“Yaxshilikka sababchi bo‘lgan odam,
o‘sha yaxshilikni qilganchalik savob oladi”.
Abu Iso Termiziy rivoyati.
Mustaqilligimiz sharofati bilan uzoq o‘tmishda yashab, ilmu fanning turli sohalari bo‘yicha ko‘plab asarlar yozgan allomalarimizning hayoti va ijodini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Termiz shahridan yuzlab buyuk allomalar – at-Termiziylar o‘z ta’limotlariyu kashfiyotlari bilan butun dunyoda shuhrat qozonganlar. Jumladan, mana shunday buyuk at-Termiziylardan mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziy va ulug‘ mutafakkir al-Hakim at-Termiziyni ko‘rsatish mumkin.
2017 yil 12 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti rahbariyati tashabbusi va ARM ijrochiligida TIIda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PK-2774-son Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zR FA da tashkil etilgan ijodiy guruh rejasi hamda Toshkent islom instituti 2016-2017 o‘quv yili davomida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy, badiiy va ommaviy tadbirlar rejasiga muvofiq o‘qituvchi va talabalar uchun soat 10:00 dan 16:00 gacha “Imom Abu Iso Termiziy va termizlik olimlar ilmiy asarlari” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazmada Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov, TII rektori Uyg‘un G‘afurov, Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Jahongir Meliqo‘ziyev hamda institut ustoz va talabalari ishtirok etdilar. Ubaydulla Uvatov tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarorining mazmun-mohiyati va termizlik allomalar ilmiy merosi haqida ma’ruza qildi.
TII ARM tomonidan ko‘rgazma ishtirokchilariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan nodir qo‘lyoma asarlardan Abu Iso at-Termiziyning “Shamoil nabaviyya”, “Matni shamoil Termiziy” va al-Hakim at-Termiziyning “Navodirul usul” kitoblari, Toshkent Islom universitetining Manbalar xazinasida saqlanayotgan arab tilidagi zamonaviy nashrlardan Muhammad Abdurrahmon al-Muborakfuriyning “Tuhfatul ahvaziy bi sharhi jomi’ at-Termiziy”, Muhammad Anvar shoh al-Kashmiriyning “Al-arf ash-shaziy sharh sunan at-Termiziy” va al-Hakim at-Termiziyning “Al-Manhiyot” kabi kitoblari hamda O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va “Movarounnahr” nashriyoti tomonidantaqdim qilingan “Termizlik allomalar asarlarining qo‘lyozmalari katalogi”, “Hakim at-Termiziy asarlaridan saylanma”, “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Termiziy allomalardan oltin o‘gitlar”, “Muhammad Hakim Termiziy risolalari” kabi jami 36 nomdagi 65 dona adabiyotlar namoyish qilinib, ishtirokchilar ushbu asarlar bilan yaqindan tanishdilar.
Axborot-resurs markazi mudiri
Mahkamov Kamoliddin
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.