Savol: Boin taloqdan idda o‘tirgan ayolga oshkora sovchi qo‘ysa bo‘ladimi?
Javob: Dinimizda insonning qadri, uning sha’ni shu qadar yuksakki, hatto vafot etgan odamga ham tiriklar kabi hurmat saqlanadi. Shuning uchun bir kishi vafot etsa, uning bevasi erining, nikohning haqqi-hurmati tufayli idda o‘tiradi. Bu iddadan maqsad faqatgina uning homilador bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash emas. Beva qolgan ayol eri bilan birga yashagan hayotining hurmati uchun ham idda o‘tiradi. Shuning uchun eri vafot qilgani uchun idda o‘tirgan ayolga oshkora sovchi qo‘yish mumkin emas. Bunday ayolga sovchi qo‘yilsa, maqsadni ochiq aytmay, ishora bilan izhor qilinadi. Bu narsa shariatimizda ta’riz deb ataladi. Masalan, beva qolgan ayolning akasiga «Singlingizning iddasi tugaganda menga xabar qiling», deyish mumkin.
Eri bor, ammo undan boin taloq olgan ayollarning masalasi ham xuddi shunday. Ularga ham ochiqcha sovchi qo‘yib bo‘lmaydi. Sovchi bo‘lish uchun idda tugashini kutish kerak. Shundan keyingina, agar o‘zining eri uni qaytarib olmasa, iddasi tugab, boshi ochiq bo‘lgandan keyingina unga sovchi qo‘ysa bo‘ladi.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Andijon viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Shoiraxon hoji onaning umr yo‘ldoshlari Odiljon otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Shoiraxon hoji onaga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz