Oisha onamiz dedilar:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa oylarda sha’bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganlarini ko‘rmadim».
* * *
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi».
* * *
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«(Ey Oisha,) bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?» dedilar. Men:
«Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», dedim.
«Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha O‘zining bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat qiladi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi», dedilar.
* * *
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag‘firat qiladi».
* * *
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag‘firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o‘ldiruvchi», dedilar».
* * *
Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Qachon sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: «Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman», deydi. Shu vaqtda kim (qalbidan) so‘rasa, unga (o‘zining sha’niga muvofiq) beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa. (Bular o‘zlarining yomon amallari sababidan Alloh taoloning ne’matidan mahrum bo‘lgandirlar)».
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib, aytdilar:
«Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi».
* * *
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Kim savob umidida qoim turib ibodat qilsa, bas, uning qalbi (qiyomat kuni sababidan) odamlarning qalbi o‘lgan paytda uning qalbi o‘lmaydi».
* * *
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bu kechada (ya’ni sha’bonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi?» dedilar. Oisha roziyallohu anho:
«Ey Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?» dedilar.
U zot:
«U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning ammallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi», dedilar».
* * *
Usmon ibn Muhammad ibn Mug‘iyra ibn al-Axnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bondan keyingi sha’bongacha ajallar (umrlar) belgilanadi. Bir kishi uylanib, farzand ko‘radi. Vaholanki, uning ismi vafot etganlar safiga kiritib qo‘yilgan bo‘ladi», dedilar».
* * *
Roshid ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo o‘lim farishtasiga o‘sha yilda qabz qilishni iroda qilgan har bir jonni qabz qilishni vahiy qiladi», dedilar».
* * *
Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo dunyo osmoniga tushib, mushrik va xusumatchidan tashqari barchani mag‘firat qiladi», dedilar».
* * *
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Bir kecha men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yo‘qotib qo‘yib, (tashqariga) chiqdim. Qarasam, u zot Baqi’ qabristonida ekanlar. U zot:
«Alloh va Uning Rasuli senga adolatsizlik qiladi deb qo‘rqdingmi?» dedilar. Men:
«Ayollaringizdan birortasining oldiga keldingizmikan, deb o‘ylabman», dedim. U zot:
«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taboraka va taolo dunyo osmoniga tushib, Kalb qabilasining qo‘ylarining junlaridan ham ko‘proq kishilarni mag‘firat qiladi», dedilar».
* * *
Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh taolo Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida rahmat bilan nazar qilib, mushrik yoki xusumatchidan boshqa maxluqotlarining barchasini mag‘firat qiladi», dedilar».
* * *
Mu’oz roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh azza va jalla Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida maxluqotlariga (rahmat nazari bilan) qaraydi va jamiki maxluqotlarini mag‘firat qiladi. Faqat mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar».
* * *
Abu Sa’laba al-Xushaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo maxluqotlariga rahmat nazari bilan qaraydi. Mo‘minlarni mag‘firat qilib, kofirlarga muhlat beradi va gina ahlini o‘z ginalaridan voz kechmagunlaricha tark qiladi», dedilar».
* * *
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh azza va jalla Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida maxluqotlariga qarab, bandalarini mag‘firat qiladi. Faqat ikki (toifa) kishilar bundan mustasnodirlar. (Ular) xusumatchi va (nohaq) odam o‘ldiruvchi», dedilar».
* * *
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida Alloh taolo bandalarini mag‘firat qiladi. Faqat mushrik yoki xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar».
* * *
Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo O‘z maxluqotlariga rahmat nazari bilan qarab, mushrik va qalbida ginasi bor kishidan boshqalarning barchasini mag‘firat qiladi»
* * *
Kasir ibn Murra al-Hazramiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi Alloh azza va jalla yer ahlini mag‘firat qiladi. Mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir», dedilar».
* * *
Usmon ibn Abul Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi (Alloh taolo tomonidan bir) nido qiluvchi: «Mag‘firat so‘rovchi bormi, uni mag‘firat qilsam! So‘rovchi bormi, unga bersam!» deb nido qiladi. Farji bilan zino qiluvchi ayol yoki mushrikdan tashqari kim nimani so‘rasa, (so‘ragan narsasi) unga beriladi», dedilar».
* * *
Oisha roziyallohu anho dedilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimga kirib, kiyimlarini yechdilar, ko‘p o‘tmay, kiyimlarini qaytadan kiydilar. Rashkim tutdi va u zot kundoshlarimning birortasinikiga ketib qoldilarmikan, degan xayolga bordim. (Hujramdan) chiqib, u zotning orqasidan ergashdim. U zotni Baqi’ul g‘orqoda topdim. U zot mo‘minu mo‘mina va shahidlar haqqiga mag‘firat so‘rayotgan edilar. Dilimda: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Siz Robbingizning ishi bilan ekansiz-u, men esa dunyo ishi bilan ovora ekanman», dedim. Ortimga qaytib, xansiragan holatda hujramga kirdim. Rasululloh orqamdan yetib kelib:
«Bu nima nafas olish, ey Oisha!» dedilar. Men:
«Ota-onam sizga fido bo‘lsin, huzurimga kirib, kiyimingizni yechdingiz, ko‘p o‘tmay kiyimingizni qaytadan kiydingiz. Shunda qattiq rashkim keldi. Kundoshlarimning birortasinikiga ketdingizmikan, degan xayolga bordim. Nihoyat sizning Baqi’ qabristonida nima qilayotganingizni ko‘rdim», dedim. U zot:
«Ey Oisha! Alloh va Uning Rasuli senga adolatsizlik qilishidan qo‘rqdingmi? Aslida Jabroil alayhissalom kelib: «Bu kecha sha’bonning o‘n beshinchisi. Bu kecha Alloh taolo Kalb qabilasi qo‘ylarining junlari adadicha kishilarni do‘zaxdan ozod qiladi. Lekin bu kecha Alloh taolo mushrik, qalbida ginasi bor, qarindosh-urug‘ rishtalarini uzuvchi, pochasini oshig‘idan tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘lgan, aroq ichishni odat qilgan kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi, – dedilar. So‘ng kiyimlarini yechib: – Ey Oisha! Bu kechani bedor o‘tkazishga menga izn berasizmi?» dedilar. Men:
«Mayli, ota-onam sizga fido bo‘lsin», dedim.
U zot o‘rinlaridan turdilar va uzoq sajda qildilar. Hatto men u zotning ruhlari qabz qilindimikan, deb o‘yladim. Ushlab ko‘rish uchun o‘rnimdan turdim va qo‘limni oyoqlarining ostiga qo‘ydim. U zot qimirlagan edilar, xursand bo‘lib ketdim. Men u zotning sajdada «A’uzu bi afvika min i’qobik va a’uzu birizoka min saxotik va a’uzu bika minka jalla vajhuka la uhsiy sanaan alayka anta kamaa asnayta alaa nafsika», deyayotganlarini eshitdim. Tong otgach, ularni u zotga zikr qilgan edim:
«Ey Oisha! Ularni o‘rganib oldingizmi?» dedilar. Men:
«Ha», dedim. U zot:
«Ularni yodlab oling va (o‘zgalarga) o‘rgating. Chunki Jabroil alayhissalom ularni menga o‘rgatib, sajdada takror-takror o‘qishimga amr qildilar», dedilar».
Duoning tarjimasi: «Sening afving yordami ila iqobingdan panoh so‘rayman. Sening roziliging yordami ila g‘azabingdan panoh so‘rayman. Sening yordaming ila Sendan panoh so‘rayman. Vajhing ulug‘ bo‘ldi. Senga sanoni hisoblamayman. Sen O‘zingga O‘zing sano aytganing kabisan».
* * *
A’lo ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Oisha roziyallohu anho dedilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tunda turib, namoz o‘qidilar va sajdani uzun qildilar. Hatto qabz qilindilar, deb gumon qildim. O‘shani ko‘riboq, boshmaldoqlarini qimirlatgan edim, qimirladi. So‘ng ortga qaytdim. Sajdadan boshlarini ko‘tarib, namozdan forig‘ bo‘ldilar-da:
«Ey Oisha – yoki ey Humayro, – Nabiy senga adolatsizlik qildi, deb o‘yladingmi?» dedilar.
«Allohga qasamki, yo‘q, ey Allohning Rasuli. Lekin sajdangiz cho‘zilib ketganidan qabz qilindingizmi deb o‘yladim», dedim.
«Bugun qaysi kechaligini bilasanmi?» dedilar.
«Alloh va Uning Rasuli bilguvchi», dedim.
«Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasi. Alloh taolo sha’bonning o‘n beshinchi kechasida bandalariga qaraydi va istig‘for aytuvchilarni mag‘firat qilib, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi. Xusumatchi ahlni o‘z hollaricha qoldiradi», dedilar».
* * *
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va to tong otgunicha:
«Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon» (deydi)» dedilar».
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi