Ro‘zaning shar’iy ma’nosi yeyish, ichish va er-xotin jinsiy yaqinlik qilishdan tiyilish demakdir. Ro‘zaning farzligiga Qur’on, sunnat, ijmo’ va ma’qul dalillar mavjud. Qur’ondagi dalil:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”. (Baqara, 183). Shuningdek:
فَمَنْ شَهِدَ مِنْكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ
ya’ni: “Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”, oyati ham Ramazon ro‘zasining farzligiga dalildir. (Baqara, 185).
Sunnatdagi dalil esa Payg‘ambar s.a.v.ning quyidagi hadisi muboraklaridir:
بني الإسلام على خمس : شهادة أن لا إله إلا الله ، وأن محمدا رسول الله ، وإقام الصلاة ، وإيتاء الزكاة ، وصوم رمضان ، وحج البيت من استطاع إليه سبيلا
(رواه البخاري ومسلم) .
ya’ni: “Islom besh narsaga bino qilingan: Allohdan boshqa iloh yo‘qligi va Muhammad Allohning Rasuli ekanligiga guvohlik berish, namoz o‘qish, zakot berish, Ramazon ro‘zasini tutish, yo‘lga qodir bo‘lgan kishi hajga borishi”. )Buxoriy va Muslim rivoyati). Shuningdek,
عن أبي إمامة الباهلي رضي الله عنه قال: سمعت رسول الله صلي الله عليه وسلم يخطب في حجة الوداع فقال: (( اتقوا الله، وصلوا خمسكم، وصوموا شهركم، وأدوا زكاة أموالكم، و أطيعوا أمراءكم، تدخلوا جنة ربكم
(رواه الترمذي)
ya’ni: Abu Imoma al-Bohiliy r.a. aytadilar: Men Rasululloh s.a.v.ni Hajjatul Vado’dagi xutbada shunday deganlarini eshitganman: “Allohga taqvo qiling, besh vaqt namozingizni o‘qing, bir oy ro‘zangizni tuting, mollaringizni zakotini bering, amirlaringizga itoat qiling, Rabbingizning jannatiga doxil bo‘lasizlar” (Termiziy rivoyati).
Ramazon oyi ro‘zasining farz ekanligiga va uni faqat kofir kimsagina inkor qilishi mumkinligiga musulmon ummati bir ovozdan ijmo’ qilganlar.
Ma’qul dalil quyidagilarda ko‘rinadi, birinchidan: ro‘za ne’matga shukr keltirish uchun vasiladir. Chunki, ro‘za ne’matlarning ichida eng qadrlisi va zaruri bo‘lmish yeyish, ichish va jimo’ qilishdan nafsni tiyish bo‘lib, ma’lum vaqt o‘zini bu ne’matlardan tiygan kishi uning qadriga yeta boshlaydi. Zero, ne’matning qadri undan bebahra bo‘lgandagina bilinadi. Bu esa, kishini ne’matga shukr qilishiga sabab bo‘ladi. Ne’matga shukr qilish ham aqlan va ham shar’an farzdir. Shuning uchun Qur’oni karimdagi ro‘zaga oid oyatning so‘ngida:
لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ
ya’ni: “shukr qilishingiz uchundir”, deyilmoqda. (Baqara, 185).
Ikkinchidan, ro‘za taqvoga vasiladir. Chunki, kishi Allohning roziligini istab, uning alamli azobidan qo‘rqib halol ne’matlardan nafsini tiyadi. Bunda nafsi unga itoat qiladi. Bas, shunday ekan, nafsning haromdan hazar qilishi yanada osonroq kechadi. Shunday ekan, ro‘za nafsda Alloh harom qilgan amallardan tiyilishga ko‘nikma hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Haromdan saqlanish esa farzdir. Shuning uchun ham Qur’oni karimdagi ro‘zaga oid oyatda:
لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
ya’ni: “shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”, deyilgan (Baqara, 183).
Har bir ibodatda bo‘lgani kabi ro‘zaning ham farz bo‘lishining hikmati bor. Ro‘za insonni tarbiyalashda, uning axloqini go‘zallashuvida katta ahamiyat kasb etadi. Zero, tarbiya mayog‘i bo‘lmish ro‘za tufayli kishi nafaqat jismonan, balki ma’nan va axloqan poklanadi. Ibn Moja o‘zlarining “Sunan” kitoblaridan quyidagi hadisni keltiradilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : لِكُلِّ شَيْءٍ زَكَاةٌ وَزَكَاةُ الْجَسَدِ الصَّوْمُ
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. aytdilar: “Har bir narsaning zakoti bor, jasadning zakoti ro‘zadir”. Ma’lumki, zakotning ma’nosi tozalash demakdir. Demak, ro‘za tufayli kishi jasadini undagi ortiqcha va zararli moddalardan tozalasa, axloqini zararli odat va xulqlardan tozalab oladi. Chunki, a’zolarni gunoh ishlarni qilishdan tiyish ro‘zaning maqbul bo‘lishining asosiy shartlaridandir. Shuning uchun ham Rasululloh s.a.v. hadislarining birida marhamat qildilar:
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم من لم يدع قول الزور والعمل به فليس لله حاجة في أن يدع طعامه وشرابه
(رواه البخاري).
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim gunoh gapni va gunoh amalni qo‘ymasa taomi va sharobini tark etganiga Alloh muhtoj emas”. (Buxoriy rivoyati).
Demak, ro‘za kishida insoniy fazilatlarni mujassam bo‘lishligi va nomunosib illatlardan qutilishiga ko‘mak beradigan ulug‘ ibodatdir.
Homidjon Ishmatbekov.
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.