Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

28.04.2017 y. Halollikni lozim tutaylik!

25.04.2017   7866   12 min.
28.04.2017 y. Halollikni lozim tutaylik!

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Alloh taolo insonni mavjudotlarning eng sharaflisi etib yaratgan. Islom dini insonlarni ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritish uchun lozim bo‘lgan barcha narsalarni bayon qilib bergan. Insonlar dinimiz ko‘rsatmalariga  rioya qilib yashasalar, dunyoda tinch-omonlikda yashab, saodatli hayot kechiradilar. Buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda shunday deyilgan:

عَنْ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍرَضِيَ الله عَنْهُ عن النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الْحَلَالُ بَيِّنٌ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ لَا يَعْلَمُهَا كَثِيرٌ مِنْ النَّاسِ فَمَنْ اتَّقَى الْمُشَبَّهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ وَمَنْ وَقَعَ فِي الشُّبُهَاتِ كَرَاعٍ يَرْعَى حَوْلَ الْحِمَى يُوشِكُ أَنْ يُوَاقِعَهُ أَلَا وَإِنَّ لِكُلِّ مَلِكٍ حِمًى أَلَا إِنَّ حِمَى اللَّهِ فِي أَرْضِهِ مَحَارِمُهُ أَلَا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ أَلَا وَهِيَ الْقَلْبُ.

رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Ya’ni, Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Halol ochiq oydindir, harom ochiq oydindir. Ular orasida ko‘pchilik odamlar bilmaydigan shubhali narsalar bor. Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va sha’ni uchun pok tutibdi. Kim shubhali narsalarga tushsa, xuddi qo‘riqxona atrofida cho‘ponlik qilib, unga o‘tib ketay degan cho‘ponga o‘xshaydi. Ogoh bo‘ling! Albatta, har bir podshohning qo‘riqxonasi bordir. Ogoh bo‘ling! Albatta, Allohning yerdagi qo‘riqxonasi – harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo‘ling! Tanada bir parcha go‘sht bor, u sog‘lom bo‘lsa, butun tana sog‘lom bo‘ladi. U buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘ling! O‘sha narsa qalbdir”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharif halol narsalar bayon qilinganini, bandalar harom va shubhali narsalardan saqlanib, faqat halolni talab qilishi lozim ekanini bayon qilyapti.

Muhtaram jamoat! Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta o‘rinlarida mo‘min-musulmon bandalarini halol rizq yeyishga buyurgan. Jumladan Alloh taolo Baqara surasida shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ  

ya’ni: “Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”(Baqara 168-oyat).

Ushbu oyati karimada shaytonning izidan ergashish halol-pok rizqlarni yeyishga zid qilib qo‘yilmokda. Bundan murod – “Shaytonning yo‘lida yurganlarni halollik yo‘lidan yurishga qo‘ymaydi", deganidir. O‘tgan ahli solihlarimizdan Sahl ibn Abdulloh: “Najot uch narsada - halol yeyish, farzlarni ado etish va Nabiy alayhissalomga ergashishdadir”, deganlar.

Haloldan rizq yeyish deganda yeydigan narsaning halol bo‘lishining o‘zi kifoya qilmaydi. Balki unga halol yo‘l bilan erishish lozim bo‘ladi. Chunki iste’mol qilinadigan narsa garchi shar’iy jihatdan halol bo‘lsa-da, lekin ayrim insonlar uni harom yo‘l bilan qo‘lga kiritib iste’mol qilishlari ham mumkin.

Rasululloh (s.a.v.) vidolashuv hajida ko‘p narsalarni vasiyat qilganlar. Shular qatorida boshqa kishilarning molini zulm bilan yeyish haromligini o‘qtirib aytdilar: “Ogoh bo‘linglar! Albatta Alloh taolo sizlarga qonlaringiz va mollaringizni bir-biringizga harom qildi”. Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, insonlarning qonini to‘kish qanchalik yomon amal bo‘lsa, ularning mollarini nohaqdan yeyish ham shunchalik manfur (nafratli) amaldir.

Alloh taolo yana bir oyatda shunday marhamat qilgan:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ

Ya’ni, “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ ، رَضِيَ الله عَنْهُمَا قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:» أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا اللَّهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ فَإِنَّ نَفْسًا لَنْ تَمُوتَ حَتَّى تَسْتَوْفِيَ رِزْقَهَا وَإِنْ أَبْطَأَ عَنْهَا فَاتَّقُوا اللَّهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ خُذُوا مَا حَلَّ وَدَعُوا مَا حَرُمَ« .

رَوَاهُ ابن ماجة

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing va talabni go‘zal qiling! Chunki hech bir jon garchi (rizqi)  undan kechiksa-da, lekin rizqini to‘liq olmagunicha vafot etmaydi. Shunday ekan, Allohdan qo‘rqing va talabni go‘zal qiling. Halol bo‘lganini oling va harom qilinganini tark qiling!”, dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda rizqni halol-pokiza yo‘l bilan talab qilishga, harom yo‘lga zinhor yaqinlashmaslikka targ‘ib qilinmoqda.

Muhtaram  jamoat! Halollik deganda nafaqat rizq talab qilish, balki barcha ishlarimizda halol yo‘lni tanlashimiz lozimdir. Halollikning mezoni kengdir. Har bir mo‘min, u kim bo‘lishidanqat’iy nazar, halollikka ahamiyat berishi uning jamiyat oldidagi burchidir. Shuningdek, kamolot topishi hamda Alloh taoloning fazlu-karamiga erishib ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritishi uchun halollikni lozim tutish o‘ta ahamiyatlidir. Bu esa turli kasb va sohalarda xizmat qilayotganlar iymonu ixlos bilan halollikni lozim tutishini ifodalaydi.

Jumladan: Nonvoy erta-tongdan unni qorib, kasbga kirishar ekan, yopadigan noni har bir insonning qo‘liga halol pok yetib borishi uchun undan pokizalik talab qilinadi. Hatto peshonasidan tomadigan terni ham qorayotgan xamirga tommasligi chorasini ko‘rishi lozimdir.

Qassob ham so‘yayotgan jonliqni "Bismilloh"ni aytib, halol pokiza so‘yishi, jamiyatga halol go‘sht taqdim qilishni o‘zining burchi deb bilishi hamda bu borada o‘zini  omonatdor his qilishi lozimdir.

Jamoat joylarida xizmat qilayotgan oshpazlar, hatto idish-tovoq yuvushchilar ham pokizalikka katta ahamiyat qaratishi lozim bo‘ladi.

Haydovchilar ham belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilib, yo‘lovchilar xavfsizligini  ko‘zlab harakat qilishi va o‘zgalarga xalaqit bermasdan avtoulovlarni boshqarishi lozim bo‘ladi.

O‘qituvchi-muallimlar ham dars vaqtini rioya qilishi hamda o‘z kasbining omonatdori ekanini aslo unumasliklari lozimdir. Ular sinfxonada 45 minut yoki 80 minut dars vaqtidan har bir daqiqasini unumli foydalanishi, o‘quvchi yoki talabalarga manfaatli bilimlari yetkazishga bor imkoniyatini sarflashi, buning uchun esa avvalo darsga yaxshi tayyotgarlik ko‘rib vaqtida kelishi lozim bo‘ladi.

O‘quvchi talabalar ham o‘qituvchining hamda sinfdoshlarining vaqtini behuda zoye qilmasligi uchun uy vazifalarini yaxshi tayyorlab kelishlari, bu borada ularni ota-onalari qattiq nazorat qilishlari talab qilinadi.

Shuningdek, xalqning sog‘lig‘iga mas’ul bo‘lgan soha mutaxassislarining xizmatlari ham alohida tahsinga munosibdir. Shunday bo‘lsa-da, ularga maslahatimiz bemorlarga nisbatan imkon qadar yaxshi muomala qilishi, ularni davolashda bor imkoniyatlarini ishga solishlari lozim bo‘ladi.

Xuddi shu kabi boshqa barcha soha vakillari ham halollikka ahamiyat qaratishi, o‘zlari Alloh taoloning huzurida hamda jamiyat oldida kasbining omondori deb bilishlari lozim bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Halollik ba’zan bandaga qiyin ko‘rinib, uning nafsiga yoqmasligi mumkin. Lekin bandalar halollikning ortida jannat borligini, shuningdek, haromning ortida esa do‘zax borligi bilishi va shunga ko‘ra amal qilishi lozim bo‘ladi. Hadisi sharifda shunday deyilgan: Alloh taolo jannatni va do‘zaxni yaratgan vaqtida Jabroilni jannatga jo‘natib: “Unga va u yerda uning ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarimga qara”, - dedi. U kelib unga va u yerda Alloh taolo jannat ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarga qaradi. So‘ngra Allohning huzuriga qaytib borib: “Izzatingga qasamki, bu haqida eshitgan kishi borki, albatta, unga kiradi” dedi. So‘ngra Alloh jannatga buyurdi, u bajarilishi qiyin va insonning nafsiga zid amallar bilan o‘raldi. Alloh taolo Jabroilga: “Unga qaytib bor va u yerda uning ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarimga qara”, - dedi. Jabroil unga qaytib kelib qarasa, u bajarilishi qiyin va insonning nafsiga zid amallar bilan o‘ralibdi-ku. U Allohning huzuriga qaytdi va: “Izzatingga qasamki, unga biror kimsa kirolmasa kerak, deb xavfsirab qoldim”, - dedi. Alloh taolo unga: “Do‘zaxga bor va u yerda uning ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarimga qara”, - dedi. Qarasa, uning ba’zisi ba’zining ustida turgan edi. Shunda u (Jabroil) Allohning huzuriga qaytib borib: “Izzatingga qasamki, u haqida eshitmay qolgan kimsagina unga kirishi mumkin”, - dedi. Alloh unga buyurdi, u shahvatlar (nafsning xohishlari) bilan o‘raldi. Alloh taolo: “Unga qaytib borib qara”, - dedi. Jabroil qaytib borib qaradi va: “Izzatingga qasamki, undan biror kimsa najot topa olmay, unga kirib ketsa kerak deb qo‘rqib qoldim”, - dedi”, - deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Yahyo ibn Muoz rahmatullohi alayh shunday degan: “Ey odam bolasi, jannat nafs xush ko‘rmaydigan narsalar bilan o‘ralgan. Sen esa (nafsingga ergashib) ularni yomon ko‘ryapsan. Jahannam nafs xohlaydigan narsalar bilan o‘ralgan. Sen esa (nafsingga ergashib) ularni talab qilyapsan. Sen xuddi qattiq dardga chalingan bemor kabisan. Agar bandaning nafsi muolajaning og‘rig‘iga sabr qila olsa, sabr sababli shifoga erishadi. Agar uning nafsi muolaja sababli yetadigan og‘riqqa sabr qila olmasa, kasali uzayib boraveradi”.

Muhtaram jamoat! Duolarimiz ijabot bo‘lishi uchun ham biz barcha ishlarda halollikni lozim tutishimiz kerak. Zero hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Ey insonlar, albatta, Alloh taolo pokdir, pok (amal)dan o‘zgasini qabul qilmas. Albatta, Alloh taolo payg‘ambarlarni nimaga buyurgan bo‘lsa, mo‘minlarni ham shunga buyurgandir. (Alloh taolo): “Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu ish qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman (Mu’minun surasi, 51-oyat) degan, hamda: “Ey, mo‘minlar! Biz sizlarga rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar!” (Baqara surasi, 172-oyat)degan. So‘ngra (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) sochlari to‘zg‘ib chang-to‘zonga belanib, uzun safar qiladigan va qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Robbim, ey Robbim” – deya duo qiladigan kishini (misol tariqasida) zikr qilib: “Uning yegani harom, ichgani harom, kiygani harom, haromdan ozuqalangan, shunday ekan, qanday qilib (uning duosi) ijobat qilinsin”, dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.  

Muhtaram jamoat! Demak, hayotimizning barcha o‘rinlarida biz halollikni lozim tutaylik. Halolligimiz bir-birimizning mulkimizga ko‘z olaytirmasligimiz, kasb-korimizdan kelib chiqadigan ishlarni fidokorona bajarmog‘imiz, shuningdek, ummatimizning barcha o‘zaro munosabatlarida halollik aks etmog‘i lozim.

Alloh taolo xalqimizning barcha ishlarini haloldan bo‘lishini muvaffaq qilsin, halol kasb qilayotgan yurtdoshlarimizning kasbi-korlariga barakalar ato qilsin. Yurtimizni hamisha tinch, osmonimizni esa musaffo qilsin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   32484   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari