‘sha yerning o‘zida otga minib, yo‘llariga ravona bo‘ldilar. Ammo, hali uzoq ketmaslaridanoq, otda uning yurishiga xalaqit beradigan nuqsonni sezgandek bo‘ldi. Umar roziyallohu anhu darhol ortga qaytib, a’robiyga bunday dedi:
— Otingni qaytarib ol, uning aybi bor ekan.
— Qaytarib olmayman, ey mo‘minlar amiri, chunki men uni sizga sotganimda u soppa-sog‘ edi.
— Unday bo‘lsa o‘rtamizda ajrim qiladigan bir kishini tanla.
— O‘rtamizda Shurayh ibn Horis hakam bo‘lsin.
Umar roziyallohu anhu rozi bo‘ldilar va muammoni hal qilish uchun Shurayhning oldiga yo‘l oldilar. Shurayh a’robiyning so‘zini eshitgach, Umar roziyallohu anhuga yuzlanib dedi:
— Otni olganingizda u soppa-sog‘ edimi, ey mo‘minlar amiri?
— Ha.
— Unday bo‘lsa, otni o‘zingizda olib qoling yoki qanday holda sotib olgan bo‘lsangiz shunday holicha egasiga qaytaring.
Bunday odilona hukmdan qoyil qolgan Umar roziyallohu anhu Shurayhga qarab:
— Mana buni hukm desa bo‘ladi. Siz Ko‘faga boring, men sizni u yerga qozi etib tayinlayman, dedi.
Umar roziyallohu anhu Shurayh ibn Horisni qozi etib tayinlashlaridan avval ham u kishi jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, ulug‘ sahobalar va tobeinlar ichidagi ilm va fikr sohiblari orasida o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga sazovor kishilardan edi. Fozil va yetuk insonlar Shurayhdagi o‘tkir farosat va o‘ta noyob zakovatni, oliy xulq va boy hayotiy tajribani qadrlar edilar.
Shurayh ibn Horis asli yamanlik, Kinda qabilasidan bo‘lib, og‘ir kechgan hayotining yarmini johiliyatda o‘tkazgan edi. Arabiston yarim oroli hidoyat nuri bilan munavvar bo‘lib, Islom nuri Yaman yerlariga ham yetib borgach, Shurayh Alloh va Uning Rasuliga imon keltirgan, hidoyat va haq chaqiriqni labbay deb qabul qilgan ilk musulmonlardan bo‘ldi.
Umar ibn Xattob (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) garchi o‘sha paytda Islom osmoni hali-hanuz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridek yorqin yulduzlar bilan porlab turgan bo‘lsa-da, tobeinlardan bo‘lgan kishini qozilik kabi mas’uliyatli mansabga tayinlab, xato qilmagan edilar. Umar roziyallohu anhuning farosati va tadbirlarining naqadar to‘g‘ri ekani kunlar o‘tishi bilan o‘z isbotini topdi. Qozi Shurayh musulmonlar o‘rtasida oltmish yil qozilik qildi. Uni bu mansabda qolishini, ketma-ket kelgan xalifalarning barchalari — Umar, Usmon, Ali va Muoviya roziyallohu anhumlar va ulardan keyingi Ummaviy xalifalar ham ma’qul topdilar.
Islomda qozilik tarixi Shurayhning qozilik sohasida boshdan kechirgan ajoyib va hayratomuz holat-hodisalar bilan bezatilib, kattayu-kichik musulmonlarning Shurayh amalda ko‘rsatib bergan Allohning shariatiga go‘zal tarzda bo‘ysunishlari ila porlab turibdi. Ana shunday ibratga to‘la voqealardan biri, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu o‘zi uchun qadrli bo‘lgan sovutini yo‘qotib qo‘ygani xususidagi voqeadir. Sovutini yo‘qotib qo‘ygan Ali roziyallohu anhu ko‘p o‘tmay xuddi shu sovutni Ko‘fa bozorida bir zimmiyning qo‘lida ko‘rib qoladi. Zimmiy sovutni sotuvga qo‘ygan edi. Ali roziyallohu anhu sovutga ko‘zi tushishi bilan uni taniydi va zimmiyga qarata bunday deydi:
— Bu sovut meniki edi, falon kechada, falon joyda tuyamning ustidan tushib qolibdi.
— Yo‘q, bu mening sovutim, mana qo‘limda turibdi!
— Axir bu mening sovutim, uni birovga sotgan ham emasman, hadya ham qilmaganman-ki, seniki bo‘lib qolsa?!
— Unday bo‘lsa o‘rtamizda qozi bu muammoning yechimini topsin.
— Insof qilding, qani yur bo‘lmasa.
Ikkovlari Shurayh qozining huzuriga bordilar.
Qozi Shurayhning huzuriga kirishgach, Shurayh Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan so‘radi:
— Qanday da’voingiz bor?
— Mana bu sovut mening sovutim edi, uni falon kechada, falon yerda yo‘qotib qo‘ygan edim. Banogoh, uni mana bu kishining qo‘lida ko‘rib qoldim. Unga bu sovut oldi-sotdi yo‘li yoki hadya orqali kelmagan.
Shurayh zimmiyga qarab dedi:
— Sen nima deysan?
— Sovut meniki, mana qo‘limda turibdi. Mo‘minlar amirini yolg‘on gapirishda ayblamayman, dedi zimmiy.
Shurayh Ali roziyallohu anhuga dedi:
— Ey mo‘minlar amiri, siz gapirayotgan gapingizda sodiq ekaningiz va bu sovut sizniki ekanida mening qalbimda zarracha ham shak-shubha yo‘q. Lekin, qilayotgan bu da’voingizning rost ekaniga ikki guvoh olib kelishingiz shart.
— Ha, albatta, xizmatkorim Qanbar va o‘g‘lim Hasan men uchun guvohlik beradi.
— O‘g‘ilning ota uchun guvohi o‘tmaydi, ey mo‘minlar amiri, dedi qozi Shurayh.
— Subhanalloh! Jannat ahlidan bo‘lgan kishining guvohligi o‘tmaydimi?! Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning: “Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayyididirlar”, deganlarini eshitmaganmisiz?
— Eshitganman, ey mo‘minlar amiri, lekin men farzandning ota uchun bergan guvohligini qabul qilmayman.
Shunda Ali roziyallohu anhu zimmiyga qarab dedi:
— Sovut senga bo‘laqolsin, mening bu ikkalasidan boshqa guvohim yo‘q.
— Ey mo‘minlar amiri, chindan ham sovut sizniki, — dedi Ali roziyallohu anhuning gapidan hayratga tushgan zimmiy, — Yo Alloh! Mo‘minlar amiri meningdek bir zimmiy bilan qoziga borib da’volashsa-yu, qozi esa mening foydamga, uning zarariga hukm chiqarsa-ya! Mana shunday odillikka buyuruvchi din haq ekaniga guvohlik beraman. Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning bandasi va Rasuli ekaniga guvohlik beraman. Ey qozi janoblari, haqiqatda bu sovut mo‘minlar amirining sovutidir. Men Siffinga (Shom viloyatidagi joyning nomi) yo‘l olgan lashkarning ketidan ketayotib, uning kul rang tuyasidan tushib qolgan sovutini olgan edim.
— Modomiki musulmon bo‘lding, bundan buyon bizga do‘stsan. Mana shu sovut va unga qo‘shimcha mana bu ot ham mendan senga hadya, — dedi Ali roziyallohu anhu.
Shurayhning o‘g‘li mahkamaga tortilgan bir kishiga kafil bo‘lib o‘rtaga tushdi. Shundan so‘ng u kishi mahkamadan qochib ketadi. Shurayh kafil bo‘lib o‘rtaga tushgan o‘g‘lini, qochib ketgan kishining o‘rniga qamoqga tashlaydi va o‘zi har kuni o‘g‘lining oldiga qamoqqa ovqat olib borib turadi.
Ba’zan qozixonaga da’volashib kelganlarning guvohlaridan Shurayhning ko‘ngli to‘lmas, aksincha, qalbida ularga nisbatan shubhalar paydo bo‘lardi. Ammo, guvohlar guvohlikka yaraydigan va rad qilish mumkin bo‘lmagani uchun, ularni qabul qilishdan o‘zga chora topmas edi. Lekin ular guvohlikka o‘tishlaridan avval, ularga nasihat qilib bunday der edi: “Menga quloq solinglar! Alloh sizni hidoyatda qilsin. Siz bu kishiga guvohlik berishingiz bilan unga hukm qilgan bo‘lasiz. Men qiyomatda sizlarni ro‘kach qilib do‘zaxdan saqlanaman, aslida do‘zaxdan saqlanadigan ishni qilish sizlarga lozimdir. Guvohligingiz chin bo‘lmasa, hozir guvohlikka o‘tmaslik imkoningiz bor”. Agar shundan keyin ham ular guvohlikka o‘tishda qattiq turib olsalar, unda bu guvohlarni olib kelgan kishiga qarata: “Bilib qo‘ygin, men bularning guvohligi bilan senga hukm chiqaraman, ammo bilib turibmanki, haq sen tarafda emas, lekin men gumon bilan emas, balki guvohlarning guvohligi bilan hukm qilaman. Men chiqargan hukm senga Alloh harom qilgan narsani halol qilib bermaydi”, der edi.
Qozi Shurayh o‘ziga shior qilib olgan va qozixonada tez-tez aytib turadigan so‘zlardan biri quyidagi so‘zlar edi:
“Ertaga qiyomatda zolim kishi aslida kim yutqizganini bilib oladi. Zolimlar azobni kutsalar, mazlumlar adolatni kutadilar. Qasam ichib aytamanki, Alloh uchun biron narsani tark etgan kishi, uni qo‘ldan boy bergani uchun aslo pushaymon qilgan emas”.
Shurayh faqatgina Alloh, Uning Kitobi va Rasuliga taalluqli burchini ado qilibgina qolmay, balki musulmonlarning olim va amirlari hamda omma xalqqa ham qo‘lidan kelgan ezgulikni ulashar, ularga nisbatan zimmasidagi vazifasini sadoqat bilan bajarar edi. Bunga quyidagi voqea dalil bo‘ladi.
Shurayh bir kishining boshqa bir kishidan nimadir so‘rayotganini ko‘rib: “Ey birodar, kim o‘ziga o‘xshagan odamdan hojatini o‘tashini so‘rasa, o‘zini qullikka topshirgan bo‘ladi. Agar so‘ralguvchi unga biron narsa bersa, shu narsa bilan so‘rovchini o‘ziga tobe qiladi. Mabodo bermasa, ikkovi ham xor bo‘ladi. Biriga baxillik xorligi, yana biriga esa rad qilinish xorligi bordir. Shuning uchun so‘rasang Allohdan so‘ra. Yordam so‘rasang ham Allohdan so‘ra. Yordamni ham Alloh beradi. Bilginki, Alloh taolodan o‘zga kuch-qudrat egasi va yordam berguvchi yo‘qdir”, deb nasihat qildi.
Shu tariqa qozi Shurayh oltmish yil mobaynida odamlar orasida adolatni mustahkam qildi. Biron kimsaga jabr-zulm qilmadi, haqdan burilmadi, shohu gadoga baravar muomala qildi. Shuning uchun ham Islom ummati u kishini yaxshilik bilan xotirlaydi. Alloh U kishini O‘z rahmatiga olsin.
Ilyosxon AHMЕDOV
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
tayyorladi.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi