Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2026   |   16 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:47
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2026, 16 Zulqa`da, 1447

Abbos In’om Xo‘ja Buxoriy

11.05.2017   11389   3 min.
Abbos In’om Xo‘ja Buxoriy

Abbos In’om Xo‘ja hijriy 1307 (1889) yili Qo‘qonda tug‘ilgan. 15 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. 16 yoshida Buxoroga borib “Mir Arab” madrasasiga o‘qishga kirgan. Madrasada hanafiy fiqhi, tafsir, mantiq, falsafa va boshqa bir necha fanlarni puxta o‘zlashtirgan. Buxoroda bir necha yil istiqomat qilgan. So‘ng Samarqandga kelib “Xurtnaq” degan joyda yashab Buxoroda olgan ilmlarini takrorlagan. Keyin Afg‘onistonga o‘tib Peshavor shahriga borgan. O‘sha vaqtda 30 yoshda bo‘lgan. Ilmini yanada oshirish maqsadida Hindistonga safar qilgan. U yerdagi madrasalarning biriga o‘qishga kirib o‘qishni davom ettirgan. U yerda ham 5 yil yashaganidan keyin Devbanddagi universitetga o‘qishga kirib ikki yil ta’lim olgan. So‘ng “Ahmir” shahridagi bir masjidda imomlik qilib, Qur’oni karimdan  uch yil dars bergan.

Ikkinchi jahon urushi, boshlangan kezlarda Hindistondan Bag‘dodga safar qilgan. U yerda olti oy davomida bir necha qiroatlar bo‘yicha ta’lim olgan. So‘ng Shomga borib u yerda 2 hafta turadi va hijriy 1360 (1941) yili Madinai Munavvaraga borib o‘sha yerda yashab qolgan.

Madinada qurrolar ustodi Shayx Hasanga qiroatlar bo‘yicha ta’lim olib, u kishidan bir necha qiroatlar bo‘yicha ijoza olgan. Shuningdek, hijriy 1360 (1941) yildan boshlab “Madrasatul O‘zbekiya”da Qur’oni karim, qiroatlar va boshqa bir necha ilmlardan vafot etguniga qadar dars bergan.

Ustozlari:

  1. Shayx Asvad Maxdum, u kishi Buxoroning ulug‘ ustozlaridan.
  2. Shayx Husayn Ahmad Madaniy.
  3. Shayx Ibrohim Milyoviy
  4. Shayx I’zoz Aliy
  5. Shayx Abdus Sami’. Undan turli ilmlardan ta’lim olgan.
  6. Shayh Abdul Qodir xatib, Bag‘doddagi “Abu Hanifa” masjidining imomi, u kishidan yetti qiroatdan ijoza olgan.
  7. Shayx Hasan, u kishidan ham bir necha qiroatdan ijoza olgan.

Shogirdlari:

  1. Shayx Muhammad Aliy Sanadiy undan “Manzumatush shotibiyya fil qiroaatis sab’”, “Manzumatud durratul muziyya fil qiroaatis salasil mutammima lil a’shr”, “Alfiyatu ibni Molik”, “Talxisul miftah” va boshqa bir necha kitoblardan dars olib, 10 qiroat bo‘yicha ijoza olgan.
  2. Shayx Sayyid Abdul Karim undan “Manzumatush shotibiyya fil qiroaatis sab’”, “Alfiyatu ibni Molik” va va boshqa bir necha kitoblardan dars olgan va u kishining 22 yil xizmatini qilgan.

Hafs Osim undan Qur’oni karim bo‘yicha dars olgan bir necha qorilar mavjud deb, ularning ba’zilarini quyida keltirgan:

  • Islom Ahmad Hofiz
  • Abdul Hafiz Pokistoniy
  • Madaniy Buxoriy
  • Abdur Rahmon Barmoviy
  • Nurul Islom Barmoviy
  • Muhammad Hasan Yamoniy
  • Muhammad Solim Yamoniy
  • Ustoz Yahyo Abdul Hodiy Yamoniy
  • Muhammad soyf Yamoniy
  • Jamil Yamoniy
  • Nozim Abdul Malik Yamoniy
  • Muhammad Yamoniy Abbos Buxoriydan olti oyda Qur’onni yod olib o‘tkazadi
  • Abdul Majid Ahmad Balushiy
  • Abdulloh Muhammad Balushiy
  • Bilol Abdul Aziz Pokistoniy
  • Nazir Ahmad Pokistoniy
  • Ayyub Abdul Vahid Bangladeshiy
  • Mahmud Abdul Vahid Bangladeshiy
  • Abdur Rahmon Kuvaytiy
  • Abdul Hamid Sanadiy
  • Ustoz Abdulloh Davlat Buxoriy
  • Ahmad Muhammad mulla Abdul Qodir
  • Abdur Rauf Abdur Rashid Hindistoniy
  • Muti’ulloh Buxoriy va boshqalar.

Shayx Abbos Buxoriy hijriy 1407 (1987) yilning 20 dekabrida Madinai Munavvarada vafot etgan. Janozasi payshanba kuni bomdod namozidan so‘ng Masjidun Nabaviyda o‘qilib Baqe’ qabristoniga dafn qilingan.

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ziyoratchilarning ilk guruhlari muborak safarga kuzatildi

04.05.2026   313   2 min.
Ziyoratchilarning ilk guruhlari muborak safarga kuzatildi

Poytaxtimizdagi “Novza” masjidida “Haj – 2026” mavsumining ilk ziyoratchilarini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yuzida quvonch, tilida shukrona bilan muqaddas zaminga oshiqayotgan hamyurtlarimiz ziyoratlarini eson-omon ado etib, yurtimizga qaytishini so‘rab, duolar qilindi.

Yaqinlarini muborak safarga kuzatayotgan yurtdoshlarimizning ham nigohida havas va sog‘inch tuyg‘ulari balqiydi: ular ham mana shunday saodatli kunlar va Ka’batulloh ziyorati o‘zlariga ham nasib etishini chin dildan niyat qilgan bo‘lsa, ajabmas.

Aytish joizki, O‘zbekistondagi 2026 yilgi haj mavsumi 2 maydan boshlandi. 18 mayga qadar har kuni mamlakatimizning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Saudiya Arabistonining Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etish baxtiga noil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov. – Xususan, bu yil ham haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi. Ularga rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlar rasmiylashtirib berildi.

Muborak safar qatnashchilariga guruh rahbarlari mas’ul qilinib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti. Ayol ziyoratchilar uchun ham alohida ayol mutaxassis va shifokorlar  ajratilgan. Shuningdek, har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta, quvvatlagich taqdim etilmoqda.

– Quvonch va hayajonimizning cheki yo‘q, – deydi ziyoratchilardan biri Nabi Vahobov. – Yaratganga behisob shukrki, orzu-armonlarimiz ushalmoqda. Haj ziyoratiga yo‘lga chiqyapmiz. Biz uchun yaratilgan qulayliklardan behad xursandmiz. Bularning barchasi yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi. Nasib etsa, ziyoratimiz davomida Allohdan yurtimizdagi tinchlik-omonlik, taraqqiyot va farovonlikni bardavom etishini so‘rab, duolar qilamiz. 

Makka shahrida ziyoratchilarning asosiy qismi bir hududdagi mehmonxonalarga joylashtiriladi. Shuni ham eslatish zarurki, yurtdoshlarimiz bugungi murakkab zamonda Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan yangi qonun-qoidalarga qat’iy amal qilishi, ogohlikni oshirishi shart.

Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan “Haj  – 2026” mavsumi ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar ibodatlarini bekamu ko‘st ado etishi uchun munosib sharoitlar tayyorlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.

 

“Xalq so‘zi”

Yangiliklar