Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

Fitriy xislatlar

25.05.2017   16168   24 min.
Fitriy xislatlar

Fitriy xislatlar bu- sunnat, yo Payg‘ambarlarning sunnatlaridir. Uni biz Islomdagi poklik xislatlaridan biridir, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

Fitriy xislatlar bu-shari’atga doir ish, yo sunnat, yo Payg‘ambarlarning sunnatlari[1]va inson tabiatiga xos alomatlar hisoblanadi. Zero, Alloh taolo insonni mana shu fitrat bilan yaratdi. Fitrat barcha insonga bog‘liq hodisadir. Fitrat Alloh taolo mana shu sifatlar bilan yaratgan narsadir. Bu xislatlar nafaqat ummati Muhammadiyda, balki oldingi shariatlarda ham bo‘lgandir. Soddaroq tarzda, misol bilan aytadigan bo‘lsak, inson tug‘ilganidan so‘ng kindigi kesilishi singari holatlarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Biz bu mavzuda faqatgina shar’iy va fitriy xislatlardan biri bo‘lgan tirnoq olish borasidagi sunnnatga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Mazkur shar’iy xislatlar esa hadisi muborakda keltirib o‘tilgan.

عن عائشة أم المؤمنين -رضي الله عنها- حيث قالت: قال رسول الله عليه الصّلاة والسّلام:

عشرٌ من الفِطرةِ: قصُّ الشَّاربِ، وإعفاءُ اللِّحيةِ، والسِّواكُ، واستنشاقُ الماءِ، وقصُّ الأظافر، وغسلُ البراجمِ، ونتفُ الإبطِ، وحلْقُ العانةِ، وانتقاصُ الماءِ. قال زكريَّاءُ: قال مصعبٌ: ونسيتُ العاشرةَ، إلَّا أن تكونَ المضمضةَ. زاد قُتيبةُ: قال وكيعٌ: انتقاصُ الماءِ يعني الاستنجاءَ


Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilib aytadi: “O‘n narsa fitratdandir. Ular; mo‘ylovni qisqartirish, soqolni tek qo‘yish-tig‘ tekizmaslik[2], misvok, burunga suv tortib qoqish,tirnoq olish, barmoq va bo‘g‘imlar orasini hilol qilish, qo‘ltiq osti tukini yulish, qovsupachasidagi tuklarini qirish, istinjo qilish. Roviy Mus’ab aytadi, shu o‘ninchisi yodimdan ko‘tarildi, u og‘izni g‘arg‘ara qilish bo‘lishi kerak”[3]. Yana boshqa rivoyatlarda oq sochni yulmaslik va oq sochni qora rangga bo‘yamaslik kabilar keltiriladi.

تقليم – (taqlim) degani qism-qism, parcha-parcha qilib olish degan ma’noni bildiradi. Shar’iy istelohda esa; barmoq boshida mavjud bo‘lgan tirnoqning boshi tengligidan ortib turgan qismini bartaraf qilishga aytiladi.

Darhaqiqat, Alloh taolo insonni xushbichim va eng go‘zal shaklu shamoyilda yaratgan. Odamga turli maqsadlarini amalga oshirish uchun qo‘llarni paydo qildi. Qo‘llarga esa ishlarni oson bajarishi, qiyinchiliklarga uchramasligi uchun shoxsimon tuzilma bo‘lib, metindek mustahkam g‘ilofni berdi. Buning natijasida tirnog‘i barmoq boshidan uzun bo‘lmagan qo‘llar yordamida istalgan maqsadni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Endi, ish odamzot uchun yanada osonlashdi. Faqat, kir va mikrob to‘planadigan darajada o‘stirmaslik qoldi xolos. Zero, tirnoqlarni vaqtida olib turish, uni chiqindi anjomiga aylanib qolmasligini taminlaydi.

Tirnoq barmoq boshi ustidan chiqqan erkin qism, tana va ildizdan iborat. Tirnoq o‘rning ildiz va chuqurcha bilan qoplangan qismi matritsa deyiladi. Shu matritsa hujayralarning ko‘payishi tufayli tirnoq uchiga qarab asta sekin o‘sib boradi. Tirnoq bir kecha kunduzda o‘rta hisboda 0,1-0,2 mm o‘sadi. Taxminan 100 kunda to‘liq yangilanadi. Tirnoq kishining yoshi, jinsi, organizmning umumiy holati va boshqa omillarga bog‘liq. Masalan, bolalar tirog‘i kattalarnikiga nisbatan tezroq, yoki qishda yozdagidan sekinroq o‘sadi. Tirnoq 10-15 mm, eni 10-17 mm, qalinligi 0,30-0,37mm, ayollarda kichikroq va yupqaroq bo‘ladi. Sog‘lom kishining tirnog‘i bir oz bo‘rtib chiqqan, silliq, tiniq va rangsizdir[4].

Hadisi sharifda ham Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam bir sahobiyga qarata: “Tirnog‘ingni olib yur. Chunki, shayton o‘sib ketgan tirnoq ichiga in qurib oladi”, deb marhamat qilganlar.

Albatta, ehtiyoj vaqtida poklanish dinimizning qat’iy talablaridandir. Biz bayon qilgan fitratlar turlicha ko‘rinishda bo‘ladi.

Misol uchun umrida bir marotaba qilinadigan xatna; ma’lumot sifatida tug‘ilganining yettinchi kunida qilish afzal.

Ibodatni ado qilish uchun amalga oshirish. Ya’ni, tohoratga tegishli bo‘lgan og‘izni g‘arg‘ara qilish, burunni achitib suv tortish, misvok qilish;  Ma’lumot sifatida aytib o‘tamiz Qur’on o‘qish uchun ham misvok qilish yaxshi amal hisoblanadi.

Juma, jamoat va hayit namozi singarilarga borish uchun poklanish;

Insonlar bilan o‘zaro muloqot qilish uchunu xoh do‘stlar davrasida bo‘ladimi, xoh ishda bo‘ladimi, xoh majlisda bo‘ladimi, xoh oilada bo‘ladimi farqi yo‘q, odamlarga noxush hidlar bilan ozor bermaslik.Yana bir oddiy misol Payg‘ambar alayhissalom uzoq muddatlik safardan qaytayotgan odamni oilasini boxabar qilmasdan, hech qanday tayyorgarliksiz, ha yo‘q, ba yo‘q to‘satdan kirib kelishidan qaytargan. Sababi esa U zot sollollohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Soch soqolini tartibga keltirib, ya’ni tarab, begona odamlarning ko‘zi tushmaydigan ortiqcha tuklarini olib”, kelishga buyurganlar.

Ehtiyoj yuzasidan qilinishi. Misol uchun mo‘ylovni qisqartirish, tirnoq olishkabi go‘zal ishlarga shari’atimiz tomonidan buyurilganini ko‘rishimiz mumkin.

Tirnoqlarni oralatib juma kunida olish sunnat hisoblanadi. Ba’zi olimlar jumaning zavoligacha olish yaxshi deydilar. Hatto tirnoq kaltalatishni vojib deb aytgan olimlar ham bor. Hadisi muborakda: “Albatta, kim tirnog‘ini juma kuni zavoldan oldin oladigan bo‘lsa, dardlaridan xolos bo‘lib, shifo topadi”, ushbu sanadni Ibn Butta Humayd ibn Humayd ibn Abdurahmondan u esa otasidan rivoyat qilgan. Ibn Butta “Al-Mustav’ib”, da ushbu hadisga amal qilish fazilat jihatidan deb aytib o‘tadilar. Mustahabi esa tirnoqni payshanba kuni asrdan keyin olishdir. Mana shunga amal qilinadi. Hadis kitoblarning sharhlarida payshanba kuni olish Payg‘ambar alayhissalom qilganliklari va Ali roziyallohu anhuga bu haqida aytganlari keltirib o‘tilgan.

Abdurazzoq aytadi bir kishi payshanba kuni Sufyon Savriyning oldida tirnog‘ini olmoqchi edi. Boshqa bir kishi unga: “Shuni juma kuniga qoldirsang bo‘lardi?” dedi. Buni eshitgan Sufyon: “Sunnat biror sababga ko‘ra, kechiktirilmaydi”, dedi. Shuningdek, sahih xabarga ko‘ra, yo‘q deganda qirq kunda bir olib turish sunnat. Bir rivoyatda muqim uchun yigirma kun. Musofirga esa qirq kun deyilgan. Imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh qachon ehtiyoj sezilsa, shunda olish mustahab deganlar. Abdurazzoqning o‘zlari va amal yuzasidan mashhuri hamda keng tarqalgani ham har haftaning juma kuni yo payshanba kuni olish mustahab hisoblanadi. Bu gapni undan boshqa olimlar ham aytib o‘tishgan. Ibn Butta Ibn Umar roziyallohu anhu o‘zlari har haftaning juma kuni mo‘ylov va tirnoqlarini qischartirardilar deb rivoyat qilgan.

Darhaqiqat, birinchi navbatta qo‘l, so‘ng oyoq tirnoqlari olinadi. Qo‘ldan boshlashda ham avval o‘ng qo‘ldan boshlab, keyin chap qo‘l barmoqlariga o‘tishlik mustahabdir. Zero, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy rohimahulloh Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisga muvofiq qiydagilarni aytadilar: “Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam oyoq buyum kiyish, soch tarash, tohorat-poklanish va barcha xayrli ishlarda o‘ng tomondan boshlashni yaxshi ko‘rar edi”[5]. Imom Navaviy: “Tirnoqni hammasini olish sunnat. Ayol bo‘ladimi, erkak bo‘ladimi farqi yo‘q. O‘ngdan boshlash esa mustahabdir”[6], degan. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki,  Hofiz Ibn Hajar rohimahulloh “Fathul Boriy” nomli kitoblarida tirnoq olish borasida kelgan hadislarning birortasini sobit qilmaganlar[7]. Lekin, Imom Navaviy Muslimning sharhida qat’iy tarzda: “O‘ng qo‘lning ko‘rsatgich barmog‘idan boshlanadi. So‘ng o‘rta barmoq va nomsiz barmoq keyin jimjiloq tirnoqlari olinadi va chap qo‘lga o‘tishdan ilgari bosh barmoq olinadi. Chap qo‘l barmoq tirnoqlarini esa jimjiloqdan bosh barmoq tirnoqlariga qadar olinadi. Oyoq barmoqlariga keladigan bo‘lsak, o‘ng oyoqning jimjilog‘idan boshlanib to bosh barmog‘iga qadar olinadi. Davomi o‘laroq, chap oyoqning bosh barmog‘idan to jimjiloqqa qadar olinadi”[8], deb aytadilar.

 

Ibn Mufallah degan olim esa “Shari’at odoblari” degan kitobida boshqa bir tartibni keltirib o‘tadilar.U kishi biz aytib o‘tganga teskari ravishda tirnoq olish haqida aytadi. Mazkur ko‘rinishni Ibn Butta tushuntirib o‘tganlar. “Birinchi bo‘lib, o‘ng qo‘lning jimjilog‘idan boshlanadi. So‘ng o‘rta katta barmoq olinadi. So‘ng bosh barmoq. Undan keyin qoldirilib ketilgan nomsiz va ko‘rsatkich barmoqlar olinadi. So‘ng chap qo‘l barmoqlariga o‘tiladi va bosh barmoqdan boshlanadi. So‘ng o‘rta barmoq so‘ng jimjiloq olinadi. Keyin qoldirib ketilgan ko‘rsatkich va nomsiz barmoq tirnolari olinadi”. Bu Ibn Butta aytgan uslub, xuddi orada bir barmoq qoldirib sakrashga o‘xshaydi. Keyin o‘sha qoldirilgan tirnoqlari olinadi.

Al-Omadiy  ham shunga o‘xshash uslubni aytib o‘tadi. Ya’ni,unga ko‘ra birinchi bo‘lib o‘ng qo‘lning bosh barmog‘i, so‘ng orada ko‘rsatkich bamoqni tashlab o‘rta katta barmoq, so‘ng  yana nomsiz barmoqni tashlab jimjiloq tirnog‘ini olinadi. So‘ng qoldirib ketilgan ko‘rsatkich va nomsiz bamoqlar olinadi. Chapqo‘l ham xuddi shunday uslub deydi.

Yana bir rivoyatda esa o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘idan boshlanadi to‘g‘ridan to‘g‘ri to jimjiloqqacha olinadi. So‘ng chap qo‘lga o‘tiladi va chap qo‘lning jimjiloq barmog‘idan boshlanib, o‘ng qo‘lning bosh barmog‘ida tugatiladi.

Qozi Vake’ ibn Jarroh rohimahullohdan u kishi Oisha rozyallohu anhodan keltirigan isnodda quyidagi hadis aytiladi: “Ey Oisha tirnoq olishni jimjiloqdan boshla. So‘ng katta o‘rta barmoq va bosh barmoq tirnog‘ini ol. Keyin qoldirilib ketilgan nomsiz barmoq va ko‘rsatkich barmoq tirnoqlarini ol. Zero, shu tarzda olish boy bo‘lishga sabab bo‘ladi”. Mana shu keltirilgan rivoyatga amal qilinadi.

Yana boshqa bir hadisda esa: “Kim tirnog‘ini oralatib olsa, hayoti davomida ko‘z og‘rig‘iga uchramaydi”[9], Ibn Butta rivoyati. Yana u kishi vatan himoyasi va mudofaa yo‘lidagi askarlar uchun o‘sib ketishining zarari yo‘q deb qo‘shimcha qildilar.

Tirnoq olgandan keyin qo‘lni va barmoq uch qismlarini yaxshilab yuvish, shuningdek, olingan  tirnoq parchalari, soch va hijoma qoni, umumiy badandan chiqqan qonlar, uzilgan tana a’zolarini ko‘mish  mustahabdir.Zero, Ibn Umar roziyallohu anhu mazkur ishni qilardilar. Xuddi shunday mazkur muddatlarda qo‘ltiq osti  tukini yulish va qov supachasidagi junlarni qirish ham mustahab amallardandir. Ushbu amallarni bajarishda qaychi yo shifokor maslahatiga ko‘ra badandagi to‘kadigan dorilar va shunga o‘xshash narsalarni ishlatish ham joiz. Lekin, tish bilan tirnoq olish makruh amallardan hisoblanadi.

Imom Ahmad Alloh taoloning:

ألم نجعل الأرض كفاتا * أحياء وأمواتا 

“Axir Biz yerni tiriklarni ham, o‘liklarni ham yig‘uvchi qilib qo‘ymadikmi?!”[10] tafsirida “Tiriklar unga qon, soch va tirnoqlarini xuddi vafot etganlarini ko‘mishgani singari, tashlab ko‘mishadi”, deb aytadi. Abu Dovud “Marosil” nomli kitoblarida: “Payg‘ambar alayhissalom hijoma qildirib bo‘lgach, bir kishiga bu qonni it iskab topmasligi uchun ko‘mgin”, deb keltiradi. Al-Xollal va Ibn Butta keltirgan isnodga ko‘ra: “Payg‘ambar alayhissalom tirnoq olgan va ko‘mgan”, deb aytiladi. Vakiy isnodi bilan Mujohiddan uni olgandan keyin ko‘mish mustahabdir, degan so‘z rivoyat qilingan. Bunga dalil “Payg‘ambar alayhissalom qon va soch kabi narsalarni ko‘mishga buyurgan”, deb keltiriladi. Mahna Imom Ahmad rohimahullohdan tirnoq va soch olganganidan so‘ng  ko‘miladimi yo tashlab yuboriladimi? deb so‘raganda u: “Ko‘miladi”, deb aytdi. Shunda bu borada biror xabar kelganmi? deb so‘raganda, u: “Ibn Umar roziyallohu anhu uni ko‘mardilar”, deb aytdi. Ba’zi olimlar ovloraq-oyoq ostida qolib ketmaydigan daraxt taglari kabi joyga tashlasa ham bo‘ladi deyishgan. Lekin, hammom va xojatxona singari joylarga tirnoqni tashlash mumkin emas. Shuni alohida ta’kidalash kerakki, biz yuqorida aytib o‘tgan vaqtdan qov tuklari, qo‘ltiq va mo‘ylovni qirish-qisqartirishni o‘tib ketishi makruh hisoblanadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi so‘zlarini eshitdim: “Besh narsa fitratdan hisoblanadi. Bular xatna qilish, qov junini olish, mo‘ylov qisqartirish, qo‘ltiq osti junini yulish va tirnoq olishdir”. Muttafaqun alayh.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U: “Payg‘ambar alayhissalom bizlarga alohida ta’kidalab, mo‘ylovni qisqartirish, tirnoq olish, qo‘ltiq osti tukini yulish va qov tuklarini qirishni qirq kundan o‘tib ketmasligini aytardilar”, deb aytgan. Imom Muslim, Ahmad, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilishgan[11].

“Mustav’ib” va “Talxis”da  quyidagilar keladi. Oynaga qarab yuqorida aytilgan ortiqcha tuklarni qaychiga o‘xshash vosita bilan olsa ham bo‘ladi. Erkak kishi rangsiz, hidli xushbo‘ylik bilan xushbo‘ylanishi va ayol kishi esa rangi boru hidi yo‘q atir bilan xushbo‘lanishi mustahabdir.

Ba’zi mazhab olimlari haj vaqtida hajning hurmati uchun olinmay turgani ma’qul deganlar ham bor. Lekin, yuqorida aytilgan ikki kun payshanba va jumadan boshqa kunda olsang falon va falondaqa yomonliklarga uchraysan degan gaplar, qolaversa xalqimiz orasida keng tarqalgan kechqurun tirnoq olib bo‘lmaydi, singari so‘zlarning asosi yo‘q va bekorchi so‘zlardir. Xalifa Xorun ar-Roshid buyuk imomi, qozilarning qozisi Abu Yusuf rohimahullohdan “Kechasi tirnoq olsa bo‘ladimi?”, deb so‘raganlarida “Bo‘ladi”, deya javob berganlar. Xalifa bu borada dalil so‘raganda, Abu Yusuf: “Xayrli ishlar kechiktirilmaydi”, degan asosi javobni beragnlar. . Tunda olishning hech qanday zarari yo‘q degan ma’noda javob bergan ekan.

Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ayrim yoshlar orasida bizning o‘zbek mintalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan g‘arb madaniyati “ommaviy madaniyat”ga taqlid juda kuchayib ketmoqda. Ular buni “moda”deb izohlashmoqda. Ayniqsa, tuppa tuzuk muslimaman deb yurgan singillarimiz orasida bu kabi holat uchrayotganligi achinarli holatdir.Ammo, haqiqiy musulmon banda Alloh va Rosuli nimaga buyursa, shuni qiladigan, nimadan qaytarsa, shundan qaytadigan bo‘lishi kerak. Zero, Payg‘ambar alayhissalom ummutlarining barchasini faqat ezgulik sari chorlaydigan zot edi. Qolaversa, bizlarni tirnoq qo‘yishdan qaytargan. Qisqartirishni esa sog‘lom tabiat va yuksak did deb atagan. Biroq, tirnoqni qasddan, yo beparvo bo‘lgan holda o‘stirish jirkanch ishlardan va islom dinida joriy qilingan sunnatga xilofdir. Shuningdek, uzun tirnoqlar tohorat vaqtida barmoq uchiga suv yetishidan to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida tohorat va ibodatga nuqson yetkazadi. Yana, dinimiz ko‘r-ko‘rona taqlid qilish va o‘zini boshqa dindan bo‘lgan yo dinsiz adashganlarga o‘xshatishdan qaytargan. Bir o‘ylab ko‘rilsa, tirnoq o‘stirish o‘zini xuddi yirtqich hayvonga o‘xshatishday gap. Sog‘lom tabiatli inson buni hech ham hazm qila olmaydi.

Qays ibn Abu Hozim: “Payg‘ambar alayhissalom bir namozni ado qilayotganda chalg‘ib ketdilar. Buning sababi u zot alayhissalomdan so‘ralganda: “Qanday chalg‘imay, vaholangki, sizlar tirnoqni olmay, uni kir bostirib kelasizlar?!”,deb javob berdi”, deya rivoyat qilgan. Abu Ubayd bu voqeada tirnoq o‘stirishqoralangan deb aytgan. Shuningdek, tirnoqni bo‘yash, lak[12] qo‘yish va suniy tirnoq qo‘yishni ba’zi olimlar ma’qullamaganlar. O‘z novbatida bu kabi holatlar g‘usl va tohoratga xalal yetkazadi. Faqat qo‘yilgan lak va sun’iy tirnoqlarni ketkizilsagina ular ado qilingan bo‘ladi.Shuningdek, g‘usl vojib bo‘lgan holatda o‘sgan tirnog‘i bo‘lsa, to g‘usl qilmasdan uni olib bo‘lmaydi. Mobodo olsa o‘sha a’zo poklik hukmida bo‘lmaydi deyishadi. Biroq, xina[13]ga o‘xshash o‘zidan suv o‘tkazadigan bo‘lsa, mahrami uchungina durust degan qavllar bor. Shunda ham tirnoq bezagini begona erkaklarga ko‘z-ko‘z qilish, shari’atimizda man qilingan.  Ayniqsa, sun’iy tirnoq insonnikidan qilingan bo‘lsa, uni qo‘yish mutlaqo mumkin emas.

Shu o‘rinda ba’zi iqtiboslarni keltirib o‘tmoqchimiz;

Savol: Oyoq-qo‘l tirnoqlariga lak qo‘ygan holda qilingan tahorat durust bo‘ladimi?

Javob: Odatda lak o‘zidan suv o‘tkazmaydi. Shuning uchun lak ostidagi tirnoqlarga suv tegmay qolgan bo‘ladi. Bu bilan tahorat ham, g‘usl ham durust bo‘lmaydi. (Xoyrul fatavo)

“Sham va xamir kabi tanaga suv yetishga to‘sqinlik qiladigan narsalarni ketkizish lozim” (Maroqil faloh)

Savol: Tirnoq osti tahoratda yuvilishi vojibmi?

Javob: “Tirnoq barmoqning uchini yopib turadigan darajada uzun bo‘lsa, tirnoq ostiga suv yetkazish vojib bo‘ladi. Agar qisqa bo‘lsa (o‘z-o‘zidan suv yetganligi tufayli) yetkazish vojib bo‘lmaydi. Agar tirnoqlar o‘sib, barmoq uchlaridan o‘tib ketsa, ijmo’ga ko‘ra tirnoqni (uning ustki va ostki qismini) yuvish vojib bo‘ladi”. (Fatvoi Hindiya)[14]

Zamonamizning tibbiy xulosasi ham tirnoq o‘stirishni yoqlamaydi. Tibbiyotga doir bo‘lgan butun olam ilmiy kengashida ham professor Yahyo Xo‘ja va professor Ahmad tirnoqni meyorida qisqartirib yurishning o‘zi, inson uchun ziynat va chiroy bag‘ishlab turishini ta’kidlaganlar. O‘stirishning esa hech qanday faydasi yo‘q.

Tirnoq o‘stirishning tibbiy zararlari;

  • Tirnoq o‘stirish oqibatida uning ichida kir, bakteriya va tuxum qo‘yib, ko‘payuvchi zambrug‘lar yuzaga keladi. Ayniqsa, ketishi juda qiyin bo‘lgan, ba’zi najosatlar to‘planishi natijasida turli yoqimsiz hidlar vujudga keladi. Undan tashqari, hatto shotka vositasi bilan tozalasada, uncha-munchaga ketmaydigan tirnoq ostidan iste’mol qilingan ozuqa orqali oshqazon qurti, dizenteriya va gastroradikulitkabi o‘ta xavfli kasalliklar kelib chiqadi. Xususan, uy bekalarimiz o‘stirilgan tirnoq orqali taomlar tayyorlashsa, bu kassaliklarni barcha oila a’zolariga yuqtirishi mumkin.
  • Uzun tirnoqlar o‘tkir-keskirligi va beso‘naqayligi uchun ham shaxsning o‘zi yo yon atrofidagi sheriklariga juda ko‘p noqulayliklarni tug‘diradi. Hatto, travma (jarohat) – olish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Misol tariqasida bexosdan ko‘zga jarohat yetkazishi, harakatlanish vaqtida teriga zarar yetishi, bu ayniqsa kelishmovchilik va urush holatlarida kuzatilishi mumkin. Undan tashqari tirnoq har bir o‘sib borganida, qo‘l harakatiga ham qiyinchilik tug‘diradi. Buning natijasida esa kaft yordamida ishlar amalga oshiriladi. Bu esa barmoq bajarishi kerak bo‘lganda undan foydalanmaslik kaftga salbiy ta’sir ko‘rsatadi[15].

Yana shuni alohida takidalash kerakki, uzun tirnoqlar qattiq jismlar bilan to‘qnashib ketish yo ovqat tayyorlash jarayonida yonib ketish holatlari yuzaga kelishi mumkin.

  • Xususan, uzun holatdagi tirnoqning kuchsizlashishi, tirnoq onchogrofosisyo yirtqich hayvonlarniki singariko‘rinishga kelishi, burishqoq va qiyshaygan holatga kelishi, yana Onychausis kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi[16].

Tirnoqlar ba’zi ichki kasallik va uning tashqi tuzilishi shaxsning xarakteridan ham darak beradi. Misol Addison, pnevmaniya, emfizema, mikroniziyaxastaligi, yurak, qon jigar va temir yetishmasligi  kabi va hokazo... Yurak qon tomir kasalligiga chalinganlarning tirnoqlari rangi ko‘kimtir tusda bo‘ladi. Jigar kaslligida esa sarg‘ish tusda bo‘ladi. Qadimda ajdodlarimiz bu uslubdan tabobat sohasida juda keng foydalangan. Yana noto‘g‘ri va ko‘p martalab qilingan manikyur[17] natijasida tirnoq “Gullash” kasalligiga yo‘liqadi. Uzoq muddatli rezinka qo‘lqop kiyib ishlash ham tirnoqni zaiflashtiradi. Poyafzalning tor bo‘lishi va zarbdan shikastlanishi tirrnoqning ichiga qarab o‘sishiga olib keladi. Bunda jarrohlik amaliyoti kerak bo‘ladi. Tirnoqni mustahkamlashda zaytun yog‘i va limon suvidan foydalanish va ma’lum muddat paxtali qo‘lqob kiyish tavsiya qilinadi. Ko‘p miqdorda sut mahsulotlari va tvarog iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Ba’zilarning tirnog‘i o‘ta qattiq va sinuvchan bo‘lgani uchun iliq suvda ivitib keyin olish tavsiya qilinadi. Lekin ivitmasa tuhmatga qoladi kabi so‘zlar asosi yo‘q, uydirma hisoblanadi. Tirnoqni taqab ham olmaslik kerak bo‘ladi.

Shuningdek, hozirgi zamonaviy tibbiyot tajribalar o‘tkazganida tirnoq ostidagi bakteriyalarni qancha yuvsa yo ketqizishda preparatlardan foydalangan taqdirda ham  uni yo‘qotib bo‘lmasligi isbotlangan. Bu narsani davolanish maqsadida shifoxonaga yotqizilgan bemorlarning shifokorlar tomonidan kasalliklar yuqmasligi va yana qayta og‘iz bo‘shlig‘i orqali o‘tmasligi uchun o‘stirilgan tirnoqni olishni tavsiya berganlaridan ham bilishimiz mumkin bo‘ladi. Mana qarangki, bugungi ilmiy kashfiyotlar Nabaviy ta’limning nechog‘lik haqiqat ekanligini isbotlab turibdi. 

Ohangaron tumani "Xonobod" jome’ masjidi imom noibi

Madaipov Ahrorbek

 

[1]Imom Navaviy: Sharhu Navaviy ala Sahih Muslim. Kitobut tohorat. Bob Xisolul fitra. Dorul xoyr.J. 2. –B 492.1995.

[2]Izoh: biroq tartibga keltirish yuzasidan bo‘yi va enidan olishga ruxsat bor. Bu hadis matniga ham zid emas.

[3]Imom Abu Dovud as-Sijistoniy: Sunan Abi Dovud. Dorul kutubul ilmiya. Lubnon. –B 13. 53 raqam. 2009. Imom Muslimning rivoyati ham bor.

[4]https://www.wikipedia.uzO‘zbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005).

[5]Imom Buxoriy: Sahih al-Buxoriy. Dor Ibn Kasir.–B 163. 2010.

[6]Imom Navaviy: Al-Majmu’. Al-Irshod. J. 1. –B 339. 2013.

[7]Hofiz Ahmad ibn Hajar Asqaloniy: Fathul Boriy. Dor ihyo at-tiros. J. 10. –B 345.2010.

[8]Imom Navaviy: Sharhu Sahih Muslim. Dorul xoyr.J. 3. –B 149. 1995.

[9]Muhammad: Al-Adabush ash-shari’at.Olimul kutub.  –B 331. 1998.

[10]Shayx Abduaziz Mansur: Quro’ni karim ma’nolarining tarjimasi. Toshkent. 2001.-B 798. 29 pora/ 24-25 oyat

[11]Muhammad: Al-Adabush ash-shari’at.Olimul kutub. –B 332.1998

[12]Izoh; Lak- 1932 yil AQSH da paydo bo‘lgan.

[13]Izoh; Xina- inson sog‘lig‘i uchun juda foydali o‘simlik. Asl rangi qizg‘ish bo‘ladi. Tarixi 3000 yil ilgariga borib taqalaidi qadimgi Misrda xinaga bo‘yalgan mo‘miyolar topishgan. Xina qo‘yish sunnat.

[14]www.fiqh.uz

[15]Professor Abdurazzoq al-Kayloniy. Al-Haqoiqi tibbiya fil Islam. Dorul qolam. –B 400. 1996.

[16]Broun Faulku: Bolnoya tela. Tarjimon Solih Dovud. Muhammad Daqor. –B 212. 2009.

[17]Izoh; Manikyur so‘zi lotincha “manus”-“qo‘l” hamda “cure”-“parvarish” ma’nosini beradi. Keyinchalik qo‘l va tirnoq ishlari bilan shug‘ullanadiganlarga nisbatan qo‘llangan.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Masjid qurish va quduq chiqarishning savobi

04.07.2025   1420   9 min.
Masjid qurish va quduq chiqarishning savobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:

«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.

«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.

Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».

Uchovlari rivoyat qilganlar.

Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.

Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.

عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».

Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Boshqa rivoyatlarda:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.

U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.

عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.

Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«U kishi roziyallohu anhu:

«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.

«Suv», dedilar u zot.

Bas, u quduq qazidi va:

«Bu Ummu Sa’dga», dedi».

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:

«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.

Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.

O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.

Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.

Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.

A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.

Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.

Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.

Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.

Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.

Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.

Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.

Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:

Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.

Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.


Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.

Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.

Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.

Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.

Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.

Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.

Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.

Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.


Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.

Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.

Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.

Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.

Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.

Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.


«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi