Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2026   |   17 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:13
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2026, 17 Rajab, 1447

Ilm beruvchining odobi

24.05.2017   9545   14 min.
Ilm beruvchining odobi

Muqadas dinimizda ilm olish va uni o‘rgatishga katta ahamiyat beriladi. Ilm egasi hamisha qadrlanadi va maqtaladi. Ayniqsa, ilm o‘rgatuvchi – ustozning boshqa kasb egalariga qaraganda martabasi, sharafi, rutbasi baland bo‘ladi. Shu bois payg‘ambarlarning meroslarini insonlarga o‘rgatuvchi muallim go‘zal xulq bilan ziynatlanishi va o‘ziga nomunosib ishlardan tiyilishi hamda zarur odoblarni o‘zida mujassam etishi suv va havodek zarur hisoblanadi.

Muhammad ibn Hasan Abu Hanifa rahimahullohdan rivoyat qiladilar: “Men uchun ulamolar haqidagi hikoyalar fiqhdan ko‘ra sevimliroqdir. Chunki ularda qavmning odob–axloqlari bor”. Hubayb ibn Shahid o‘g‘liga dedi: “Ey, o‘g‘ilcham! Faqihlar va olimlar bilan ko‘proq hamrohlik qil, ularning odoblariga razm sol! Sening mana shunday qilishing menga hadisni ko‘p bilishingdan ko‘ra mahbubroqdir”. Imom Shofe’iyga aytildi: “Odobga xohishingiz qanday?” U kishi javob berdilar: “Odobdan o‘zim bilmagan bir harfni bilib olaman. Bas, a’zolarim unga muhabbat qo‘yadi va har biri eshituvchiga aylanadi. So‘ng odob bilan huzurlanadi”. Yana aytildi: “Odob o‘rganishga talabingiz qanday?” Imom Shofe’iy: “Xuddi ona yakkayu yagona bolasini yo‘qotib qo‘yib qidirayotgani kabi”, deya javob bergan ekanlar.

Demak, ilm beruvchiga ham odob mana shunday zarur va u quyidagilarga amal qilishi matlub:

  • Niyatni xolis qilish. Ya’ni ilm berishi orqali Buyuk Allohning rizoligini istashi, ilmini dunyoviy maqsadlarga erishish vositasi qilmasligi kerak. Zero, amallarning qabul bo‘lishi ixlosga va chiroyli niyatga bog‘liq.
  • Ilmli ekanini da’vo qilmasligi. Qur’onda bu haqida quyidagicha aytiladi:

وَفَوْقَ كُلِّ ذِي عِلْمٍ عَلِيمٌ

“Har bir ilm egasi uzra (undan) bilimdonroq (olim) bordir” (Yusuf surasining  76-oyati).

Shayx Zarruq Molikiy aytadi: “Men olimman”, “Men sendan yaxshiroqman”, “Men sendan ko‘ra qoriroqman” deyishdan yiroqda bo‘ling. Chunki bunga o‘xshash gaplar mana bu uchtasini halok qilgan:

  • Shayton. “Men undan yaxshiman”, so‘zini ilk bor iblis aytgan va halok bo‘lgan.

 قَالَ مَا مَنَعَكَ أَلَّا تَسْجُدَ إِذْ أَمَرْتُكَ قَالَ أَنَا خَيْرٌ مِنْهُ خَلَقْتَنِي مِنْ نَارٍ وَخَلَقْتَهُ مِنْ طِينٍ

(Alloh) aytdi: “Senga buyurganimda sajda qilishingga nima monelik qildi?” U dedi: “Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan. Uni (Odamni esa) loydan yaratding” (A’rof surasining 12-oyati).

  • Fir’avn. O‘ziga mumkin bo‘lmagan gap va da’voni qilib halok bo‘lgan:

 فَقَالَ أَنَا رَبُّكُمُ الْأَعْلَى

Men sizlarning oliy Parvardigoringizdirman, – dedi (Naziat surasining  24-oyati)

  • Qorun. O‘z ilmi bilan mag‘rurlanib halok bo‘lgan.

