“Kimni jannat ahlidan bo‘lgan bir kishiga qarash xursand qilsa, Abdulloh ibn Salomga qarasin”.
Husayn ibn Salom Yasrib yahudiylarining olimlaridan edi. Madina ahli dini va millati boshqaligiga qaramay, uni ulug‘lab hurmat qilar edi. U taqvodorligi va insonlar orasini isloh etishi bilan tanilgan, to‘g‘rilik va rostgo‘ylik bilan sifatlangan edi.
Husayn osuda umr o‘tkazar, hayoti mazmunli va foydali edi. U o‘z vaqtini uch qismga taqsimlagan edi:
kanisada va’z o‘qir va ibodat qilar;
bog‘idagi xurmo daraxtlarini parvarish qilar;
Tavrot o‘qir edi.
Har safar Tavrotni o‘qiganda Makkada zohir bo‘ladigan so‘nggi payg‘ambar bashorati berilgan xabarni uzoq mushohada etib qolar edi.
Kelishi yaqin bo‘lgan bu payg‘ambarning sifatlari va alomatlarini puxta o‘rganar va sevinchdan qattiq ta’sirlanar edi. Chunki Tavrotda yozilgan bashoratlarga qaraganda, yangi payg‘ambar o‘z shahridan ko‘chib Yasribga hijrat qilardi.
Har qachon bu xabarlarni o‘qiganda yoki xayolidan o‘tkazganda, payg‘ambarning chiqishiga guvoh bo‘lgungacha umrini uzaytirishini va u bilan uchrashib baxtli bo‘lishini, unga imon keltirganlarning avvalgisi bo‘lishini Allohdan so‘rar edi.
Alloh taolo Husayn ibn Salomning duosini qabul qildi. Hidoyat va rahmat payg‘ambari yuborilgunga qadar umrini uzun qildi. Payg‘ambar bilan uchrashish, suhbatlashib rohatlanish va Payg‘ambarga nozil qilingan haqqa imon keltirish nasib etdi. Islomga kirish qissasini Husayn roziyallohu anhuning o‘zlaridan eshitamiz.
“Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam zohir bo‘lganini eshitganimda ismi, nasabi, sifati, vaqti va maskani haqida surishtira boshladim. Payg‘ambarning vasflari bilan bizning kitoblarimizdagi payg‘ambar vasflarini solishtirdim, toki, muvaffaqiyatga ishonib, da’vatining rostligini bilgunimcha. So‘ng bu ishlarni yahudiylardan bekitdim va tilimni u haqda gapirishdan tiydim. Toki, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga chiqqan kungacha. Yasribga kelib Quboga tushganlarida oldimizga bir kishi kelib u zotning insonlar orasida kelganliklarini ovoza qila boshladi. Men ana shu soatda bog‘imdagi xurmoning ustida edim. Ammam Xolida binti Horis quyida edi. Xabarni eshitgan zahoti: “Alloh buyukdir” “Alloh buyukdir” deb qichqirdim. Mening takbirimni eshitgan ammam; “Alloh umidingni puchga chiqarmasin, Allohga qasam, agar Muso ibn Imronning kelganini eshitganingda bundan ortiq hech nima qilmagan bo‘lar eding”, dedi. Men unga aytdim: “Ey amma, u, albatta, Imron o‘g‘li Musoning birodaridir va uning dinidadir. Darhaqiqat Muso yuborgan narsa bilan yuborilgandir. Ammam sukut qilib turib: Albatta, u o‘zidan avvalgi narsani tasdiqlovchi va Robbining risolatini yetkazuvchi deb sizlar xabar bergan payg‘ambarmi?” deb so‘radi. Men: “Ha, xuddi shunday”, dedim.
U kishi: «Unday bo‘lsa u o‘sha ekan», dedi. So‘ng men Rasulullohning oldilariga yugurib bordim. Insonlarni u zotning eshiklari oldida to‘plangan holda ko‘rdim. Men ham izdihomga qo‘shildim, hatto oldilariga borib qoldim, U kishidan eshitgan narsalarimning avvalgisi ushbu so‘zlardir: “Ey insonlar, salomni oshkora qiling, ochlarni taomlantiring, tunda insonlar uyqudaligida namoz o‘qing – shunda jannatga salomat kirasiz”.
Men u zotni diqqat bilan kuzatdim va doimo birga bo‘ldim, albatta, yuzlaridan yolg‘onchi emasliklariga ishondim. So‘ngra yaqinlashib bordim-da: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisidir», deb guvohlik berdim. So‘ng men tomonga qarab: «Isming nima?» dedilar: “Men Husayn ibn Salom” dedim. Balki «Abdulloh ibn Salom», dedilar. So‘ng huzurlaridan uyimga kelib ahlim va bolalarimni islomga chaqirdim. Ularning barchasi islomga kirdi. Qari bo‘lishiga qaramay, ammam Xolida ham islomga kirdi.
«Toki, izn bermagunimcha mening va o‘zingizning islomga kirganingizni yashiringlar», dedim. Ular «xo‘p», deyishdi, So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib u zotga: «Yahudiy qavmi bo‘htonchi va yolg‘onchi qavmdir. Yahudiylarning boshliqlarini chaqirib meni bir xonaga yashirishingizni, islomga kirganimni bilishlaridan avval ularning orasidagi mavqeim haqida so‘rashingizni va ularni islomga chaqirishingizni xohlardim. Shubhasiz, ular islomga kirganimni bilishsa, meni ayblashadi, meni har xil kamchiliklar bilan haqoratlashadi va menga tuhmat qilishadi», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni bir xonaga kiritdilar. So‘ng ularni chaqirdilar-da islomga va iymonga da’vat eta boshladilar. O‘zlarining kitoblaridagi xabarlarni bildirdilar. Ular Rasululloh bilan haq to‘g‘risida tortisha boshladi. Men eshitib turgan edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning iymonga kelishlaridan noumid bo‘lganlaridan so‘ng ulardan: Husayn ibn Salomning orangizda mavqei qanday?» deb so‘radilar. Ular: “U bizning sayyidimiz va boshlig‘imizning o‘g‘li va bizning olimimiz va olimimizning o‘g‘li”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U islomga kirsa siz ham islomga kirasizmi?» deb so‘radilar. Ular: “Alloh asrasin, islomga kirishi mumkin emas, Alloh uni islomga kirishidan saqlagan” deyishdi. Ularga chiqib aytdim; «Ey yahudiylar jamoasi. Allohdan qo‘rqing, Muhammad sollallohu alayhi vasallam sizlarga olib kelgan dinni qabul qiling. Allohga qasamki, u Allohning Rasuli ekanini bilasiz, ismi va sifatlari yozilgan manbani topgansiz. Men guvohlik beraman, albatta, u Allohning Rasulidir va unga imon keltiraman. Uni tasdiq etaman, uni e’tirof etaman”. Ular: “Yolg‘on gapirding. Allohga qasam, albatta, sen bizning eng yomonimizsan va yomonimizning o‘g‘lisan va johilimizsan va johilimizning o‘g‘lisan” deyishdi. Meni ayblamagan biror ayb qolmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim: “Sizga aytmaganmidim, yahudiylar bo‘htonchi va yolg‘onchi qavmdir, albatta. ular aldovchi va buzuqlik ahlidir”.
Abdulloh ibn Salom islomni chanqoq kishi suv ichganidek qabul qildi. U Qur’onga qattiq berilgan edi. Tilovatdan to‘xtamasdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga erta-yu kech ergashib yurardi. O‘zini jannat uchun amal qilishlikka boshladi. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar orasida xushxabarni aytdilar. Xushxabarni Qays ibn Abbod va boshqalar rivoyat qilgan. Roviy aytdi: “Madinada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlaridagi ilm xalqalarini birida o‘tirgan edim. Xalqada insonlarni to‘lqinlantiradigan qalblarni rohatlantiradigan shaxs bor edi. Insonlarga yoqadigan ta’sirli hadislar aytardi.
U o‘rnidan turib ketganidan so‘ng qavm aytdi: “Kimni jannat ahlidan bir kishiga qarashi xursand qilsa bu kishiga qarasin”. Men: «Kim bu odam?» dedim. Qavm: “Abdulloh ibn Salom”, dedilar. Men o‘zimga “Allohga qasamki, unga ergashaman”, dedim va ortidan ketdim. U shahar chetigacha bordi va manziligi kirdi. Men kirishga izn so‘radim. Ruxsat berdi. Kirib o‘tirganimdan so‘ng:
– Ey jiyanim, nima hojating bor, – deb so‘radi.
– Masjiddan chiqayotganingizda odamlar siz haqingizda “Kimni jannat ahlidan bo‘lgan bir kishiga qarash xursand qilsa, mana bu kishiga qarasin” deyotganlarini eshitdim. Siz haqingizda bilishni va sizni jannat ahlidan ekaningizni qanday bilganlarini bilish uchun sizga ergashdim, – dedim.
Abdulloh ibn Salom:
– Jannat ahlini Alloh biluvchidir, ey bolam, – dedilar.
Men:
– To‘g‘ri, lekin ular bekorga bunday deyishmayotgandir, – dedim.
Abdulloh ibn Salom:
– Uning sababini senga aytib beraman, – dedi.
– Men ayting, Alloh sizni mukofotlasin! – dedim.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik kezlarida bir kecha uxlayotgan edim, oldimga bir kishi kelib: “Tur”, dedi. Men turdim, qo‘limdan tutdi, chap tomonimda yo‘l bor edi, men undan yurishni xohladim. Kishi menga: “U yoqdan yurma, u sen uchun emas”, dedi. Shu payt o‘ng tomonimda yorug‘ yo‘lni ko‘rdim. Kishi:”Undan yur”, dedi. Go‘zal, yam-yashil keng-mo‘l boqqa borguncha yurdim. Uning o‘rtasida temirdan bo‘lgan ustun bor edi. Ildizi yerda uchi osmonda edi. Uni eng nihoyasida tilladan bo‘lgan halqa bor edi. Menga: “Unga ko‘taril”, dedi. Men: “uddalay olmayman”, dedim. Oldimga xizmatchi kelib meni ko‘tardi, bas, ustun oldiga yetgunimcha ko‘tarildim. Ikki qo‘lim bilan halqani ushladim. Tong otguncha unga osilgan holimda qoldim. Tong otgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib u kishiga ko‘rgan tushimni aytib berdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sen chap tomoningni ko‘rgan yo‘ling do‘zax ahlidan bo‘lgan chap tomon egalarining yo‘lidir. O‘ng tomoningda ko‘rgan yo‘ling jannat ahlidan bo‘lgan o‘ng tomon egalarining yo‘lidir. Yashilligi va porloqligi bilan seni zavqlantirgan bog‘ islomdir. Ustun – din, halqa – mustahkam dastakdir, to vafot etgunimga qadar uni mahkam ushlashda bardavom bo‘lasan”, dedilar. Ana shu dastakni, islom ahkomlarini mahkam tutib yashash umrimning mazmunidir, – dedi.
Boqijon Rahimov,
«Hidoya» o‘rta maxsus islom bilim yurti tarbiyachisi
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!