Hazrati Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Islom beshta ustun tepasiga bino bo‘lgan: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik berish; namozni barpo qilish; zakotni berish; Ramazon ro‘zasini tutish, Baytullohni tavof qilishdir;” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo inson zotini nima amalga buyurgan bo‘lsa, hammasida inson uchun foydalar bor. Ularning har biridan ko‘zlangan maqsad Allohning rizoligini topib uning rahmatiga yetishish ekani barchamizga ma’lum. Ammo Alloh taolo o‘z marhamati bilan ana o‘sha amallarni bajargan insonning jismiga ham foydalar yetkazib qo‘ygan. Yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan, oddiy odamlar ham kuzatib bilish mumkin bo‘lgan xususiyatlarga to‘xtalamiz. Masalan, iymonli odamning yashashdan maqsadi aniq bo‘ladi. Shuning uchun har yerda dovdirab yurib, besamar hayot kechirmaydi. Tahorat olgan kishi pokiza bo‘lgani bois kasallik yuqtiruvchi bakteriyalardan omon bo‘ladi. Tanasini suv yuvib turgani bois qon aylanishi faollashadi. Namoz o‘qish bo‘g‘inlarda tuz yig‘ilishiga qarshilik qiladi, qon aylanishini yaxshilaydi. Zakot berish kishiga o‘zining qilgan ishidan mamnunlik bag‘ishlab kayfiyatini ko‘taradi, yurak kasalliklaridan, xafaqonlikdan asraydi. Hajga borgan odam sayohat ham qiladi.Sayohatning foydali jihati shundaki, bir joyda o‘tiravergan kishining ichiga yillar davomida shumlik, sershubhalik, badgumonlik va shularga o‘xshash illatlar yig‘ilib qoladi. Yo‘l yurgan inson esa, o‘zi sezib-sezmay ana shu illatlardan xalos bo‘lib, yengil tortib qoladi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning safarga chiqish borasida aytgan hadisi shariflarining hikmati ham ana shunda namoyon bo‘ladi.
Ana endi ro‘zaning foydalari haqida tibbiyot mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotlarning xulosalari bilan tanishing:
Bu foydaning bir jihati igloterapiyaga ham o‘xshaydi. Igloterapiyaning mohiyati shunday ekanki, faol ishlab turgan hujayralarni igna bilan harakatdan to‘xtatib qo‘yib, yalqovlanib, o‘lish arafasiga kelib qolgan hujayralarni ishlashga majbur qilish ekan. Ro‘zada ham odam och yurgani bois tanasiga o‘n bir oy davomida yig‘ilib qolgan ortiqcha yog‘lar erib ishlatilib ketar ekan-da, odamning jismi ortiqcha yuklardan qutulib yengillashib qolar, o‘sha yog‘larning ostida o‘limini kutib yotgan bechora hujayralar yana faol ishlab ketar ekan.
Ana bizga Rabbimizning buyuk marhamati!
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV