O‘zbekiston musulmonlari idorasining hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus Islom bilim yurtida “Biz yoshlar –yot g‘oyalarga qarshimiz” shoiri ostida intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari tadbirni ochib, ishtirokchilarni tabrikladilar va bellashuvda muvaffaqiyat tiladilar.
Diniy ta’lim muassasalari talabalarining diniy ekstremizm, “ommaviy madaniyat”, buzg‘unchilik, ahloqsizlik kabi yot g‘oyalariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, bilim va ko‘nikmasini, Qur’on, aqida va fiqhiy masalalardagi bilimlarini yanada oshirish va mustahkamlash va mustaqil fikrlarini bayon etish qobiliyatini rivojlantirish, yoshlarning mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlardagi faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish, milliy-diniy urf-odat, an’ana va qadriyatlar asosida tarbiyalash ushbu musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsadni tashkil etadi.
Unda O‘MI tasarrufidagi Toshkent islom instituti va 9 ta o‘rta- maxsus Islom bilim yurti jamoalari quyidagi shartlar asosida bellashdilar:
a) Jamoalar o‘z bilim yurti va ishtirokchilarini tanishtirish; (Mazkur shart uchun 5 daqiqa ajratildi);
b) Mavzu bo‘yicha savol-javoblar. Mazkur shartda har bir jamoaga ikkitadan savol berildi (O‘ylash uchun har bir savolga 1 daqiqa vaqt berildi va kelishgan holda jamoadan bir ishtirokchi javob berdi);
v) Mavzuga oid ommaviy nashrlarda e’lon qilingan maqolalar. Bu shartda o‘quv yili davomida bilim yurti talabalari tomonidan nashr etilgan maqolalar soni jamlanib, har bir maqola 2 balldan baholandi.
g) Sardorlar bellashuvi. Mazkur shartda guruh sardoriga 10 tadan tezkor savollar berildi va har bir to‘g‘ri javob 2 balldan baholandi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra:
1-o‘rin: “Muhammad al-Beruniy” O‘MIBYU – 97,2 ball;
2-o‘rin: “Hidoya” O‘MIBYU – 63,6 ball;
3-o‘rin: “Faxriddin ar-Roziy” O‘MIBYU – 60,8 ball.
G‘oliblar quyidagi mukofotlar bilan taqdirlandilar:
1-o‘rin O‘zbekiston musulmonlari idorasining birinchi darajali diplomi va zamonaviy muzlatgich;
2-o‘rin O‘zbekiston musulmonlari idorasining ikkinchi darajali diplomi va zamonaviy kir yuvish mashinasi;
3-o‘rin O‘zbekiston musulmonlari idorasining uchinchi darajali diplomi va 40 hajmdagi televizor.
Bundan tashqari, barcha ishtirokchilar kitoblar to‘plami bilan taqdirlandilar.
Intellektual bellashuv yakunida O‘MI rahbariyatiga, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga va bellashuvni o‘tkazishda yuqori saviyadagi tayyorgarlik uchun Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtining fidoiy ustoz va murabbiylariga chuqur minnatdorchilik izhor etildi.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati