Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

“Imom Abu Iso at-Termiziy va termizlik olimlar ilmiy asarlari” ko‘rgazmasi

12.05.2017   7411   3 min.
“Imom Abu Iso at-Termiziy va termizlik olimlar ilmiy asarlari” ko‘rgazmasi

“Yaxshilikka sababchi bo‘lgan odam,

 o‘sha yaxshilikni qilganchalik savob oladi”.

Abu Iso Termiziy rivoyati.

Mustaqilligimiz sharofati bilan uzoq o‘tmishda yashab, ilmu fanning turli sohalari bo‘yicha ko‘plab asarlar yozgan allomalarimizning hayoti va ijodini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Termiz shahridan yuzlab buyuk allomalar – at-Termiziylar o‘z ta’limotlariyu kashfiyotlari bilan butun dunyoda shuhrat qozonganlar. Jumladan, mana shunday buyuk at-Termiziylardan mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziy va ulug‘ mutafakkir al-Hakim at-Termiziyni ko‘rsatish mumkin. 

2017 yil 12 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti rahbariyati tashabbusi va ARM ijrochiligida TIIda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PK-2774-son Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zR FA da tashkil etilgan ijodiy guruh rejasi hamda Toshkent islom instituti 2016-2017 o‘quv yili davomida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy, badiiy va ommaviy tadbirlar rejasiga muvofiq o‘qituvchi va talabalar uchun soat 10:00 dan 16:00 gacha “Imom Abu Iso Termiziy va termizlik olimlar ilmiy asarlari” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ko‘rgazmada Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov, TII rektori Uyg‘un G‘afurov, Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Jahongir Meliqo‘ziyev hamda institut ustoz va talabalari ishtirok etdilar.  Ubaydulla Uvatov tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarorining mazmun-mohiyati va termizlik allomalar ilmiy merosi haqida ma’ruza qildi. 

TII ARM tomonidan ko‘rgazma ishtirokchilariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan nodir qo‘lyoma asarlardan Abu Iso at-Termiziyning “Shamoil nabaviyya”, “Matni shamoil Termiziy” va al-Hakim at-Termiziyning “Navodirul usul” kitoblari,  Toshkent Islom universitetining Manbalar xazinasida saqlanayotgan arab tilidagi zamonaviy nashrlardan Muhammad Abdurrahmon al-Muborakfuriyning “Tuhfatul ahvaziy bi sharhi jomi’ at-Termiziy”, Muhammad Anvar shoh al-Kashmiriyning “Al-arf ash-shaziy sharh sunan at-Termiziy” va al-Hakim at-Termiziyning “Al-Manhiyot” kabi kitoblari hamda  O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va  “Movarounnahr” nashriyoti tomonidantaqdim qilingan “Termizlik allomalar asarlarining qo‘lyozmalari katalogi”, “Hakim at-Termiziy asarlaridan saylanma”, “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Termiziy allomalardan oltin o‘gitlar”, “Muhammad Hakim Termiziy risolalari” kabi jami 36 nomdagi 65 dona adabiyotlar namoyish qilinib, ishtirokchilar ushbu asarlar bilan yaqindan tanishdilar.

Axborot-resurs markazi mudiri

Mahkamov Kamoliddin

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

Olim quyoshga o‘xshaydi...

23.07.2025   2162   8 min.
Olim quyoshga o‘xshaydi...

Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.

Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.

Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.

Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.

«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».

Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.

Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.

So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...

Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.

Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.

Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.

Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.

Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.

Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: Din, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: Din va mol, dedi. Agar uchta bo‘lsa-chi? dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.

Otasi: Din, mol, hayo va chiroyli xulq, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik, deb javob berdi. O‘g‘il yana: Oltita bo‘lsa-chi? deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.

Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.

Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.

Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.