قَالَ إِنَّمَا أُوتِيتُهُ عَلَى عِلْمٍ عِنْدِي أَوَلَمْ يَعْلَمْ أَنَّ اللَّهَ قَدْ أَهْلَكَ مِنْ قَبْلِهِ مِنَ الْقُرُونِ مَنْ هُوَ أَشَدُّ مِنْهُ قُوَّةً وَأَكْثَرُ جَمْعًا وَلَا يُسْأَلُ عَنْ ذُنُوبِهِمُ الْمُجْرِمُونَ

«(U:) «Men unga faqat o‘zimdagi bilim sababligina erishdim»,– dedi*. Axir, u o‘zidan avval Alloh undan ko‘ra quvvatliroq va zaxirasi ham ko‘proq (qanchadan-qancha) avlodlarni halok qilganini bilmaganmi?! Jinoyatchilardan gunohlari haqida so‘rab o‘tirilmas!» (Qasas surasining 78-oyati)

* Qorunning badavlat bo‘lishiga Alloh sabab qilgan ilm qay biri ekani xususida ba’zi tafsirda Tavrotni yaxshi bilishi deyilsa, boshqasida u puxta bilgan kimyo ilmi, deb yozilgan. Ikkinchi tafsir haqiqatga yaqinroqdir.

  • “Bilmayman”, deb ko‘p aytish. Ahli ilmlar bu so‘zni ko‘p aytishardi. Mashhur imomlardan biriga o‘ttizdan ortiq masala yuzasidan savol berildi. Ulardan to‘rttasiga javob berib, qolganlariga “bilmayman” dedi.

Qurofiy “Zaxira”larida ba’zi fuzalolarning gaplarini keltirib o‘tadilar: “Agar bilmayman desang, to bilguningcha o‘rgatilaverasan. Aksincha bilaman desang, to bilmay qolguningcha so‘ralaverasan. Shunday ekan, “bilmayman” deyish ilmga olib boruvchi vosita bo‘lsa, “bilaman” deyish jaholatga yetaklovchidir”.

  • Yosh, nasab va mansab jihatdan o‘zidan past insondan bo‘lsa-da bilmaganlarini o‘rganishni or sanamaslik. Chunki hikmat mo‘minning yo‘qotgan narsasi bo‘lib, qayerda topsa olaveradi. Nabiy solallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ikki narsaga qiziqqan kishi ikki narsaga to‘ymaydi: Ilmga qiziqqan ilmga to‘ymaydi. Dunyoga qiziqqan esa unga to‘ymaydi”. (Bayhaqiy rivoyati)

Sa’d ibn Jubayr aytadilar: “Kishi ta’lim olgani sayin ilmli bo‘lib boraveradi. Agar ta’lim olishni tark etsa, o‘zini behojat sezsa va o‘zida bor narsa bilan chegaralanib qolsa, eng johil insonga aylanadi”.

Ibn Jamoa Al Kinoniy “Tazkira”da keltiradilar: “Salafi solihlarimizdan ko‘plari o‘zlari bilmagan narsalarini talabalaridan o‘rganib olar edilar”. Ahmad ibn Hanbal: “Bizga Imom Shofe’iy aytar edi: “Sizlar hadis ilmida mendan bilimdonsiz. Agar sizning nazdingizda biror hadis sahih bo‘lsa, menga ham ayting, sizdan o‘rganib olaman”. Nabiy sallollohu alayhi vasallam ham Ubay ibn Ka’bdan qiroat qilib berishini so‘raganlar.

  • Ilmni muhofaza qilish. O‘tgan ulamolarimiz asraganlaridek ilmni asrashi hamda Alloh ato etgan izzat va sharaf maqomida turishi lozim. Ya’ni, arzimas dunyo matohlari uchun ilmni bir vosita qilib, pastkash dunyoga mukkasidan ketganlarning oldiga biror uzrsiz borib, ilmni xor etmaslikdir.

Zuhriy aytadilar: “Ilm bilan xorlanish uni o‘rganuvchining uyiga olib bormoqlikdir”.

Ibn Iyoz at-Tamimiy al-Marvaziy Zohid aytadilar: “Agar ilm ahllari o‘zlarini hurmat qilsalar, ilmning haqqiga rioya etsalar, uni asrab, Alloh tushirgan manzilga qo‘ysalar edi... hokimlarning bo‘yinlari ular uchun egilardi. Insonlar o‘zlariga yo‘lboshchi qilib oladilar. Insonlar nazdida Payg‘ambarlar maqomida bo‘lardilar. Afsuski, ular dunyo egalari uchun o‘zlarini past oldilar, bas xor bo‘ldilar, azizliklari qo‘ldan ketdi... Inna lillahi va inna ilayh roji’uun! Naqadar ulkan musibat bu...

Qozi Jurjoniy Aliy ibn Abdulazizning quyidagi misralari ayni o‘rinlidir:

 Ilm ahli asrasa ilmni agar,

Ilm ham alarni har nedan saqlar.

O‘zlarida ulug‘ tutsalar uni,

Ilm ham alarni sevib ulug‘lar.

 

Hayhot, o‘zlarin pastga qo‘ydilar,

Ilmni xor aylab, o‘zlarin shohga yo‘ydilar.

Ilm ma’yus qolib, nolon bo‘lguncha

Tama’ birlan qalbni chunon o‘ydilar.

 

  • Ilmning omonatiga vafo qilish. Ya’ni ilmga ahl – loyiq bo‘lmagan odamga bermaslik hamda munosib bo‘lganga ilmni o‘rgatish lozim. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm talab qilish har bir musulmon uchun farzdir. Ilmni unga loyiq bo‘lmagan kimsaga o‘rgatish xuddi javohirni to‘ng‘izga ilib qo‘yganga o‘xshaydi” (Imom ibn Moja rivoyati).

Yana aytiladi: Ilmni yomon insonga o‘rgatish, xuddi qaroqchiga qilich sotish bilan tengdir.

“Hikamul Atoiyya”ning sharhida Ibn Abbod deydilar: “Ta’lim beruvchi kimga ta’lim berayotganidan xabardor bo‘lishi kerak. Zero, ilmini faqat yaxshi va solih amalar ila bezanguvchi odamga sarflashi shart” (G‘oysul mavahibil aliyya sharh hikamul atoiyya).

Bundan tashqari, Niso surasining 5-oyatida Alloh bergan mollarni aqli norasolarga berib qo‘ymaslik haqida aytib o‘tilgan.

Ilmni unga qiziqmagan, yoqtirmagan va ilmni egallasa fasod ishlarni qiladigan odamga o‘rgatish uni zoye qilish hisoblanadi. Ammo ilm olishga rag‘bati, muhabbati bor odamga hamisha ko‘makchi bo‘lish, ilmu hunarning barcha sirlaridan xabardor qilish, kasb mahorati, nozik qirralarini yashirmaslik haqiqiy ta’lim beruvchining vazifasidir. 

Ba’zan ustoz shogirdi o‘zidan o‘zishi, baland lavozimlarni egallashi, xalq uni emas, shogirdini ko‘proq e’zozlashidan qo‘rqib, hunarning ayrim sirlarini yashiradi. Haq yo‘lni ko‘rsatish o‘rniga talabani chalg‘itadi. Bu juda katta xato va ilmga vafosizlikdir.

  • Ko‘p kulgu va hazilomuz ishlardan tiyilish. Albatta, muallim ochiq chehralik, muloyim, shirinso‘z, dardkash hamda mehribon bo‘lish bilan birga, o‘ziga yarashmaydigan bachkana va uyat so‘zlar, noo‘rin, beo‘xshov kulgudan tiyilishi, hazil qilsa ham yengil, og‘ir kelmaydigan tarzda qilishi maqsadga muvofiq.

Ustozning o‘ta jiddiy bo‘lishi talabani bilmagan narsasini so‘rashdan, unga yaqin bo‘lishdan va dardini bemalol aytishdan to‘sadi. Aksincha, ko‘p kulib, ko‘ringan odamga hazil qilib, har doim maza-bemaza gaplarni gapirib yuraversa viqori ketib, hurmati poymol bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘p va qattiq kulgu qalbni o‘ldiradi, ilm og‘izdan otilib chiqib ketishiga sababchi bo‘lib qoladi. 

  • O‘ziga ravo ko‘rganini shogirdiga ham ilinib, yomon ko‘rganlarini unga ham ravo ko‘rmaslik. Ibn Abbos aytadilar: “Men bilan birga o‘tiradiganlarning eng hurmatlisi – insonlar yelkasidan-da oshib o‘tib, menga oshiqadigan kishidir. Agar qo‘limdan kelsa, unga biror pashshani ham yaqin yo‘latmagan bo‘lardim”. (“Faqih va mutafaqqih”) Ya’ni muallim o‘ziga oshiqqan, darsiga rag‘bat qilgan talabasiga hattoki bir gardni ham ravo ko‘rmaydi. Uni ko‘rmasa, darrov sog‘inib qoladi.
  • Shogird haqqiga ko‘p duo qilish va uni qarg‘amaslik. Chunki ustozning duosi yoki badduosi xuddi ota-onaning farzandiga qilgan duosi kabidir.

Mujib Ar-Rahmon al-Diyraviy shunday duo qilar ekanlar: “Allohim! Ixlos, ehson, salohiyat, to‘g‘rilik, fiqh va ilmni shogirdlarim, shogirdlarimning shogirdlarida to Qiyomatga qadar bardavom qilgin!”

  • Shogirdiga ilm talab qilish uchun rag‘bat uyg‘otish. Allohning ulamolarga va’da qilgan ne’matlari, ulug‘ manzillari, ular payg‘ambarlarning merosxo‘rlari ekanligi, nurdan bo‘lgan minbarlarda bo‘lishlarini tez-tez eslatib turishi juda muhim.
  • Dunyo va Oxirat amallarini teng olib borishni o‘rgatish.
  • Yuksak odoblar va Alloh rozi bo‘ladigan xislatlardan saboq berish.
  • Shogird bemor bo‘lsa, ko‘rgani borish. Kambag‘al bo‘lsa, yordamlashish, o‘qish uchun sarf-xarajatlariga ko‘maklashish talabani ilmda bardavom bo‘lishida katta omil bo‘ladi.
  • Talabalarni bir-biridan ortiq yo kam sanamaslik. Agar talaba tirishqoqlik, ko‘p dars qilish va odob jihatdan peshqadam bo‘lsa, buning zarari yo‘q. Lekin obro‘si va boyligi sababidan ajratilmaydi.
  • Shogirdi yanglish ish qilsa, to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash. Bunda dag‘allik va dilozorlikdan saqlanib, o‘tganlar hayoti, ibratli voqealar bilan talabani yana o‘z yo‘liga yo‘llab qo‘yiladi.
  • Dars asnosida mo‘tadil va talaba salohiyatiga mos bir yo‘lni tanlash. Har bir insonning ma’lumot olish qobiliyati va yodda saqlash ko‘nikmasi turfa bo‘lgani sababli, talabaning shaxsiy xususiyatlariga jiddiy e’tibor berish hamda ko‘ngliga yo‘l topa bilish juda muhim.
  • Dars boshlashdan avval hamd, sano va basmala aytish. Bu darsning barakasini ziyoda qilib, o‘rganuvchi qalbida ushbu darsga nisbatan hurmati ortadi.
  • Ovozni bir maromda ushlash. Qattiq baqirib yoki juda past, bir tekisda dars o‘tish talabani malollantiradi. Yana o‘ta darsni cho‘zib yubormay, orada savol javoblar, qiziq ma’lumotlar aytib borish maqsadga tez erishtiradi.
  • Qaysi hunar, qaysi fan o‘qituvchisi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z sohasini puxta bilish. Misol uchun, Qur’on o‘qituvchisi bo‘lsa-yu, o‘zi to‘liq yodlamagan yoxud tajvid ilmini puxta egallamagan bo‘lsa, lahn va xatolarga yo‘l qo‘ysa, talabalar hurmat qilmay qo‘yadi. Shu bois, muallim o‘z ustida ko‘p ishlashi, kerak bo‘lsa, talabadan ziyoda dars qilishi kerak.
  • O‘ta ochiqqanda, chanqaganda, g‘azablanib turgan vaqtda dars aytmaslik. Bezovta va tashvishli holatda ham dars o‘tish tarang vaziyatni keltirib chiqaradi.
  • O‘zining darsidan boshqa darslarni yomonlamaslik. Agar nahv fani o‘qituvchisi bo‘lsa, tasavvuf fanini yomonlamasligi, yoxud diniy ilm beruvchi bo‘lsa, tabiiy va dunyoviy fanlarni past sanab, talaba nafsida beparvolikni uyg‘otmasligi shart!
  • O‘ziga dars topshirgan talaba boshqa ustozga dars topshirishidan xafa bo‘lmaslik. Zero, ustozning asl maqsadi talabaning foydali ilm olishidir. Faqat o‘zi bilan dars qilishga majburlash, boshqalar huzuriga borishdan man’ qilish –katta xudbinlikdir. Bu haqida Yahyo Navaviy aytadilar: “Dinda katta musibat borki, u bilan juda ko‘p muallimlar ahmoqliklari va niyatlarining buzuqligi sababli balolangandirlar. Ustozlarning ana shunday bo‘lishi esa ta’lim berish uchun Allohning rizoligini ko‘zlamaganiga ochiq-oydin dalildir”.

Ustozlik martabasiga yetish va uning omonatlariga rioya etish har birimizga nasib etsin!

 

“Al Hodiy ila rovzatil fiqh val fuqaho” asari asosida Toshkent islom instituti tillar kafedrasi mudiri Faxriddin Muhammad Nosir tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”

26.12.2025   25714   20 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomani taqdim etdi.

– So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025 yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi.

Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.

Iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi.

Energetika sohasida tub burilish yasalgani hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi.

Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi.

Joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.

Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab 208 ta bog‘chada birinchi marta inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi.

Yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.

– Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yo‘lga qo‘yganimiz va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berganimiz natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi.

Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026 yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik, – dedi Prezidentimiz.

Iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.

Keyingi paytda yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda.

Xususan, bu yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, YUNЕSKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining mart oyida Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya” qabul qilindi.

Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chog‘ida integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish g‘oyasi ilgari surildi. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik hamda barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz.

Oktyabr oyida Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va AQSH sammiti ko‘p tomonlama va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. O‘tgan haftada Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilarining uchrashuvida ta’lim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Shu haftaning boshida esa Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

– Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz, – dedi Prezidentimiz.

Mahalla va yaxshi qo‘shnichilik o‘zaro uyg‘un qadriyatlardir. Ular jamiyatda ijtimoiy kapitalni yanada boyitishga beqiyos hissa qo‘shadi.

Mamlakatimizda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat beradi. Mahallaga shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut, avvalo, ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi.

– Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.

Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi.

Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.

Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi, – dedi Prezidentimiz.

Shularning barchasini hisobga olib, Prezidentimiz 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi.

Bu tashabbusni yig‘ilganlar qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.

Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi.

– Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.

Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.

Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak.

Shuning uchun kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.

Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.

Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi. Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlar boshlanadi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat davom ettirilib, 2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m resurs beriladi. Shundan 43 trillion so‘mi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish.

Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanadi. 2026 yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni ta’minlab, yalpi ichki mahsulotni 167 milliard dollarga yetkazish prognoz qilinmoqda.

Innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar rag‘batlantiriladi. Korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi.

Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

– Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtaldi.

To‘qqiz yilda qulay biznes muhiti yaratilib, tovar va xizmatlar hajmi va turi ko‘paytirilgani, kam daromadli oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berilayotgani, inflyatsiya darajasi “bir xonali” raqamga tushirilgani natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra o‘sdi.

Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026 yilda 23 trillion so‘m resurs ajratiladi. Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15 foizga oshiriladi.

Xizmatlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish uchun 2026 yilda sohaga 85 trillion so‘m kredit, 9 trillion so‘m subsidiya ajratiladi. Xususan, ta’lim xizmatlari uchun budjetdan 7 trillion so‘m beriladi.

Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olinmoqda. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvatini 2 barobar ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Shu bois, 2026 yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkaziladi.

Ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026 yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanadi. Avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi.

Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishidir.

Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi.

– Endilikda mamlakatimiz mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur, – dedi Prezidentimiz.

2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.

2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Tibbiyot tizimida ham kasbiy ta’limni rivojlantirish uchun Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralar tayyorlash boshlandi. Endi ana shu texnikumlarga Germaniya, Shveysariya, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarning ta’lim dasturlari ham joriy etiladi.

Shu asosda xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralar tarkibi shakllantiriladi.

Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish.

Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.

Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.

Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi.

Ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.

Chang-to‘zonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi. Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo qilinadi.

Umuman, ekologiya sohasiga 2026 yilda 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026 yilda jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Bu qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham katta loyihalar boshlanadi.

160 million dollarlik katta dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar ta’mirlanadi, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinib, shaharda salqin mikroiqlim yaratiladi.

Oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettiriladi.

Avvalo, 2026 yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi.

Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.

– Eng muhimi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimini rivojlantiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.

Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlari bir-biridan ajratilgan edi. Endi bu tizim 2026 yildan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi.

– Takror aytaman, yurtimizdagi keng ko‘lamli yangilanishlar davrida ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz. So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi, – dedi Prezidentimiz.

Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.

Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi ta’kidlandi. Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “Xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi.

Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.

– Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!

Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.

Jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, mutanosib ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyat davom ettiriladi. Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi.

– Erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi, – dedi Prezidentimiz.

Kelgusi yilda ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalar keng nishonlanishi ta’kidlandi. Jumladan, Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram sifatida o‘tkaziladi. Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

– Bugun tarixning o‘zi, hayotning o‘zi zimmamizga buyuk bir mas’uliyatni yuklamoqda. Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda.

Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib harakat qilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz! Men bu yo‘lda mard va olijanob xalqimizga ishonaman! O‘zbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azmu shijoatiga ishonaman! – dedi Prezidentimiz Murojaatnoma yakunida.

https://president.uz/uz/lists/view/8833

Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi” Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026 yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”
MAQOLA