Muqadas dinimizda ilm olish va uni o‘rgatishga katta ahamiyat beriladi. Ilm egasi hamisha qadrlanadi va maqtaladi. Ayniqsa, ilm o‘rgatuvchi – ustozning boshqa kasb egalariga qaraganda martabasi, sharafi, rutbasi baland bo‘ladi. Shu bois payg‘ambarlarning meroslarini insonlarga o‘rgatuvchi muallim go‘zal xulq bilan ziynatlanishi va o‘ziga nomunosib ishlardan tiyilishi hamda zarur odoblarni o‘zida mujassam etishi suv va havodek zarur hisoblanadi.
Muhammad ibn Hasan Abu Hanifa rahimahullohdan rivoyat qiladilar: “Men uchun ulamolar haqidagi hikoyalar fiqhdan ko‘ra sevimliroqdir. Chunki ularda qavmning odob–axloqlari bor”. Hubayb ibn Shahid o‘g‘liga dedi: “Ey, o‘g‘ilcham! Faqihlar va olimlar bilan ko‘proq hamrohlik qil, ularning odoblariga razm sol! Sening mana shunday qilishing menga hadisni ko‘p bilishingdan ko‘ra mahbubroqdir”. Imom Shofe’iyga aytildi: “Odobga xohishingiz qanday?” U kishi javob berdilar: “Odobdan o‘zim bilmagan bir harfni bilib olaman. Bas, a’zolarim unga muhabbat qo‘yadi va har biri eshituvchiga aylanadi. So‘ng odob bilan huzurlanadi”. Yana aytildi: “Odob o‘rganishga talabingiz qanday?” Imom Shofe’iy: “Xuddi ona yakkayu yagona bolasini yo‘qotib qo‘yib qidirayotgani kabi”, deya javob bergan ekanlar.
Demak, ilm beruvchiga ham odob mana shunday zarur va u quyidagilarga amal qilishi matlub:
وَفَوْقَ كُلِّ ذِي عِلْمٍ عَلِيمٌ
“Har bir ilm egasi uzra (undan) bilimdonroq (olim) bordir” (Yusuf surasining 76-oyati).
Shayx Zarruq Molikiy aytadi: “Men olimman”, “Men sendan yaxshiroqman”, “Men sendan ko‘ra qoriroqman” deyishdan yiroqda bo‘ling. Chunki bunga o‘xshash gaplar mana bu uchtasini halok qilgan:
قَالَ مَا مَنَعَكَ أَلَّا تَسْجُدَ إِذْ أَمَرْتُكَ قَالَ أَنَا خَيْرٌ مِنْهُ خَلَقْتَنِي مِنْ نَارٍ وَخَلَقْتَهُ مِنْ طِينٍ
(Alloh) aytdi: “Senga buyurganimda sajda qilishingga nima monelik qildi?” U dedi: “Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan. Uni (Odamni esa) loydan yaratding” (A’rof surasining 12-oyati).
فَقَالَ أَنَا رَبُّكُمُ الْأَعْلَى
“Men sizlarning oliy Parvardigoringizdirman”, – dedi (Naziat surasining 24-oyati)
قَالَ إِنَّمَا أُوتِيتُهُ عَلَى عِلْمٍ عِنْدِي أَوَلَمْ يَعْلَمْ أَنَّ اللَّهَ قَدْ أَهْلَكَ مِنْ قَبْلِهِ مِنَ الْقُرُونِ مَنْ هُوَ أَشَدُّ مِنْهُ قُوَّةً وَأَكْثَرُ جَمْعًا وَلَا يُسْأَلُ عَنْ ذُنُوبِهِمُ الْمُجْرِمُونَ
«(U:) «Men unga faqat o‘zimdagi bilim sababligina erishdim»,– dedi*. Axir, u o‘zidan avval Alloh undan ko‘ra quvvatliroq va zaxirasi ham ko‘proq (qanchadan-qancha) avlodlarni halok qilganini bilmaganmi?! Jinoyatchilardan gunohlari haqida so‘rab o‘tirilmas!» (Qasas surasining 78-oyati)
* Qorunning badavlat bo‘lishiga Alloh sabab qilgan ilm qay biri ekani xususida ba’zi tafsirda Tavrotni yaxshi bilishi deyilsa, boshqasida u puxta bilgan kimyo ilmi, deb yozilgan. Ikkinchi tafsir haqiqatga yaqinroqdir.
Qurofiy “Zaxira”larida ba’zi fuzalolarning gaplarini keltirib o‘tadilar: “Agar bilmayman desang, to bilguningcha o‘rgatilaverasan. Aksincha bilaman desang, to bilmay qolguningcha so‘ralaverasan. Shunday ekan, “bilmayman” deyish ilmga olib boruvchi vosita bo‘lsa, “bilaman” deyish jaholatga yetaklovchidir”.
Sa’d ibn Jubayr aytadilar: “Kishi ta’lim olgani sayin ilmli bo‘lib boraveradi. Agar ta’lim olishni tark etsa, o‘zini behojat sezsa va o‘zida bor narsa bilan chegaralanib qolsa, eng johil insonga aylanadi”.
Ibn Jamoa Al Kinoniy “Tazkira”da keltiradilar: “Salafi solihlarimizdan ko‘plari o‘zlari bilmagan narsalarini talabalaridan o‘rganib olar edilar”. Ahmad ibn Hanbal: “Bizga Imom Shofe’iy aytar edi: “Sizlar hadis ilmida mendan bilimdonsiz. Agar sizning nazdingizda biror hadis sahih bo‘lsa, menga ham ayting, sizdan o‘rganib olaman”. Nabiy sallollohu alayhi vasallam ham Ubay ibn Ka’bdan qiroat qilib berishini so‘raganlar.
Zuhriy aytadilar: “Ilm bilan xorlanish uni o‘rganuvchining uyiga olib bormoqlikdir”.
Ibn Iyoz at-Tamimiy al-Marvaziy Zohid aytadilar: “Agar ilm ahllari o‘zlarini hurmat qilsalar, ilmning haqqiga rioya etsalar, uni asrab, Alloh tushirgan manzilga qo‘ysalar edi... hokimlarning bo‘yinlari ular uchun egilardi. Insonlar o‘zlariga yo‘lboshchi qilib oladilar. Insonlar nazdida Payg‘ambarlar maqomida bo‘lardilar. Afsuski, ular dunyo egalari uchun o‘zlarini past oldilar, bas xor bo‘ldilar, azizliklari qo‘ldan ketdi... Inna lillahi va inna ilayh roji’uun! Naqadar ulkan musibat bu...
Qozi Jurjoniy Aliy ibn Abdulazizning quyidagi misralari ayni o‘rinlidir:
Ilm ahli asrasa ilmni agar,
Ilm ham alarni har nedan saqlar.
O‘zlarida ulug‘ tutsalar uni,
Ilm ham alarni sevib ulug‘lar.
Hayhot, o‘zlarin pastga qo‘ydilar,
Ilmni xor aylab, o‘zlarin shohga yo‘ydilar.
Ilm ma’yus qolib, nolon bo‘lguncha
Tama’ birlan qalbni chunon o‘ydilar.
Yana aytiladi: Ilmni yomon insonga o‘rgatish, xuddi qaroqchiga qilich sotish bilan tengdir.
“Hikamul Atoiyya”ning sharhida Ibn Abbod deydilar: “Ta’lim beruvchi kimga ta’lim berayotganidan xabardor bo‘lishi kerak. Zero, ilmini faqat yaxshi va solih amalar ila bezanguvchi odamga sarflashi shart” (G‘oysul mavahibil aliyya sharh hikamul atoiyya).
Bundan tashqari, Niso surasining 5-oyatida Alloh bergan mollarni aqli norasolarga berib qo‘ymaslik haqida aytib o‘tilgan.
Ilmni unga qiziqmagan, yoqtirmagan va ilmni egallasa fasod ishlarni qiladigan odamga o‘rgatish uni zoye qilish hisoblanadi. Ammo ilm olishga rag‘bati, muhabbati bor odamga hamisha ko‘makchi bo‘lish, ilmu hunarning barcha sirlaridan xabardor qilish, kasb mahorati, nozik qirralarini yashirmaslik haqiqiy ta’lim beruvchining vazifasidir.
Ba’zan ustoz shogirdi o‘zidan o‘zishi, baland lavozimlarni egallashi, xalq uni emas, shogirdini ko‘proq e’zozlashidan qo‘rqib, hunarning ayrim sirlarini yashiradi. Haq yo‘lni ko‘rsatish o‘rniga talabani chalg‘itadi. Bu juda katta xato va ilmga vafosizlikdir.
Ustozning o‘ta jiddiy bo‘lishi talabani bilmagan narsasini so‘rashdan, unga yaqin bo‘lishdan va dardini bemalol aytishdan to‘sadi. Aksincha, ko‘p kulib, ko‘ringan odamga hazil qilib, har doim maza-bemaza gaplarni gapirib yuraversa viqori ketib, hurmati poymol bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘p va qattiq kulgu qalbni o‘ldiradi, ilm og‘izdan otilib chiqib ketishiga sababchi bo‘lib qoladi.
Mujib Ar-Rahmon al-Diyraviy shunday duo qilar ekanlar: “Allohim! Ixlos, ehson, salohiyat, to‘g‘rilik, fiqh va ilmni shogirdlarim, shogirdlarimning shogirdlarida to Qiyomatga qadar bardavom qilgin!”
Ustozlik martabasiga yetish va uning omonatlariga rioya etish har birimizga nasib etsin!
“Al Hodiy ila rovzatil fiqh val fuqaho” asari asosida Toshkent islom instituti tillar kafedrasi mudiri Faxriddin Muhammad Nosir tayyorladi.
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar