Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyul, 2026   |   4 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:57
Xufton
21:29
Bismillah
18 Iyul, 2026, 4 Safar, 1448

Bizga atalgan kunlar

22.05.2017   83455   4 min.
Bizga atalgan kunlar

Elakni yaxshi bilamiz, uning xizmatini ham – keraklini keraksizdan ajratish. Ramazon oyi insondagi yaxshi va yomon xislatlarni bir-biridan ajratadigan,

yaxshilarini suzib olib, yomonlariga yo‘l bermaydigan elak misoli.

Undan o‘tarkanmiz, gunoh qoldirgan kirlardan tozalangandek, og‘irliklardan qutulgandek bo‘lamiz. Orttirgan yomon odatlarimiz bizdan uzoqlashadi, biz esa ulardan. Qudratli bir qo‘l elakni siltarkan, yelkalarimizdagi hech qachon ajralolmaymiz deb o‘ylagan yuklardan qutqaradi.

Ammo elak ko‘zidan o‘tmay qolgan narsalarga mahkam yopishganlar ham borki, qancha siltalanmasin, ulardan ajralisholmaydi. Natijada keraksizlar bilan birga chiqitga uloqtirilishadi, zoye bo‘lib ketishadi. Agar kishini gunohu xatolardan, kibr, kin, hasad, baxillik kabi odatlardan Ramazon ham qutqarolmasa, elak ko‘zidan o‘tmay, keraksizga chiqarilganlar orasida topadi o‘zini, Alloh saqlasin!

Keling, Rabbimiz bu muborak oyda bizga buyurgan amallar mohiyatiga boqaylik.

Ramazon, eng oldin, ro‘za mavsumi.

Hech bir ota-ona bolasining och qolishini istamaydi. Ular xohlagan narsalarni yedirishga harakat qiladi. Bu – ota-onaga Alloh taolo ato etgan marhamat, shafqat namoyoni. Shunday bo‘lgach, marhamatlilarning marhamatlisi bo‘lgan Zot biz qullarini kunlar davomida yeyish-ichish kabi nafsimizga xush keladigan narsalardan tiyib yurishga buyurishi bejiz emas. Chunki ro‘za faqat bizning yaxshiligimiz, foydamiz uchun.

«Ochlikning insonga qanday foydalari bor?» degan savol javobini shifokorlarga qoldiraylik-da, ma’naviy foydalariga to‘xtalaylik. Ro‘za bilan odam ochlik nima ekanini biladi. O‘zi bir kungina chekkan ochlik, tashnalik azobini bir umr tortib yashagan, yashayotganlar ahvolini tushunadi, ko‘nglida shafqat, marhamat uyg‘onadi. Hech bo‘lmasa duolari bilan ularga ko‘mak berishga shoshiladi. Ovqat yeyishga ketadigan vaqtini, quvvatini yana-da yaxshi narsalarga sarflaydi. Xayollari, tuy¬g‘ulari teranlashadi, badani dam oladi, ruhiyati yuksaladi.

Ramazon – Qur’on mavsumi. Har Ramazonda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Jabroil (a.s.) bilan yuzma-yuz o‘tirib, o‘sha paytga qadar nozil bo‘lgan oyatlarni o‘qib berganlar. Vafot etadigan yillarida esa bu holat ikki marta takrorlangan. Demak, Ramazon Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan, takror-takror o‘qilgan, tinglangan, yod olingan oy. Bu muddatni Qur’onning faqat arabchasini emas, balki tafsirlarini o‘qib, ma’nolarini tushunish mavsumi sifatida qadrlay olsak, ne baxt!

Ramazon – infoq oyi. Zakot, fidya va fitr sadaqalari bilan yana-da fayzlangan oy boyning ham, faqirning ham diliga quvonch baxsh etadi. Muhtojlar o‘zlari orzu qilgan moddiy imkonlarga yetishsa, boylar zimmalaridagi burchni ado etish bilan xushnud bo‘lishadi.

Ramazon – namoz oyi. Tahajjudlar, saharlarda o‘zgacha xushu’ bilan o‘qilgan bomdodlar, besh vaqt namozni masjidlarda ado etishga qilingan harakatlar va oqshomning tarovih bilan fayzga to‘lishi... Qazo, nafl namozlari...

Ramazon – silai rahm oyi. Qo‘shni va qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash, kishilar bir-birlarining holidan har damgidan ham ko‘proq xabar oladigan mavsum.

Ramazon – savobi maqbul hajga teng bo‘lgan umra oyi. Ka’ba bilan, Makka va Madina bilan yuzlashib, dildagi Saodat asri sog‘inchlari taftini bir oz bo‘lsa-da bosish fursati. Tutilgan ro‘za, qilingan barcha ibodatlar muborak makonlar vasilasi bilan yana-da barokatlanadigan palla.

Ramazon – shaytonlar zanjirband qilinib, nafslar ezilgan, ruhlar parvozga shaylangan, ko‘ngillar yumshab, shafqatga to‘lgan – ilohiy rahmat yomg‘irlari har joy, har dilni obod qilgan oy.

Va yana Ramazon ichida ming oydan xayrli ekani xabari berilgan kecha – Qadr bor. Ya’ni, bu kechani topgan, qimmatiga munosib tarzda kutib, kuzatgan inson butun umrini ibodat bilan o‘tkazganga teng demak!

Balki bu so‘nggi Ramazondir biz uchun. Shunday bo‘lgach, so‘kilganlarimizni butlaylik, sindirganlarimizni ta’mir etaylik, buzganlarimizni tiklaylik. To qabrga kirgunimizcha taqib qiladigan, u yerda ham bizni hisobi bilan charchatadigan, o‘zi esa ortimizdagilar bilan birga qoladigan moddiy yuklarimizni ma’naviylariga almashtiraylik. Farishtalarning bu muddat ichra tongga qadar «Allohu karimdan hojatini istaganlar bormi? Bormi Mehribon Zotdan salomatlik, shifo so‘ragan? Kechirilish, afv etilish tilaganlar bormi?» degan nidolariga «labbay» deya javob beraylik.

Bu muborak oyni shunday kutib, shunday kuzataylikki, Ramazon elagidan qalbu jismimiz-la toza, sof holatda o‘tish barchamizga nasib qilsin! 

Zumrad Foziljon qizi

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Andijon viloyatida imom-xatiblarning 6 oylik faoliyati sarhisob qilinib, amaliy seminar-yig‘ilish o‘tkazildi

17.07.2026   8437   1 min.

2026 yil 15 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligi majlislar zalida viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha imom-xatiblar ishtirokida 2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi o‘rinbosari Abdusattor Otaboyev hamda viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ishtirok etib, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, yot g‘oyalar ta’sirining oldini olish, ijro intizomini mustahkamlash, O‘MI ustavi hamda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish masalalari yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdilar. Shuningdek, birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng viloyat imom-xatiblarining “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida Andijon tumanida navbatdagi amaliy seminar-yig‘ilishi tashkil etildi.
Seminar davomida ishchi guruhlar mahallalar va masjidlarda o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldilar, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirdilar hamda masjidlar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdilar. Seminar yakunida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, tegishli vazifalar belgilab berildi.

 

https://t.me/muslimunuzportal/22824

VIDEO