Bo‘lim mudiri: Jaloliddin Nuriddinov
Qabul vaqtlari |
Dushanbadan Jumagacha |
Telefon raqami |
+99871 240-17-98 |
Elektron pochta |
Bo‘lim O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent Islom instituti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etish va takomillashtirish, o‘quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talabalarni o‘qishga qabul qilish tartib-qoidalari va rejalarini ishlab chiqish, qabul hamda imtihon hay’atlari tarkibini tasdiqlash uchun tavsiya etish, diniy ta’limning yangicha shakl va uslublarini joriy qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Mudarrislar malakasini muntazam oshirib borish, buning uchun maxsus kurslar tashkil etish, talabalarni darslik, o‘quv qo‘llanmalari va ko‘rgazmali qurollar bilan ta’minlash, diniy ta’lim bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish, xorijlik hamkasblar bilan aloqalar o‘rnatish, tajriba almashish ham bo‘limning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
Istiqlol tufayli diniy ta’lim sohasini isloh qilish, rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochildi. Ta’lim muassasalarida darslarni eng zamonaviy texnika vositalari va ko‘rgazmali qurollar yordamida o‘tkazish, talabalarning kompyuter savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda barcha bilim yurtlarida kompyuterlar va boshqa zamonaviy kerakli vositalar bilan jihozlangan informatika asoslarini o‘rgatish xonalari, axborot-resurs markazlari ishlab turibdi.
O‘quv yurtlari kutubxonalarining zarur diniy, ilmiy, adabiy-ma’rifiy kitoblar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanishi doimiy nazoratga olingan. Hozir mazkur kutubxonalarning jami kitob zaxirasi 110 ming jilddan ortib ketdi, ularning 40 mingdan ziyodi diniy adabiyotlar, qolganlari dunyoviy va ilmiy-ma’rifiy nashrlar, qo‘llanmalardir.
Talabalarning har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib yetishuvini ko‘zlab bilim yurtlarida yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, sahhoflik, duradgorlik, kompyuter operatori, hisobchilik, pazandalik, bichish-tikish, zardo‘zlik kabi hunarlarni o‘rgatish ham yo‘lga qo‘yilgan.
Qorilar musobaqasi, “Yil o‘qituvchisi”, “Yil kutubxonachisi”, “Mohir qo‘llar” ko‘rik-tanlovlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Idora tizimidagi ta’lim maskanlarida “Barkamol avlod” dasturi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Institut va bilim yurtlarida sportning shohmot, shashka, kurash, stol tennisi, futbol turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilmoqda. Yakuniy bosqich “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuida o‘tkazilib, g‘oliblar maxsus sovrinlar bilan taqdirlab boriladi. Shuningdek, o‘n yildan buyon ta’lim tizimida fanlar bo‘yicha yagona olimpiada o‘tkazishga alohida e’tibor berilmoqda. Bo‘limga hozir Jaloliddin Nuriddinov rahbarlik qiladi.
Bo‘limda
Do‘smatov Akbar Xidirovich-Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri o‘rinbosari
Xodjayev Umidjon Rajabboyevich- Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi
Abdurahimov Davronbek Muxamadaminovich- Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mutaxassislari faoliyat olib borishmoqda.
Bo‘lim faoliyatidan fotolavhalar:
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati