بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taolo insonni mavjudotlarning eng sharaflisi etib yaratgan. Islom dini insonlarni ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritish uchun lozim bo‘lgan barcha narsalarni bayon qilib bergan. Insonlar dinimiz ko‘rsatmalariga rioya qilib yashasalar, dunyoda tinch-omonlikda yashab, saodatli hayot kechiradilar. Buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda shunday deyilgan:
عَنْ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍرَضِيَ الله عَنْهُ عن النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الْحَلَالُ بَيِّنٌ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ لَا يَعْلَمُهَا كَثِيرٌ مِنْ النَّاسِ فَمَنْ اتَّقَى الْمُشَبَّهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ وَمَنْ وَقَعَ فِي الشُّبُهَاتِ كَرَاعٍ يَرْعَى حَوْلَ الْحِمَى يُوشِكُ أَنْ يُوَاقِعَهُ أَلَا وَإِنَّ لِكُلِّ مَلِكٍ حِمًى أَلَا إِنَّ حِمَى اللَّهِ فِي أَرْضِهِ مَحَارِمُهُ أَلَا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ أَلَا وَهِيَ الْقَلْبُ.
رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Ya’ni, Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Halol ochiq oydindir, harom ochiq oydindir. Ular orasida ko‘pchilik odamlar bilmaydigan shubhali narsalar bor. Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va sha’ni uchun pok tutibdi. Kim shubhali narsalarga tushsa, xuddi qo‘riqxona atrofida cho‘ponlik qilib, unga o‘tib ketay degan cho‘ponga o‘xshaydi. Ogoh bo‘ling! Albatta, har bir podshohning qo‘riqxonasi bordir. Ogoh bo‘ling! Albatta, Allohning yerdagi qo‘riqxonasi – harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo‘ling! Tanada bir parcha go‘sht bor, u sog‘lom bo‘lsa, butun tana sog‘lom bo‘ladi. U buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘ling! O‘sha narsa qalbdir”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharif halol narsalar bayon qilinganini, bandalar harom va shubhali narsalardan saqlanib, faqat halolni talab qilishi lozim ekanini bayon qilyapti.
Muhtaram jamoat! Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta o‘rinlarida mo‘min-musulmon bandalarini halol rizq yeyishga buyurgan. Jumladan Alloh taolo Baqara surasida shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ
ya’ni: “Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”(Baqara 168-oyat).
Ushbu oyati karimada shaytonning izidan ergashish halol-pok rizqlarni yeyishga zid qilib qo‘yilmokda. Bundan murod – “Shaytonning yo‘lida yurganlarni halollik yo‘lidan yurishga qo‘ymaydi", deganidir. O‘tgan ahli solihlarimizdan Sahl ibn Abdulloh: “Najot uch narsada - halol yeyish, farzlarni ado etish va Nabiy alayhissalomga ergashishdadir”, deganlar.
Haloldan rizq yeyish deganda yeydigan narsaning halol bo‘lishining o‘zi kifoya qilmaydi. Balki unga halol yo‘l bilan erishish lozim bo‘ladi. Chunki iste’mol qilinadigan narsa garchi shar’iy jihatdan halol bo‘lsa-da, lekin ayrim insonlar uni harom yo‘l bilan qo‘lga kiritib iste’mol qilishlari ham mumkin.
Rasululloh (s.a.v.) vidolashuv hajida ko‘p narsalarni vasiyat qilganlar. Shular qatorida boshqa kishilarning molini zulm bilan yeyish haromligini o‘qtirib aytdilar: “Ogoh bo‘linglar! Albatta Alloh taolo sizlarga qonlaringiz va mollaringizni bir-biringizga harom qildi”. Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, insonlarning qonini to‘kish qanchalik yomon amal bo‘lsa, ularning mollarini nohaqdan yeyish ham shunchalik manfur (nafratli) amaldir.
Alloh taolo yana bir oyatda shunday marhamat qilgan:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ
Ya’ni, “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ ، رَضِيَ الله عَنْهُمَا قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:» أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا اللَّهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ فَإِنَّ نَفْسًا لَنْ تَمُوتَ حَتَّى تَسْتَوْفِيَ رِزْقَهَا وَإِنْ أَبْطَأَ عَنْهَا فَاتَّقُوا اللَّهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ خُذُوا مَا حَلَّ وَدَعُوا مَا حَرُمَ« .
رَوَاهُ ابن ماجة
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing va talabni go‘zal qiling! Chunki hech bir jon garchi (rizqi) undan kechiksa-da, lekin rizqini to‘liq olmagunicha vafot etmaydi. Shunday ekan, Allohdan qo‘rqing va talabni go‘zal qiling. Halol bo‘lganini oling va harom qilinganini tark qiling!”, dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda rizqni halol-pokiza yo‘l bilan talab qilishga, harom yo‘lga zinhor yaqinlashmaslikka targ‘ib qilinmoqda.
Muhtaram jamoat! Halollik deganda nafaqat rizq talab qilish, balki barcha ishlarimizda halol yo‘lni tanlashimiz lozimdir. Halollikning mezoni kengdir. Har bir mo‘min, u kim bo‘lishidanqat’iy nazar, halollikka ahamiyat berishi uning jamiyat oldidagi burchidir. Shuningdek, kamolot topishi hamda Alloh taoloning fazlu-karamiga erishib ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritishi uchun halollikni lozim tutish o‘ta ahamiyatlidir. Bu esa turli kasb va sohalarda xizmat qilayotganlar iymonu ixlos bilan halollikni lozim tutishini ifodalaydi.
Jumladan: Nonvoy erta-tongdan unni qorib, kasbga kirishar ekan, yopadigan noni har bir insonning qo‘liga halol pok yetib borishi uchun undan pokizalik talab qilinadi. Hatto peshonasidan tomadigan terni ham qorayotgan xamirga tommasligi chorasini ko‘rishi lozimdir.
Qassob ham so‘yayotgan jonliqni "Bismilloh"ni aytib, halol pokiza so‘yishi, jamiyatga halol go‘sht taqdim qilishni o‘zining burchi deb bilishi hamda bu borada o‘zini omonatdor his qilishi lozimdir.
Jamoat joylarida xizmat qilayotgan oshpazlar, hatto idish-tovoq yuvushchilar ham pokizalikka katta ahamiyat qaratishi lozim bo‘ladi.
Haydovchilar ham belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilib, yo‘lovchilar xavfsizligini ko‘zlab harakat qilishi va o‘zgalarga xalaqit bermasdan avtoulovlarni boshqarishi lozim bo‘ladi.
O‘qituvchi-muallimlar ham dars vaqtini rioya qilishi hamda o‘z kasbining omonatdori ekanini aslo unumasliklari lozimdir. Ular sinfxonada 45 minut yoki 80 minut dars vaqtidan har bir daqiqasini unumli foydalanishi, o‘quvchi yoki talabalarga manfaatli bilimlari yetkazishga bor imkoniyatini sarflashi, buning uchun esa avvalo darsga yaxshi tayyotgarlik ko‘rib vaqtida kelishi lozim bo‘ladi.
O‘quvchi talabalar ham o‘qituvchining hamda sinfdoshlarining vaqtini behuda zoye qilmasligi uchun uy vazifalarini yaxshi tayyorlab kelishlari, bu borada ularni ota-onalari qattiq nazorat qilishlari talab qilinadi.
Shuningdek, xalqning sog‘lig‘iga mas’ul bo‘lgan soha mutaxassislarining xizmatlari ham alohida tahsinga munosibdir. Shunday bo‘lsa-da, ularga maslahatimiz bemorlarga nisbatan imkon qadar yaxshi muomala qilishi, ularni davolashda bor imkoniyatlarini ishga solishlari lozim bo‘ladi.
Xuddi shu kabi boshqa barcha soha vakillari ham halollikka ahamiyat qaratishi, o‘zlari Alloh taoloning huzurida hamda jamiyat oldida kasbining omondori deb bilishlari lozim bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Halollik ba’zan bandaga qiyin ko‘rinib, uning nafsiga yoqmasligi mumkin. Lekin bandalar halollikning ortida jannat borligini, shuningdek, haromning ortida esa do‘zax borligi bilishi va shunga ko‘ra amal qilishi lozim bo‘ladi. Hadisi sharifda shunday deyilgan: “Alloh taolo jannatni va do‘zaxni yaratgan vaqtida Jabroilni jannatga jo‘natib: “Unga va u yerda uning ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarimga qara”, - dedi. U kelib unga va u yerda Alloh taolo jannat ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarga qaradi. So‘ngra Allohning huzuriga qaytib borib: “Izzatingga qasamki, bu haqida eshitgan kishi borki, albatta, unga kiradi” dedi. So‘ngra Alloh jannatga buyurdi, u bajarilishi qiyin va insonning nafsiga zid amallar bilan o‘raldi. Alloh taolo Jabroilga: “Unga qaytib bor va u yerda uning ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarimga qara”, - dedi. Jabroil unga qaytib kelib qarasa, u bajarilishi qiyin va insonning nafsiga zid amallar bilan o‘ralibdi-ku. U Allohning huzuriga qaytdi va: “Izzatingga qasamki, unga biror kimsa kirolmasa kerak, deb xavfsirab qoldim”, - dedi. Alloh taolo unga: “Do‘zaxga bor va u yerda uning ahli uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarimga qara”, - dedi. Qarasa, uning ba’zisi ba’zining ustida turgan edi. Shunda u (Jabroil) Allohning huzuriga qaytib borib: “Izzatingga qasamki, u haqida eshitmay qolgan kimsagina unga kirishi mumkin”, - dedi. Alloh unga buyurdi, u shahvatlar (nafsning xohishlari) bilan o‘raldi. Alloh taolo: “Unga qaytib borib qara”, - dedi. Jabroil qaytib borib qaradi va: “Izzatingga qasamki, undan biror kimsa najot topa olmay, unga kirib ketsa kerak deb qo‘rqib qoldim”, - dedi”, - deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Yahyo ibn Muoz rahmatullohi alayh shunday degan: “Ey odam bolasi, jannat nafs xush ko‘rmaydigan narsalar bilan o‘ralgan. Sen esa (nafsingga ergashib) ularni yomon ko‘ryapsan. Jahannam nafs xohlaydigan narsalar bilan o‘ralgan. Sen esa (nafsingga ergashib) ularni talab qilyapsan. Sen xuddi qattiq dardga chalingan bemor kabisan. Agar bandaning nafsi muolajaning og‘rig‘iga sabr qila olsa, sabr sababli shifoga erishadi. Agar uning nafsi muolaja sababli yetadigan og‘riqqa sabr qila olmasa, kasali uzayib boraveradi”.
Muhtaram jamoat! Duolarimiz ijabot bo‘lishi uchun ham biz barcha ishlarda halollikni lozim tutishimiz kerak. Zero hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ey insonlar, albatta, Alloh taolo pokdir, pok (amal)dan o‘zgasini qabul qilmas. Albatta, Alloh taolo payg‘ambarlarni nimaga buyurgan bo‘lsa, mo‘minlarni ham shunga buyurgandir. (Alloh taolo): “Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu ish qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman (Mu’minun surasi, 51-oyat) degan, hamda: “Ey, mo‘minlar! Biz sizlarga rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar!” (Baqara surasi, 172-oyat)degan. So‘ngra (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) sochlari to‘zg‘ib chang-to‘zonga belanib, uzun safar qiladigan va qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Robbim, ey Robbim” – deya duo qiladigan kishini (misol tariqasida) zikr qilib: “Uning yegani harom, ichgani harom, kiygani harom, haromdan ozuqalangan, shunday ekan, qanday qilib (uning duosi) ijobat qilinsin”, dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Muhtaram jamoat! Demak, hayotimizning barcha o‘rinlarida biz halollikni lozim tutaylik. Halolligimiz bir-birimizning mulkimizga ko‘z olaytirmasligimiz, kasb-korimizdan kelib chiqadigan ishlarni fidokorona bajarmog‘imiz, shuningdek, ummatimizning barcha o‘zaro munosabatlarida halollik aks etmog‘i lozim.
Alloh taolo xalqimizning barcha ishlarini haloldan bo‘lishini muvaffaq qilsin, halol kasb qilayotgan yurtdoshlarimizning kasbi-korlariga barakalar ato qilsin. Yurtimizni hamisha tinch, osmonimizni esa musaffo qilsin! Omin!
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati