Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Yanvar, 2026   |   14 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:25
Shom
17:10
Xufton
18:29
Bismillah
03 Yanvar, 2026, 14 Rajab, 1447

Xush kelding, mohi ramazon!

25.05.2017   75441   8 min.
Xush kelding, mohi ramazon!

Shukrona

Tinch-osoyishta yurtda umrguzaronlik qilib, farzandlar kamolini ko‘rish inson uchun chinakam baxt. Shukurki, bugun biz ana shunday xotirjamlik hukmron, pok niyatlarimiz ro‘yobga chiqayotgan diyorda yashayapmiz.

Binobarin, istiqlol mamlakatimizda e’tiqod erkinligini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash hamda rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, muqaddas qadamjolarni ta’mirlash hamda obodonlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish imkoniyatini berdi.

Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 mayda qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini mu­nosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori jamiya­timizdagi ezgu qadriyatlarni yanada yuksaltirish, shuningdek, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, muruvvat va saxovat kabi ulug‘vor munosabatlar yuksak e’zozlanayotganligining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Xalqimizning ming yillar davomida shakllangan insoniylik, mehr-oqibat, halollik hamda muruvvat singari fazilatlari Muborak ayyomda tashkil etiladigan turli marosimlarda yanada keng quloch yozadi. Zotan, ushbu qarorning mazmun-mohiyatida ham bu masalalar yaqqol aks etib turibdi.

Mazkur hujjatda qayd etilganidek, el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi o‘rni beqiyos. Xususan, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga mansub olijanob fa­zilatlarni shuurimiz, qalbimizga sing­dirib, sayqal berishimizda uning har bir kunidan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir. Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda, Ramazon oyini joylarda, milliy an’ana hamda qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangani bu boradagi a’mollarni samarali bajarishda ayni muddao bo‘ldi. Zero, Ramazon ezgu amallar oyidir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ushbu muborak oyning tashrifi haqida marhamat qilib: “Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannamning eshiklari esa berkitiladi, shaytonlar kishanla­nadi”, deganlar  (Imom Ahmad rivoyati).

Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amallari o‘zi uchun, ammo ro‘za Men uchun. Uning mukofotini O‘zim beraman”, deb marhamat qiladi (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo bunday amr qi­ladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qi­lindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara, 183, 184).

Oyati karimadan anglashiladiki, ro‘za qadimgi dinlarda ham bor bo‘lgan ibodatdir. Faqat boshqa dinlarda ro‘zaning tartibi, kuni va qoidasi turlicha bo‘lgan. U faqat Islom dinidagina ilohiy ma’noni kasb etadi.

Dastlab ro‘zani istagan odam tutar yoki buning o‘rniga bir miskinning qornini to‘y­dirishi mumkin edi. Biroq keyinchalik bu hukm o‘zgardi, kim bu oyda hozir bo‘lsa, albatta, ro‘za tutishi shart ekanligi amr qilindi: “Ramazon oyi — odam­lar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olma­gan kunlarining) sanog‘i bosh­qa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukur qilishingiz uchundir”  (Baqara, 185).

Ramazon oyida har bir mo‘­min-musulmon ro‘za tutishi lozim. Faqatgina kasal inson, sa­fardagi kishi, homilador yoki emizikli ayol ro‘za tutmasligi mumkin. Uzrli holatni tark etgach, qazosini o‘taydi. Uzrli holatlar borasida tafsir kitoblarda, sunnati nabaviyada alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Agar bemorning tuzalishdan umidi bo‘lsa, ro‘za oyida tutmaydi, tuzalgach, qazosini tutib beradi. Biroq yoshi ulg‘aygan kishilar esa fidya beradilar. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “...Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir...” oyati keksa chol va kampirga tegishlidir. Ikkovlari ro‘zani qiynalib tuturlar. Ular og‘izlarini ochib, har bir kun o‘rniga bir miskinga taom berurlar. Homilador va emizikli ayollar qachonki qo‘rqsalar, og‘izlarini ochurlar va taom berurlar” (Imom Buxoriy va Imom Abu Dovud rivoyati). Bu o‘rinda homilador va emizikli ayollar tuzaladigan bemor sifatida ko‘riladi. Ya’ni homiladorlik yoki emizish bartaraf bo‘lgach, bu zaiflik ayol kishidan soqit bo‘ladi. Ana shunda ayol tutmagan ro‘zasining “...sanog‘i boshqa kunlardan” o‘taydi. Kasal odam agar ro‘za sababli zaiflashsa, bemorligi ziyoda bo‘lsa, ro‘zasini tutmaydi. Tuzalgach, ado etadi. 

Ramazoni sharifda ro‘za tutmaslikka vaqtincha izn berilgan yana bir toifa – bu oyda safarga chiqqanlardir. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) (safarda) ro‘za ham tutganlar, og‘zilari ochiq ham bo‘lgan. Bas, safarda kim xohlasa ro‘za tutsin, kim xohlasa og‘zi ochiq yursin” (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati).

Avval boshda Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning ummatlariga farz qilingan ro‘za hozirgisidan farqli bo‘lgan. Iftor vaqti quyosh botganidan xuftongacha edi. Ro‘zador xufton namozigacha iftorlik qilib olmasa, ertasiga iftor vaqti kirgunicha yana ro‘zador holida qolib ketar edi.

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlarni saharlik qilib ro‘za tutishga chorlaganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Saharlik qilinglar. Albatta saharlikda baraka bordir” dedilar” (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).

Shuningdek, iftor qilish, uni tezlatish lozimligi sunnati nabaviyda ko‘p bor takrorlangan. Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Modomiki iftorni tez qilar ekanlar, kishilar xayr­da bo‘lurlar, dedi” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Muslim, Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyati).

Hadisi  qudsiy: “Alloh azza va jalla:  “Men uchun bandala­rimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir”, dedi” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).

Ya’ni, yaxshilik xohlagan mo‘min kishi vaqti kirishi bilan iftorlik qilishga chaqiriladi. Zero, iftorlikni tezlatgan kishi Xoliqi Zuljalolga sevimli bo‘lishdek sharafga noil bo‘ladi. Shu bilan birga, iftor chog‘ida duo qilish ham fazilatli sanaladi. Bu paytdagi duo to‘siqsiz qabul bo‘ladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) qachon iftor qilsalar: “Allohumma laka sumtu va ala rizqika aftartu”, ya’ni “Ey Alloh, Sen uchun ro‘za tutdim va Sen bergan rizq bilan iftor qildim”, der edilar (Imom Abu Dovud va Imom Tabaroniy rivoyati).

Albatta, Ramazon xayru eh­son oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Mamlakatimizdagi jome masjidlar imom-xatiblari homiylar ko‘magida Ramazonda bir qancha savobli ishlarni amalga oshiradilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy Vakillik xodimlari kam ta’minlangan oilalarga, keksa, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalarga homiylar ko‘magida har yilgidek Ramazon hayiti arafasida beminnat yordamlarini ko‘rsatadi.

Muborak Ramazon oyi barcha yurtdoshlarimizga xayrli, barakotli kelsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisi, muftiy

2017 yil 24 may 21-son “Nuroniy” gazetasi   

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi

30.12.2025   30032   2 min.
Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi

Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan. 

Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.

Shu maqsadda, 30 dekabr kuni  O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.

Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda  yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.

Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.

Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi
O'zbekiston yangiliklari