Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

05.05.2017 y. O‘tganlarni xotiralash

02.05.2017   7823   11 min.
05.05.2017 y. O‘tganlarni xotiralash

 بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Yurtimizda an’anaviy nishonlanadigan alohida e’tibor qaratiladigan kunlardan biri “Xotira va qadrlash kuni”dir. Bu kunda biz o‘tmishda o‘tgan ajdodlarimiz, xususan Vatan ozodligi va xalqimizning farovonligi yo‘lida jonlarini fido qilib, bugungi kunda olamdan o‘tib ketgan barcha fidoyi yurtdoshlarimizni yodga olamiz. Biz o‘tganlarni maxsus bir kunda, ayni 9 mayda xotiralashimiz ramziy ma’noda bo‘lib, aslida har doim, har lahzada ularni eslab duolar qilamiz, ularning hayot yo‘llarini o‘rganib, ulardan namunalar olamiz. Shuningdek, kelajak avlod bo‘lmish farzandlarimizga ham o‘tgan ajdodlarmizning hayoti biz uchun ulkan namuna ekanini uqtirib kelamiz. Ularning yaxshiliklarini hamisha, har doim yodda tutamiz, zero, “O‘tmishsiz kelajak yo‘q” deb bejizga aytilmagan.

Dinimizda o‘tganlarni eslash, ularga duoyi-xayrlar qilish ibodat hisobalanadi. Shu bilan birga bu amal hayot yurgan kishilarning zimmasidagi burch bo‘lib, dunyodan o‘tib ketganlarning haqqidir. Qur’oni karimda shunday deyilgan:

وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ

 (سورة الحشر/10)

ya’ni: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan”!(Hashr surasi, 10-oyat)

Demak, imonda o‘tgan zotlar haqqiga istig‘for aytmog‘imiz imonimiz taqozasidagi amaldir. Shuningdek, o‘tib ketgan kishilar ortlarida qolgan qarindosh va yaqinlari kabi hayot yurganlarning duolaridan umidvor bo‘lishlari haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadisi shariflar vorid bo‘lgan. U zot bu holatni yanada tushunarli bo‘lishi uchun misol tariqasida quyidagicha marhamat qilganlar:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ رضي اللّه عنهما قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَا الْمَيِّتُ فِي الْقَبْرِ إِلَّا كَالْغَرِيقِ الْمُتَغَوِّثِ، يَنْتَظِرُ دَعْوَةً تَلْحَقُهُ مِنْ أَبٍ أَوْ أُمٍّ أَوْ أَخٍ أَوْ صَدِيقٍ، فَإِذَا لَحِقَتْهُ كَانَتْ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنَ الدُّنْيَا وَمَا فِيهَا، وَإِنَّ اللهَ عَزَّ وَجَلَّ لَيُدْخِلُ عَلَى أَهْلِ الْقُبُورِ مِنْ دُعَاءِ أَهْلِ الْأَرْضِ أَمْثَالَ الْجِبَالِ، وَإِنَّ هَدِيَّةَ الْأَحْيَاءِ إِلَى الْأَمْوَاتِ الِاسْتِغْفَارُ لَهُمْ".

رواه البيهقي في شعب الإيمان

Ya’ni, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qabrdagi mayyit xuddi suvga cho‘kayotib, yordamga chaqirayotgan kishiga o‘xshaydi. Otasidan yoki onasidan yo inisidan yo do‘stidan duo kelishiga intizor bo‘ladi. Agar unga duo yetib borsa, duo uning uchun dunyo va undagi narsalardan ko‘ra mahbubroq bo‘ladi. Albatta, Alloh taolo qabr ahliga Yer yuzidagilarning duolarini tog‘larning misolida kiritadi. Tiriklarning mayyitlarga hadyalari ular uchun istig‘for aytmoqlikdir”, dedilar”.(Bayhaqiy rivoyati)

Muhtaram jamoat! Vafot etgan kishilar Vatan ozodligi va uning taraqqiyoti uchun jon fido qilgan zotlar bo‘lishsa, yoki ota-onamiz yo bizning tarbiyamizga mashg‘ul bo‘lgan ustozlar bo‘lishsa, ularni eslab duo qilishimiz yanada munosibdir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan:

وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا

 Ya’ni, “Ey, Rabbim! meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, sen ham ularga rahm qilgin", - deb ayt!”(Isro surasi, 24-oyat)

Sufyon rahmatullohi alayhdan so‘radilar: “Inson o‘z ota-onasini qancha marta duo  qiladi, har kunimi, har oydami, yoki har yildami?”. Shunda u: “Ularni tashahhudning oxirida duo qilsin deb o‘ylayman”, dedilar.

Ya’ni, duolar ijobat bo‘ladigan paytda duo qilishning ta’limini berdilar. Shunday ekan, farzand duolar ijobat bo‘ladigan paytlarda eng avvalo ota-onalarining haqqiga duo qilib olishi lozim bo‘ladi.

Hayot yurgan kishilar ibodatda bo‘lib, solih amallar qilishsa, vafot etgan ularning yaqinlari xursand bo‘lishadi. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan:

حَدَّثَنَا عَبْدُ الرَّزَّاقِ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ عَمَّنْ سَمِعَ أَنَسَ بْنَ مَالِكٍ يَقُولُ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ أَعْمَالَكُمْ تُعْرَضُ عَلَى أَقَارِبِكُمْ وَعَشَائِرِكُمْ مِنْ الْأَمْوَاتِ فَإِنْ كَانَ خَيْرًا اسْتَبْشَرُوا بِهِ وَإِنْ كَانَ غَيْرَ ذَلِكَ قَالُوا اللَّهُمَّ لَا تُمِتْهُمْ حَتَّى تَهْدِيَهُمْ كَمَا هَدَيْتَنَا.

رواه أَحْمَدُ

Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagicha kelgan:“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta amallaringiz o‘tib ketgan yaqinlaringiz va qarindoshlaringizga namoyish qilib turiladi. Agar (amallaringiz) yaxshi bo‘lsa, ular undan xursand bo‘lishadi. Agar undan boshqacha bo‘lsa, ular: “Allohim, bizni hidoyat qilganing kabi ularni ham hidoyat qilmacdan jonlarini olmagin”, deyishadi”, dedilar. (Imom Ahmad rivoyat qilgan)

Muhtaram jamoat! O‘tganlarga nisbatan zimmamizdagi burchlarimizdan yana biri ularni doimo yaxshi sifatlar bilan eslab turishimizdir. Bu haqda Rasululloh sollalohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:

عن ابن عمر رضي اللّه عنهما أن رسول اللّه صلى اللّه عليه وسلم قال:  اذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتاكُمْ وكُفُّوا عَنْ مَساوِيهِمْ.

رواه أبو داود والترمذي

Ya’ni, Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: O‘tganlaringizning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”, dedilar”.(Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyatqilgan).

O‘tganlarning yaxshi amallarini eslash avvalo ularning ruhlarini shod qilsa, qolaversa, yaxshi sifatlar, xayrli amallar, solih kishilar eslansa, u joyga barakalar yog‘ilib turadi.

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Solihlar zikr qilingan joyga rahmat yog‘iladi”, degan. Chunki bunda xayrli ishga targ‘ib bo‘ladi, solih kishilardan namuna olishga rag‘bat ortadi hamda insonlarda yaxshilikka harakat qilish muhabbati hosil bo‘ladi. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar, yurtmizdan o‘tgan allomalar, Vatan uchun jonini fido qilib o‘tgan jasur qahramonlar va shular kabi solih kishilar va ularning qilib o‘tgan ishlari ko‘proq eslansa, yaxshiroq va maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! O‘tganlarni eslashimiz ular haqidagi bizlarning guvohligimiz hisoblanadi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن أنسٍ رضي الله عنه قال: مَرُّوا بِجَنَازَةٍ فَأَثْنَوْا عَلَيْهَا خَيْراً فَقَالَ النبيُّ صلى الله عليه وسلم: «وَجَبَتْ». ثُمَّ مَرُّوا بِأُخْرَى، فَأثْنَوْا عَلَيْهَا شَرّاً، فَقَالَ النبي صلى الله عليه وسلم: «وَجَبَتْ». فَقَالَ عمر بن الخطاب رضي الله عنه: مَا وَجَبَت؟ فَقَالَ: «هَذَا أثْنَيْتُمْ عَلَيْهِ خَيْراً، فَوَجَبتْ لَهُ الجَنَّةُ، وهَذَا أثْنَيْتُمْ عَلَيْهِ شَرّاً، فَوَجَبَتْ لَهُ النَّار، أنْتُمْ شُهَدَاءُ اللهِ في الأَرضِ»

متفقٌ عَلَيْهِ

Ya’ni, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Tobut olib o‘tishdi. (Odamlar) mayyitni yaxshilik bilan sifatlab maqtadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: vojib bo‘ldi”, dedilar. So‘ngra boshqa tobutni olib o‘tishdi. (Odamlar) uni yomonlik bilan sifatlashdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: vojib bo‘ldi”, dedilar. Umar roziyallohu anhu: “nima vojib bo‘ldi?”, deb so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: Bunisini yaxshilik bilan maqtagan edingiz, unga jannat vojib bo‘ldi. Bunisini esa yomonlik bilan sifatlagan edingiz, unga do‘zax vojib bo‘ldi. Sizlar Allohning yer yuzidagi guvohlarisizlar”, dedilar”. (Muttafaqun alayh).

Muhtaram jamoat, Mustaqillik yillarida 9 may kunini Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanib kelinishi, hech shubhasiz, yurtimizda tarixiy xotirani tiklash yo‘lida hayotning o‘zi taqozo etgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Xotira va qadrlash kuni insonning qalb torlarini cherta olishi bilan hayotni yanada shirinroq qiladigan, odamlarni elu yurtni ko‘proq sevishga undaydigan, olamda mehr-muruvvat, hurmat-e’tibor, qadr-oqibat urug‘lari ko‘proq sochilishiga hissa qo‘shadigan bayramlardandir. Bugungi kunda Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy-umumxalq bayramiga aylandi. Shu kuni ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirlanadi, front ortida fidokorona mehnat qilgan va urushdan omon qaytganlar qadrlanadi.

Har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida davlatimiz tomonidan urush qatnashchilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularni rag‘batlantirish to‘g‘risida Farmon qabul qilinadi. Bu yil ham safimizda yurgan mingdan ziyodroq faxriylarga munosib hurmat ko‘rsatildi. Gap faqat moddiy rag‘batda emas. Asosiysi, e’tibor va qadrlashdadir.

Urush dahshatlariga guvoh bo‘lgan kishilarga  e’tibor bersangiz, ular qo‘llarini duoga ochganlarida yurt tinchligiga ko‘z tegmasin deb, shunday dorilomon kunlarga yetib kelganliklariga shukronalik keltiradilar, ayni paytda, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning hamjihatligi eng katta boyligimiz ekanini, bunday osuda hayot, dorilomon kunlar qadriga yetishni, uni asrab-avaylash zarurligini ta’kidlaydilar.

Darhaqiqat, yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik, obodonchilik va kundan kunga go‘zallashib borayotgan diyorimiz jamolidan, bugungi yangilanishlardan kishining ko‘zi quvonadi, dili yayraydi. Alatta, bularning barchasi eng avvalo yurtimizda xukm surayotgan tinchlik sharofatidandir.

Xotira va qadrlash degan gaplar bir kunlik bayramga bog‘lanib qolmasligi kerak. Vatan, millat, din yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasi bizlar uchun qanchalik ardoqli va muqaddas bo‘lsa, keksalik yoshiga yetgan ulug‘larimizning qadriga yetish, hurmatlarini joyiga qo‘yish ham shunchalik muhimdir.

Muhtaram azizlar! Bu kunlarda qilinadigan xayrli ishlardan biri yoshi ulug‘ kishilarning holidan xabar olishimiz, ularning qalblariga surur kiritishimizdir. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن عمروبن شعيب عن أبيه عن جده رضي الله عنهم قَالَ: قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: «لَيْسَ منّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرنَا،وَيَعْرِفْ شَرَفَ كَبيرِنَا»

رواه أَبُوداودوالترمذي

Ya’ni, Amr ibn Shuayb otasidan, u bobosi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichigimizga rahm qilmagan va kattamizning haqqini bilmagan kimsa bizdan emasdir”, dedilar”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyati)

Aziz namozxonlar, Alloh taolo barcha marhum ajdodlarimizni O‘zining rahmatiga olib, ularning haqlariga qilayotgan duolarimizni ijobat aylasin, hayot bo‘lgan, yoshi keksa otaxon-onaxonlarimizni qadriga yetib yuraylik, farovon hayot ato etib, o‘zining to‘g‘ri yo‘liga boshlab, ikki dunyo saodatiga musharraf  aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   6971   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari