frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ayollar masjidga borib namoz o‘qishi mumkinmi?

22.04.2017   28252   4 min.
Ayollar masjidga borib namoz o‘qishi  mumkinmi?

Savol: Assalomu alaykum. Ba’zi mamlakatlarda juma namozini ayollar masjidga borib o‘qishadi. Islomda ayollar masjidga borib namoz o‘qishi  mumkinmi. Shu haqda aniqroq ma’lumot berib o‘tsangiz. 

Javob: Va alaykum assalom!

Hanafiy mazhabida erkaklar uchun namozni jamoat bilan o‘qishning hukmi sunnati muakkada ya’ni vojibga yaqin bo‘lgan sunnatdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Jamoat bilan o‘qilgan namoz sizlardan biringizning o‘zi yolg‘iz o‘qigan namozidan yigir besh bo‘lak (yana bir rivoyatda yigirma besh daraja) afzal-savobi ortiq bo‘lur”, deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Barcha manbalarda farz namozlarni shar’iy uzri bo‘lmagani  holda masjidda ado etishni tark qilgan erkak kishi gunohkor bo‘lishi aytilgan.  

Ayollarning farz namozlarni masjidga kelib, erkaklarni ortidan saf tortib, bir imomga iqtido qilib, jamoat bo‘lib o‘qishlari borasida turli fikrlar bor. Avvalo, bu boradagi hadisi shariflarni aytib o‘tamiz:

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohning cho‘rilari(ya’ni xotin kishilar)ni Allohning masjidlaridan man qilmangiz. Lekin ular (masjidga chiqsalar) xushbo‘ylanmagan holda chiqsinlar”, deganlar. (Abu Dovud rivoyati).

Bu hadisda erkak kishilarga ayollarning jamoat namoziga chiqishidan qaytarmasliklarini buyurib, ayollarni begona erkaklar e’tiborini o‘ziga tortuvchi barcha omillarni qilishdan qaytarmoqda.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollaringizni masjidlar(ga chiqish)dan man qilmangiz. Va ularga uylarida namoz o‘qishlari o‘zlari uchun yaxshiroqdir”, deganlar. (Abu Dovud rivoyati).  

Bu hadisi sharifda ayollar farz namozlarni o‘z uylarida o‘qishlari o‘zlari uchun xayrli va afzal ekani aytilmoqda. Barcha dalillarda ularga nomahram erkaklarning ko‘zi tushishi ortidan biror fitna-nomaqbul ish kelib chiqish xavfi bo‘lmagan hollarda ayollarning masjidga chiqishlari joiz – vojib yoki sunnat emas, faqat ruxsat – ekani ta’kidlangan. Agar fitna xavfi bo‘lsa, joiz bo‘lmasligida shubha yo‘q. Oisha onamiz raziyallohu anho ham aynan shu ma’noga urg‘u berib, bunday deganlar: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hozirgi ayollar paydo qilgan narsalarni ko‘rganlarida edi – xuddi Banu Isroil qavmining ayollari man etigani kabi – bularni ham masjidga chiqishdan man qilgan bo‘lar edilar”.  

(Imom Buxoriy rivoyati).

Yuqorida zikr qilingan va boshqa ko‘plab dalillarni o‘rgangan faqihlar quyidagi fikrlarni aytganlar:

Alloma Badruddin Ayniyning “Al-Binoya sharhul-Hidoya” kitobida Abu Hanifa rahimahulloh va ba’zi buyuk mujtahid imomlar fitna xavfi bo‘lmagan hollarda qariya kampirlar bomdod, shom, xufton namozlariga masjidga chiqishlariga ruxsat berganlarini, keyinchalik zamonlar ancha  o‘zgarib, fisq-u fasod keng tarqagan paytdagi faqihlar hatto kampirlarni ham hech bir namozni, na tungi va na kunduzgi namoz bo‘lsin, masjidda o‘qishlariga ruxsat bermay, qattiq man qilganlarini aytganlar. Yosh qiz va juvonlarni har qaysi namozni jamoatda o‘qishini barcha faqihlar bir ovozdan man qilgan. Chunki ular bor joy fitnadan xoli bo‘lmasligi aniq.    

Alloma Alouddin Kosoniy rahimahullohning “Badoye’us-Sanoye’ fiy tartibish-sharoye’” kitoblarida quyidacha bayon qilinadi:

“...Ayollarga namozni jamoat bilan ado qilish vojib bo‘lmaydi... Chunki ayollarning jamoat namozlariga chiqishida fitna bordir”.  

Buyuk faqih Mulla Ali qori rahimahulloh ham “Fathu bobil-inoya bi sharhin-nuqoya” kitobida bu masalani atroflicha bahs qilib, quyidagicha xulosani aytganlar:

Imom Abu Hanifa rahimahulloh kampirlarga qorong‘uda o‘qiladigan namozlarni jamoat bilan o‘qishga ruxsat bergan bo‘lsalar-da, hozirgi fasod zamonda ularni ham yosh qiz va juvonlar kabi masjidga kelishlaridan man qilish kerak. Bunga Oisha onamizning yuqorida zikr qilingan so‘zlarini dalil qilganlar.

Ayollar uylarida o‘zlari jamoat bo‘lib namoz o‘qisalar joiz. Faqat, bir sharti bor – imom bo‘layotgan ayol safning o‘rtasida, iqtido qilgan ayollar bilan bir qatorda turishi kerak. Bir saf yoki biroz oldinga turib olsa, yaqqol ko‘zga tashlanib qolgani uchun makruh bo‘ladi

FATVOLAR
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

03.08.2026   3437   1 min.
Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

#xabar #Sirdaryo #sport

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.


Turnirda viloyatning barcha tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar ishtirok etib, sport mahorati va o‘zaro hamjihatlik ruhini namoyon etdilar.


Bellashuvlar do‘stona muhit, sog‘lom raqobat va yuqori kayfiyatda o‘tdi. Tadbir ishtirokchilarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda hamkasblar o‘rtasidagi o‘zaro ahillikni mustahkamlashga xizmat qildi.


Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Xabibulloh domla Zokirov tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Sirdaryo viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari