Inson salomatligi hamda xotirjamligi uchun organizmda barcha vitaminlar va mineral moddalar me’yorda bo‘lishi zarur
U yoki bu moddaning yetishmovchiligidan inson tanasi xastalanib, bu haqda signal beradi.
Bu kalsiy moddasiga ham tegishlidir. Uning yetishmovchiligidan nafaqat bolalar va yoshi ulug‘ kishilar, balki mehnatga yaroqli yoshdagi aholi ham aziyat chekadi.
Bundan tashqari yoshligida yetarli miqdorda kalsiy moddasiga boy ne’matlardan iste’mol qilmaslik qariganda suyak va bo‘g‘im kasalliklariga chalinishga sabab bo‘ladi.
Quyida keltiriladigan tanadagi o‘zgarishlar kishini bu haqda ogohlantiradi:
- Tirnoq, soch va suyaklar mo‘rtligi.
- Tirnoq yupqalashib, sekin o‘sadi, lat yeyish va sinish hollari oson bo‘lib qoladi. Sochlarning rangi o‘chib, ko‘p to‘kiladi, uchlaridan sinishi ko‘payadi.
- Kalsiy yetishmovchiligidan tishlar zaiflashadi. Ular sinuvchan va shikastlanishga ta’sirchan bo‘lib qoladi.
- Kalsiy yetishmovchiligini boshidan kechirayotgan kishi asabiy va serjahl bo‘lib qoladi. Tez charchaydi, fikrlari tarqoq bo‘ladi. Shuningdek, badanda tez-tez titroq yuz berib turadi.
- Bolalarda o‘sishning sekinlashuvi kalsiy yetishmovchiligidan darak beradi.
Kalsiy yetishmovchiligi aniqlanganida shifokorlar bu holatni me’yoriga keltirishga o‘tishadi. Bunda avval parhez uslubi tavsiya etiladi. Organizmda kalsiy moddasini ko‘paytirish uchun shifokorlar kalsiyga boy bo‘lgan tabiiy ozuqaviy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilishga asoslaniladi. Bunday ozuqaviy manbalar qatoriga sut mahsulotlari (tvorog, sut, yogurt, kefir, pishloq, qaymoq va boshqalar); yashil sabzavotlar karam, turp va rediska bargi bilan, yaproqli ko‘katlar (rayhon, petrushka, ukrop); dukkakli o‘simliklar (no‘xat, fasol); yong‘oqlar (pista, yong‘oq, bodom); kunjut, baliq konservalari va turli mevalarning yangi olingan sharbatlari kiradi.
Organizm kalsiyni o‘zlashtirishiga ma’danli gazlashtirilgan ichimliklar, kofe va alkogol to‘sqinlik qiladi.
Jaloliddin Nuriddinov
27 aprel 2017 yil
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Aksa urish Alloh taolodan, esnash esa shaytondandir. Shuning uchun qachon birortangiz esnasa, qo‘lini og‘ziga qo‘ysin. Agar (esnagan paytda): “ooh, ooh” desa, shayton uning ichida kuladi. Alloh taolo aksa urishni yaxshi ko‘radi, esnashni yomon ko‘radi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
1. Aksirganda qo‘li yo kiyimini og‘ziga qo‘yish.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aksirganlarida qo‘llarini yoki kiyimlarini og‘zilariga qo‘yardilar va u bilan ovozlarini pasaytirardilar” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu sunnatga amal qilish tufayli aksirgan paytda yonidagi kishilarga aziyat berishdan saqlangan bo‘ladi.
2. Aksirganda ovozini pasaytirish.
Aksirishda juda baland ovoz chiqarish odobsizlikdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa, ikki kaftini og‘ziga qo‘ysin va ovozini pasaytirsin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
3. Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish.
Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdu lillah” (Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh”(Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum (Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
4. Aksirib Allohga hamd aytgan kishiga “tashmit” aytish. Musulmon kishining haqlaridan biri aksirganda unga tashmit aytish hisolanadi. Aksirgandan so‘ng Allohga hamd aytgan kishiga “yarhamukalloh”, deb aytishdir.Tashmit aytish uchun, aksirgan odam Allohga hamd aytishi kerak bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdulillah”(Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh” (Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum” (Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD