Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

21.04.2017 y. Hadis ilmining sultoni

18.04.2017   6892   9 min.
21.04.2017 y. Hadis ilmining sultoni

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining tashabbusi bilan bu yil aprel oyi masjidlarimizda buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy oyligi deb e’lon qilindi. Bu bejizga emas. Muhaddislar sultoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining «tabibi», nabaviy hadislarning sahihlarini ajratib, ulardan Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish «Sahihi Buxoriy» nomli hadislar to‘plamini tuzgan bu ulug‘ alloma, imomud-dunyo, olimlar peshvosining nomi butun dunyoda mashhur va ma’lum.

  Hadis ilmida “mo‘minlar amiri” unvonini olgan ulug‘ muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Ahnaf ibn Bardazbih al-Jo‘fiy al-Buxoriy Movarounnahrning eng ko‘hna va go‘zal shaharlaridan Buxoroi sharifda, hijriy 194  (milodiy 810) yil ramazon oyining o‘n uchinchisida, juma kuni tavallud topdilar.

Imom Buxoriy butun hayotlarini, intilish va harakatlarini hadis ilmiga baxshida etgan edilar. Juda oz uxlar, uyqudan tashqari paytlarda esa atrofdagilar u kishini yo ustozlardan hadis eshitayotgan yoxud yozib olayotgan, yo o‘zlari shogirdlarga hadis aytayotgan, yo yolg‘iz o‘tirib, qo‘lda qalam bilan jamlagan hadislarining nodir joylarini qayd etib o‘tirgan holda ko‘rar edi. U kishining har bir kuni ilm oluvchi, ta’lim beruvchi va kitob ta’lif qiluvchi maqomida o‘tardi. Bularning guvohi bo‘lgan shogirdlari Ibn Abu Hotim bunday deydi: “Buxoriy bilan safarda birga bo‘lib, bir uyda tunashga to‘g‘ri keldi. O‘shanda shuning guvohi bo‘ldimki, u kishi bir kechaning o‘zida o‘n besh martadan yigirma martagacha uyg‘onib, har gal chaqmoq toshni ishlatib chirog‘ini yoqar, to‘plagan hadislarining sahihlarini ajratib, belgilab qo‘yar edi. So‘ng chiroqni o‘chirib, boshini yostiqqa qo‘yar edi”.

Imom Buxoriyning hadis yodlash qobiliyatlari, zehnlarining o‘tkirligi tillarda doston bo‘lib ketgan edi. U kishi o‘zlarining shoh asarlari bo‘lmish “Jome’us-sahih”ni ta’lif qilish oldidan jami olti yuz ming,  shundan yuz ming sahih (ishonchli) va ikki yuz ming g‘ayri sahih hadisni yod olganlarini zikr etgan edilar.  U kishi “Sahih”ga biror hadis qo‘shish oldidan g‘usl qilib, so‘ng hadisni yozar edilar. Hadis ilmi ravnaqi yo‘lidagi buyuk xizmatlari uchun “Imomud-dunyo” (Dunyo imomi) maqomiga musharraf bo‘lgan edilar.

 Islom dunyosida Qur’oni karimdan keyingi eng katta e’tiborni imom Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih" kitoblari qozongan. Hadislarning diqqat bilan tanlangani, mukammal tartibga ega ekani e’tibor qozonishiga sabab bo‘lgandir. Hofiz Shamsiddin Zahabiy "Tarixul Islom" kitobida quyidagilarni yozadi: "Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih"i Alloh taoloning kitobidan keyingi Islomning eng ulug‘ va afzal kitobidir. Hozirgi kunda bu kitob odamlar uchun eng oliy sanaddir.

Imom Buxoriy nafs riyozati, to‘g‘rilik va halollik bilan  ziynatlangan va tanilgan edilar. Halollik yo‘lida har qanday mashaqqatni zimmaga olardilar. Hayotlarining eng og‘ir damlarida ham birovdan bir narsa so‘ramas, odamlar minnatidan yuzlarini sarg‘aytirmas edilar. Ochlikning qiynoqlariga chidab, ko‘kat yeyish yoki suv ichish bilan chora topardilar. Vaholanki, Abu Abdulloh hayotda boy odam edilar, otalaridan juda katta mol-davlat meros qolgan edi. Ammo u kishi oxiratdagi hisob-kitobda mas’ul bo‘lmaslik uchun dunyo ne’matlaridan voz kechgan edilar. Buxoriyning o‘zlari aytishlaricha, har oyda besh yuz dirham foyda olganlar va hammasini ilm yo‘lida sarflab yuborganlar. “Chunki bu sarfiyot Alloh yo‘lida bo‘lgani uchun yaxshi va boqiy qoluvchi sarfiyotdir”, deganlar.  

Imom al-Buxoriy o‘z shaxsiy hayotida, yeyish-ichishda va kiyinishda sira ham dabdaba va behuda sarfu-harajatlarga yo‘l qo‘ymasdi, sabr-toqat va qanoat, chidamlilik uning uchun odat tusidagi bir hol edi.

Imom al-Buxoriy g‘oyatda beg‘ubor, halol-pokiza, diyonatli inson bo‘lib, g‘iybatu nohaqlikdan uzoq bir kishi bo‘lgan. U doimo: “G‘iybat qilish harom ekanini bilganimdan boshlab, hech qachon biror kishi haqida g‘iybat gapirmaganman”- deb ta’kidlardi.

Imom al-Buxoriy eng ulug‘ fazilatlaridan yana biri u taassub (mutaassiblik)ning har qanday ko‘rinishlaridan uzoq bo‘lganidir. Uning shoh asari “Sahih al-Buxoriy” bilan chuqurroq tanishilsa, al-Buxoriyning o‘z kitobidagi ma’lumotlarga nihoyatda katta sinchikovlik va ehtiyotkorlik bilan yondashganini ko‘ramiz. Qanchadan-qancha mashaqqatlar bilan to‘plangan hadislarining sahihligiga to‘la ishonch hosil qilib, obdon tekshirgandan keyingina o‘z asariga kiritganligi bu fikrni yana bir karra tasdiqlaydi.

Imom Buxoriyning Alloh taologa bo‘lgan imon-ishonchlari botinu zohirlaridan yaqqol ko‘rinib turar edi. Ibodatda butun qalblari, har bir a’zolari bilan xushu’-xuzu’da, ixlos bilan Allohning O‘ziga yuzlanar edilar. Doimo Qur’oni karimni tilovat qilardilar.

Imom Buxoriy hazratlari o‘zlaridan ulkan ilmiy meros qoldirdilar. Yosh bo‘laturib, dunyoga mashhur asarlarni yozdilar. Xatib Bag‘dodiy Imom Buxoriyning shunday deganlarini rivoyat qilgan: “O‘n sakkiz yoshga yetganimda sahoba va tobeinlarning masala va qavllarini tasnif qila boshladim... O‘sha paytda “Kitobut-tarix”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etganman”. Imom Buxoriyning jami asarlari yigirmadan oshadi. Ular orasida “Kitobut-tarix”dan tashqari odobga oid bir ming uch yuzdan ortiq hadisni jamlagan   “Adabul-mufrad” (Odoblar xazinasi) alohida o‘rin tutadi. “Jome’us-sahih” kitobi bu asarlarning gultoji, hadis kitoblarining eng a’losi va mukammali, Imomning shoh asarlaridir.

 Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning vafotlari hijriy 256 (milodiy 870) yil ramazon hayiti kechasida bo‘ldi, hayit kuni peshin namozidan so‘ng dafn etildi. Fano dunyosida o‘n uch kuni kam oltmish ikki yil umr kechirdilar. Alloh taolo u zotni rahmati va rizvoni bilan o‘rab olsin hamda nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarning yonidan joy bersin!

 Muhtaram jamoat! Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizga chinakam e’tibor va izzat-e’zoz boshlanib, yurtimizdan yetishib chiqqan o‘nlab ulug‘ olimlar qatorida hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining hayotlari va boy ilmiy meroslarini qizg‘in o‘rganishga kirishildi. 1998 yili Imom Buxoriy rahmatullohi alayh tavalludining 1225 yillik to‘yi mamlakatimizda keng nishonlandi. U kishining “Al-Jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad” kabi asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, katta nusxada nashr qilindi. Mamlakatimizning eng katta Islom o‘quv yurti bo‘lmish Islom ma’hadi, bir necha jome’ masjidlari Imom Buxoriy nomlari bilan ataladi. 2008 yili birinchi Prezidentimiz farmoni bilan Samarqandning Xartang qishlog‘ida Imom Buxoriy merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida  Imom Buxoriy xalqaro Markazi tashkil etildi. Xalqimizning u zotga bo‘lgan eng ulkan ehtiromi va minnatdorligi Imom Buxoriy dafn etilgan go‘shada muhtasham majmuaning barpo etilishi bo‘ldi. Majmua tarkibida Imom Buxoriyning maqbaralari, katta jome masjidi, muzey va boshqa inshootlar barpo etildi. Majmuaning loyihasidan tortib uning qurib bitkazilishigacha bo‘lgan barcha ishlar Birinchi Yurtboshimizning e’tiborlarida va diqqat markazlarida bo‘ldi. Mana shuning o‘ziyoq mamlakat rahbarining Imom Buxoriyga bo‘lgan chuqur ehtiromi va e’zoz-izzatini ko‘rsatib turibdi. Hozirgi paytda dunyoning hamma joyidan Imom Buxoriy ziyoratiga kelgan muxlislarning keti uzilmaydi. Bir vaqtlar birovga ko‘rsatishga ham xijolat bo‘lingan xaroba joylar bugun butun Islom olamining mashhur ziyoratgohiga aylandi. Bularning hammasi buyuk vatandoshlariga minnatdor avlodlarning ulug‘ ehtiromi va muhabbati samarasidir. Imom al-Buxoriy rahmatulloh alayhning “al-Jome as-Sahih” asarlaridagi  bir hadisni keltirish bilan suhbatimizni yakunlaymiz. 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ آيَةُ الْمُنَافِقِ ثَلَاثٌ إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ وَإِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ  زاد في رواية لمسلم: وإن صام وصلى وزعم أنه مسلم

 

Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambar sallolohu alayhi vassalamdan rivoyat qiladilar. U zot “Munofiqning alomati uchta; gapirsa yolg‘on gapiradi, va’da bersa va’dasida turmaydi, ishonch bildirilsa xiyonat qiladi” dedilar. Imom Muslim rivoyatida keltirilgan hadisda “O‘zini musulmon deb o‘ylab ro‘za tutsa ham, namoz o‘qisa ham deyilgan. Demak, musulmon hech qachon yolg‘on gapirmasligi, omonatga xiyonat qilmasligi, bir narsaga va’da qilgan bo‘lsa, albatta, uni bajarmoqligi shart bo‘ladi.

Darhaqiqat, biz ham kundalik hayotda bir-birimizga yolg‘on so‘zlaymiz. Bir birimizga va’dalashgan ishlarni bajarmaymiz. Alloh bizga O‘zbekistonday jannatmakon yurtni Vatan qilib bergan ekan, unga xiyonat qilmaslik, bog‘iylar kabi vatanfurush xoinlar qatorida bo‘lishlikdan Alloh o‘zi asrasin.

Alloh taolo buyuk vatandoshimizni O‘zining rahmat va mag‘firatiga olsin va ilm yo‘lidagi ulug‘ xizmatlarini oxiratda o‘zlariga zaxira aylasin, omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   139   1 min.
Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.

 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.

 

Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.

 

Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini tes­kariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.

 

Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz.

 

Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qat­lamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar, bir-bir­laringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar” (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga ­e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

 

Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.

 

Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul na­sobih”), deb tavsiya berganlar.

 

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.

 

Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qi­ladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar! 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani “Oqrabot ota”

jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar