Bugungi kunda yoshlar orasida internetning “jozibador” va ko‘zga ko‘rinmas qarmoqlariga ilinib qolishini oldini olish, ularni internetdagi taxdidlaridan himoyalash, kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bu borada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni faol olib borish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yozilgan muhim asarlardan biri, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepov qalamiga mansub “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobidir.
Joriy yilning 19 aprel kuni Toshkent islom instituti tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi majlislar zalida ushbu kitobning yangi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla Turmatov, Toshkent shahar Chilonzor tumani bosh imom-xatibi Husniddin Abdukarimov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda respublikamizdagi barcha diniy ta’lim muassasalaridan kelgan ustoz va talabalar ishtirok etdilar.
Dastlab, Toshkent viloyati vakili Xayrulla Turmatov so‘zga chiqib, ushbu kitobda, hozirgi zamonning eng dolzarb muammolariga munosib yechimlar borligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng, Chilonzor tumani bosh imom-xatibi Husniddin Abdukarimov so‘zga chiqib, kitobning bugungi kundagi ahamiyati, undagi hayotiy voqe’alardan jonli misollar keltirdi.
Taqdimot davomida talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi taqdim etildi.
Taqdimot so‘ngida, Toshkent islom instituti talabalari orasida “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobining yangi nashri bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 1-“b” kurs talabasi Mansurov Musaxon, 2-“d” kurs talabasi Najmiddinov Baxtiyorjon va 3-“b” kurs talabasi Nizamatdinov Yesengeldilar g‘olib deb topilib, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Taqdimot marosimi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlarining yurtimiz tinchligi va farovonligini so‘rab qilgan ezgu duolari bilan yakunlandi.
Kamoliddin MAHKAMOV,
Toshkent islom instituti
Axborot resurs markazi mudiri.
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.