1. Islom taqvimi oyning harakatiga asoslangan. U 365 kundan iborat grigoryan kalendaridan taxminan 10 kun qisqa. Shu boisdan Ramazon va Qurbon bayramlari har yili o‘n kun oldinga surilib keladi.
2. Odam alayhissalomning bo‘yi 30 ziro’ atrofida bo‘lgan. Ziro’ uzunlik o‘lchovi bo‘lib bir ziro’ taxminan yarim metrga to‘g‘ri keladi.
3. Musulmonlarning aksari Yaqin Sharqda yashamaydi. Aholi eng zich yashaydigan musulmon davlati Indoneziyadir. Bu mamlakat 257 million (2015 yilgi ma’lumot) aholisi bilan nufus bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Hindistondagi musulmonlar aholisi soni Suriya, Iroq, Iordaniya, Falastin va Arabiston yarim oroli davlatlaridan ko‘p.
4. Oyning bo‘linishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning buyuk mo‘jizalaridan biridir. Quraysh mushriklarining rahbarlari kelib: “Agar rostdan ham payg‘ambar bo‘lsang oyni ikkiga bo‘lib ber-chi”, deydi. Ularning aksari Payg‘abarimizning qarindoshlari edi. Payg‘ambarimiz ularning iymonga kelishini, najot topishini istar edilar. Alloh taologa iltijo qilib qo‘llarini yuqoriga ko‘tardilar. Oy o‘rtasidan ikkiga ajralib ikki tog‘ning ustiga keldi. Oyning ikkiga ajralganini yo‘lda karvonda kelayotib ko‘rib, nega bunday bo‘lganiga hayron qolgan badaviylar, yahudiylar Makkaga kelganlaridan so‘ng bu Muhammad alayhissalomning ishi ekanini bilib iymon keltirib musulmon bo‘ldilar. Ammo u zotdan shu ishni talab qilgan mushriklar “Muhammad (s.a.v.) sehr ko‘rsatdi”, deb shovqin solib iymon nuridan bebahraligicha qolaverdi.
5. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati oldin o‘tgan payg‘ambarlarning barchasining ummatini qo‘shgandagi hisobdan ham ko‘p.
6. Ka’bani Odam alayhissalomdan keyin Ibrohim alayhissalom va o‘g‘li Ismoil alayhissalom bino etganlar.
7. Musulmonlar Ka’baga sajda qilmaydilar, Ka’ba Alloh taolo qaysi tomonga qarab ibodat qilishni ko‘rsatgan yo‘nalishni belgilaydi.
8. Ashaddiy mushrik Abu Jahl Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan muqaddas Qur’on oyatlarini yashirincha eshitib yurgan. Chunki unga oyati karimalarni tinglash yoqqan.
10. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 1.6 (2010 yilgi ma’lumot) milliard musulmon yashaydi.
11. "Muhammad" ismi dunyoda eng ko‘p tarqalgan ismdir.
12. Payg‘ambar alayhissalomning ayollaridan biri afrikalik, ikkita ayollari yahudiylardan bo‘lgan.
13. Albaniya Yevropadagi aholisining 90 foizi musulmon bo‘lgan yagona davlat.
14.Milodiy yilni hijriyga aylantirish uchun milodiy yildan 622 ayirib olinadi. Qolgan son 32 ga bo‘linadi. Keyin esa ikki amal natijasi qo‘shiladi. Ana shu qo‘shilma natijasi hijriy-qamariy yil bo‘ladi.
15. Algebra, nol, paxta, divan, guruch, konfet, shafran, balkon so‘zlarining inglizcha ifodasi ingliz tiliga arabchadan o‘zlashtirilgan. Bular arabchadan inglizchaga o‘zlashgan so‘zlarning ozgina qismi, xolos.
16. Chechak va qizamiq haqidagi birinchi risolani birinchi bo‘lib Abu Bakr Ar-Roziy (864-925) yozgan. Shundan keyin musulmon davlatlarida chechakka qarshi emlash odatiy amaliyotga aylangan.
17. Oksford va Kembrij universitetining birinchi talabalari matematika, meditsina, kimyo, optika va astronomiya fanlarini musulmon olimlari yozgan darsliklardan o‘rgangan.
18. Adelard Batskiy O‘rta asrlarning peshqadam olimlaridan bo‘lgan. Musulmon olimlarining asarlarini arabchadan latinchaga tarjima qilish uni mashhur qilgan.
19. Masjidi Nabaviyning eshiklarining og‘irligi besh tonnadan. Katta miqdordagi yog‘ochlar to‘planib quritish uchun kompyuterlashgan pechlarda quritish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘natildi (ularni odatdagi pechlarda quritish jarayoni bir necha yilga cho‘zilib ketishi mumkin edi). Yog‘ochlarni quritishga besh oy vaqt ketdi. Yaxshi qurigan yog‘ochlar Barselonaga (Ispaniya) yuborildi va eshikning asosiy qismi o‘sha yerda yasaldi. Nihoyat badiiy bezak berish uchun Fransiyaga olib borildi.
20. Faqat 1932 yilda kisvani (Ka’ba yopinchig‘i) to‘liq Saudiya Arabistoni fuqarolari tayyorlagan.
21. Masjidi Nabaviyning tomi ustidan yana qo‘shimcha qavatlar quraverilsa bo‘ladigan qilib yopilgan.
22. Qur’oni karim oyatlari erkak va ayolni tenglashtirgan: “erkak” so‘zi 24 marotaba tilga olingan bo‘lsa, “ayol” so‘zi ham shuncha tilga olingan.
23. Qur’oni karimdagi eng uzun sura Baqara. Eng qisqa sura esa Kavsar surasidir.
24.Qur’oni karimda sut eng foydali ichimlik sifatida, asal esa eng foydali yegulik sifatida tilga olingan.
25. Qur’oni karim 23 yil davomida nozil bo‘lgan.
26. Qur’oni karimning bitta harfini chin ixlos bilan o‘qigan kishi o‘n savob oladi. Ixlos surasi Qur’oni karimning 1/3 dir.
27. Ramazonda o‘qilgan bir oyatning savobi boshqa oylarda Qur’oni karimni to‘liq xatm qilganning savobiga yaqin.
28. Qiyomat kunida Qur’oni karim uni o‘qigan odamlarni shafoat qiladi. Qiyomat kunida Qur’oni karim uni o‘qimagan odamlardan shikoyat qiladi.
29. Zam-zam suvi Ibrohim alayhissalom davrida Ismoil alayhissalomning chanqog‘ini bosish uchun otilib chiqqan. Keyin orada 2600 yil yo‘qolib ketgan. Shuncha yil o‘tganidan so‘ng sevikli payg‘ambarimizning bobolari Abdulmuttalib qazib buloq ko‘zini ochgan. Buloqning joyi unga tushida ayon bo‘lgan.
30. Islom eng tez tarqalayotgan din hisoblanadi. 2030 yilga kelib u birinchi raqamli dinga aylanadi.
31. 10 ta sahobaga hayotlik paytidayoq jannatning xabari berilgan. Ular:
32. Islom shamshirlar tig‘i ostida tarqalmagan. U ma’rifat bilan tarqalgan. Zero, Qur’oni karimda: “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir” (Baqara surasi 256-oyati), deyilgan.
33. Muslima ayollar Allohning hukmlarini bajarishga qulay bo‘lsin uchun odmigina kiyingan. Dindor ayollar butun tarix bo‘yicha keng-mo‘lgina kiyinib kelgan. An’anaviy kiyimlar sirasiga rohiba ayollar kiyadigan kiyimlar yaqqol misol bo‘ladi. Shuningdek, Iso alayhissalomning volidasi Bibi Maryam tasvirlangan san’at asarlarida ham uning kiyimi shunday tasvirlangan.
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati