Savol: Assalomu alaykum. Ba’zi mamlakatlarda juma namozini ayollar masjidga borib o‘qishadi. Islomda ayollar masjidga borib namoz o‘qishi mumkinmi. Shu haqda aniqroq ma’lumot berib o‘tsangiz.
Javob: Va alaykum assalom!
Hanafiy mazhabida erkaklar uchun namozni jamoat bilan o‘qishning hukmi sunnati muakkada ya’ni vojibga yaqin bo‘lgan sunnatdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Jamoat bilan o‘qilgan namoz sizlardan biringizning o‘zi yolg‘iz o‘qigan namozidan yigir besh bo‘lak (yana bir rivoyatda yigirma besh daraja) afzal-savobi ortiq bo‘lur”, deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Barcha manbalarda farz namozlarni shar’iy uzri bo‘lmagani holda masjidda ado etishni tark qilgan erkak kishi gunohkor bo‘lishi aytilgan.
Ayollarning farz namozlarni masjidga kelib, erkaklarni ortidan saf tortib, bir imomga iqtido qilib, jamoat bo‘lib o‘qishlari borasida turli fikrlar bor. Avvalo, bu boradagi hadisi shariflarni aytib o‘tamiz:
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohning cho‘rilari(ya’ni xotin kishilar)ni Allohning masjidlaridan man qilmangiz. Lekin ular (masjidga chiqsalar) xushbo‘ylanmagan holda chiqsinlar”, deganlar. (Abu Dovud rivoyati).
Bu hadisda erkak kishilarga ayollarning jamoat namoziga chiqishidan qaytarmasliklarini buyurib, ayollarni begona erkaklar e’tiborini o‘ziga tortuvchi barcha omillarni qilishdan qaytarmoqda.
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollaringizni masjidlar(ga chiqish)dan man qilmangiz. Va ularga uylarida namoz o‘qishlari o‘zlari uchun yaxshiroqdir”, deganlar. (Abu Dovud rivoyati).
Bu hadisi sharifda ayollar farz namozlarni o‘z uylarida o‘qishlari o‘zlari uchun xayrli va afzal ekani aytilmoqda. Barcha dalillarda ularga nomahram erkaklarning ko‘zi tushishi ortidan biror fitna-nomaqbul ish kelib chiqish xavfi bo‘lmagan hollarda ayollarning masjidga chiqishlari joiz – vojib yoki sunnat emas, faqat ruxsat – ekani ta’kidlangan. Agar fitna xavfi bo‘lsa, joiz bo‘lmasligida shubha yo‘q. Oisha onamiz raziyallohu anho ham aynan shu ma’noga urg‘u berib, bunday deganlar: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hozirgi ayollar paydo qilgan narsalarni ko‘rganlarida edi – xuddi Banu Isroil qavmining ayollari man etigani kabi – bularni ham masjidga chiqishdan man qilgan bo‘lar edilar”.
(Imom Buxoriy rivoyati).
Yuqorida zikr qilingan va boshqa ko‘plab dalillarni o‘rgangan faqihlar quyidagi fikrlarni aytganlar:
Alloma Badruddin Ayniyning “Al-Binoya sharhul-Hidoya” kitobida Abu Hanifa rahimahulloh va ba’zi buyuk mujtahid imomlar fitna xavfi bo‘lmagan hollarda qariya kampirlar bomdod, shom, xufton namozlariga masjidga chiqishlariga ruxsat berganlarini, keyinchalik zamonlar ancha o‘zgarib, fisq-u fasod keng tarqagan paytdagi faqihlar hatto kampirlarni ham hech bir namozni, na tungi va na kunduzgi namoz bo‘lsin, masjidda o‘qishlariga ruxsat bermay, qattiq man qilganlarini aytganlar. Yosh qiz va juvonlarni har qaysi namozni jamoatda o‘qishini barcha faqihlar bir ovozdan man qilgan. Chunki ular bor joy fitnadan xoli bo‘lmasligi aniq.
Alloma Alouddin Kosoniy rahimahullohning “Badoye’us-Sanoye’ fiy tartibish-sharoye’” kitoblarida quyidacha bayon qilinadi:
“...Ayollarga namozni jamoat bilan ado qilish vojib bo‘lmaydi... Chunki ayollarning jamoat namozlariga chiqishida fitna bordir”.
Buyuk faqih Mulla Ali qori rahimahulloh ham “Fathu bobil-inoya bi sharhin-nuqoya” kitobida bu masalani atroflicha bahs qilib, quyidagicha xulosani aytganlar:
Imom Abu Hanifa rahimahulloh kampirlarga qorong‘uda o‘qiladigan namozlarni jamoat bilan o‘qishga ruxsat bergan bo‘lsalar-da, hozirgi fasod zamonda ularni ham yosh qiz va juvonlar kabi masjidga kelishlaridan man qilish kerak. Bunga Oisha onamizning yuqorida zikr qilingan so‘zlarini dalil qilganlar.
Ayollar uylarida o‘zlari jamoat bo‘lib namoz o‘qisalar joiz. Faqat, bir sharti bor – imom bo‘layotgan ayol safning o‘rtasida, iqtido qilgan ayollar bilan bir qatorda turishi kerak. Bir saf yoki biroz oldinga turib olsa, yaqqol ko‘zga tashlanib qolgani uchun makruh bo‘ladi
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.
Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.
Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.
Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.
Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.
Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana