Agar kimdir sizga muhabbat qo‘yganini bilsangiz unga befarq bo‘la olasizmi?
Agar u tun-u kun sizning baxtingiz haqida o‘ylagan bo‘lsachi?
Agar u so‘nggi nafasigacha sizni o‘ylab, sizga salomlar yo‘llagan bo‘lsachi?
Agar u sizni o‘ylab o‘zi yaxshi qo‘rgan narsalaridan voz kechgan bo‘lsachi?
Muhabbatini faqatgina bu dunyoda emas, oxiratda ham namoyon etishga tayyor bo‘lsachi?
Sizni bir bor bo‘sada ko‘rmasdan, sizni sog‘inib, sizga haris bo‘lib yashasachi?
Agar..?
“Meni kim ham bunchalik sevardi?”, dersiz balki. Yoki meni “oshirib yuborgan”likda ayblarsiz? Ha, meni ehtirosarga berigan, hayolparast deyishingiz ham mumkin... Lekin unday emas! Aslo! Xulosaga shoshilmang. Meni tinglang! Sizni shunday, balki bundan-da ortiqroq sevadigan kishini sizga tanitay. U zot butun olamlar uzra, jumladan siz uchun ham Rahmat bo‘lib kelgan – Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar. Axir buning xabarini Olamlar Robbisi Alloh azza va jalla o‘z kalomida bayon etdi:
“Biz seni olamlarga rahmat qilib yubordik”. ( Anbiyo.107)
Siz esa o‘sha “olamlar”ning bir bo‘lagisiz.
U zot sollallohu alayhi vasallamning sizga bo‘lgan muhabbatlarini nechog‘lik buyuk ekanini ham Alloh taolo aytib qo‘ydi:
“Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning saodat chekishingizga tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi”. ( Tavba.128)
Ha, dunyoda sizni u zotchalik sevadigan, mehribon kishi bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Alloh taolo bu muhhabatning ta’rifini qisqa va ravon qilib aytib o‘tdi. Endi buning isboti va ko‘rinishi qay tarzda ekanligini ul xazratning o‘zlaridan eshiting:
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda ul Mahbub alayhis salom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim – mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga iymon keltiradilar!”, dedilar. Ha, xursan bo‘lavering! Axir siz U zotni ko‘rmasdan turib iymon keltirdingiz-ku! Demak, ul Habib sizga mushfiq bo‘lganlar!
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Bir kuni kechasi xufton namozini o‘qish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kutib o‘tirgan edik. U zot oldimizga kechaning uchdan biri o‘tganida yoki undan ham kechroq chiqdilar. U zotni ahllarida biror ish mashg‘ul qilganmidi yoki boshqami biz bilolmadik. U zot chiqqanlarida: “Sizlar g‘ayridinlar kutmaydigan namozga intizor bo‘lib o‘tiribsiz. Agar ummatimga og‘irlik bo‘lmaganida edi, albatta ularga namozni mana shu vaqtda o‘qib berar edim”, dedilar. So‘ngra muazzinga buyurdilar u namozga iqoma aytdi va namozni o‘qib berdilar”. (Imom Muslim rivoyati.)
U zotning sizga bo‘lgan muhabbatlarini ko‘ryapsizmi!
“Dunyoyingizdan menga uchta narsa yoqdi: Ayollar, xushbo‘ylik va namozdagi halovat”, deganlar U zot alayhis salom. Mana shu halovatni yanada ziyoda tuyishni istasalar-da, lekin sizga mashaqqat bo‘lishini istamadilar. “Agar ummatimga og‘irlik bo‘lmaganida edi..!”
Bunday marhamat Ul xazratning hayotlarida ko‘p uchraydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga yoki insolarga mashaqqat bo‘lishini o‘ylamaganimda, ularni har namozda misvok tutishga buyurardim”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati.)
U zotning bu so‘zlarini yengil sanamang. Axir Nabiy alayhis salom shunchalik yaxshi ko‘rganlaridan, xatto o‘lim to‘shagida ham misvok ishlatganlar. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy alayhis salom fanodan baqoga rihlat qilar chog‘larida men yonlarida edim. Shu payt Abdurrahmon ibn Abu Bakr qo‘lida misvok bilan kirib keldi. Nabiy alayhissalom misvokka qaradilar. Ahvollari og‘irligidan uni so‘rashga kuchlari yetmasdi. Men istaklarini tushunib, misvokni oldimda ul zotning og‘izlariga soldim. U qattiqlik qildi. Shunda men uni og‘izlaridan oldimda o‘z tishlarim bilan yumshatib, qayta Rasulullohning og‘izlariga soldim. U zot alayhis salomning og‘izlariga oxirgi kirgan narsa mening so‘lagim bo‘di. O‘limlari oldidan u zot bilan mening so‘lagimning jamlanishi, men uchun Allohning fazli edi!”
Endi-chi, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizning mashaqqat chekib, malollanishingizdan qanchalar hazir bo‘lganlarini his qilgandirsiz?! Bildingizmi, siz ana shunday Habib zotga mahbub bo‘lgan ummatsiz! Mana, u zotning haqqingizga qilgan yana bir duolari:
Sa’a ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tepalikdan kelayotgan edilar. Bani Muoviya masjidi yonidan o‘tayotganlarida unga kirdilar va ikki rakat namoz o‘qidilar. Biz ham u zot bilan birga o‘qidik. So‘ng uzoq duo qildilar. Keyin u zot sollallohu alayhi vasallam bizga yuzlandilar va: “Robbimdan uchta narsa so‘radim, iktasini Berdi, bittasini man’ Qildi: Robbimdan ummatimni qahatchilik bilan halok qilmasligini so‘radim, uni menga Berdi. Va Undan ummatimni toshqin bilan g‘arq qilmasligini so‘radim, uni ham Berdi. Yana Undan, ummatim orasida o‘zaro adovat bo‘masligni so‘ragan edim, uni mendan man’ Qildi”, dedilar ”. (Imom Muslim rivoyati.)
Yo Rasululloh! Qaynab chiqayotgan bu muhabbatning chashmasi qayer?! Ota-onaning mehriga to‘yib ulg‘aygan butun bashariyatning ko‘ksini yorib ham bu muhabbatning mislini topib bo‘lmaydi-ya!
Ul zot alayhis salom sizning tashvishingizni besh kunlik o‘tginchi dunyonig o‘zidagina qilmadilar. Balki, ul Mustafo sizning abadiy hayotingiz – oxirat uchun ham sizga bo‘lgan muhabbatlaridan ulush qoldirdilar:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollaollohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning u bilan so‘rasa ijobat bo‘ladigan duosi bor. Men o‘sha duoyimni oxiratda ummatimni shafoat qilish uchun saqlab qo‘ydim”. dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati.)
Yana bir hadisda shunday deyiladi:
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning Ibrohim alayhis salom haqidagi “Ey Robbim, albatta u(sanam)lar odamlardan ko‘pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir.” oyatini va Iso alayhissalom “Agar ularni azoblaydigan bo‘lsang, bas, albatta, ular Sening bandalaring. Agar ularni mag‘firat qiladigan bo‘lsang, bas, albatta, Sening O‘zing g‘olib va Hikmatli Zotdirsan.”, degan so‘zi haqidagi oyatini tilovat qildilar va ikki qo‘llarini ko‘tardilab: “Yo Alloh! Ummatim, ummatim!”, dedilar va yig‘ladilar!” Shunda Alloh azza va jalla aytdi: “Ey Jabroil! Muhammadga bor, holbuki Robbing biluvchiroqdir, undan, seni nima yig‘latdi, deb so‘ra”, deb amr qildi. Bas, Jabroil alayhissalom u zotning oldigi kelib so‘radi va Alloh taologa u zotning aytgan gaplari xabarini berdi. Holbuki, U bilivchiroqdir. Alloh taolo esa: “Ey Jabroil! Muhammadga bor va unga, albatta seni ummating borasida rozi qilurmiz”- deb ayt, dedi”. Imom Muslim rivoyati.
Abu Dovudning boshqa bir rivoyatida bu voqea kusuf namozida bo‘lgani va u zot sajdalarining oxirida “uff, uff” deb puflab, ketidan shunday duo qilganlari rivoyat qilinadi: “Ey Robbim! Men ular orasida ekanman, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?! Ey Robbim! Istig‘for aytib tursalar, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?!”.
Ana endi ayting, bundan ko‘ra mukammalroq, bundan ko‘ra go‘zalroq muhabbat bo‘lishi mumkinmi?! Dunyodagi mehrni bir yerga to‘plab, u zotning mehrlarichalik taftni tuyish mumkinmi?! Dunyodagi halovatlardan siz uchun kechsa, oxiratda sizning najotingiz g‘amida yelsa, yugursa! Fanoda ham baqoda ham “ummatim! ummatim!” , deya tashvish cheksa..!
Bor-budimiz sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh!
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat bo‘lganida, butun olamon bir-birlariga aralashib ketib, hayajonda bo‘ladilar. Ular Odamning alayhissalomning oldilariga kelib: “Bizlar uchun Robingizdan shafoat so‘rang!”, deyishadi. U zot: “Men haqli emasman, sizlar Ibrohimdan (alayhissalom) so‘ranglar, u Rahmon Zotning xalilidir (do‘sti)!”, deydilar. Insonlar Ibrohim alayhissalom oldilariga kelishadi. U zot ham: “Men haqli emasman, sizlar Musoning (alayhissalom) oldiga boringlar, chunki, u kalimullohdir (Alloh taolo bilan bevosita gaplashgan payg‘ambar), deb aytadilar. Insonlar Muso (alayhissalom) oldilariga kelishganida, u zot ham xuddi shunday javob beradilar va “Sizlar Isoning oldiga boringlar, chunki, u Alloh puflagan ruhi va kalimasidir”, deydilar. Keyin insonlar Iso alayhissalom oldilariga kelishadi, u zot ham “Men shafoat so‘rashga haqli emasman, sizlar Muhammadning sollallohu alayhi vasallam oldiga boringlar”, deydilar. Insonlar mening oldimga kelib so‘rashadi. Shunda men: “Men sizlarni shafoat qilaman”, deyman. So‘ngra Robbimdan izn so‘rayman, Robbimdan menga izn beriladi va Ul zot menga, men Ul zotni maqtaydigan maqtovli so‘zlarni ilhom qiladi. Lekin u qanday maqtovli so‘zlar ekanini hozir bilmayman. So‘ngra men o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men: “Ummatim, ummatim!”, deyman. Keyin menga: “Bor, qalbida arpa donichalik iymoni bo‘lgan kishilarni jahannamdan chiqar”, deyiladi. Borib, (aytilgan narsalarni) bajaraman. So‘ngra yana qaytaman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men yana: “Ummatim, ummatim!”, deyman. Keyin menga: “Bor, jahannamdan qalbida zarra (yoki xantal) miqdorichalik iymoni bo‘lgan kishilarni chiqargin”, deyiladi. Borib, (aytilgan narsalarni) bajaraman. So‘ngra yana qaytib boraman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men yana: “Ummatim, ummatim!”, deyman. Keyin menga: “Bor, jahannamdan qalbida xantal donining miqdoridan-da ozroq, kichikroq iymoni bo‘lgan kishilarni ozod qil”, deyiladi. Borib, yana (aytilgan narsalarni) qilaman. Keyin to‘rtinchi bor yana qaytib boraman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga yana: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Shunda men: “Robbim, menga “Laa ilaaha illalloh” kalimasini aytgan kishilar haqida izn ber”, deyman. Ul zot: “Izzatimga, jalolimga, buyukligim va ulug‘ligimga qasamki, men undan (jahannamdan) “Laa ilaaha illalloh” kalimasini aytgan kishilarni ham chiqaraman”, deydi”, dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taolo - naqadar Buyuk va Rostgo‘y Zot!:
“Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning saodat chekishingizga tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi”. ( Tavba.128)
Boshqa sifatlari qatori Rahmati ham nuqsonsiz bo‘lgan Zotning rahmli payg‘ambaridirlar ul Habib sollallohu alayhi vasallam!
Endi ayting, ul zot sollallohu alayhi vasallamni himoya qilishda ko‘ksilarini qalqon qilgan sahobalari orasida ham sizni eslab yig‘laganlari, ul zotni butun borlig‘i, hatto o‘zlaridan ham ortiq suygan, har bir irshodlariga og‘ishmay, toymay amal qilgan, u zotga murojat qilganlarida “Otam, onam sizga fido bo‘lsin!”, deya murojaat qilgan, komil iymon sohibi bo‘gan as'hoblariga; “Iymonlari ajoyibroq!”, deb sizning iymoningizni e’tirof etishlari, sizga bo‘lgan cheksiz muhabbatlaridan darak emasmi?!
Dindoshim! Siz, ikki dunyoda ham bashar uchun faxr va sharaf bo‘lgan Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam tarafidan sevildingiz. Endi siz ham ul bobarokotni munosib seving! Agar qalbingizda u zotga nisbatan muhabbat tuysangiz, xursan bo‘ling va ul Xazratning bashoratlarini qabul qiling!
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Qiyomat haqida so‘rab: “Yo Rasululloh! Qiyomat qachon?”, dedi. Shunda Nabiy alayhis salom: “Unga nima tayorlading?”, dedilar. Haligi kishi: “Unga hech narsa tayorlaganim yo‘q. Lekin men Alloh va Rasulini yaxshi ko‘raman!”, deb javob qaytardi. U zot sollallohu alayhi vasallvm esa: “Sen yaxshi ko‘rganing bilan birga bo‘lasan!”, dedilar”.( Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Sizga salovat va salomlarning eng afzali bo‘lsin, yo Rasululloh!
“Mulla Abdug‘affor hoji”
jome’ masjidi imom xatibi
Ikrom Karimov
Xotira
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.
1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.
1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.
1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.
1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.
Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.
1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,
1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.
1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.
1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.
1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.
Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:
— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.
Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.