Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

26.05.2017 y. Ramazon oyi – muborak oy!

22.05.2017   13648   12 min.
26.05.2017 y. Ramazon oyi – muborak oy!

 بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Jonajon diyorimizga muborak Ramazon oyi kirib keldi. Bu oy – saodat asridan buyon musulmonlar tomonidan alohida ahamiyat bilan kutib olinadigan oydir.

 Bizni musulmonlardan qilib yaratgan hamda dorulomon yurtda tinchlik xotirjamlikda ro‘za tutish baxtiga musharraf qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!

Ramazon ro‘zasi qibla Makkaga o‘zgargan yili, ya’ni, hijratning ikkinchi yili, Sha’bon oyining 18-kuni farz bo‘lgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam 9 yil farz ro‘zasini tutganlar.

Ramazon oyida Qur’on nozil bo‘lgan, bu esa Ramazon oyining fazilatlarini yanada ziyoda qiladi. Ro‘za insonning sog‘ligiga shifo bo‘lsa, Qur’on uning ruhiyatiga shifodir. Bu oy musulmon kishi uchun tarbiya, mehr-shafqat oyidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro‘za tutganlarning gunohlari mag‘firat qilinishi haqida marhamat qilganlar:

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda imon  ila savob umidida ro‘za tutsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim Ramazonda imon  ila savob umidida qoim bo‘lsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim “Laylatul qadr”da imon  ila savob umidida qoim bo‘lsa (bedor o‘tkazsa), uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”. Muttafaqun alayh.

Musulmon kishining yil davomida ado etib yurgan namoz, sadaqa va shu kabi yaxshi amallari bandalik bilan sodir etilgan gunohlarini ketkazib turadi. Ammo bulardan ham ortib qolgan gunohlari bo‘lsa, u gunohlar Ramazon bilan ketkaziladi.

Ramazon oyi kelganida Payg‘ambarimizning (s.a.v) saxovatlari yanada oshib ketar ekan. Biz ham janobning ummatlari ekanmiz, u zotdan o‘rnak olib, ramazon kunlari oilamizga, qarindosh-urug‘larga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta’minlangan qariyalarga qo‘limizdan kelganicha moddiy yordam berishimiz, bemorlarni borib ko‘rishimiz kerak. Chunki bu amallar, ayniqsa, ushbu muborak oyda ko‘p savob bo‘ladigan ishlardir.

Muhtaram  jamoat! Inson gunohlardan xoli emas. Gunohlar musulmon kishi uchun xuddi badanga yetgan zahar kabidir. Zaharlangan tanaga zaharni ketkazuvchi vosita qanchalik muhim bo‘lsa, musulmon kishiga ham gunohlarini yuvish uchun Ramazon ro‘zasi shunchalik muhimdir.

Agar gunohning zararlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, insoniyat olamidagi eng katta halokatu xorliklarning barchasi gunoh-ma’siyatlar sababidan yuzaga kelganiga guvoh bo‘lamiz:

Nuh alayhissalomning qavmi gunoh-ma’siyat sababli g‘arq bo‘lgan.

Hud alayhissalomning qavmi gunoh-ma’siyat sababli shamol dovul bilan halok bo‘lgan.

Solih alayhissalomning qavmi gunoh-ma’siyat sababli chaqmoq bilan halok bo‘lgan.

Ha, o‘tgan qavmlarning barchasini halokatga uchratgan narsa ularning qilgan gunoh-ma’siyatlaridir.

Ushbu oy ana shunday halokatga olib boradigan gunoh-ma’siyatlardan qutilishga sabab bo‘ladigan oydir. Gunohning mo‘min qalbiga qanday ta’sir qilishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi qachon gunoh qiladigan bo‘lsa,  qalbida bir qora dog‘ paydo bo‘ladi, agar tavba qilib, undan chetlanib, istig‘for aytsa, qalbi undan sayqallashadi. Agar gunoh ishini ko‘paytiraversa, haligi qora dog‘ ham kattalashaveradi, hatto, qalbi u bilan qoplanib qoladi. Bu Alloh azza va jalla kitobida zikr qilgan “Ron”dir: “Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir[1], dedilar”. Bayhaqiy "Shu’abul imon"da rivoyat qilgan.

 Demak, bu oy tavba qilishga, istig‘for aytishga, savoblarni ko‘paytirishga va qalblarimizni sayqallashga eng yaxshi fursatdir. Boshqacha qilib aytganda, bu oy ibodat mavsumidir.  

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo‘lsa, shaytonlar va isyonkor jinlar zanjirband qilinadi, do‘zax eshiklari yopib qo‘yiladi va ulardan birortasi ham ochilmaydi, jannat eshiklari ochib yuboriladi va ulardan birortasi ham yopilmaydi. Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talab qiluvchi, harakat qilib qol! ey yomonlikka intiluvchi, tiyilgin!”, deya nido qiladi. Allohning do‘zaxdan ozod qiladigan ko‘plab bandalari bo‘ladi. O‘sha (nido) har kechada bo‘ladi”, dedilar.    Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari.

Muhtaram jamoat! Kunduzlari ro‘zadorlik va kechalari toat-ibodatlar bilan o‘tadigan bu muborak oyning fazli, mehr muruvvat va yaxshilik qilish oyi ekani hamda unda qilinadigan har qanday yaxshiliklar, mehru oqibatlar, ehsonu sadaqotlar, zikr va duolar haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bon oyi oxirida bizlarga xutba qildilar: “Ey insonlar! Buyuk, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hamda unga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda o‘shancha ajr bo‘ladi”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, bizlarning har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutim sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir.

Hishom ibn Hasson Hasandan rivoyat qiladi: “Yusuf alayhissalomga: “Yer xazinalari qo‘lingizda bo‘la turib och yurasiz-a” deyishdi. U zot: Qornimni to‘q tutsam, ochlarni unutib qo‘yaman, deb qo‘rqaman” dedilar.

Muhtaram  jamaot! Bu oy ro‘za va taqvo oyidir. Alloh taolo Ramazon ro‘zasining islom ummatiga farz etgani va bu muborak oy sharofati bilan ro‘zador kishi taqvoga erishishi xabarini quyidagi oyatida bayon etadi: 

Ya’ni, “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi* sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”. (Baqara surasi, 183-oyat)

Alloh taolo ushbu oyati karimada “Ey insonlar” deb emas, balki “Ey imon keltirganlar” deb xitob qildi. Bu shakldagi xitobdan: “Ey, menga imon keltirib, meni rozi qilishni istagan bandalarim, sizlarga ro‘za tutishni farz qildim” degan ma’no tushuniladi. 

 Qur’oni karimda mo‘min bandalarga buyruq tariqasida bo‘lsin, yoki boshqa ko‘rinishda bo‘lsin, xitob bo‘lar ekan, albatta bu narsada mo‘min bandalarga foyda bordir. Bu narsa ko‘p tajribalarda kuzatilgan.

O‘z navbatida mo‘min bandalar ham ushbu buyruqlarni  sevinib, chin ko‘ngildan qabul qilishadi, agarchi unda mashaqqat bo‘lsa ham, amal qiladilar. Chunki bu Parvardigorning buyrug‘idir. Shu bilan birga ro‘za tutishning o‘tgan boshqa ummatlarga ham farz bo‘lgani musulmonlar uchun tasalli va mashaqqatni ko‘tarishga daldadir.

Ro‘za inson tarbiyasi uchun muhim dastur hisoblanadi. Ya’ni, ro‘za sababidan hayot tarzimizni to‘g‘rilab, nafsimizni jilovlab olamiz. Buning natijasida esa ma’siyatlardan uzoqlashamiz. Aslida ma’siyatlar nafsning biror narsaga kuchli xohishidan kelib chiqadi.  Ro‘za aynan ana shu nafsning kuchli xohishini hamda uning jasadga bo‘ladigan hukmronligini susaytiradi.

Bu oyda qilgan xayru sahovatimiz, oila, qavmu qarindosh, qo‘ni qo‘shnilarga ko‘rsatgan mehribonchiligimiz va xolis qilgan duolarimizning ajru mukofotlari, inshoalloh katta bo‘ladi. Bu bilan inson shar’iy istiqomat ne’matining halovatini topadi. Natijada, Ramazondan keyin ham bu halovatni qo‘ldan bermaslikka urinadigan bo‘lib qoladi. Ana shu o‘rinda ramazonning hikmati namoyon bo‘ladi. Aslida, musulmon kishidan nafaqat Ramazonda istiqomatda bo‘lish, balki butun hayoti davomida istiqomatda bo‘lish talab qilingan. Ushbu Ramazon oyi esa bandaga hayotining barcha lahzalarida istiqomatda bo‘lishni o‘rganishi uchun malaka hosil qiladigan vaqt hisoblanadi.

Ramazon oyining ulug‘ligi va fazlidan, har bir ezgu ishga beriladigan  savobning barakotidan umid qilib yaqin qo‘shnilarimiz, qarindosh-urug‘larimiz orasida moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj insonlar bo‘lsa, ana shulardan boshlamog‘imiz muborak dinimiz targ‘ibotiga muvofiqdir.

Hadisi sharifda: “Kimiki bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga ham ro‘za savobi berilur”, - deyilgan (Termiziy rivoyati). Lekin bu hadisi sharifda ro‘zani tutib olib, iftorlikka ozuqa topa olmaydigan ro‘zadorlar ko‘zda tutilgan. Bizda esa, odatda iftorliklarga o‘ziga to‘q, boy odamlar taklif qilinadi. Buning ustiga o‘z uyida ixcham qilib o‘tkazish o‘rniga kafe va to‘yxonalarda xuddi shodiyona to‘y marosimlari shaklida o‘tkazilishi diniy ta’limot chegarasidan chiqib ketishga olib kelmoqda. Binobarin, Alloh taoloning: “Yeb-ichinglar, lekin isrof qilmanglar!”, - degan buyrug‘iga xilof ravishda odatga aylanib borayotgan mazkur tadbirlarga o‘z vaqtida chek qo‘yish uchun Ramazon oyida iftorlik marosimlarini isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, xonadonlarda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

Muhtaram jamoat! Bu oyning har daqiqasini g‘animat bilaylik. Ayniqsa saharlik, iftorlik, tungi vaqtlardan unumli foydalanishga harakat qilaylik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam saharlik qilishni tavsiya qilib shunday deganlar:

Ya’ni, Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilinglar, albatta, saharliklarda baraka bordir” dedilar.  (Imom Muslim rivoyati).

U zot sollallohu alayhi vasallam iftorlik qilish haqida shunday deganlar:

Ya’ni, Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar madomiki,  iftorlikni o‘z vaqtidan kechiktirmay qilar ekanlar, doimiy yaxshilikda bo‘lishadi” dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo kirib kelayotgan Ramazon oyini barcha yurtdoshlarimizga muborak qilsin! Vatanimizni tinch-omon qilsin! Bu oydan gunohlari mag‘firat qilingan bandalardan bo‘lib chiqmoqlikni barchamizga nasib aylasin! Omin!

 

 

 

[1] Mutoffifiyn surasi 14-oyat.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   22300   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar