Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Samo va yer ahli uzra ramazon

25.05.2017   77437   8 min.
Samo va yer ahli uzra ramazon

Alhamdulillahi Robbil alamiyn, vassolatu vassalamu ’ala Nabiyyil amiyn va ala olihi va as'habihi ajma’iyn. Ammo ba’d. 

Ramazon oyi shunday oyki, uning istiqboliga chiqmoq uchun butun borliq: Samo o‘z ahli bilan, yer o‘z ahli bilan tayyorgarlik ko‘radi.

Samo va uning ahli Ramazon oyi istiqboliga  quyidagicha tayyorgarlik ko‘radi:

Birinchisi, Samo eshiklari Ramazon oyi kirishi bilan ochiladi va yopilmaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qachonki, Ramazonning ilk kechasi kirsa, Osmon  eshiklari ochiladi va Ramazonning oxirgi tunigacha ulardan bitta ham eshik yopilmaydi”.

Ikkinchisi, Jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qachonki, Ramazon kelsa Jannat eshiklari ochib yuboriladi,  Do‘zax eshiklari yopib tashlanadi va shaytonlar zanjirband qilinadi”.

Uchinchisi, Jannat iymon va ro‘za ahli uchun ziynatlanib tayyorlanadi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Mening ummatimga Ramazonda mendan oldin biror ummatga berilmagan besh narsa berildi. Ulardan birida Jannatga: “Tayyorlan, mening bandalarim uchun bezangin, ular yaqindirlar, dunyo hayotidan toliqib kelib Mening huzurimda rohatlansinlar!”  deb amr qilinadi;

To‘rtinchisi, Ramazoning har tunida Samodan nido qiluvchi yer ahliga nido qiladi.  

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:

“Samodan bir nido qiluvchi yer ahliga  Ramazonning har tunida to tong otguniga qadar: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi”.

Bu oyda istig‘for aytuvchi mag‘firat qilinadi, tavba qilguvchining tavbasi qabul qilinadi, duo qilguvchining duosi ijobat qilinadi, so‘raguvchining so‘ragani beriladi. 

Ya’ni Samo va ahli Samo Ramazon kelishiga barcha yaxshiliklar bilan tayyorgarlik ko‘radilar va uni kutib oladilar.

Yer va uning ahli uchun esa  Ramazon oyi quyidagi imkoniyatlar oyidir.

Salmon roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bonning oxirgi kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: «Ey odamlar! Darhaqiqat, sizlarga buyuk bir oy soya solmoqda. Muborak oy. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh uning ro‘zasini farz qildi, kechasini ibodat bilan o‘tkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi. U sabr oyi, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir. Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli! Hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u(ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi. 

Ey birodar. Ro‘zaning samarasi – taqvodir. Alloh taolo marhamat qiladi:

 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمْ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

 

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi. Shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz» (Baqara,183).

Bilingki, albatta, Ramazon oyi yangi hayot boshlash uchun  ulug‘ imkoniyatlar oyidir. Chunki kim bu oyni g‘animat bilib, mag‘firat so‘rasa mag‘ifirat  qilinadi, Alloh va Uning Rasuliga qurbat qilaman degan odam maqsadiga erishadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday degan ekanlar: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymonu ixlos bilan tutsa, o‘tgan jami gunohlari mag‘firat qilinadi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasalam bunday deydilar: “Mening ummatimga Ramazonda mendan oldin biror ummatga berilmagan besh narsa berildi:

  1. Ramazon oyining birinchi tuni bo‘lganida Alloh bandalariga nazar soladi. Kimga Allohning nazari tushsa, u hech qachon azoblanmaydi;
  2. Ro‘zadorning og‘zidagi noxush hid Allohning huzurida mushki-anbar hididan ham yaxshiroq bo‘ladi;
  3. Farishtalar Alloh taolodan tunu kun bandalari uchun istig‘for so‘raydilar;
  4. Alloh taolo Jannatga: “Tayyorlan, mening bandalarim uchun bezangin, ular yaqindirlar, dunyo hayotidan toliqib kelib Mening huzurimda rohatlansinlar!” – deb amr qiladi;
  5. Ramazonning oxirgi kuni bo‘lganida esa ularning barcha gunohlari mag‘firat etiladi!”

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Bu Laylatul-Qadr tunida bo‘ladimi?”  deb so‘radi. U zot alayhissalom: “Yo‘q, bu xuddi ishchilar ishini tugatganidan keyin ish haqi olishiga o‘xshaydi”,  dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Bu hali hammasi emas. Hali oldimizda ming oydan afzal kecha bo‘lmish Laylatul Qadr kechasi ham bor.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Laylatul Qadr kechasini iymon bilan va savob umidida bedor o‘tkazsa, uning barcha gunohlari kechiriladi», deganlar. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘za qalqondir», deganlar. Chunki ro‘za o‘z sohibini shahvatdan. gunohdan to‘sadi. Unga zararli bo‘lgan narsalardan to‘sadi. Ro‘za – qalqondir, u o‘z sohibini do‘zax olovidan to‘sadi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ro‘za va Qur’on Qiyomat kuni banda uchun shafoatchi bo‘ladi. Ro‘za: “Ey Robbim, buni kunduzi taom va shahvatdan to‘sdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Qur’on: “Ey Robbim, buni tunda uyqudan to‘sdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Shunda ular shafoatchi bo‘lishadi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi” .

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan muttafaqun alayh hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Alloh taolo aytadiki: Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun faqatgina ro‘zasi Myen uchun va Myen uning mukofotini beraman. Ro‘za qalqondir, agar birortangiz ro‘zador bo‘lsa, yomon gaplarni gapirmasin va so‘kinmasin. Agar birortasi so‘ksa yoki urushmoqchi bo‘lsa men ro‘zadorman desin. Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, ro‘zadorning ro‘zasi sababli og‘zidan keladigan noxush hid Allohning oldida miskdan ham xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorning ikkita xursandchiligi bor: Iftor qilganda xursand bo‘ladi va Robbisiga yo‘liqqanda ro‘zasi borligidan xursand bo‘ladi», dedilar.

Aziz birodar! Albatta, bu oy ibodat oyidir.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqayotib «Omiyn», «Omiyn», «Omiyn» dedilar. U zotga:

«Ey Allohning Rasuli! Nega bundoq dedingiz?» deyildi.

«Jabroil menga: «Ota-onasini yoki ikkisidan birini topib, jannatga kirmagan bandaning burni yerga ishqalansin», dedi. Men: «Omiyn», dedim.

Keyin u: Ramazonga yetisha turib, mag‘firat qilinmay qolgan bandaning burni yerga ishqalansin», dedi. Men: «Omiyn», dedim.

So‘ngra u: «Huzurida siz zikr qilinganingizda, sizga salovat aytmagan bandaning burni yerga ishqalansin», dedi. Men: «Omiyn», dedim» dedilar».

Shunday ekan bu oyni g‘animat bilaylik. Bu oydan onadan tug‘ilgandek gunohlardan mag‘firat holda chiqaylik. Omiyn. 

Abdumannon USMONOV,

O‘MI kadrlar bo‘limi mudiri

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

11.08.2026   42095   1 min.
Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
 

"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi
O'zbekiston yangiliklari