بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Jonajon diyorimizga muborak Ramazon oyi kirib keldi. Bu oy – saodat asridan buyon musulmonlar tomonidan alohida ahamiyat bilan kutib olinadigan oydir.
Bizni musulmonlardan qilib yaratgan hamda dorulomon yurtda tinchlik xotirjamlikda ro‘za tutish baxtiga musharraf qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!
Ramazon ro‘zasi qibla Makkaga o‘zgargan yili, ya’ni, hijratning ikkinchi yili, Sha’bon oyining 18-kuni farz bo‘lgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam 9 yil farz ro‘zasini tutganlar.
Ramazon oyida Qur’on nozil bo‘lgan, bu esa Ramazon oyining fazilatlarini yanada ziyoda qiladi. Ro‘za insonning sog‘ligiga shifo bo‘lsa, Qur’on uning ruhiyatiga shifodir. Bu oy musulmon kishi uchun tarbiya, mehr-shafqat oyidir.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro‘za tutganlarning gunohlari mag‘firat qilinishi haqida marhamat qilganlar:

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda imon ila savob umidida ro‘za tutsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim Ramazonda imon ila savob umidida qoim bo‘lsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim “Laylatul qadr”da imon ila savob umidida qoim bo‘lsa (bedor o‘tkazsa), uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”. Muttafaqun alayh.
Musulmon kishining yil davomida ado etib yurgan namoz, sadaqa va shu kabi yaxshi amallari bandalik bilan sodir etilgan gunohlarini ketkazib turadi. Ammo bulardan ham ortib qolgan gunohlari bo‘lsa, u gunohlar Ramazon bilan ketkaziladi.
Ramazon oyi kelganida Payg‘ambarimizning (s.a.v) saxovatlari yanada oshib ketar ekan. Biz ham janobning ummatlari ekanmiz, u zotdan o‘rnak olib, ramazon kunlari oilamizga, qarindosh-urug‘larga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta’minlangan qariyalarga qo‘limizdan kelganicha moddiy yordam berishimiz, bemorlarni borib ko‘rishimiz kerak. Chunki bu amallar, ayniqsa, ushbu muborak oyda ko‘p savob bo‘ladigan ishlardir.
Muhtaram jamoat! Inson gunohlardan xoli emas. Gunohlar musulmon kishi uchun xuddi badanga yetgan zahar kabidir. Zaharlangan tanaga zaharni ketkazuvchi vosita qanchalik muhim bo‘lsa, musulmon kishiga ham gunohlarini yuvish uchun Ramazon ro‘zasi shunchalik muhimdir.
Agar gunohning zararlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, insoniyat olamidagi eng katta halokatu xorliklarning barchasi gunoh-ma’siyatlar sababidan yuzaga kelganiga guvoh bo‘lamiz:
Nuh alayhissalomning qavmi gunoh-ma’siyat sababli g‘arq bo‘lgan.
Hud alayhissalomning qavmi gunoh-ma’siyat sababli shamol dovul bilan halok bo‘lgan.
Solih alayhissalomning qavmi gunoh-ma’siyat sababli chaqmoq bilan halok bo‘lgan.
Ha, o‘tgan qavmlarning barchasini halokatga uchratgan narsa ularning qilgan gunoh-ma’siyatlaridir.
Ushbu oy ana shunday halokatga olib boradigan gunoh-ma’siyatlardan qutilishga sabab bo‘ladigan oydir. Gunohning mo‘min qalbiga qanday ta’sir qilishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi qachon gunoh qiladigan bo‘lsa, qalbida bir qora dog‘ paydo bo‘ladi, agar tavba qilib, undan chetlanib, istig‘for aytsa, qalbi undan sayqallashadi. Agar gunoh ishini ko‘paytiraversa, haligi qora dog‘ ham kattalashaveradi, hatto, qalbi u bilan qoplanib qoladi. Bu Alloh azza va jalla kitobida zikr qilgan “Ron”dir: “Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir”[1], dedilar”. Bayhaqiy "Shu’abul imon"da rivoyat qilgan.
Demak, bu oy tavba qilishga, istig‘for aytishga, savoblarni ko‘paytirishga va qalblarimizni sayqallashga eng yaxshi fursatdir. Boshqacha qilib aytganda, bu oy ibodat mavsumidir.

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo‘lsa, shaytonlar va isyonkor jinlar zanjirband qilinadi, do‘zax eshiklari yopib qo‘yiladi va ulardan birortasi ham ochilmaydi, jannat eshiklari ochib yuboriladi va ulardan birortasi ham yopilmaydi. Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talab qiluvchi, harakat qilib qol! ey yomonlikka intiluvchi, tiyilgin!”, deya nido qiladi. Allohning do‘zaxdan ozod qiladigan ko‘plab bandalari bo‘ladi. O‘sha (nido) har kechada bo‘ladi”, dedilar. Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari.
Muhtaram jamoat! Kunduzlari ro‘zadorlik va kechalari toat-ibodatlar bilan o‘tadigan bu muborak oyning fazli, mehr muruvvat va yaxshilik qilish oyi ekani hamda unda qilinadigan har qanday yaxshiliklar, mehru oqibatlar, ehsonu sadaqotlar, zikr va duolar haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bon oyi oxirida bizlarga xutba qildilar: “Ey insonlar! Buyuk, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hamda unga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda o‘shancha ajr bo‘ladi”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, bizlarning har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutim sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir.
Hishom ibn Hasson Hasandan rivoyat qiladi: “Yusuf alayhissalomga: “Yer xazinalari qo‘lingizda bo‘la turib och yurasiz-a” deyishdi. U zot: Qornimni to‘q tutsam, ochlarni unutib qo‘yaman, deb qo‘rqaman” dedilar.
Muhtaram jamaot! Bu oy ro‘za va taqvo oyidir. Alloh taolo Ramazon ro‘zasining islom ummatiga farz etgani va bu muborak oy sharofati bilan ro‘zador kishi taqvoga erishishi xabarini quyidagi oyatida bayon etadi:

Ya’ni, “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi* sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”. (Baqara surasi, 183-oyat)
Alloh taolo ushbu oyati karimada “Ey insonlar” deb emas, balki “Ey imon keltirganlar” deb xitob qildi. Bu shakldagi xitobdan: “Ey, menga imon keltirib, meni rozi qilishni istagan bandalarim, sizlarga ro‘za tutishni farz qildim” degan ma’no tushuniladi.
Qur’oni karimda mo‘min bandalarga buyruq tariqasida bo‘lsin, yoki boshqa ko‘rinishda bo‘lsin, xitob bo‘lar ekan, albatta bu narsada mo‘min bandalarga foyda bordir. Bu narsa ko‘p tajribalarda kuzatilgan.
O‘z navbatida mo‘min bandalar ham ushbu buyruqlarni sevinib, chin ko‘ngildan qabul qilishadi, agarchi unda mashaqqat bo‘lsa ham, amal qiladilar. Chunki bu Parvardigorning buyrug‘idir. Shu bilan birga ro‘za tutishning o‘tgan boshqa ummatlarga ham farz bo‘lgani musulmonlar uchun tasalli va mashaqqatni ko‘tarishga daldadir.
Ro‘za inson tarbiyasi uchun muhim dastur hisoblanadi. Ya’ni, ro‘za sababidan hayot tarzimizni to‘g‘rilab, nafsimizni jilovlab olamiz. Buning natijasida esa ma’siyatlardan uzoqlashamiz. Aslida ma’siyatlar nafsning biror narsaga kuchli xohishidan kelib chiqadi. Ro‘za aynan ana shu nafsning kuchli xohishini hamda uning jasadga bo‘ladigan hukmronligini susaytiradi.
Bu oyda qilgan xayru sahovatimiz, oila, qavmu qarindosh, qo‘ni qo‘shnilarga ko‘rsatgan mehribonchiligimiz va xolis qilgan duolarimizning ajru mukofotlari, inshoalloh katta bo‘ladi. Bu bilan inson shar’iy istiqomat ne’matining halovatini topadi. Natijada, Ramazondan keyin ham bu halovatni qo‘ldan bermaslikka urinadigan bo‘lib qoladi. Ana shu o‘rinda ramazonning hikmati namoyon bo‘ladi. Aslida, musulmon kishidan nafaqat Ramazonda istiqomatda bo‘lish, balki butun hayoti davomida istiqomatda bo‘lish talab qilingan. Ushbu Ramazon oyi esa bandaga hayotining barcha lahzalarida istiqomatda bo‘lishni o‘rganishi uchun malaka hosil qiladigan vaqt hisoblanadi.
Ramazon oyining ulug‘ligi va fazlidan, har bir ezgu ishga beriladigan savobning barakotidan umid qilib yaqin qo‘shnilarimiz, qarindosh-urug‘larimiz orasida moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj insonlar bo‘lsa, ana shulardan boshlamog‘imiz muborak dinimiz targ‘ibotiga muvofiqdir.
Hadisi sharifda: “Kimiki bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga ham ro‘za savobi berilur”, - deyilgan (Termiziy rivoyati). Lekin bu hadisi sharifda ro‘zani tutib olib, iftorlikka ozuqa topa olmaydigan ro‘zadorlar ko‘zda tutilgan. Bizda esa, odatda iftorliklarga o‘ziga to‘q, boy odamlar taklif qilinadi. Buning ustiga o‘z uyida ixcham qilib o‘tkazish o‘rniga kafe va to‘yxonalarda xuddi shodiyona to‘y marosimlari shaklida o‘tkazilishi diniy ta’limot chegarasidan chiqib ketishga olib kelmoqda. Binobarin, Alloh taoloning: “Yeb-ichinglar, lekin isrof qilmanglar!”, - degan buyrug‘iga xilof ravishda odatga aylanib borayotgan mazkur tadbirlarga o‘z vaqtida chek qo‘yish uchun Ramazon oyida iftorlik marosimlarini isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, xonadonlarda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lur edi.
Muhtaram jamoat! Bu oyning har daqiqasini g‘animat bilaylik. Ayniqsa saharlik, iftorlik, tungi vaqtlardan unumli foydalanishga harakat qilaylik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam saharlik qilishni tavsiya qilib shunday deganlar:

Ya’ni, Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilinglar, albatta, saharliklarda baraka bordir” dedilar. (Imom Muslim rivoyati).
U zot sollallohu alayhi vasallam iftorlik qilish haqida shunday deganlar:

Ya’ni, Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar madomiki, iftorlikni o‘z vaqtidan kechiktirmay qilar ekanlar, doimiy yaxshilikda bo‘lishadi” dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo kirib kelayotgan Ramazon oyini barcha yurtdoshlarimizga muborak qilsin! Vatanimizni tinch-omon qilsin! Bu oydan gunohlari mag‘firat qilingan bandalardan bo‘lib chiqmoqlikni barchamizga nasib aylasin! Omin!
[1] Mutoffifiyn surasi 14-oyat.
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati