Qadim zamonda bir ovchi bo‘lgan ekan. U bir kuni ayiq bolasin topib olibdi va parvarishlay boshlabdi. Ayiq kundan-kunga o‘sib, unga o‘rgana boshlabdi. Ovchi qayerga borsa, uni o‘zi bilan olib yurar ekan. Odamlar unga ehtiyot bo‘lishni tayinlab, bu qilayotgan ishi xato ekanini aytishibdi. Lekin ovchi ularga: "Bu ayiq menga odamdan ham yaxshi do‘st, u meni har joyda qo‘riqlaydi", deb javob beribdi. Bir kuni ular birga ov qilib yurishganda ovchi charchabdi va bir daraxt soyasida biroz mizg‘ib dam olmoqchi bo‘libdi. Ayiq esa har doimgidek uni qo‘riqlay boshlabdi. Shu payt bir pashsha uchib kelib ovchiga qo‘nibdi. Ayiq uni haydabdi. Pashsha aylanib yana qo‘nibdi. Ayiq yana haydabdi. Bu hol bir necha marotaba takrorlanib, ayiqning jahli chiqibdi. Katta bir toshni olib, ovchiga qo‘nib turgan pashshaga otibdi. Pashsha uchib ketibdi, ovchi esa til tortmay o‘libdi.
Do‘st tanlashda o‘ylab ish qiling. Ota-bobolarimiz "Ahmoq do‘stdan aqlli dushman yaxshi", deb bejiz aytishmagan.
Akbarshoh Rasulov
1. Jaholatdan ko‘ra yomonroq faqirlik yo‘q.
2. Aqldan ko‘ra foydaliroq mol yo‘q.
3. O‘ziga bino qo‘yishdan ko‘ra yomonroq yolg‘izlik yo‘q.
4. Maslahatdan ko‘ra ishonchliroq bir-birini qo‘llash yo‘q.
5. Go‘zal xulqdek nasl-nasab yo‘q.
6. O‘zini tiya bilishdek taqvo yo‘q.
7. Tafakkurdek ibodat yo‘q.
8. Balog‘atga yetgandan so‘ng yetimlik yo‘q.
9. Fathdan so‘ng hijrat yo‘q.
10. Omonatga xiyonat qiluvchida iymon yo‘q.
11. Va’dasiga vafo qilmaydigan odamda din yo‘q.
12. Uch kundan ortiq arazlashib yurish yo‘q.
13. Istig‘for bilan gunohi kabira yo‘q.
14. Qur’on o‘qib yurgan banda uchun muhtojlik yo‘q va u uchun Qur’ondan ortiqroq boylik yo‘q.
15. Alloh uchun duodan o‘zga yoqimliroq narsa yo‘q.
16. Zulmdan ham ko‘ra jazosi tezroq keladigan narsa yo‘q.
17. O‘zgalarning och qornini to‘ydirishdan ko‘ra afzalroq amal yo‘q.
Davron NURMUHAMMAD