Buyuk ajdodlarga makon bu diyor,
Har birin nomidan dilda iftixor,
Baxtiyor avlodlar degay minnatdor,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Mangu olov go‘yo yurakdagi sham,
Kim vatan demishdir, nomi muhtaram,
Xalq mard o‘g‘lonlarin unutmas bir dam,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Xayriyat, o‘tibdir notinch zamonlar,
Bizga yuz ochmishdir yangi bo‘stonlar,
Shu kunga yetmadi, afsus, ne jonlar,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Motamsaro ona poyida bugun,
O‘tmishni yod etib turibmiz beun,
Sharaf, tirik qaytgan otalar uchun,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Davlatim rahbari aylab iltifot,
Katta kichik ko‘nglin ayladi obod,
Nuroniy qalblarda hamdu hasanot,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Abdulahad degay, hur O‘zbekiston,
Istiqlol yo‘lida bo‘lsin tinch, omon,
Barcha vatandoshlar dilida har on,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Abdulahad qori Shahrixoniy
Bo‘z tuman bosh imom xatibi
2017 yil
1. Jaholatdan ko‘ra yomonroq faqirlik yo‘q.
2. Aqldan ko‘ra foydaliroq mol yo‘q.
3. O‘ziga bino qo‘yishdan ko‘ra yomonroq yolg‘izlik yo‘q.
4. Maslahatdan ko‘ra ishonchliroq bir-birini qo‘llash yo‘q.
5. Go‘zal xulqdek nasl-nasab yo‘q.
6. O‘zini tiya bilishdek taqvo yo‘q.
7. Tafakkurdek ibodat yo‘q.
8. Balog‘atga yetgandan so‘ng yetimlik yo‘q.
9. Fathdan so‘ng hijrat yo‘q.
10. Omonatga xiyonat qiluvchida iymon yo‘q.
11. Va’dasiga vafo qilmaydigan odamda din yo‘q.
12. Uch kundan ortiq arazlashib yurish yo‘q.
13. Istig‘for bilan gunohi kabira yo‘q.
14. Qur’on o‘qib yurgan banda uchun muhtojlik yo‘q va u uchun Qur’ondan ortiqroq boylik yo‘q.
15. Alloh uchun duodan o‘zga yoqimliroq narsa yo‘q.
16. Zulmdan ham ko‘ra jazosi tezroq keladigan narsa yo‘q.
17. O‘zgalarning och qornini to‘ydirishdan ko‘ra afzalroq amal yo‘q.
Davron NURMUHAMMAD