Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Oktabr, 2025   |   3 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:27
Quyosh
06:46
Peshin
12:12
Asr
15:45
Shom
17:31
Xufton
18:44
Bismillah
25 Oktabr, 2025, 3 Jumadul avval, 1447

Sha’bon oyi haqidagi hadislar

28.04.2017   18127   12 min.
Sha’bon oyi haqidagi hadislar

Oisha onamiz dedilar:

 «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa oylarda sha’bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganlarini ko‘rmadim». 

*   *   *

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

«Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi».

*   *   *

  «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«(Ey Oisha,) bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?» dedilar. Men:

«Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», dedim.

«Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha O‘zining bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat qiladi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi», dedilar.

*   *   *

 Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

«Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag‘firat qiladi».

*   *   *

 Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag‘firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o‘ldiruvchi», dedilar».

*   *   *

 Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

«Qachon sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: «Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman», deydi. Shu vaqtda kim (qalbidan) so‘rasa, unga (o‘zining sha’niga muvofiq) beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa. (Bular o‘zlarining yomon amallari sababidan Alloh taoloning ne’matidan mahrum bo‘lgandirlar)».

*   *   *

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

«Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib, aytdilar:

«Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi».

*   *   *

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Kim savob umidida qoim turib ibodat qilsa, bas, uning qalbi (qiyomat kuni sababidan) odamlarning qalbi o‘lgan paytda uning qalbi o‘lmaydi».

*   *   *

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Bu kechada (ya’ni sha’bonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi?» dedilar. Oisha roziyallohu anho:

«Ey Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?» dedilar.

U zot:

«U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning ammallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi», dedilar».

*   *   *

Usmon ibn Muhammad ibn Mug‘iyra ibn al-Axnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bondan keyingi sha’bongacha ajallar (umrlar) belgilanadi. Bir kishi uylanib, farzand ko‘radi. Vaholanki, uning ismi vafot etganlar safiga kiritib qo‘yilgan bo‘ladi», dedilar».

*   *   *

Roshid ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo o‘lim farishtasiga o‘sha yilda qabz qilishni iroda qilgan har bir jonni qabz qilishni vahiy qiladi», dedilar».

*   *   *

Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo dunyo osmoniga tushib, mushrik va xusumatchidan tashqari barchani mag‘firat qiladi», dedilar».

*   *   *

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Bir kecha men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yo‘qotib qo‘yib, (tashqariga) chiqdim. Qarasam, u zot Baqi’ qabristonida ekanlar. U zot:

«Alloh va Uning Rasuli senga adolatsizlik qiladi deb qo‘rqdingmi?» dedilar. Men:

«Ayollaringizdan birortasining oldiga keldingizmikan, deb o‘ylabman», dedim. U zot:

«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taboraka va taolo dunyo osmoniga tushib, Kalb qabilasining qo‘ylarining junlaridan ham ko‘proq kishilarni mag‘firat qiladi», dedilar».

*   *   *

Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Alloh taolo Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida rahmat bilan nazar qilib, mushrik yoki xusumatchidan boshqa maxluqotlarining barchasini mag‘firat qiladi», dedilar».

*   *   *

Mu’oz roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Alloh azza va jalla Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida maxluqotlariga (rahmat nazari bilan) qaraydi va jamiki maxluqotlarini mag‘firat qiladi. Faqat mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar».

*   *   *

Abu Sa’laba al-Xushaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo maxluqotlariga rahmat nazari bilan qaraydi. Mo‘minlarni mag‘firat qilib, kofirlarga muhlat beradi va gina ahlini o‘z ginalaridan voz kechmagunlaricha tark qiladi», dedilar».

*   *   *

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Alloh azza va jalla Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida maxluqotlariga qarab, bandalarini mag‘firat qiladi. Faqat ikki (toifa) kishilar bundan mustasnodirlar. (Ular) xusumatchi va (nohaq) odam o‘ldiruvchi», dedilar».

*   *   *

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo bandalarini mag‘firat qiladi. Faqat mushrik yoki xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar».

*   *   *

 Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo O‘z maxluqotlariga rahmat nazari bilan qarab, mushrik va qalbida ginasi bor kishidan boshqalarning barchasini mag‘firat qiladi»

*   *   *

Kasir ibn Murra al-Hazramiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi Alloh azza va jalla yer ahlini mag‘firat qiladi. Mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar».

*   *   *

 Usmon ibn Abul Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi (Alloh taolo tomonidan bir) nido qiluvchi: «Mag‘firat so‘rovchi bormi, uni mag‘firat qilsam! So‘rovchi bormi, unga bersam!» deb nido qiladi. Farji bilan zino qiluvchi ayol yoki mushrikdan tashqari kim nimani so‘rasa, (so‘ragan narsasi) unga beriladi», dedilar».

*   *   *

 Oisha roziyallohu anho dedilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimga kirib, kiyimlarini yechdilar, ko‘p o‘tmay, kiyimlarini qaytadan kiydilar. Rashkim tutdi va u zot kundoshlarimning birortasinikiga ketib qoldilarmikan, degan xayolga bordim. (Hujramdan) chiqib, u zotning orqasidan ergashdim. U zotni Baqi’ul g‘orqoda topdim. U zot mo‘minu mo‘mina va shahidlar haqqiga mag‘firat so‘rayotgan edilar. Dilimda: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Siz Robbingizning ishi bilan ekansiz-u, men esa dunyo ishi bilan ovora ekanman», dedim. Ortimga qaytib, xansiragan holatda hujramga kirdim. Rasululloh orqamdan yetib kelib:

«Bu nima nafas olish, ey Oisha!» dedilar. Men:

«Ota-onam sizga fido bo‘lsin, huzurimga kirib, kiyimingizni yechdingiz, ko‘p o‘tmay kiyimingizni qaytadan kiydingiz. Shunda qattiq rashkim keldi. Kundoshlarimning birortasinikiga ketdingizmikan, degan xayolga bordim. Nihoyat sizning Baqi’ qabristonida nima qilayotganingizni ko‘rdim», dedim. U zot:

«Ey Oisha! Alloh va Uning Rasuli senga adolatsizlik qilishidan qo‘rqdingmi? Aslida Jabroil alayhissalom kelib: «Bu kecha sha’bonning o‘n beshinchisi. Bu kecha Alloh taolo Kalb qabilasi qo‘ylarining junlari adadicha kishilarni do‘zaxdan ozod qiladi. Lekin bu kecha Alloh taolo mushrik, qalbida ginasi bor, qarindosh-urug‘ rishtalarini uzuvchi, pochasini oshig‘idan tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘lgan, aroq ichishni odat qilgan kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi, – dedilar. So‘ng kiyimlarini yechib: – Ey Oisha! Bu kechani bedor o‘tkazishga menga izn berasizmi?» dedilar. Men:

«Mayli, ota-onam sizga fido bo‘lsin», dedim.

U zot o‘rinlaridan turdilar va uzoq sajda qildilar. Hatto men u zotning ruhlari qabz qilindimikan, deb o‘yladim. Ushlab ko‘rish uchun o‘rnimdan turdim va qo‘limni oyoqlarining ostiga qo‘ydim. U zot qimirlagan edilar, xursand bo‘lib ketdim. Men u zotning sajdada «A’uzu bi afvika min i’qobik va a’uzu birizoka min saxotik va a’uzu bika minka jalla vajhuka la uhsiy sanaan alayka anta kamaa asnayta alaa nafsika», deyayotganlarini eshitdim. Tong otgach, ularni u zotga zikr qilgan edim:

«Ey Oisha! Ularni o‘rganib oldingizmi?» dedilar. Men:

«Ha», dedim. U zot:

«Ularni yodlab oling va (o‘zgalarga) o‘rgating. Chunki Jabroil alayhissalom ularni menga o‘rgatib, sajdada takror-takror o‘qishimga amr qildilar», dedilar».

Duoning tarjimasi: «Sening afving yordami ila iqobingdan panoh so‘rayman. Sening roziliging yordami ila g‘azabingdan panoh so‘rayman. Sening yordaming ila Sendan panoh so‘rayman. Vajhing ulug‘ bo‘ldi. Senga sanoni hisoblamayman. Sen O‘zingga O‘zing sano aytganing kabisan».

*   *   *

A’lo ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Oisha roziyallohu anho dedilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tunda turib, namoz o‘qidilar va sajdani uzun qildilar. Hatto qabz qilindilar, deb gumon qildim. O‘shani ko‘riboq, boshmaldoqlarini qimirlatgan edim, qimirladi. So‘ng ortga qaytdim. Sajdadan boshlarini ko‘tarib, namozdan forig‘ bo‘ldilar-da:

«Ey Oisha – yoki ey Humayro, – Nabiy senga adolatsizlik qildi, deb o‘yladingmi?» dedilar.

«Allohga qasamki, yo‘q, ey Allohning Rasuli. Lekin sajdangiz cho‘zilib ketganidan qabz qilindingizmi deb o‘yladim», dedim.

«Bugun qaysi kechaligini bilasanmi?» dedilar.

«Alloh va Uning Rasuli bilguvchi», dedim.

«Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasi. Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasida bandalariga qaraydi va istig‘for aytuvchilarni mag‘firat qilib, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi. Xusumatchi ahlni o‘z hollaricha qoldiradi», dedilar».

*   *   *

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va to tong otgunicha:

«Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon» (deydi)» dedilar».

 

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar

Musulmon bo‘lmaganlarni ichki va tashqi tajovuzlardan saqlashlik

24.10.2025   965   3 min.
Musulmon bo‘lmaganlarni ichki va tashqi tajovuzlardan saqlashlik

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Islom fiqhiga ko‘ra musulmon bo‘lmaganlarning haq-huquqlarini muhofaza qilish – mamlakatning eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Agarda biror shahs uning qaysi millatga, dinga mansubligidan qat’i nazar musulmon bo‘lmagan fuqaroga tajovuz, jabr-zulm qilsa bunday jinoyatlardan musulmon bo‘lmaganlarni himoya qilish o‘sha davlatning majburiyatlaridan sanaladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda: Va zulm qilganlarni esa, fisqu fujurlari sababli yomon azobga tutdik”[1], deb marhamat qilgan.

Qur’on karimda o‘zgalarga ozor beruvchi hamda zulm qiluvchilar ulkan azobga duchor bo‘lishlari zikr etilmoqda. Shunga ko‘ra Islom dini musulmon bo‘lmaganlarni ichki jabr-zulmdan va zo‘ravonliklardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratadi va musulmon bo‘lmaganlarni muhofaza qilishni Islom davlatining burchi hamda majburiyatlaridan qilib qo‘ygan.

Islom dini hech bir musulmonga qo‘li va tili bilan ham musulmon bo‘lmaganlarning huquqlariga tajovuz qilishlariga, ularga qarshi kuch ishlatib ozor berishlariga ruhsat bermaydi.

Shafqatsizlik, berahmlik va o‘zgalarga zulm qilish bu dunyoda ham oxiratda ham mushkul (og‘ir), iztirobli va alamli oqibatlarga olib borishi haqida juda ko‘p oyat va hadislarda aytib o‘tilgan. Ayniqsa musulmon bo‘lmaganlarga nisbatan zulm qilish alohida man etilgan.

Abu Dovudning “Sunan” asarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Qiyomatda jabr chekkan, zulm ko‘rgan odamlarning himoyachisi men bo‘laman” deb aytgan hadislari avvalgi mavzuda keltirib o‘tilgandi.

Bugungi kunda ham har bir millat, davlat o‘zining xoh musulmon xoh musulmon bo‘lmagan fuqarolarining hayotlarini tashqi hujum va tajovuzlardan hamda turli hil urushlardan muhofaza qilishga javobgar sanaladi.

Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Musulmon bo‘lmagan aholi soliqni to‘lar ekan endi ularning moli ham va joni ham bizning molimiz va jonimiz kabi bo‘lishi lozim”[2].

Hanbaliy mazhabiga oid manbalardan biri “Matalib uli al-nuha”da quyidagilar bayon etiladi: “Islom davlati o‘zining musulmon bo‘lmagan aholisini azob-uqubatlarning har qanday ko‘rinishlaridan to‘la muhofaza etishga majbur, chunki ular shu davlatning fuqarolari hisoblanadi”[3].

Qur’oni karim oyatlari, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari hamda Islom olami ulamolarining bildirgan fikrlariga ko‘ra musulmon musulmon bo‘lmaganni uning musulmon bo‘lmaganligi sababli joniga qasd qilishga, or-nomusini haqorat qilishga hamda mol-mulkini talon-taroj qilishga hech qanday haqqi yo‘q.

Shu bilan birga Islom dini musulmon bo‘lmaganlarning nafaqat joni yoki molining havfsizligini ta’minlaydi, balki musulmon bo‘lmaganlarning ibodatgohlarini ham muhofaza etadi.


“The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi


[1] Qur’oni karim, 7:165.
[2] Ibn Qudama, al-Mug‘niy, 9:181, al-Zayla’y, Nasb al-raya, 3:381.
[3] Mustafo ibn Sa’d, Matalib uli al-nuha, 2:602-603.