frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

O‘n bir oydir kutilgan mehmon – Ramazon

15.05.2017   69156   24 min.
O‘n bir oydir kutilgan mehmon – Ramazon

Ramazon ro‘zasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarining ikkinchi yilida Sha’bon oyidan ikki kecha o‘tganidan so‘ng dushanba kuni farz qilingan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam 9 yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. 

Muborak Ramazon oyiga ham barmoq bilan sanasa bo‘ladigan kunlar qoldi. Poklanish va ma’naviy yuksalish oyini ba’zilarimiz sevinchimiz ichimizga sig‘masdan, ba’zilarimiz bir oz xavotir bilan, ba’zilarimiz esa yotsirabgina kutib olayotirmiz.

Bu oyga bizning tayyorgarligimiz qanday? Ayrim kishilar ancha ilgaritdan iftorlik uchun oziq-ovqat g‘amlab boshlaydi. Yana bir toifa xalqumni tozalash uchun baliq yeydi. Ularning tushunchasi bo‘yicha ro‘zadan bir kun oldin baliq yesa Ramazonga xalqumi poklanib kirar emish. Yana birlari uni, boshqalari buni qilib o‘z bilganicha Ramazonga tayyorgarlik ko‘radi.

Haqiqiy taqvo sohiblarining esa Ramazonda yeyish-ichishida o‘zgarish bo‘lmaydi: har kuni yeydigan taomi bilan saharlik qiladi, har kungi yeguligi bilan iftorlik qiladi. O‘zgarish ularning dasturxonida emas, ruhiyatida kechadi, ibodati ko‘payadi, tilovati ortadi, uyqusi kamayadi...

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam butun umrini Ramazon oyidagi kabi kechirgan edilar. Neki, imkoniyati bo‘lsa, undan Alloh yo‘lida ummatlariga manfaat yetkazish uchun foydalanar edilar. Dinimiz ravnaqi uchun har qanday tahlikaga qarshi borar, hech qanday zahmatdan tap-tortmas edilar...

Sahobai kiromlar ham islomga buyuk xizmatlar qilgan. Ulardan ba’zilariga hayotlik vaqtidayoq jannatning xabari berilgan bo‘lsa-da, ibodatga juda mahkam edilar, Tarovehdagi xatmlarni hassaga suyanib qolgunicha davom ettirar edilar.

Bizning esa umrimiz rohat-farog‘atda. Yashash, ishlash, o‘qish uchun hamma sharoit muhayyo: masjidlarda Qur’on tilovatlari; ochil dasturxondek tuzalgan iftorlar... biz faqat ro‘zamizni qiyomiga yetkazib tuta olsak, xatmlarda some’ tursak – Ramazon oyida chekajak mehnat-mashaqqatimizning hammasi shu bo‘ladi.  Aslida bular ham rohatbaxsh ishlardir. 

Mamlakatimizning tinch va osoyishtaligi, xalqimizning to‘q va farovonligi ziyoda bo‘layotgan farahli kezlarda Ramazon oyida Alloh taoloning rahmati va marhamatidan foydalanmoq uchun g‘ayrat qilaylik.

Ramazoni sharifni zavqu shavq, mushtoqlik bilan kutib olaylik. U  kutilmagan mehmon kabi daf’atan eshigimiz oldida paydo bo‘lib qolmasin.

 Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bergan  ta’limotga ko‘ra, Ramazon oyida qilingan nafl ibodatlarning savobi farz ibodatlarniki kabi bo‘lar, farz ibodatlarning savobi esa yetmish barobar ortar ekan. Shunday barokatli oy yaqinlashmoqda!

Shuni yodda tutaylikki, biz Ramazonga qanchalik tayyorgarlik ko‘rsak, uning barokatidan shu qadar ulush olamiz...

Demak, sekin-astalik bilan o‘zimizni ramazon tartibiga moslab bormog‘imiz zarur. Tilimizni foydasiz gaplarni aytishdan saqlab zikrga va ibodatga g‘ayrat qilaylik. Yetarlicha qadriga yeta olmaganimiz o‘n bir oyda yo‘l qo‘ygan xato-nuqsonlarimiz uchun ham shu muborak oyda tavbalar qilaylik.

 Alloh taolo bizlarni savoblariga rag‘batli va g‘ayratli bandalari qatoriga qo‘ysin.

OYATI KARIMALAR

Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz.

 Baqara surasining 183-oyati

 ***

Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin.

Baqara surasining 185-oyati

 ***

Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilingan. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz.

Baqara surasining 187-oyati

***

Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qovushmangiz!

Baqara surasining 187-oyati

 ***

Bas, kimki (qul) topa olmasa, qo‘shilishlaridan ilgari (zimmasida) paydar-pay ikki oy ro‘za tutish bordir.

Mujodala surasining 4-oyati 

***

Ha. Mim. Ochiq-oydin Kitobga qasam! Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik.

Duxon surasining 1-2-oyatlari

 ***

Albatta, Biz uni Qadr kechasi nozil qildik. Qadr kechasi nima ekanini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydan yaxshidir. 

Qadr surasining 1-3-oyatlari

                       

HADISI SHARIFLAR

Hazrati Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Islom beshta ustun tepasiga bino bo‘lgandir: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik berish; namozni barpo qilish; zakotni berish; Baytullohni tavof qilish; Ramazon ro‘zasini tutishdir”.

 Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati

 ***

Abu Hurayra roziyallohu anhudan  rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday degan:

“Odam bolasining har bir amali uning uchundir. Faqat ro‘za men uchundir. Unga o‘zim mukofot beraman!”

Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati

***

Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldim-da: “Meni jannatga kiritadigan amalni menga buyuring?”, deb so‘radim dedilar.  Ul zoti sharif: “O‘zingga ro‘zani lozim tut. Chunki unga teng keladigan birorta amal yo‘q”, dedilar. So‘ng ikkinchi marta ul zotning oldilarga kelib shunday deganimda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam yana: “O‘zingga ro‘zani lozim tut!” dedilar.

Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyati

***

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta jannatda bir eshik bor. Unga ar-Rayyon deyiladi. Qiyomat kunida odamlarga qarata: “Ro‘zadorlar qayerda?” deyiladi. Bas, ularning (ro‘zdorlarning) oxirgisi o‘sha eshikdan kirib bo‘lganida, ushbu eshik yopiladi”, deb marhamat qilganlar.

 Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati

***

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirishi arafasida mana bunday marhamat qilgan ekanlar: “Muborak oy sizlarga kirib kelmoqda. Sizlarga uning ro‘zasini tutish farz qilindi. U oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq bir kecha ham bor. Kimki bu oyning yaxshiliklaridan mahrum qolsa, haqiqatdan ham mahrum qolgandir!”

Imom Ahmad, Imom Nasoiy va Imom Bayhaqiy rivoyati

 ***

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday degan ekanlar: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymonu ixlos bilan tutsa, o‘tgan jami gunohlari mag‘firat qilinadi”

Imom Ahmad, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy va Imom ibn Imom Moja rivoyati

***

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam deganlar: “Kimki uzrsiz va kasal bo‘lmasdan Ramazondan bir kuni ochiq yursa, (ro‘za tutmay o‘tkazsa), uning qazosini umr bo‘yi tutgan ro‘zasi to‘ldira olmaydi”.

***

Imom Ahmad, Abu Dovud va Nasoiylar rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Uch nafar odamdan qalam (shariat hukmi) ko‘tarilgan: Uxlab yotgan odamdan to uyg‘onguncha, yosh boladan to katta bo‘lguncha, jinnidan to sog‘ayguncha”. 

 ***

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Birov birov nomidan namoz o‘qiy olmaydi. Birov birov nomidan ro‘za tuta olmaydi”, deganlar.

Imom Nasoiy rivoyati

 ***

Sahih isnod bilan Imom Buxoriy va Imom Muslim ittifoq bilan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qildilar: “Qachon Ramazon kirsa, osmon (jannat yoki rahmat) eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirlanadi”.

 ***

Imom Ahmad, Nasoiy va Bayhaqiylar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Sizlarga muborak oy kelib turibdi. Sizlarga uning ro‘zasi farz qilindi. U oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi, u oyda shaytonlar zanjirlanadi...”

 ***

Imom Ahmad va Nasoiylar rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Do‘zax eshiklari qulflanadi, jannat eshiklari ochiladi va u oyda shaytonlar kishanlanadi”.

  ***

Imom Termiziy va Ibn Mojalar rivoyat qilingan hadisi sharifda esa bundoq deyilgan: “Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo‘lsa, shaytonlar va isyonkor jinlar kishanlanadi”.

 ***

Imom Ahmad va Nasoiylar rivoyat qilgan yana bir hadis matni quyidagicha: “U oyda samo eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va u oyda isyonkor shaytonlar bog‘lab tashlanadi”.

 ***

Vosila ibn Asqa’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy solllallohu alayhi vasallam dedilar: «Ibrohim sahifalari Ramazon oyining birinchi kechasi nozil qilingan, Tavrot Ramazonning oltinchi kuni nozil qilingan, Injil Ramazon oyining o‘n uchinchi kuni nozil qilingan, Zabur Ramazon oyidan o‘n sakkiz kun o‘tganda nozil qilingan, Qur’on Ramazon oyidan yigirma to‘rt kun o‘tkanda nozil qilingan».

Imom Ahmad, Tabaroniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyati

***

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on zikrdan ajratilib, dunyo osmonidagi Baytul-izzaga qo‘yildi. So‘ngra Jabroil uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga olib tushib, tartil qilib beradigan bo‘ldi».

Imom Hokim rivoyati

 ***

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi».

Imom Bayhaqiy rivoyati

 ***

Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazonni zikr qilib turib: «Albatta, Ramazon Alloh ro‘zani farz qilgan oydir. Men musulmonlarga uning qiyomini (tungi ibodati) sunnat qildim. Kim uning ro‘zasini tutsa, qiyomini ado qilsa, undan onasi tuqqan kundek gunohdan pok bo‘lib chiqadi», dedilar».

Ibn Xuzayma rivoyati

***

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ramazonda bir kecha Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bordim. U zot namoz o‘qishga turdilar. Takbir aytganda: «Allohu akbaru Zul-malakuti val-jabaruti val-kibriyai val-’azoma» dedilar. Keyin Baqarani, keyin Nisoni, keyin Oli Imronni o‘qidilar. Biror qo‘rqituv oyatidan o‘tsalar, unda to‘xtalar edilar. Keyin ruku’ qilib, tik turganlari miqdoricha «Subhana robbiyal-’azim» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, «Sami’allohu liman hamidah. Robana lakal-hamd» dedilar. Keyin sajda qilib, tik turganlari miqdoricha «Subhana robbiyal-a’la» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, tik turganlari miqdoricha «Robbig‘fir li» dedilar. Keyin sajda qilib, tik turganlari miqdoricha sajda qilib, «Subhana robbiyal-a’la» dedilar.  Keyin boshlarini ko‘tarib, tik turdilar. Ikki rak’at o‘qib bo‘lib ham edilar, Bilol kelib, u zotga namozni bildirdi».

Imom Ahmad rivoyati

 ***

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar».

Imom Buxoriy rivoyati

 ***

 

Fotima alayhassalomdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga maxfiy ravishda: «Har yili Jabroil men bilan Qur’onni bir-birimizga o‘qib eshittirar edik. Bu yil men bilan ikki marta o‘qidi. Men buni ajalim kelib qolganidan boshqa emas deb bilaman», deb aytdilar».

Imom Buxoriy rivoyati

***

 

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam dedilar: «Ro‘za va Qur’on bandaga shafoatchilik qiladi. Ro‘za: «Yo Rabbim! Men buni kunduzlari yemoq va shahvatdan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil», deydi. Qur’on: «Yo Rabbim! Men uni kechalari uyqudan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil», deydi. Shunda ikkovining ham shafoati qabul qilinadi».

 ***

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib, dedilar: “Agar katta gunohlardan saqlanib yurilsa, besh vaqt namoz, juma namozi o‘zidan keyingi juma namozigacha, Ramazon kelgusi Ramazon oyigacha o‘rtada qilingan gunohlar uchun kafforot bo‘ladi” 

Imom Muslim rivoyati

***

Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday dedilar: “Kimki, ramazon tunlarini iymoni tufayli va savob umidida (ibodat bilan) qoim qilsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi”.

Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyati

***

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Qachonki, Ramazonning ilk kechasi kirsa, shaytonlar va jinlarning ashaddiylari zanjirband qilinadi. Do‘zax eshiklari yopib tashlanadi. Ulardan bitta eshik ham ochilmaydi. Jannat eshiklari ochib yuboriladi va ulardan bitta ham eshik yopilmaydi. Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi. Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor bo‘lib, (Ramazonning) har kechasi shundoq bo‘lur”.

Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Ibn Xuzayma, Imom Ibn Hibbon va Imom Hokimlar rivoyati

 ***

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: "...Ro‘zadorning og‘zidan keluvchi noxush hid Alloh nazdida mushkdan ko‘ra xushbo‘yroqdir..."

Imom Buxoriy rivoyati

 ***

Hadisi Qudsiyda aytilishicha, Alloh taolo ro‘zadorlar jannatini ziynatlar bilan to‘ldiradi va unga qarab: "Bandalarim mashaqqat va ozorlardan qutulib, sening huzuringga kelishlariga ozgina qoldi",  deydi.

 ***

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar qilib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u mahrum bo‘libdi”. 

Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom Nasoiy, Imom Bayhaqiy, Imom ibn Abu Shayba va Imom Is'hoq ibn Rohavayh rivoyati

 ***

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”.

 Imom Ahmad, Imom Bazzor va boshqalar rivoyati

 

***


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”.

Imom Ibn Moja, Imom Termiziy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom Bayhaqiy, Imom Ibn Hibbon, Imom Tayolisiy, Imom Ibn Xuzayma va Imom Is'hoq ibn Rohavayh rivoyati

 
 ***    

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumo aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari ramazon oyida – har kecha Jabroil alayhissalom Ul zotga Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda, ayniqsa, cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar".

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati

 ***

“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar”.

Imom Muslim rivoyati

***

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondagi umra hajga teng”, deya marhamat qilganlar.

 Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqalar rivoyati

 ***

Boshqa bir rivoyatda esa “Ramazondagi umra Men bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir”, deganlar.

Imom Abu Dovud, Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy, Imom Ibn Xuzayma va Imom Hokim rivoyati

***

Sahl ibn Sa’d So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Jannatning bir eshigi bor: u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim kirmaydi. "Ro‘zadorlar qayerda?" deyiladi. Ro‘zadorlar turadilar. U eshikdan ulardan boshqa hech kim kirmaydi. Ular kirgach, eshik berkitiladi, (so‘ng u eshikdan) boshqa hech kim kirmaydi", dedilar.

Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati

 ***

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ro‘zador ikki bor xursand bo‘ladi: birinchisi – og‘iz ochganida (iftor qilganida) va ikkinchisi – ro‘za tutib Allohga yorug‘ yuz bilan yo‘liqqanida", deganlar".

Imom Buxoriy rivoyati

  ***

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladilar", deganlar.

Imom Tabaroniy va Ibn Hibbon rivoyati

 ***

Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bunda ro‘zadorning ro‘zasi savobidan biror narsa kamaytirilmaydi", deganlar.

Imom Termiziy rivoyati

 ULUG‘LARNING AMALLARI

Abdurrahmon ibn Abd Qoriydan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Ramazonda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan birga masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar tarqoq, guruh-guruh: kimdir yolg‘iz o‘zi namoz o‘qiyapti, kimdir namoz o‘qimoqda‑yu, bir guruh odam uning namoziga ergashib namoz o‘qiyapti. Shunda Umar: «Menimcha, agar bularni bitta qorining ortidan jamlasam, nihoyatda go‘zal bo‘lar edi», dedi. So‘ngra azm qilib, ularni Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ortiga jamladi. Keyin boshqa bir kechada yana u bilan chiqdim. Odamlar o‘z qorilarining namoziga ergashib namoz o‘qishar edi. Umar: «Bu qanday yaxshi bid’at! Ular uxlaydigan payt tungi ibodat qiladigan paytlaridan (ibodat uchun) afzaldir», dedi. U kechaning oxirini nazarda tutayotgan edi. Odamlar esa uning avvalida tungi ibodat qilishar edi». Imom Buxoriy rivoyati

***

Soibdan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning zamonida Ramazonda yigirma rak’at qiyom qilishar va Qur’ondan ikki yuz oyat o‘qishar edi. Hassaga suyanib qolishar edi».

*** 

Imom Zuhriy Ramazon oyi kirsa: «Bu oy Qur’on qiroatidir, taom ulashishdir», der edi.

*** 

Imom Abu Hanifa rahimahulloh Ramazon oyi ichida o‘ttizta, bir rivoyatda oltmishta xatm qilar edi.

*** 

Ibn Hakam aytadi: «Imom Molik Ramazon kirsa, hadis o‘qish va ilm ahli bilan majlis qurishdan qochar edi»,. ya’ni Qur’onga berilib ketar edi.

*** 

Abdurrazzoq aytadi: «Sufyon Savriy Ramazon kirsa, barcha ibodatlarni to‘xtatib, Qur’on qiroatiga kirishar edi».

*** 

Sufyon aytadi: «Zubayd Yomiy Ramazon kelsa, mus'haflarni keltirib, as'hoblarini to‘plar edi».

*** 

Asvad rahimahulloh Ramazondan boshqa payt Qur’onni olti kechada bir xatm qilar, Ramazonda esa har ikki kechada xatm qilar edi.

*** 

Qatoda rahimahulloh odatda yetti kunda bir xatm qilar, Ramazon oyida uch kunda bir, oxirgi o‘n kunlik bo‘lganda esa, har kecha xatm qilar edi.

*** 

Imom Naxa’iy ham Ramazon oyida har uch kunda, oxirgi o‘n kunlikda esa har kecha Qur’onni xatm qilar edi.

*** 

Rabi’ ibn Sulaymon aytadi: «Muhammad ibn Idris Shofe’iy Ramazon oyida oltmishta xatm qilar, ularning birortasi namozdan tashqarida bo‘lmas edi», deydi.

*** 

Imom Mujohid rahimahulloh Ramazonda har kuni shom bilan xufton orasida Qur’oni Karimni xatm qilar edi. Ular xuftonni kechaning to‘rtdan biri o‘tguncha kechga surishar edi.

*** 

Aliy Azdiy ham Ramazonda har kuni shom bilan xufton orasida Qur’oni Karimni xatm qilar edi.

*** 

Imom Molik aytadi: «Ramazonda Umar ibn Husaynning yonida namoz o‘qiydigan odam menga xabar qildiki, u kishi har kecha Qur’onni yangidan boshlar ekan».

*** 

Hofiz ibn Asokirning o‘g‘li otasi haqida:  «Har juma xatm qilar edi, Ramazonda esa har kuni xatm qilar edi», degan.

Damin JUMAQUL tayyorladi.

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

E’tiqodiy masalalarda ohod xabarlarning tutgan o‘rni

03.10.2026   8653   19 min.
E’tiqodiy masalalarda ohod xabarlarning tutgan o‘rni

E’tiqod inson hayotining ajralmas qismi bo‘lib, barcha insonlar e’tiqodlariga ko‘ra maqsad qo‘yadilar va o‘shanga ko‘ra hayot kechirishga intiladilar. To‘g‘ri e’tiqod bilan qilingan amal durust va qiymatli bo‘ladi. Bu haqiqatni So‘fi Olloyor bobomiz quyidagicha bayon qilgan:


Aqida bilmagan shaytona eldir,

Agar ming yil amal deb qilsa yeldir.


Ya’ni e’tiqod xato bo‘lar ekan u bilan har qancha amal qilinmasin foydasini bermaydi. Qur’oni karimda quyidagi oyat shunga dalolat qiladi:


“Robblariga kufr keltirganlarning amallarining misoli, xuddi bo‘ronli kunda shamol uchirib ketgan kulga o‘xshaydir. Ular o‘z kasblaridan biror narsaga ega bo‘lmaslar. Ana o‘sha uzoq adashuvning o‘zidir”[1]. (Ibrohim surasi,  18-oyat)


To‘g‘ri e’tiqodga tegishli barcha ma’lumotlarni topishga faqatgina aqlning o‘zi kifoya qilmaydi. Shuning uchun ham  har bir zamonda insonlarni ogohlantiruvchi, ularga ta’lim beruvchi payg‘ambarlar yuborilgan.


To‘g‘ri e’tiqodni noto‘g‘risidan ajratuvchi va ularning tafsilotlarini bayon qiluvchi ilm aqida yoki kalom ilmi deyiladi.  Bu ilmda Yaratuvchining borligi, sifatlari, ismlari, nubuvvat, borliq va sam’iyot (g‘aybiyot) mavzulari haqida bahs yuritiladi. Bu ilm oqil insonlarni mazkur narsalar to‘g‘risida ikkilanish yoki taqlid qilishdan qat’iy ravishda aniq ishonchli bo‘lishlariga xizmat qiladi. Ahli sunna olimlari boshqa firqalardan farqli o‘laroq aqidaviy hukmlarda aql va naql o‘rtasidagi muvozanatni saqlaganlar. Boshqalar esa yo aqliy dalilni hujjat qilishda yoki naqliy dalilni hujjat qilishda g‘uluvga ketganlar va natijada xatoga yo‘l qo‘yganlar. Chunki ularning bahslari sof ilmiy manhaj ustiga qurilmagan.


Imom Abu Mansur Moturidiy ilmni quyidagicha ta’riflagan: 

 العلم صفة يتجلى بها المذكور لمن قامت هي به

«Ilm bir sifat bo‘lib, bu sifat kimda bo‘lsa, e’tibor qilish mumkin bo‘lgan narsalar unga aniq-ravshan bo‘ladi»[2].


Demak, ilm bo‘lishi uchun e’tibor qaratish, zikr qilish mumkin bo‘lgan narsalarning aniq ravshan bo‘lishiga sabab bo‘ladigan sifat bo‘lishi lozim ekan. Agar bunday darajada bo‘lmasa u ilm emas, balki taxmin yoki katta ehtimol darjasidagi tushuncha hisoblanar ekan.


«Hujjat» so‘zi dalil, isbot ma’nolarini anglatadi. «Hujjat qilish» iborasi arab tilida الاحتجاج  deyilib  «nimanidir dalil qilib olish» ma’nosida qo‘llanadi[3]. Shu ma’noda hujjat so‘zi har qanday turdagi dalil qilib keltirishga nisbatan umumiy ma’noda ishlatiladi.


Islom shariatida dalillar «qat’iy» (shak-shubhasiz aniq) va «zonniy» (katta ehtimol bilan aniq) darajalariga bo‘linadi. Qat’iy va zonniy dalillarni ulamolar quyidagi turlarga ajratganlar: 

 

  1. Subuti qat’iy dalillar. Bunday dalillar mujtahid olimlarga yetib kelishgacha bo‘lgan yo‘lda hech qanday bir nuqson yoki ziyodalikka uchramay aniq yetib kelgan dalillar bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday dalillarning mavjudligi qat’iy ravishda aniq hisoblanadi va ular mutavotir deyiladi. «Mutavotir» deganda, sof  aqlga emas balki, his qiluvchi sezgilarga suyangan holda rivoyat qilingan xabarni odatda aql yolg‘onga kelishib olishlarini tasavvur qilolmaydigan darajadagi adad rivoyat qilishi tushuniladi. Yoxud shuncha adad rivoyat tabaqasining avvalidan oxirigacha rivoyat qilgan xabar tushuniladi[4]. Bunday xabarga Qur’oni karim va ba’zi sunnatlarning yetib kelishi misol bo‘ladi. 
     
  2. Dalolati qat’iy dalillar. Bunday dalilni bir ma’nodan boshqa ma’noda bo‘lishining hech bir ehtimoli bo‘lmaydi. Bunday dalillarga mufassar va muhkam oyatlar, qat’iy tushunilgan mutavotir va ohod hadislar kiradi. 
     
  3. Subuti zonniy dalillar. Bunday dalillar mujtahid olimlarga qat’iy bo‘lmagan yo‘l bilan yetib kelgan dalillardir. Roviyning yolg‘on gapirishi, zobtining yaxshi emasligi kabi omillar buning sabablaridan hisoblanadi. Ohod hadislar subuti zonniy dalillar sirasiga kiradi. “Ohod” deb lug‘atda bir shaxs tomonidan rivoyat qilingan xabarga aytiladi. Istilohda esa, mutavotirning shartlarini o‘zida jamlamagan xabar turiga aytiladi[5].
     
  4. Dalolati zonniy bo‘lgan dalillar. Bunday dalillar ko‘zlangan ma’noga katta ehtimol taqozosi bilan dalolat qiladi. Ya’ni bundan boshqa  ma’noda bo‘lishining ehtimoli bor bo‘lgan dalillar bo‘ladi. Bunga ta’vil qilinadigan oyatlar, zonniy yo‘l bilan tushunilgan hadislar kiradi.[6]
     

Mazkur taqsimotdan kelib chiqib shuni tushunish mumkinki, dalillarning ichida dalolati va subuti qat’iy bo‘lganlari ham, dalolati va subuti zonniy bo‘lganlari ham bor. Yana dalolati va subutida qat’iylikni ifodalashda kamchilik bilan qabul qilinadigan dalil turi ham mavjud. Talab qilingan narsani sobit qilishda mustaqil qabul qilinmaydigan lekin, undan ikkilamchi dalil sifatida, quvvatlash uchun qabul qilinadigan dalil turi ham bor. «Hujjat qilish» iborasi yuqoridagi barcha darajalarga birdek qo‘llaniladi.


Shunga ko‘ra ba’zi dalillar tafsir va siyrat kabi ilmlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lsa ham, ammo shar’iy hukmlarni sobit qilishda qo‘llanishi mumkin bo‘lmaydi. Yana shunday o‘rinlar bo‘ladiki unda talab qilingan narsani isbot qilishda dalil mustaqil hujjat bo‘la oladi. Boshqa bir o‘rinda esa, quvvatlovchi bo‘lib keltirilgan dalilga ham “hujjat qilish” iborasi qo‘llanadi.


Biz mutavotir va ohod lafzlarini u bilan qaydlayotgan «xabar» so‘zi lug‘atda “so‘zlash yoki yozish tariqasida aytib beriladigan narsa”ga ishlatiladi[7]. Istilohda «xabar» so‘zi ilmning turiga qarab qo‘llaniladi. Mantiq va grammatika ilmida «xabar» deb rost va yolg‘on ehtimolini ko‘taradigan gapga aytiladi. Hadis ilmida hadisning sinonimi sifatida Nabiy (a.s.) ning so‘zi, sahobalarning gaplari va tobeinlarning fatvolariga nisbatan «xabar» so‘zi qo‘llaniladi. Aqoid ilmida esa, «rost xabar» deb qaydlanib, ilmni hosil qiluvchi sabablardan biriga aytiladi.


Aqoid ilmida qat’iylikka dalolat qilgani uchun asosan mutavotir xabarlar hujjat qilinadi va u ilmni ifodalaydi. Najmiddin Umar Nasafiy mutavotir xabar zaruriy ilmni hosil qiladi[8], degan. Ya’ni bunday xabar bilan hosil bo‘lgan ilm ishonmaslikning imkoni yo‘q darajadagi aniq ma’lumot bo‘ladi. Shunga ko‘ra, bunday xabar kelganda boshqa biror dalilga ehtiyoj qolmaydi.


Qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan hukmlar qat’iy tasdiqlanishi lozim. Aqidada zonniy dalillar bilan sobit bo‘lgan zonniy hukmlar ham mavjud bo‘lib, uni inkor qilgan kishi kufr va bid’atda ayblanmaydi. Dinga tegishli ekani inkor qilib bo‘lmaydigan darajada ma’lum narsalarni inkor qilgan kishi kufrda ayblaniladi[9], chunki ular mutavotir yo‘l bilan bilingan bo‘ladi.


Mutaaxir ulamolardan Kamol ibn Humom kalom ilmini ta’rifida aqida ilmidagi dalillar qat’iy va zonniy bo‘lishini ochiq bayon qilgan:

الكلام معرفة النفس ما عليها من العقائد المنسوبة إلى دين الإسلام عن الألة، علما، وظنا في البعض منها


“Kalom ilmi  kishini o‘zining zimmasiga lozim bo‘lgan Islom diniga mansub bo‘lgan aqidalarni dalillardan aniq bilishi va ba’zilarini zonniy[10] bilishidir”[11].


Ohod xabarlar zonniy dalillar turiga kiradi. Ushbu xabar qat’iy ya’ni kuchli ishonchga ega bo‘lgan yo‘l bilan yetib kelmagan. Ohod xabarning darajasi mutavotirnikidan past ekanining sababi ohod xabarda kelgan lafz va ma’no Rasul alayhissalom aytgan gaplari ekanligida oz bo‘lsa-da shubha bor. Shuning uchun bunday dalillar hujjat bo‘lgan hukmlarni zonniy darajasida tasdiqlash vojib bo‘ladi. 


Aqidadagi ilohiyot bobining ism va sifatlar mavzusida, nubuvvat bobining mo‘jiza va uning turlari bahsida hamda sam’iyyot boblarida ohod xabarlar hujjat qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek ba’zi masalalarda tafsilotlarni bayon qiluvchi dalil boshqalarida esa, ikkilamchi dalil bo‘lib kelgan.   


Rosulullohning ko‘plab mo‘jizalari ohod yo‘l bilan rivoyat qilingan. Bu rivoyatlarning dalolati qat’iy, biroq subuti zonniy bo‘lgan. Mo‘jizaga zamondosh bo‘lib yashagan kishilarga nisbatan mo‘jizaning dalolati ham, subuti ham qat’iy bo‘ladi. Sababi ular o‘zlari mo‘jizaga guvoh bo‘lishgan. Zero biror bir xabar Rosululloh bilan zamondosh bo‘lib yashagan kishiga mutavotir yo‘l bilan yetib borgan bo‘lsa  dalolati ham, subuti ham qat’iy bo‘ladi. Lekin sahobalardan keyingilarning davriga kelib dalilning sobit bo‘lishida kamchilik paydo bo‘lgani uchun[12] ularning subuti qat’iy bo‘lmay qolgan. Ammo turli rivoyat yo‘llari bilan rivoyat qilingan ohod xabarlar yig‘indisi mutavotir bo‘ladi. Buni Rosulullohning bir qancha mo‘jizalarida ko‘rish mumkin. Toshlarning Payg‘ambar (a.s.)ga salom bergani haqidagi xabar, Nabiy (a.s.)ning barmoqlari orasidan suv chiqqani haqidagi xabar, Nabiy (a.s.)ga qo‘llaridagi mayda toshlarning tasbeh aytganligi haqidagi xabar, tuyaning Rosululloh (a.s.)ga gapirganligi haqidagi xabar, Yahudiylar tarafidan zaharlanganligi haqida xabar bergan qo‘y go‘shtining xabari bularning barchasi ohod xabarlardir. Ushbu ohod xabarlarning jamlanmasi Nabiy (a.s.)da umumiy «hissiy mo‘jizalar» bo‘lgani haqidagi ma’noni mutavotir darajada sobit qiladi. Bu tarzda ohod xabarlar jamlanmasi bilan sobit bo‘lgan ma’naviy mutavotir xabar ustiga Muhammad alayhissalomda nubuvvat mavjud ekanligini bino qilsa bo‘ladi. Ya’ni nubuvvat mo‘jiza bilan quvvatlangan ekan bu turdagi mo‘jizani ko‘rsatgan kishida nubuvvatni sobit qilish mumkin hisoblanadi.


Lekin ohodlar jamlanmasi bilan sobit bo‘lgan xabarlarni chuqur o‘rganish, fikr yuritish lozim. Rivoyat yo‘llari, rivoyat turlari, sharhlarda kelgan rivoyat yo‘llari izlanilishi kerak. Muhammad alayhissalomning payg‘ambar ekanliklarini Qur’ondagi dalillardan tushunmayotgan kishiga ohod hadislar yig‘indisi bilan ma’naviy mutavotirlikka yetgan mo‘jizalarni bayon qilib berish bilan nubuvvatlarini isbot qilish mumkin bo‘ladi. Islomning hujjati laqabi bilan tanilgan Abu Homid  G‘azzoliy "الإقتصاد في الإعتقاد"  kitobini g‘ayb masalalari-sam’iyot bobini bayon qilish bilan boshlagan. Asarda imom shunday degan:

ثم كلما ورد السمع به ينظر، فإن كان العقل مجوزا له وجب التصديق به قطعا إن كانت الأدلة السمعية قاطعة في متنها ومستندها لا يتطرق إليها احتمال، وجب التصديق بها ظنا إن كانت ظنية


"Eshitish yo‘liga ko‘ra vorid bo‘lgan (ya’ni aql bilan topib bo‘lmaydigan) har bir xabar haqida tafakkur qilib ko‘riladi[13]. Agar aql u (xabar)ni joiz deb bilsa va sam’iy dalillarning matni va sanadi shubhaga o‘rin qoldirmaydigan darajada qat’iy[14] bo‘lsa, uni qat’iy tasdiqlash vojib bo‘ladi. Agar (sam’iy dalillar)zonniy[15] yo‘l bilan vorid bo‘lgan bo‘lsa, uni zonniy tasdiqlash vojib bo‘ladi”[16].


Imomning ushbu gapi yuqoridagi Kamol ibni Humomning aqidaga bergan ta’rifini quvvatlaydi.


   Aqoidda jazm va qat’iylik talab qilinadigan o‘rinlarda ohod xabarlar olinmaydi. Chunki, bu xabarning darajasi jazm va qat’iyatga salohiyatli emas. Bunday o‘rinlarda ohod xabarning dalil bo‘lolmasligi u xabarni Rosulullohga mansub emasligini keltirib chiqarmaydi balki, uning  Rosulullohga nisbat berilishi qat’iy yo‘l bilan sobit bo‘lmaganini bildiradi xolos. Shunga ko‘ra agar ohod xabar o‘rganilib Rosulullohga nisbati haqiqiy ekaniga ishonch hosil qilinsa, u hujjatlikka yaraydi. Olimlar «ohod xabar hujjat bo‘lishga yaramaydi» deyishgan bo‘lsa, qat’iy va zonniyning martabalariga rioya qilgan holda shunday deyishgan bo‘ladi. Masala qat’iy bo‘lib, dalilning darajasi undan pastroq ya’ni, zonniy bo‘lsa, qat’iyni zonniy bilan sobit qilib bo‘lmaydi. Bu ilm falsafasiga to‘g‘ri kelmaydi. Aqidaviy hukmlardan kelib chiqqan zonniy masalalarda ohod xabarlardan hujjat sifatida foydalanilgan. Sirot, mezon, jannat va do‘zaxning vasflari, jannatdagi daraxtning vasflari shular jumlasiga kiradi.


Ohod xabar inkor qilinmaydi ham, yolg‘onga ham chiqarilmaydi. Muhaddislar ohod hadisni sahih deb topishgan. Imom Buxoriy, Imom Muslim «Sahih»larida ohod xabarlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Hadisni rivoyat qiluvchining soni oz bo‘lsa ham, roviysi ishonchli bo‘lsa xabar yolg‘onga chiqarilmaydi.


«Ohod hadis sahih bo‘lishining ma’nosi nima?» deyilsa, xabarni ishonchli roviylar rivoyat qilishgan bo‘lishi uni sahih ekanligini bildiradi. Endi buni inkor qilish yoki, yolg‘onga chiqarish o‘sha ishonchli roviyni inkor qilish yoki yolg‘onga chiqarish bo‘ladi va buning uchun ham dalil talab qilinadi.


Hadislar Islom dinining asosiy masdarlaridan biri va u ilohiy kitob Qur’onni bayon qiluvchidir. Sahobalar Rosul (a.s.)dan eshitgan, ko‘rgan, bilgan har bir narsalariga omonat sifatida qarab keyingilarga yetkazishga qattiq intilishgan. Hadislarning sharhida zohiran bir-biriga zid kelib qolganlarini muvofiqlashitirish asnosida sahobiyning Nabiy alayhissalomning qaysidir gaplarini uzoqda turganligi yoki kech kelganligi va boshqa sabablarga ko‘ra to‘liq holda xabardor bo‘lmay qogan bo‘lish ehtimolini bayon qilishadi. Yoki mavjud holatga birgina sahobiy guvoh bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu kabi qat’iyatga nuqson yetqizadigan omillar bo‘lishiga qaramay o‘zlaridan keyingilarga yetkazishga haris bo‘lishgan. Tobeinlar va ularga ergashganlar ham shunday bo‘lganlar. Ya’ni ohod hadis hadis o‘laroq Rosul alayhis solatu vassalamga nisbat beriladi va nisbati o‘laroq unga amal qilinadi. Shar’iy hukmlar borasida ohod hadisga amal qilishda kengchilik bor. Aqidaviy hukmlarda hujjat qilinishida ixtiloflar ko‘plab uchagan. Biroq bu fikrlar yaxshilab o‘rganilishga muhtojdir. Ohod xabarning hujjat bo‘lishini butunlay inkor qilishganmi yoki asliy hukmlarda hujjat bo‘lishini inkor qilishganmi yoki qat’iy va zonniy masalalarning darajasi o‘laroq ohod xabarning hujjat bo‘lishini inkor qilishganmi? 


«Ohod xabar ilmni ifodalaydi» deganlar zonniyning yuqori darajasini nazarda tutishgan. Ehtimol ular bu gaplari bilan mutlaq ohod xabarni qasd qilishmagan balki, boshqa ishora va dalilar bilan quvvatlangan ohod xabarni nazarda tutgan bo‘lishlari ham mumkin. Zero, agar ohod xabar “qarinalar” (boshqa ishora va dalilar) bilan quvvatlansa, qat’iy ishonch darajasiga ko‘tariladi va ilmni ifodalaydi. Yuqoridagi gapni aytganlar katta ehtimol bilan shu ma’noni nazarda tutgan bo‘lishlari mumkin.  Olimlarning bu boradagi ixtiloflari sabablarini o‘rganmay turib yuzaki baho berishga aslo shoshilmaslik kerak. Aqidada ohod xabarlar bilan hujjatlangan zonniy masalalarni inkor qilgan kishini kufrda ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu borada aqidadagi qat’iy masalalar va zonniy masalalar o‘rtasidagi farqlarni ajrata bilish albatta, zarurdir.  Bularni farqlash juda ko‘plab tushunmovchiliklarga barham beradi. 


Muxlisa NARZULLAYEVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mutaxassisi

 

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. –T.: Sharq, 2011.- B. 257.

[2] Abdulqodir Abdur Rahim. E’tiqod durdonalari. –T.: Hilol nashr, 2014. - B. 10.

[3] Ibn Manzur. Lison ul arab. – Qohira: Dar al ma’arif, 2016. - B. 779.

[4] Zafar Ahmad al Usmoniy al Tahonaviy. Qova’id fi ulumil hadis./ Muhaqqiq: Abdulfattoh Abu G‘udda. – Qohira: Dar al salom, 1972.  - B. 31.

[5] Doktor Kiloniy Muhammad Xalifa. Manhaj al hanafiyya fi naqdil hadis. – Qohira: Dar al salom, 2010. – B. 96.

[6] Doktor Saloh Abul Hoj. Tahzibu masaril vusul ila ilmil usul. – Ummon: Markaz anvar al ulama lil dirosat, 2020. - B. 66.

[7] Mo‘jam al vasit. Mo‘jam al lug‘otul arabiyya. -Maktabat al shuruq al davliyya, 2008. -  B. 215.

[8] Muhammad Yosir ibn Azizurrohman al-Hanafiy. Tahzibul arvoh an-nafsiyya fi taysiri sharhul aqoidin Nasafiyya. –Britaniya: (nashriyot ko‘rsatilmagan),  2010.  - B. 31.

[9] Izoh: bu yerda Islomning ruknlari va shiorlari ko‘zda tutilgan.

[10] Katta ehtimol bilan bilishi

[11] Kamoliddin Muhammad Abu Sharif Maqdisiy. Al musamarotu bi sharh al musayaro. -  Damashq: Dar al Bayrutiy, 2024. - B.54.

[12] Roviydagi shubha, ta’na-kamchilik va xotiraning yomonligi va rivoyat qiluvchisining kamligi sabab xabarda paydo bo‘lgan kamchilik

 

[14] Kuchli ishonchga ega

[15] Kuchli ehtimolga ega

[16] Muhammad Abu Homid al G‘azzoliy. Kitab al iqtisod fil e’tiqod. – Bayrut: Dar al kutub al ilmiyya, 2021. - B. 115.

 

Hadisi sharif