Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Sevildingiz, siz ham seving!

23.05.2017   11512   14 min.
Sevildingiz, siz ham seving!

Agar kimdir  sizga muhabbat qo‘yganini bilsangiz unga befarq bo‘la olasizmi?

Agar u tun-u kun sizning baxtingiz haqida o‘ylagan bo‘lsachi?

Agar u so‘nggi nafasigacha sizni o‘ylab, sizga salomlar yo‘llagan bo‘lsachi?

Agar u sizni o‘ylab o‘zi yaxshi qo‘rgan narsalaridan voz kechgan bo‘lsachi?

Muhabbatini faqatgina bu dunyoda emas, oxiratda ham namoyon etishga tayyor bo‘lsachi?

Sizni bir bor bo‘sada ko‘rmasdan, sizni sog‘inib, sizga haris bo‘lib yashasachi?

Agar..?

 “Meni kim ham  bunchalik  sevardi?”, dersiz balki. Yoki meni “oshirib yuborgan”likda ayblarsiz? Ha, meni ehtirosarga berigan, hayolparast deyishingiz ham mumkin... Lekin unday emas! Aslo! Xulosaga shoshilmang. Meni tinglang! Sizni shunday, balki bundan-da ortiqroq sevadigan kishini sizga tanitay. U zot butun olamlar uzra, jumladan siz uchun ham Rahmat bo‘lib kelgan – Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar. Axir buning xabarini Olamlar Robbisi Alloh azza va jalla o‘z kalomida bayon etdi:

Biz seni olamlarga rahmat qilib yubordik. ( Anbiyo.107)

Siz esa o‘sha “olamlar”ning bir bo‘lagisiz.  

U zot sollallohu alayhi vasallamning sizga bo‘lgan muhabbatlarini nechog‘lik buyuk ekanini ham Alloh taolo aytib qo‘ydi:

Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning saodat chekishingizga tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi. ( Tavba.128)

Ha, dunyoda sizni  u zotchalik sevadigan, mehribon kishi bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Alloh taolo bu muhhabatning ta’rifini qisqa va ravon qilib aytib o‘tdi. Endi buning isboti va ko‘rinishi qay tarzda ekanligini ul xazratning o‘zlaridan eshiting: 

Kunlarning birida  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda ul Mahbub alayhis salom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim – mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga iymon keltiradilar!”, dedilar. Ha, xursan bo‘lavering! Axir siz U zotni ko‘rmasdan turib iymon keltirdingiz-ku! Demak, ul Habib sizga mushfiq bo‘lganlar!

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Bir kuni kechasi xufton namozini o‘qish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kutib o‘tirgan edik. U zot oldimizga kechaning uchdan biri o‘tganida yoki undan ham kechroq chiqdilar. U zotni ahllarida biror ish mashg‘ul qilganmidi yoki boshqami biz bilolmadik. U zot chiqqanlarida: “Sizlar g‘ayridinlar  kutmaydigan namozga intizor bo‘lib o‘tiribsiz. Agar ummatimga og‘irlik bo‘lmaganida edi, albatta ularga namozni mana shu vaqtda o‘qib berar edim”, dedilar. So‘ngra muazzinga buyurdilar u namozga iqoma aytdi va namozni o‘qib berdilar”. (Imom Muslim rivoyati.)

U zotning sizga bo‘lgan muhabbatlarini ko‘ryapsizmi!  

“Dunyoyingizdan menga uchta narsa yoqdi: Ayollar, xushbo‘ylik va namozdagi halovat”, deganlar U zot alayhis salom. Mana shu halovatni yanada ziyoda tuyishni istasalar-da, lekin sizga mashaqqat bo‘lishini istamadilar. “Agar ummatimga og‘irlik   bo‘lmaganida edi..!”

Bunday marhamat Ul xazratning hayotlarida ko‘p uchraydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga yoki insolarga mashaqqat bo‘lishini o‘ylamaganimda, ularni har namozda misvok tutishga buyurardim”, dedilar.  (Imom Buxoriy rivoyati.)

U zotning bu so‘zlarini yengil sanamang. Axir Nabiy alayhis salom shunchalik yaxshi ko‘rganlaridan, xatto o‘lim to‘shagida ham misvok ishlatganlar. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy alayhis salom fanodan baqoga rihlat qilar chog‘larida men yonlarida edim. Shu payt Abdurrahmon ibn Abu Bakr qo‘lida misvok bilan  kirib keldi. Nabiy alayhissalom misvokka qaradilar. Ahvollari og‘irligidan uni so‘rashga kuchlari yetmasdi. Men istaklarini tushunib, misvokni oldimda ul zotning og‘izlariga soldim. U qattiqlik qildi. Shunda men uni og‘izlaridan oldimda o‘z tishlarim bilan yumshatib, qayta Rasulullohning og‘izlariga soldim. U zot alayhis salomning og‘izlariga oxirgi kirgan narsa mening so‘lagim bo‘di. O‘limlari oldidan u zot bilan mening so‘lagimning jamlanishi, men uchun Allohning fazli edi!”

Endi-chi, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizning mashaqqat chekib, malollanishingizdan qanchalar hazir bo‘lganlarini his qilgandirsiz?! Bildingizmi, siz ana shunday Habib zotga mahbub bo‘lgan ummatsiz! Mana, u zotning haqqingizga qilgan yana bir duolari:

Sa’a ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tepalikdan kelayotgan edilar. Bani Muoviya masjidi yonidan o‘tayotganlarida unga kirdilar va ikki rakat namoz o‘qidilar. Biz ham u zot bilan birga  o‘qidik. So‘ng uzoq duo qildilar. Keyin u zot sollallohu alayhi vasallam  bizga yuzlandilar va: “Robbimdan uchta narsa so‘radim, iktasini Berdi, bittasini man’ Qildi: Robbimdan ummatimni qahatchilik bilan halok  qilmasligini so‘radim, uni menga Berdi. Va Undan ummatimni toshqin bilan g‘arq qilmasligini so‘radim, uni ham Berdi. Yana Undan, ummatim orasida o‘zaro adovat bo‘masligni so‘ragan edim, uni mendan man’ Qildi”, dedilar ”. (Imom Muslim rivoyati.)

Yo Rasululloh! Qaynab chiqayotgan bu muhabbatning chashmasi qayer?! Ota-onaning mehriga to‘yib ulg‘aygan butun bashariyatning ko‘ksini yorib ham bu muhabbatning mislini topib bo‘lmaydi-ya!

 Ul zot alayhis salom sizning tashvishingizni besh kunlik o‘tginchi dunyonig o‘zidagina qilmadilar. Balki, ul Mustafo sizning abadiy hayotingiz – oxirat uchun ham sizga bo‘lgan muhabbatlaridan ulush qoldirdilar:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  “Rasululloh sollaollohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning u bilan so‘rasa ijobat bo‘ladigan duosi bor. Men o‘sha duoyimni oxiratda ummatimni shafoat qilish uchun saqlab qo‘ydim”. dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati.)

 Yana bir hadisda shunday deyiladi:  

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning Ibrohim alayhis salom haqidagi Ey Robbim, albatta u(sanam)lar odamlardan ko‘pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir.” oyatini va Iso alayhissalom “Agar ularni azoblaydigan bo‘lsang, bas, albatta, ular Sening bandalaring. Agar ularni mag‘firat qiladigan bo‘lsang, bas, albatta, Sening O‘zing g‘olib va Hikmatli Zotdirsan.”, degan so‘zi haqidagi  oyatini tilovat qildilar va ikki qo‘llarini ko‘tardilab: “Yo Alloh! Ummatim, ummatim!”, dedilar va yig‘ladilar!” Shunda Alloh azza va jalla aytdi: “Ey Jabroil! Muhammadga bor, holbuki Robbing  biluvchiroqdir, undan, seni nima yig‘latdi, deb so‘ra”, deb amr qildi. Bas, Jabroil alayhissalom u zotning oldigi kelib so‘radi va Alloh taologa u zotning aytgan gaplari xabarini berdi. Holbuki, U bilivchiroqdir. Alloh taolo esa: “Ey Jabroil! Muhammadga bor va unga, albatta seni ummating borasida rozi qilurmiz”- deb ayt, dedi”. Imom Muslim rivoyati.         

Abu Dovudning boshqa bir rivoyatida bu voqea kusuf namozida bo‘lgani va  u zot sajdalarining oxirida “uff, uff” deb puflab, ketidan shunday duo qilganlari rivoyat qilinadi: “Ey Robbim! Men ular orasida ekanman, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?! Ey Robbim! Istig‘for aytib tursalar, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?!”.

Ana endi ayting, bundan ko‘ra mukammalroq, bundan ko‘ra go‘zalroq muhabbat bo‘lishi mumkinmi?! Dunyodagi mehrni bir yerga to‘plab, u zotning mehrlarichalik taftni tuyish mumkinmi?! Dunyodagi halovatlardan siz uchun kechsa, oxiratda sizning najotingiz g‘amida yelsa, yugursa! Fanoda ham baqoda ham “ummatim! ummatim!” , deya tashvish cheksa..!

Bor-budimiz sizga fido bo‘lsin,  yo Rasululloh!

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat bo‘lganida, butun olamon bir-birlariga aralashib ketib, hayajonda bo‘ladilar. Ular Odamning alayhissalomning oldilariga kelib: “Bizlar uchun Robingizdan shafoat so‘rang!”, deyishadi. U zot: “Men haqli emasman, sizlar Ibrohimdan (alayhissalom) so‘ranglar, u Rahmon Zotning xalilidir (do‘sti)!”, deydilar. Insonlar Ibrohim alayhissalom oldilariga kelishadi. U zot ham: “Men haqli emasman, sizlar Musoning (alayhissalom) oldiga boringlar, chunki, u kalimullohdir (Alloh taolo bilan bevosita gaplashgan payg‘ambar), deb aytadilar. Insonlar Muso (alayhissalom) oldilariga kelishganida, u zot ham xuddi shunday javob beradilar va “Sizlar Isoning oldiga boringlar, chunki, u Alloh puflagan ruhi va kalimasidir”, deydilar. Keyin insonlar  Iso alayhissalom oldilariga kelishadi, u zot ham “Men shafoat so‘rashga haqli emasman, sizlar Muhammadning sollallohu alayhi vasallam  oldiga boringlar”, deydilar. Insonlar mening oldimga kelib so‘rashadi. Shunda men: “Men sizlarni shafoat qilaman”, deyman. So‘ngra Robbimdan izn so‘rayman, Robbimdan menga izn beriladi va Ul zot menga, men Ul zotni maqtaydigan maqtovli so‘zlarni ilhom qiladi. Lekin u qanday maqtovli so‘zlar ekanini hozir bilmayman. So‘ngra men o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men: “Ummatim, ummatim!”, deyman. Keyin menga: “Bor, qalbida arpa donichalik iymoni bo‘lgan kishilarni jahannamdan chiqar”, deyiladi. Borib, (aytilgan narsalarni) bajaraman. So‘ngra yana qaytaman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men yana: “Ummatim, ummatim!”, deyman. Keyin menga: “Bor, jahannamdan qalbida zarra (yoki xantal) miqdorichalik  iymoni bo‘lgan kishilarni chiqargin”, deyiladi. Borib, (aytilgan narsalarni) bajaraman. So‘ngra yana qaytib boraman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men yana: “Ummatim, ummatim!”, deyman. Keyin menga: “Bor, jahannamdan qalbida xantal donining miqdoridan-da ozroq, kichikroq iymoni bo‘lgan kishilarni ozod qil”, deyiladi.  Borib, yana (aytilgan narsalarni) qilaman. Keyin to‘rtinchi bor yana qaytib boraman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga yana: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Shunda men: “Robbim, menga “Laa ilaaha illalloh” kalimasini aytgan kishilar haqida izn ber”, deyman. Ul zot: “Izzatimga, jalolimga, buyukligim va ulug‘ligimga qasamki, men undan (jahannamdan) “Laa ilaaha illalloh” kalimasini aytgan kishilarni ham chiqaraman”, deydi”, dedilar. (Imom Buxoriy  va Muslim rivoyati).

Alloh taolo -  naqadar Buyuk va Rostgo‘y Zot!:

Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning saodat chekishingizga tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi. ( Tavba.128)

Boshqa sifatlari qatori Rahmati ham nuqsonsiz bo‘lgan Zotning rahmli payg‘ambaridirlar ul Habib sollallohu alayhi vasallam!

Endi ayting, ul zot sollallohu alayhi vasallamni himoya qilishda ko‘ksilarini qalqon qilgan sahobalari orasida ham sizni eslab yig‘laganlari, ul zotni butun borlig‘i, hatto o‘zlaridan ham ortiq suygan, har bir irshodlariga og‘ishmay, toymay amal qilgan, u zotga murojat qilganlarida “Otam, onam sizga fido bo‘lsin!”, deya murojaat qilgan, komil iymon sohibi bo‘gan as'hoblariga; “Iymonlari ajoyibroq!”, deb sizning iymoningizni e’tirof etishlari, sizga bo‘lgan cheksiz muhabbatlaridan darak emasmi?!

Dindoshim! Siz, ikki dunyoda ham bashar uchun faxr va sharaf bo‘lgan Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam tarafidan sevildingiz. Endi siz ham ul bobarokotni munosib seving! Agar qalbingizda u zotga nisbatan muhabbat tuysangiz, xursan bo‘ling va ul Xazratning bashoratlarini qabul qiling!                                                               

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Qiyomat haqida so‘rab: “Yo Rasululloh! Qiyomat qachon?”, dedi. Shunda Nabiy alayhis salom: “Unga nima tayorlading?”, dedilar. Haligi kishi: “Unga hech narsa tayorlaganim yo‘q. Lekin men Alloh va Rasulini yaxshi ko‘raman!”, deb javob qaytardi. U zot sollallohu alayhi vasallvm esa: “Sen yaxshi ko‘rganing bilan birga bo‘lasan!, dedilar”.( Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Sizga salovat va salomlarning eng afzali bo‘lsin, yo Rasululloh!

  “Mulla Abdug‘affor hoji”

jome’ masjidi imom xatibi

Ikrom Karimov

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islomiy banklar likvidligi ham Markaziy bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

11.09.2026   39901   5 min.
Islomiy banklar likvidligi ham Markaziy bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

O‘zbekiston bank tizimida islomiy moliya institutlarini rivojlantirishga qaratilgan yana bir muhim qadam tashlandi. Endi Markaziy bank tijorat banklari bilan bir qatorda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar hamda mikromoliya banklarining likvidligini favqulodda holatlarda islomiy moliya vositalari orqali qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Bu tartib Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qo‘llab-quvvatlash uchun moliyalashtirish ajratish mexanizmiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda nazarda tutilgan, xabar bermoqda O‘zA.

Tegishli qaror Adliya vazirligida 2026 yil 3 sentyabrda 3581-2-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, ya’ni 2026 yil 5 dekabrdan kuchga kirishi belgilangan. Bank tizimi uchun likvidlik — moliyaviy barqarorlikning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Bankda vaqtincha pul mablag‘lari yetishmovchiligi yuzaga kelgan taqdirda, uning mijozlar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi qiyinlashishi mumkin.

Shu bois Markaziy bank tijorat banklarining likvidligini favqulodda qo‘llab-quvvatlash mexanizmidan foydalanib keladi. Yangi o‘zgarish esa mazkur tizimni islomiy moliya tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi bank va moliya institutlariga ham moslashtirmoqda.

Ya’ni, islomiy bank faoliyati bilan shug‘ullanuvchi muassasalar likvidlik muammosiga duch kelgan holatlarda an’anaviy foizli kredit mexanizmlaridan emas, balki islomiy moliya standartlariga mos keluvchi vositalar orqali qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, mamlakatda islomiy moliya tizimi uchun alohida moliyaviy infratuzilma shakllanib borayotganini anglatadi. Yangi tartibning muhim jihatlaridan biri — moliyalashtirish shartlarining islomiy moliya tamoyillariga mos ravishda belgilanishidir. Jumladan, bunday moliyalashtirishda an’anaviy kreditlarga xos foiz stavkasi o‘rniga ustama yoki foydadan olinadigan ulush kabi mexanizmlar qo‘llanilishi mumkin.

Moliyalashtirishning aniq shartlari, jumladan, ustama miqdori, foydadan olinadigan ulush, moliyalashtirishning maksimal hajmi, boshqa asosiy talablar Markaziy bank Boshqaruvi qarori bilan belgilanadi. Bu yondashuv islomiy banklar uchun favqulodda likvidlik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ularning faoliyat modeliga moslashtirish imkonini beradi.

Islomiy moliya vositalari orqali mablag‘ ajratishda garov ta’minotiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ya’ni, Markaziy bank tomonidan moliyalashtirish ajratilganda garov predmeti sifatida qabul qilinadigan aktivlar islomiy moliya standartlari talablariga hamda Markaziy bankning belgilangan talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. Bu talab islomiy moliya operatsiyalarining butun jarayoni — mablag‘ ajratishdan tortib, uning to‘liq so‘ndirilishiga qadar belgilangan standartlarga muvofiq amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Hujjatda favqulodda likvidlik qo‘llab-quvvatlashini so‘rab murojaat qilgan banklarning arizalarini ko‘rib chiqish tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra, murojaatlar Markaziy bank tomonidan uch bank ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va ular bo‘yicha ijobiy yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bunda bankning moliyaviy holati, likvidlik bilan bog‘liq vaziyat, taqdim etilayotgan ta’minot hamda ajratiladigan mablag‘larning moliya tizimi va pul-kredit siyosatiga ehtimoliy ta’siri baholanadi. Yangi tartibda islomiy moliya standartlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha banklarning ichki mas’uliyati ham aniq belgilangan.

Islomiy moliya vositalari orqali mablag‘ ajratilgan hollarda bankning ijroiya organi va Islomiy moliya kengashi moliyalashtirish to‘liq so‘ndirilguniga qadar amalga oshirilayotgan operatsiyalarning belgilangan islomiy moliya standartlariga muvofiqligini ta’minlashi va doimiy nazorat qilishi lozim. Bu talab nafaqat huquqiy, balki moliyaviy operatsiyalarning islomiy moliya tamoyillariga mosligini ta’minlash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda islomiy moliya tizimi bosqichma-bosqich shakllanib bormoqda. Islomiy moliya xizmatlarini joriy etish uchun faqatgina bank mahsulotlarini ishlab chiqish yetarli emas. Shu bilan birga, ularning barqaror faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan likvidlik, garov, nazorat va favqulodda moliyalashtirish mexanizmlari ham yaratilishi talab etiladi. Markaziy bank tomonidan islomiy moliya vositalari orqali favqulodda likvidlik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy qilinishi ana shu infratuzilmani shakllantirishdagi muhim qadam hisoblanadi.

Chunki islomiy bank yoki islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasa uchun likvidlik muammosini an’anaviy foizli kredit orqali hal qilish uning faoliyat tamoyillariga zid kelishi mumkin. Yangi mexanizm esa bunday muassasalarga o‘z faoliyat standartlarini buzmagan holda Markaziy bankning favqulodda qo‘llab-quvvatlash tizimidan foydalanish imkonini yaratadi.

Xulosa o‘rnida aytish joiz, Markaziy bankning yangi qarori O‘zbekistonda islomiy moliya tizimi uchun huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, endilikda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar va mikromoliya banklari ham likvidlik bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda islomiy moliya tamoyillariga mos mexanizmlar asosida qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bu esa kelgusida mamlakatda islomiy banklar, islomiy moliya mahsulotlari va ushbu sohadagi xizmatlar bozorining kengayishi uchun muhim moliyaviy kafolatlardan biri bo‘lishi mumkin.

Sodda qilib aytganda, islomiy moliya tizimining barqaror ishlashi uchun zarur bo‘lgan navbatdagi muhim bo‘g‘in shakllanmoqda. Endi islomiy banklar nafaqat o‘z mahsulotlarini, balki favqulodda likvidlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ham islomiy moliya tamoyillari asosida tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari