Buyuk ajdodlarga makon bu diyor,
Har birin nomidan dilda iftixor,
Baxtiyor avlodlar degay minnatdor,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Mangu olov go‘yo yurakdagi sham,
Kim vatan demishdir, nomi muhtaram,
Xalq mard o‘g‘lonlarin unutmas bir dam,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Xayriyat, o‘tibdir notinch zamonlar,
Bizga yuz ochmishdir yangi bo‘stonlar,
Shu kunga yetmadi, afsus, ne jonlar,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Motamsaro ona poyida bugun,
O‘tmishni yod etib turibmiz beun,
Sharaf, tirik qaytgan otalar uchun,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Davlatim rahbari aylab iltifot,
Katta kichik ko‘nglin ayladi obod,
Nuroniy qalblarda hamdu hasanot,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Abdulahad degay, hur O‘zbekiston,
Istiqlol yo‘lida bo‘lsin tinch, omon,
Barcha vatandoshlar dilida har on,
Xotira abadiy, qadr – muborak.
Abdulahad qori Shahrixoniy
Bo‘z tuman bosh imom xatibi
2017 yil
Shu yil 29 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazilgan sayyor uchrashuvda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan birga imom-xatiblar tomonidan ehtiyojmand oilalarga mansub 20 nafar bolajonga maktab forma va o‘quv qurollari topshirildi.
Ushbu xayrli tashabbus yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishga sharoit yaratish va yangi o‘quv yilini ko‘tarinki ruhda boshlashiga xizmat qiladi, insho Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati